Keyingi yillarda yana bir soʻz urf boʻlib bormoqda. Yangi Oʻzbekiston gʻoyalarini oʻziga jamul-jam qilgan bu soʻz bagʻrikenglikdir.

Aslida, bagʻrikenglik yaqinda paydo boʻlgan hodisa emas. U ming yillar mobaynida barcha xalqning qon-qoniga singib ketgan xislatdir.

Ulugʻ Vatan urushida asr tushgan yapon millatiga mansub askarlarga oʻzbek xalqi koʻrsatgan mehribonlik bunga yaqqol misoldir. Yurtga qarshi urushgan askarlar qabriga hurmat koʻrsatgan Yakkasaroylik qabriston xizmatchisiga Yapon imperatori tomonidan bildirilgan ehtirom oʻzbek xalqi bagʻrikenglikda dunyoda tengsiz millat ekaniga ishoradir.

Hali oʻz bolasini tarbiyalashni uddalay olmayotgan Insonlar yashayotgan bu olamda 16 nafar turli millat bolalarini farzandi kabi yuvib-tarab, farzandi kabi erkalab ulgʻaytirgan Shoahmad bobo va Bahri momoning oilasi kimni hayratlantirmaydi deysiz? Urushning ogʻir kunlarida rus, ukrain, tatar, moldovan, chuvash, yahudiy, qozoq va oʻzbek bolalarini birlashtira olgan bu oila bagʻrikenglikning hayotdagi aksidir!

Xalq shoirlari Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning misralarida bagʻrikenglik rang-barang tasvirlarda aks etgan. “Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga, qanday chiday olgan ekan odamzot” jumlasi hali-hamon koʻngillarni oʻylantiradi. Balki, xalqimizning bagʻrikengligi tufayli gʻamlarga bardosh berilgandir? Zero, “doʻst bilan obod uying boʻlsa u vayrona ham, doʻst qadam qoʻymas esa vayronadur koshona ham”.

Quvonchlisi shundaki, bagʻrikenglikni saqlash, mustahkamlash va uni yangi koʻrinishlarda namoyon etish bugungi kun davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Bagʻrikenglikni kunlik hayotimizga singdirish, keng tarzda joriy etish tizimli ravishda izchillik bilan tashkil etilmoqda.

Menimcha, arzimas subyektiv sabablar tufayli bir-biridan uzilib qolish darajasiga yetgan oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman va tojik millatlari doʻstlik rishtasi aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning jasorati bilan qayta bogʻlangani bagʻrikenglikning siyosat borasidagi yuksak namunasidir.

Yurtimiz sarhadlaridan oshib oʻtgan birgina bagʻrikenglik tufayli butun Markaziy Osiyo yana jipslasha boshladi!

Yoki, 40 yildan buyon urush oʻchogʻiga aylangan Afgʻon tuprogʻida erkinlik yuzaga kelishiga yurtimiz tomonidan qoʻshilgan hissa, bu yoʻlda davom etayotgan hayotbaxsh qadamlar ham bagʻrikenglikdir.

Ushbu bagʻrikenglikdan faqatgina bizning xalqimiz emas, balki qoʻshni xalqlar ham xursand ekanligi hech kimga sir emas.

Oʻzbek tili izohli lugʻatida bagʻrikenglikka “masalaga keng koʻlamda, ochiq koʻngillik bilan yondashish”, — deya juda chiroyli taʼrif berilgan.

Yaʼni, bagʻrikenglik tushunchasi faqatgina bir yoki bir necha insonlar qalbidagi emas, balki butun bir xalq koʻnglidagi ochiq koʻngillilikka ham daxldor tushuncha sifatida ifodalangan.

Aynan shu jihatdan yurtimizni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan bugungi islohotlar xalqimizning dilidagi orzu-niyatlarni amalga oshirishga qaratilgan bagʻrikenglik deb oʻylayman.

Bagʻrikenglik turli millat va elatlar vakillarini olijanob gʻoya va ezgu niyatlar yoʻlida hamkor va bahamjihat yashashga undaydi. Bagʻrikenglik vaqtga bogʻliq emas, makon tanlamaydi. Chegaralar unga toʻsiq boʻla olmaydi. Bagʻrikenglik barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari rivojini istaydi.

