OAVda chiqish qilar ekanmiz, o'zbek tilining davlat tili sifatida nufuzini oshirish uchun bu ishni qilish kerak, u ishni qilish kerak, bu zarur, u zarur, deyishdan nariga o'tolmas edik. Ommaviy axborot vositalarida chiqish qilib, faqat g'oya va taklif berardik, ammo, afsuski, ularning deyarli hech biri hisobga olinib, amaliyotga tatbiq qilinmas edi...
Ming shukrki, orzu va armonlarimiz ushaladigan kunlarga ham etib keldik. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonlari xalqimiz hayotida tub burilish yasadi. Til borasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Zero, oxirgi yillarda til siyosati borasida bajarilgan ishlar o'zbek tilining nufuzi va mavqeini tubdan oshirishga xizmat qilayotganini har kuni, har soniyada ko'rib, bilib turibmiz. endi “Bu ishlarni qilish zarur”, deb emas, balki “Bu ishlar bajarildi”, “Bu g'oya amaliyotga tatbiq etildi”, deb e'tirof etyapmiz.
Prezidentimizning mazkur farmonlariga asosan, o'zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish, himoya qilish, unga amal qilinishini ta'minlash bo'yicha bajarilayotgan tashkiliy va amaliy ishlar hamda o'zbek tilini targ'ib qilish, tadqiq qilish, o'zbek tili bo'yicha ta'lim berish ishlariga Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh bo'lmoqda. Tashkil etilganiga ko'p vaqt o'tmagan bo'lsa-da, qisqa muddatda departament keng ko'lamli tashkiliy, tatbiqiy ishlarni ro'yobga oshirdi. Jumladan, barcha vazirliklarda o'zbek tilini himoya qiladigan, “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini ta'minlash bo'yicha mas'ul shaxslar — o'rinbosar maqomidagi rahbar maslahatchilari lavozimi joriy etilib, unga filolog va jurnalist ixtisosligiga ega, fidoyi kadrlar tanlov asosida tayinlandi. O'zbek tilini rivojlantirish jamg'armasi tashkil etildi. Atamashunoslik qo'mitasini tashkil etish bo'yicha Vazirlar Mahkamasi qarorlari, respublikamizning nufuzli olimlari ishtirokida 2020–2030-yillarda o'zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi va davlat dasturi ishlab chiqildi. Davlat tilida ish yuritish bo'yicha malaka oshirish hududiy markazlari tashkil qilindi.
O'zbek tilining qo'llanish doirasini kengaytirish, har bir sohada uning amal qilishini ta'minlash uchun alifbo, imlo, lug'atlar masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. SHu ma'noda departament “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri va lotin alifbosiga qisqa muddatda to'liq o'tish masalasining qonuniy asoslari bilan jiddiy shug'ullandi. Natijada 2021 yilning 10 fevralida Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori va “yo'l xaritasi” tasdiqlandi. To'g'ri, lotin yozuviga asoslangan yangi o'zbek alifbosiga to'liq o'tish masalasi nisbatan cho'zildi. Bu o'rinda bosqichma-bosqich o'tish jarayoni hisobga olindi. Hozirga qadar katta avlodni bunga tayyorlash uchun hujjatlarning tashkiliy qismi, teleko'rsatuvlar nomi, gazeta nomlari va boshqa barcha sohalarda bosqichma-bosqich lotin yozuviga to'liq o'tish jarayoni kechmoqda. Hujjatga asosan 2023 yildan to'liq lotin yozuviga o'tilishi ko'zda tutilgan.
Bu jarayonda joriy alifbo va imloni takomillashtirish masalasi birinchi o'ringa chiqadi. Zero, alifboni tartibga solmay turib, imloni takomillashtirish mantiqqa to'g'ri kelmaydi. SHu sababli kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga o'zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi. Albatta, bu shoshmashosharlik bilan bugun qabul qilingan qaror emas. Bu muammoning o'z tarixi bor.
Alifbo va imlo masalasi XX asrning boshlariga kelib jiddiy tarzda kun tartibiga qo'yilgan. 1921 yilda Toshkentda bo'lib o'tgan til-imlo anjumanida milliy alifbo va imlo qoidalari ilk marta maxsus ko'rib chiqilgan. 1923 yilda Buxoroda o'tkazilgan til-imlo anjumanida esa birinchi marta o'zbek tilining imlo qoidalari qabul qilingan hamda Maorif komissarligi tomonidan rasman tasdiqlangan. Lekin ijtimoiy o'zgarishlar, jumladan, siyosiy ahvol, savodxonlikka talabning oshib borishi, maktab-maorif ishining rivojlanishi tufayli arab yozuvi zamon talablariga javob berolmasligi ma'lum bo'ldi. SHu bois 1926 yili Bokuda o'tkazilgan Birinchi turkologiya qurultoyi turkiy tilli respublikalar uchun lotin yozuviga asoslangan alifboga o'tish to'g'risida qaror qabul qildi.
