Bu haqda «Dunyo« AA xabar qilmoqda.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi (Central Asian Youth Alliance)ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi Markaziy Osiyoning besh davlati talabalari va yoshlarini Buyuk Britaniyada madaniyat, taʼlim va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida birlashtirish maqsadida tashkil etildi.
Anjuman avvalida Markaziy Osiyo Yoshlar alyansining maqsad va vazifalari toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.
Sammit ishtirokchilariga Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Qirgʻiziston taʼlim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva, Tojikiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ismatullo Nasreddin videomurojaat yoʻlladilar.
Soʻzga chiqqanlar Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi tuzilishiga 2023-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan imzolangan yoshlar siyosati boʻyicha yagona yondashuvlar toʻgʻrisidagi bitim asos boʻlgani qayd etdilar. Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, ushbu tarixiy hujjat yoshlar salohiyatini rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va kelgusi avlodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan umumiy strategiyalarni ishlab chiqish uchun xizmat qilishini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyadagi Markaziy Osiyoda yoshlar rivojini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus BMT Ishchi guruhini tuzish tashabbusi sammitning barcha ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov oʻz chiqishida, davlatimiz rahbarining xalqaro jamoatchilikka yoʻllagan mazkur chaqirigʻi yoshlarga investitsiya kiritish mintaqa taraqqiyoti, barqarorligi va innovatsiyalari kaliti ekanini yana bir bor tasdiqlaganini aytib oʻtdi. Qayd etilganidek, ushbu tashabbus kelajakni sheriklik, oʻzaro tushunish va ijobiy oʻzgarishlarga intilish asosida barpo etishga xizmat qiladi.
Oʻzbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar haqida batafsil soʻzlab berildi.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi mintaqa yoshlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini topishga va boshqa jabhalarda yoshlar uchun tayanch boʻlishiga ishonch bildirdilar.
Sammit doirasida Buyuk Britaniyadagi Markaziy Osiyo davlatlari elchilari bilan talabalar oʻrtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning diplomatik missiya rahbarlari hamda Tojikiston elchisining oʻrinbosari ishtirok etdi. Talabalar mintaqa rasmiy vakillari bilan yoshlar siyosati va Markaziy Osiyo taraqqiyotida yoshlarning oʻrni haqidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida Markaziy Osiyodan nufuzli mutaxassislar ishtirokida onlayn formatda panel munozaralari oʻtkazildi. Ularda diplomatiya, sport va taʼlim sohalaridagi muhim masalalarga eʼtibor qaratildi.
«Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida taʼlim aloqalarini mustahkamlashda taʼlimning oʻrni« mavzusidagi panel munozarasida Oʻzbekiston nomidan «El-yurt umidi« jamgʻarmasi direktori Adham Bekmuradov, qatnashdi. Unda taʼlim dasturlari, stipendiya tashabbuslari va mintaqada talabalar oʻrtasida akademik almashinuv istiqbollari xususida fikr almashildi.
Mavzusidagi panel munozarasida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi. Mazkur tadbirda sport tadbirlari va qoʻshma tashabbuslarning mintaqaviy birdamlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini muhokama qilindi.
«Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida aloqalarni mustahkamlash vositasi sifatida diplomatiya« mavzusidagi panel munozarasida sobiq Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov maʼruza qildi. Ushbu sessiyada diplomatiyaning mintaqaviy hamkorlik rivojidagi roli, mavjud muammolar va davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni kuchaytirish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo yoshlar harakatlari yetakchilarining joriy yil may oyida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Global yoshlar festivalida ishtirok etishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.