Bagʻrikenglik insonni irqi, jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi hamda ijtimoiy mavqesidan qatʼi nazar, bir xilda teng koʻrishga asoslanadi.

Aynan shu jihatdan yangi Oʻzbekiston islohotlari nafaqat ichki muomalada, balki mamlakatimizning tashqi siyosatida ham xalqchil gʻoyalar ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Aynan shu jihatdan dunyo aholisining toʻrtdan bir qismini oʻzida birlashtirgan, Yevro Osiyoning yarmidan koʻp hududida joylashgan xalqaro tuzilma — Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ilk bor qatnashgan chogʻidayoq Prezidentimiz tomonidan mazkur nufuzli tashkilotning obroʻsi tashkilotga aʼzo davlatlar xalqlarining oʻzaro doʻstona munosabati–xalq diplomatiyasi-bagʻrikenglikning goʻzal koʻrinishiga bogʻliq ekani haqidagi gʻoyani ilgari surgan.

Aynan shu sammit natijasi oʻlaroq yurtimizda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilib, unga yuklangan ustuvor vazifalardan biri bagʻrikenglik deb belgilangan.

Darhaqiqat, xalq diplomatiyasi bilan bagʻrikenglik uzviy bogʻliqdir. Vatan ostonadan boshlanadi, Xalq diplomatiyasi esa bagʻrikenglikdan boshlanadi. Bagʻrikenglik yuzaga kelmas ekan Xalq diplomatiyasi yashay olmaydi.

Mabodo Xalq diplomatiyasini anorga mengzamoq mumkin boʻlsa, bagʻrikenglik ushbu anorning donachalari kabi koʻp va jipslashgan boʻladi.

Yaʼni, anorning taʼmi uning donachalarida boʻlgani singanri Xalq diplomatiyasining mazmuni bagʻrikenglikdadir.

Bagʻrikenglik oʻzlikni anglagan millatning boshqa millatni kamsitmasdan, tinch-totuv hayot kechirishidir. Bagʻrikenglik har bir insonning xulq-atvori, odob-axloqi, siyosiy-maʼnaviy pokligi, inson deb ulugʻlanuvchi oliy qadriyatga ijobiy munosabatini belgilab beruvchi nafis tuygʻudir.

Bagʻrikenglik hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatni anglaydi, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatni namoyon qiladi, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan oladi, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlashni maqsad qiladi.

Xalqaro munosabatlarda bagʻrikenglik davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga rioya etilishini istaydi.

Bagʻrikenglik gʻoyasi dunyodagi eng nafis, shu bilan birgalikda, eng dolzarb masalalarni qamrab olgan.

Bundan chorak asr muqaddam YUNESKOga aʼzo davlatlar tomonidan Parijda “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” qabul qilingan.

Dunyoning deyarli barcha davlatlarini oʻzida mujassamlashtirgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa 1996-yilning dekabrida har yili 16-noyabrni “Bagʻrikenglik kuni” deb nishonlashni eʼlon qilgan.

BMT Bosh Assambleyasining 2018-yildagi sessiyasida aynan Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilingan.

Oʻzbekiston aholisining yarmidan koʻpi hali 30 yoshga ham kirmagan yoshlardan iborat. Shu sababli bagʻrikenglik tushunchasini aynan yoshlar qalbiga singdirishga eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, boy maʼnaviy merosimiz, asrlarga tatigulik anʼanalarimiz kelajak avlodga asl holatda yetmogʻi lozim.

Bu vazifani amalga oshiruvchilar esa yoshlardir. Shu sababli BMTning “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida”gi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusi Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgani hayotiy haqiqatdir.

Ikki yil muqaddam millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlangan.

Konsepsiyada davlat idoralarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini kuchaytirishga ustuvorlik berildi. Yurtimizdagi turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini rivojlantirish, jamiyatda koʻp millatli katta oila his-tuygʻusini yanada mustahkamlashning qatʼiy choralari belgilandi.

Xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va xorijdagi oʻzbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, yurtimizning jahon maydonidagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirishga asosiy yoʻnalish deb hisoblandi.

Darhaqiqat, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashamoqda, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning oʻz ona tili, oʻz millati tarixi, oʻz qadriyat va madaniyatini oʻrganishiga shart-sharoit yaratish bagʻrikenglikning bir koʻrinishidir.

