Poytaxtimizning Uchtepa hamda Chilonzor tumanlarida, shuningdek, Toshkent viloyatining Chirchiq va Angren shaharlari hududlarida namuna sifatida koʻp qavatli uylarni bazalt plitalari bilan qoplash ishlari boshlangan.
Mutaxassislarning fikricha, bazalt plitalari bilan qoplangan uylarda oʻrtacha 30-35 foizgacha energosamaradorlikka erishish mumkin. Bazaltning samarasi yoz oylarida ham seziladi, havo sovutkich qurilmalariga boʻlgan ehtiyoj uch baravarga kamayadi, chunki bazalt qishda issiqni, yozda sovuqni nisbatan saqlash xususiyatiga ega.
Bazalt tolali qoplama tashqaridagi shovqinni ham ancha pasaytiradi va odatdagi 30-40 detsibel shovqinni 15-20 detsibelgacha kamaytirishi tajribalarda koʻp bora isbotlangan. Bazalt plitalari koʻp qavatli uylarda bir metr balandlikda oʻrnatilyapti.
Shuningdek, ustidan maxsus qoplama ham qilinmoqda. Bino fasadini tashqaridan bazalt bilan qoplash - bu dunyoda oʻzini oqlagan amaliyot. Bu yerda nafaqat mahalliy balki xorijlik ekspert mutaxassislarning fikrlari ham inobatga olinayapti.
Bu kompleks reja. Bu jarayonlar dastlab tashxis qilinadi va bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Hozirda Toshkent shahrining oʻzida qariyb 10 mingdan ortiq eski koʻp qavatli uylar bor. Albatta bu uylar aholining xususiy mulki, unga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishga hech kimning haqqi yoʻq. Shu bois bu ishlar dastlab namuna sifatida koʻrsatilmoqda. Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Bazalt oʻzi nima?
Bu avvalo ekologik material. Bazalt – bu toshning bir turi boʻlib, uni 1 400- 2000 darajali olovda eritib, undan tola olinadi va paxta holatiga keltiriladi. Buning afzalligi u issiq va sovuqni oʻtkazmaydi.
Oʻziga nam tortmaydi. Muhimi mogʻor ham, bakteriya ham hosil qilmaydi. Mogʻor aslida issiqlik va sovuqlik toʻqnashgan joyda, yaʼni, namlik yuzaga kelishi natijasida paydo boʻlishini inobatga olish zarur.
Koʻp qavatli uylar devorlarini izolyatsiya qilish natijasida avvalo devorni oʻzi isiydi va natijada ichkari tomonda mogʻor yuzaga kelmaydi. Bazalt tolali qoplama devorga oʻrnatilgach, natija 7-8 kunda sezila boshlaydi. Chunki, qoplamadan soʻng, devorni oʻzi ham isib olishi kerak.
2022-yilda Toshkent shahrida yiliga 30 ming tonna bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona foydalanishga topshirildi. 2023–2024-yillarda bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 63,1 mln dollar boʻlgan 3 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Korxonalar Andijon, Navoiy va Jizzax viloyatlarida ishga tushiriladi va yiliga 95 ming tonna qoʻshimcha quvvat yaratiladi. Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida joriy yilning oʻzida Respublikada bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish quvvati 178 ming tonnaga yetkaziladi.
Bugungi kunda nafaqat bazalt balki uning boshqa analoglariga ham keng eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, vaakumda qilingan gʻovakli beton, kvars qumdan tayyorlangan mineral vata yoki penopleks kabi qurilish materiallari ham bor. Ammo uni xonadonlarda qoʻllab boʻlmaydi, chunki u yonuvchan material hisoblanadi. Buni faqat binoning sokol qismiga ishlatish mumkin.
Albatta bu kabi qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularni eksplutatsiyasiga masʼul boʻlgan boshqaruv servis kompaniyalari oʻrtasida raqobat boʻlsa, ishlar toʻgʻri tashkil etiladi.
Bugun ana shu maqsadga qatʼiy kirishilgan. Arzon va sifatli xizmat koʻrsatuvchini aholining oʻzi tanlamoqda. Hozir bu ishlar namuna qilib berilmoqda. Keyingi jarayonlar faqat tender asosida amalga oshiriladi. Agar davlat bilan sheriklikda qilinadigan boʻlsa, uni maxsus direksiyalar muvofiqlashtiradi.