1929 yili Samarqandda bo'lib o'tgan til-imlo anjumanida lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosi qabul qilindi va mazkur alifbo asosidagi imlo qoidalari tasdiqlandi. Ayni shu jarayon o'zbek adabiy tili tarixida muhim qadam bo'ldi: xalqning yozma savodxonligi keskin oshdi, o'zbek tilining tabiatiga mos ishlab chiqilgan imlo qoidalari umummilliy birlikni ta'minlashga xizmat qildi. CHunki unda o'zbek tilining asrlar mobaynida shakllangan tovush xususiyatlari hisobga olinib, alifboda 9 ta unli tovushni ifodalash uchun belgilar olingan edi. Lekin bu hodisa 1930-yillarning boshlarida turli qarashlarni vujudga keltirdi. Natijada 1934 yilda Toshkentda o'tkazilgan til-imlo anjumanida unli tovushlar soni 6 ta etib belgilandi va shu asosda yangi imlo qoidalari tasdiqlandi. Mazkur imlo qoidalari ayrim kamchiliklariga qaramasdan o'zbek adabiy tilining shakllanishi va taraqqiyotida muhim rol` o'ynadi. Binobarin, o'zbek tilining tovushlarini nisbatan to'g'ri aks ettiradigan alifbo yuzaga keldi. Xalqning savodxonlik darajasi ko'tarildi. Og'zaki nutq va yozuv orasida yaqinlik paydo bo'ldi. Bu esa mustabid tuzum mafkurasiga, “qizil imperiya” manfaatlariga mos kelmas edi. SHu sababli ham o'zbek lotin alifbosining “kamchiliklari”, jumladan, SSSR xalqlarining jipsligiga xizmat qilmasligi, rus tilini o'rganishda qiyinchilik keltirib chiqarayotgani kabilar haqida bahs-munozaralar avj oldi. Qisqasi, barcha turkiy tilli respublikalarni rus alifbosiga ko'chirish uchun zamin hozirlandi.
1940 yil 8 mayda “O'zbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbedan rus grafikasi asosidagi yangi o'zbek alifbosiga ko'chirish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. 1940 yil 4 iyulda esa “Birlashgan o'zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” tasdiqlandi. SHunday qilib, 33 harf va 2 belgidan iborat o'zbek kirill alifbosi amal qila boshladi. 1956 yilda esa “O'zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” tasdiqlandi. Biz hozirga qadar kirillcha yozuvimizda mazkur imlo qoidalariga amal qilamiz.
Mustabid tuzumning so'nggi yillarida sobiq ittifoq respublikalarida milliy uyg'onish harakati kuchaydi. Jumladan, O'zbekistonda ham mustaqillik g'oyasi avj oldi. Bu holat, eng avvalo, ona tili bilan bog'liq holda kechdi. O'zbek xalqi siyosiy mustaqillikka ilk qadam davlat tili orqali bo'lishini anglab etdi. SHu sababli ham sobiq ittifoq respublikalari orasida birinchilardan bo'lib, 1989 yil 21 oktyabrda o'zbek tili O'zbekistonning davlat tili deb e'lon qilindi. Milliy alifbo masalasi o'rtaga tashlandi. Ayni shu holat o'zbek xalqining o'z kuchiga bo'lgan qat'iy ishonchini namoyon qildi.
Mustaqillik barcha sohalarda bo'lgani kabi ona tilimiz, uning ifodachisi bo'lmish yozuvimizning ham rivoju takomilini emin-erkin belgilash, ta'min etish imkonini paydo qildi. O'zbekiston Respublikasining 1989 yilda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonuni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida keskin burilish yasadi. Qonun o'zbek tilining qariyb bir yarim asrlik haqsizligi va qaramligiga barham berdi. Behad qadim va benihoya boy tilimizga uning poymol etilgan huquqlarini tamoman tiklagan, davlat tili degan haqqoniy maqom berildi. Bu yorug' orzular umidi bilan yashagan jafokash xalqimizning asriy tarixida, hech shubhasiz, buyuk voqea bo'lganini ta'kidlamoq joiz.