Bagʻrikenglik tamoyili aqidabozlikdan holi boʻlishi kerak. Har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilishda erkin, shuningdek bunday huquqqa boshqalar ham ega boʻlishga haqli ekanini chin koʻngildan his qilishi kerak. Birovning dunyoqarashi boshqalarga majburan singdirilmasligi lozim.

Aynan shu jihatlar inobatga olinib, Milliy konsensiyada millatlararo bagʻrikenglik tushunchasiga “fuqarolik jamiyatining ijtimoiy normasi boʻlib, boshqa millat va elatlar vakillarining umuminsoniy qadriyatlarga zid boʻlmagan nuqtayi nazarlariga, dinlari, urf-odatlari, anʼanalari va madaniyatiga nisbatan murosai madorada namoyon boʻlishi” tarzida taʼrif berilgan.

Roppa-rosa bir yil muqaddam mahalliy hokimiyatlar huzuridagi Millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va hamjihatlikni taʼminlash boʻyi-cha jamoatchilik kengashlari nizomi tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, bagʻrikenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha mahalliy hokimliklarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini tashkil etish uchun fuqarolar bilan bogʻlab turadigan “koʻprik” rolini bajarish Jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi deb belgilandi.

Yangi Oʻzbekiston oʻzining ustuvor yoʻnalishini belgilovchi Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirishda, shu jumladan, xalqaro munosabatda tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va hamdoʻstlik siyosatini ilgari surayotgan mamlakat sifatida dunyo hamjamiyati eʼtiborini qozonmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining keyingi yillardagi yigirmadan ortiq Farmonlarida koʻrsatilgan masalalar yechimida bagʻrikenglik tamoyilidan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, ekstremizm va terrorizm gʻoyalari tarqalishining oldini olish maqsadida bagʻrikenglik mafkurasini targʻib etish 2021-2026-yillarga moʻljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Milliy strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari biri sifatida belgilangan.

Eʼtiborlisi shundaki, ushbu Milliy strategiya amalga oshishi natijasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha huquqiy, tashkiliy va mafkuraviy mexanizmlarning samarali tizimini, shuningdek, jamiyatda bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirishga erishish koʻzda tutilgan.

Yurtimizda barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va anʼanalarini saqlash hamda rivojlantirish uchun qonuniy shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, qonunlarda bagʻrikenglik tushunchasidan foydalanishga eʼtibor qaratilsa, ushbu amaliyot muayyan ijtimoiy guruhlarga nisbatan qaratilganiga diqqatni tortadi. Yoshlar siyosati, bola huquqi kafolati, nogironligi boʻlgan shaxslarga munosabat, vijdon erkinligi kabi muhim masalalarda bagʻrikenglik tamoyilidan foydalanilgan.

“Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunda oʻsib kelayotgan avlodni bagʻrikenglikka hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishi deb koʻrsatilgan.

“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasida bolalarda bagʻrikenglik tuygʻusini tarbiyalash bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishi sifatida qayd etilgan.

“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, davlat organlari jamiyatning ongida nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va qadr-qimmatiga hurmatni shakllantirish bu toifadagi shaxslarning ijtimoiy integratsiyasiga imkon beruvchi timsolini bagʻrikenglik asosida targʻib etishni ragʻbatlantiradi.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunga binoan, vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari, xususan konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlashdan iborat deb belgilangan.

Qayd etilganidek, bagʻrikenglik tushunchasi aholining deyarli har bir qatlamiga aloqador tushunchadir. Bagʻrikenglik tamoyili har bir jabhaga, har bir qalbga aloqador tuygʻu hisoblanadi.

Har birimiz keng feʼl boʻlsak, qalbimiz yaxshilik qilishga, qadamimiz mehrga tayanch boʻlishga, har bitta soʻzimiz, olayotgan har bir nafasimiz ochiq koʻngillikka moyil boʻlsa, bagʻrikenglik yuraklarga oshno boʻlgay!

Shunday ekan, bagʻrikenglik har birimizning qalbimizda tugʻyon urmogʻi lozim. Bagʻrikenglik tamoyili har kunimiz uchun neʼmatga aylanmogʻi, har kunimiz uchun tayanch nuqta boʻlib shakllanmogʻi lozim.

Abduxoliq Xusainov,

Xalq deputatlari Yakkasaroy

tuman kengashi deputat.