Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma bolaning tugʻilganligi, uning ota-onasi kim ekani, unda koʻrsatilgan faktning toʻgʻriligini tasdiqlovchi dalil hisoblanadigan yagona hujjat hisoblanadi. Bolaning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, oʻziga qulay boʻlgan FHDYO boʻlimi tomonidan bevosita yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi lozim.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida qayd etiladigan tugʻilish va nikohni qayd etish, bekor qilish, otalikni belgilash, ismini oʻzgartirish kabi voqealar har bir inson uchun muhim ahamiyatga ega.
Oʻtgan yillar davomida FHDYO boʻlimlarida davlat xizmatlarini joylarga chiqib koʻrsatishning keng va tizimli amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Sayyor xizmat, huquqiy tushuntirishlar va ommaviy targʻibotlar natijasida bugungi kunga qadar, toʻgʻilganlik holatini qayd etishda muddatdan oʻtib ketish holatlari kamayganini kuzatishimiz mumkin. 2019-yilda Toshkent viloyatida 1 ming 256 ta tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari muddati oʻtkazilib qayd etilgan. 2020-yilda esa bu raqam 605 tani tashkil etgan. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida esa 731 ta tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari muddati oʻtkazilib qayd etildi.
Hozirda tugʻilganlik haqidagi guvohnomaga ega boʻlmagan bolalarga guvohnomani rasmiylashtirish borasida mutasaddi tashkilotlar koʻmagiga muxtojlik bor. Taxlil qiladigan boʻlsak, birgina Toshkent viloyatida maktab yoshdagi 192 nafar bolada tugʻilganlik haqidagi guvohnoma mavjud emas. FHDYO boʻlimlarning saʼy-harakati bilan maktabga boradigan 77 nafar oʻgʻil-qiz tugʻilganlik haqidagi guvohnomaga ega boʻldi. 66 nafar bolaning hujjatlari ota-onasining hujjatlari boʻlmaganligi sababli vasiylik va homiylik boʻlimlariga topshirildi. 6 nafar bolaning hujjatlari fuqarolik sudida, 60 nafar bolaning hujjatlari esa boshqa tashkilotlarga (tibbiyot boʻlimlari va boshqa tashkilotlar) bogʻliq boʻlgani holda rasmiylashtirilmay qolmoqda.
Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalari”da ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmaganda bolaning tugʻilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshirilishi belgilangan.
FHDYO organlari faoliyatiga zamonaviy innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi, qogʻoz hujjatlar aylanmasining kamaytirilishi, idoralararo elektron hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi natijasida nikoh, tugʻilish va oʻlim holatlari oʻz vaqtida qayd qilinmoqda.
Tugʻilganlik va oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomalarga ega shaxslarning roʻyxatini shakllantirish hamda ushbu turdagi guvohnomalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirib berish borasida Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda. Viloyatdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari orqali 2021-yilning iyun oyida umuman hujjatga ega boʻlmagan 17 nafar shaxslarga sayyor ravishda tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etildi.
Hurriyat DUTURAYEVA,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
bosh maslahatchisi