Xalqimizning ona tilimizni rivojlantirish kabi asriy ezgu niyatini amalga oshirish, dunyodagi boshqa xalqlar, millatlardan orqada qolmasligi va ular bilan taraqqiyot sari baqamti odimlashini ta'minlash maqsadida 1993 yilning 2 sentyabr` kuni O'zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida”gi qonuni qabul qilindi. U tom ma'nodagi lisoniy mustaqillik nishonasi edi. SHunday qilib, o'zbek lotin alifbosi 26 harf va 3 harf birikmasidan iborat bo'ldi.
Biroq til amaliyotidan kelib chiqqan holda 1995 yil 6 mayda mazkur alifboga ayrim tuzatishlar kiritildi. 1995 yil 24 avgustda mazkur alifboga asoslangan “O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlandi. 1996 yildan boshlab barcha ta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya jarayoni o'zbek lotin alifbosida olib borildi. O'qitish jarayoni uchun barcha darslik va qo'llanmalar, ko'rgazmali vositalar lotincha imloda nashr qilindi, ko'plab badiiy adabiyotlar lotin yozuvida chop etildi.
Bu alifboning o'ziga xos yutug'i: birinchidan, alifbo tartibi ixchamlashdi, lotin tilidan meros qolgan harflardan 24 tasi (c va w dan tashqari) o'z tartibida saqlab qolindi. Bu esa lotin yozuviga asoslangan boshqa alifbolar (ingliz, frantsuz, nemis) bilan umumiylikni ta'minladi. Ikkinchidan, bo'g'iz undoshi [h] va qattiq tanglayda hosil bo'ladigan [x] tovushlari uchun bir-biridan shakl jihatidan keskin farqlanadigan shakllar: H(h) va X(x) ning qabul qilinishi juda katta qulaylik yaratdi. Demak, talaffuzda unchalik farqlay olmaydigan yurtdoshlarimiz ham endi ularni yozuv orqali farqlay olish imkoniga ega bo'ldi. YA'ni xush (xush) va hush (hush), xam (xam) va ham (ham) shakl jihatidan yaqqol farqlanadi.
Ikkinchidan, qo'shaloq harflar: Ss — Sh sh, Cc — Ch ch, Nn — Ng ng kabi harf birikmalarining yuzaga kelishi ingliz tilini o'rganishda ma'lum darajada qulaylik ham yaratdi. Ammo vaqt o'tgan sari alifboning kamchiliklari ham bilinib qoldi.
Lotin yozuviga asoslangan joriy alifboning kamchiligi shuki, O'o' va G'g' harflarining bosma shaklini yozish murakkablashdi, ya'ni o va g harflarining yoniga maxsus diakritik belgi (‘) qo'yiladigan bo'ldi. Bu esa lotin yozuvidagi matnlarning kengayib ketishiga sabab bo'ldi, Masalan, o'g'il — o‘g‘il kabi. Ayni paytda lotin yozuvidan foydalanishda tutuq (’) va diakritik (‘) belgilarni chalkashtirish holatlari ko'p. Hozirga qadar ham ko'p o'rinlarda O'zbekiston so'zini O’zbekiston shaklida yozish holatlari uchraydi. SHuningdek, [sh], [ch], [ng] tovushlarini ifodalashda ham murakkablik yuzaga keldi. Bir tovushni ikkita harf bilan — harflar birikmasi orqali ifodalash yozuv amaliyotida ko'p harf ishlatishga, ko'p vaqt sarflashga olib keldi.
“Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida”gi qonunni bajarish muddati ob'ektiv sabablarga ko'ra ikki marta o'zgardi: dastlab 2005 yil deb belgilangan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 apreldagi “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonuniga muvofiq, 2010 yilgacha uzaytirildi. Demak, o'zbek lotin alifbosi 2010 yildan boshlab respublikamiz hududida yagona alifbo sifatida qo'llanishi kerak edi. Biroq bu amalga oshmadi. YOzuv amaliyotida lotincha imloga to'liq o'tilmadi. Hozirga qadar ko'plab ommaviy axborot vositalari, nashriyotlarda asosan kirilcha yozuvdan foydalanilmoqda. Bu esa aholining, xususan, yoshlarning haqli e'tiroziga sabab bo'lyapti. Negaki, har qanday huquqiy-demokratik davlatda qonun ustuvorligi ta'minlanishi shart.
