Barkamol avlod uchun yangi imkoniyatlar

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 17-iyun sonida Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Sevara Mahmudovaning “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini rivojlantirishning yangi bosqichi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Yosh avlod — biz oldimizga maqsad qilgan yangi davr va yangi Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi, kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir. Shu bois, bugun mamlakatimizda yoshlar salohiyatini oshirish, taʼlim-tarbiyasi uchun munosib shart-sharoit yaratish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

    Shu yil 25-may kuni Prezidentimiz huzurida maktab taʼlimidagi islohotlarning borishi muhokama qilingan yigʻilishda maktabdan tashqari taʼlim, xususan, “Barkamol avlod” bolalar maktablarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, soha xodimlari oldiga yurtimizda mavjud 217 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyati va infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish hamda ularda STEAM yoʻnalishlari boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

    Shu oʻrinda Prezidentimizning 2019-yil 30-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini alohida taʼkidlash lozim. Unda “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish, samaradorligini oshirish, ular faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qator tizimli vazifalar belgilab berildi.

    Oʻtgan yili 13-aprel kuni davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlar bandligini taʼminlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida qoʻyilgan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga yana bir bor eʼtibor qaratilgani ayni muddao boʻldi. Bugun “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi 9 mingdan ortiq toʻgarakka 260 mingdan ziyod oʻquvchi jalb qilingan. Madaniyat va sanʼat, texnika, konstruktorlik va modellashtirish, jismoniy tarbiya va sport, hunarmandlik va qoʻl mehnati, turizm va ekologiya, oliy taʼlim muassasalari va maktabga tayyorlov, xorijiy tillar yoʻnalishlarida 65 nomdagi toʻgaraklar faoliyat koʻrsatmoqda.

    Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi 2022–2026-yillarda tizimdagi maktablarini rivojlantirishga doir bir qator maqsad va vazifalarni belgilab oldi. Jumladan, maktabdan tashqari taʼlim sifatini oshirish maqsadida toʻgarak oʻquv dasturi va qoʻllanmalari yanada takomillashtiriladi, chop etish ishlari keng yoʻlga qoʻyiladi, ulardan mashgʻulotlarda samarali foydalanish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.

    “Barkamol avlod” bolalar maktablarida STEAM taʼlim dasturi boʻyicha tashkil etilgan toʻgaraklar uchun oʻquv laboratoriyalari bosqichma-bosqich ishlaydi. Toʻgaraklar DigitalArt dasturi boʻyicha faoliyat yuritadi. Oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri — kadrlar salohiyatini oshirish. Bu borada oliy taʼlim muassasalari talabalarining pedagogik amaliyotini “Barkamol avlod” bolalar maktablarida tashkil etish, bitiruvchi talabalarni toʻgarak rahbari lavozimiga jalb etish chora-tadbirlari koʻrilyapti.

    Shuningdek, xodimlarning tajriba almashuvi amaliyoti joriy etiladi. Hududlarda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar ishtirokida oʻquvlar tashkil qilinadi. Hozir ayni taʼtil payti. Tabiiyki, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish boʻyicha zimmamizdagi masʼuliyat yanada oshgan palla. Shu bois, besh muhim tashabbus doirasida oʻgʻil-qizlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalariga qiziqishini, ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida turli festival va tanlovlar tashkil etiladi. Yozgi taʼtil oʻquvchilar qamrovini oshirish uchun ham katta ahamiyatga ega.

    Buning uchun toʻgarak faoliyatiga oid videoroliklar tayyorlanib, hududlar boʻylab keng tarqatiladi. Oʻquvchilarning ijodiy ishlari koʻrgazmasi tashkil etiladi. “Barkamol avlod” bolalar maktablarida ota-onalar va oʻquvchilarning qiziqishi oʻrganiladi, oʻzini oʻzi qoplaydigan yangi turdagi toʻgaraklar ochiladi. Oʻquvchilar oʻrtasida sayyohlikni rivojlantirish maqsadida “Sayyohlik bazalari”ga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish va oʻquv sayohatlarini tashkil etish, marshrutlarini hududlar kesimida tasdiqlash yoʻlga qoʻyiladi.

    Ichki turizmni rivojlantirish uchun turistik avtobuslar xarid qilish, ularni turizm va sayyohlik rivojlangan hududlarni inobatga olgan holda bosqichma-bosqich yetkazish ham galdagi vazifalarimiz sirasiga kiradi. Bugungi bozor iqtisodiyoti tamoyillaridan kelib chiqqan holda, byudjetdan tashqari mablagʻ topish ham asosiy vazifalarimizdan. Ayni shu maqsadda xoʻjalik hisobida faoliyat yuritadigan toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, joylardagi markaziy bozorlar hududida “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak aʼzolari tayyorlagan ijodiy mahsulotlar savdosini tashkil etish, doʻkonlar ajratish rejalashtirilmoqda.

    Bundan tashqari, boʻsh turgan bino va maydonlarni xatlovdan oʻtkazish, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirish choralari belgilangan. Yoshlarni xalqimizga yot, zararli taʼsirlardan himoyalash, millat va davlat taraqqiyotiga xizmat qilishga qodir boʻlgan oʻgʻil-qizlarni tarbiyalash har bir ota-ona, xonadon va mahalla zimmasidagi masʼuliyatdir. “Barkamol avlod” bolalar maktablari bu yoʻlda oʻzini koʻmakchi deb biladi. Zero, qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan sharoit yangi Oʻzbekistonning barkamol farzandlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.