Joriy o'zbek lotin alifbosi 25 yildan ortiqroq vaqt davomida amaliy jihatdan o'zini to'liq oqlamadi, ya'ni mazkur harflar yozilishi, qo'llanishi jihatidan barcha ehtiyojlarimizni to'laqonli qondira olishini namoyon etolmadi. SHunga ko'ra, ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda bir necha harflarni boshqacha shaklda yozish taklifi bildirildi. Tabiiyki, 26 yil avval qabul qilingan alifbo o'sha davr talablariga javob bergan. Hayot esa o'zgarmoqda. Uning shiddati, globallashuv jarayonlari imlo va yozuv masalasiga ham o'z ta'sirini o'tkazmoqda, albatta. SHu jihatdan imlo qoidalari va yozuv ham davr, vaqt, madaniyatlararo kommunikatsiya, global axborot tarmoqlari talablari nuqtai nazaridan isloh qilinishi hamda o'zgartirilishi tabiiy. SHunga ko'ra, 2016 yilda — Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil qilingan dastlabki oylarda O'zbekistonda lotin yozuviga asoslangan alifboni isloh etish va imlo qoidalarini takomillashtirish bo'yicha takliflarni yig'ish hamda umumlashtirish uchun respublikadagi taniqli tilshunos olim, yozuvchi, o'qituvchilar, komp`yuter mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi. Joriy alifbo va imlodagi isloh etilishi zarur bo'lgan o'rinlar turli yig'inlarda ilmiy-amaliy tahlildan o'tkazib borildi. Respublikadagi umumiy o'rta ta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta'lim muassasalarining o'zbek tili va adabiyoti fani o'qituvchilari bilan joriy alifbo va imlo muammolari tahlili yuzasidan davra suhbatlari, amaliy seminarlar tashkil qilindi. Amaliyotdagi insonlarning fikri o'rganildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga o'zbek tilining alifbosi va joriy imlosini takomillashtirish yuzasidan yuborilgan murojaatlar tahlil qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda o'zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar yig'ish uchun maxsus guruhlar tashkil etildi. Guruhlarda bildirilayotgan fikrlar tahlil qilindi. Ishchi guruh o'zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo'yicha barcha taklif hamda xulosalarni umumlashtirib, hamkor tashkilotlar bilan muhokama qilgach, Vazirlar Mahkamasiga topshirdi.
Vazirlar Mahkamasi mazkur takliflarni o'rganib, takomillashtirib, muhokamaga taqdim etdi.
Haqiqat bahslarda tug'iladi. Ayni paytda imlo borasida ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in bahslar kechmoqda. Bu — yaxshi. Ammo bir gapni ta'kidlashni istardik. To'g'ri, hozir, ehtimol, iqtisodiy masalalarga e'tibor qaratish, ularga mablag' ajratish muhimroqdir, ammo alifbo va imloni takomillashtirish masalasi xalqimiz kelajagi va ravnaqi bilan bog'liq masala ekanidan aslo ko'z yumib bo'lmaydi. CHunki joriy alifbodagi noqulayliklar uning internet tili sifatidagi faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. YUnikod tizimida almashtirilishi taklif qilinayotgan grafik shakllar mavjud emasligi tufayli dasturlashda so'z tarkibida qo'llangan bitta harfning digraf (birikma) shakli matndagi so'zlarni bo'lib yuborishga olib kelmoqda. Milliy alifbomizdagi mavjud muammolar o'qish-yozish jarayonida qiyinchilik tug'dirish bilan birga, imloni, grammatikani tekshiruvchi, matnni nutqqa va nutqni matnga aylantiruvchi komp`yuter dasturiy ta'minotlarining paydo bo'lishiga ham to'sqinlik qilmoqda.
Ayni paytda Google, Microsoft, Huawei, Samsung, LG va boshqa qator yirik texnologik kompaniyalar o'z dasturiy mahsulotlarini o'zbekchalashtirayotganini hisobga olsak, alifboni kechiktirmasdan isloh qilishimiz ayni muddao bo'ladi. Milliy alifbomiz isloh etilib, qulaylashsa, katta-kichik avlodlarga mansub hamyurtlarimiz, shuningdek, yaqin-olis mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimiz yagona yozuv atrofida jipslashadi. Nuqsonsiz, qulay alifbo xalqimizning birligiga, yakdilligiga xizmat qiladi. Turkiyzabon davlatlar va xalqlar o'rtasida o'zbek tilining nufuzi keskin ko'tariladi. SHuningdek, o'zbek tilining internet va global axborot operatsion tizimlarida qo'llanish imkoniyatlari oshadi. Sh va Ch harflari bilan bog'liq muammolar bartaraf etilsa, nashr etilayotgan adabiyotlarning hajmi kirilcha matnga nisbatan 8–10 foiz kamayadi. Bu esa respublika miqyosida juda katta mablag'ning tejalishiga sabab bo'ladi. Loyihada almashtirish taklif qilinayotgan har belgining YUnikodda kodi mavjud bo'lgani sababli bir harfni komp`yuterda terish uchun bitta harakat bajariladi. eng muhimi, alifbo qulay bo'lsa, lotin yozuviga to'liq o'tish ham tezlashadi, ikkiyozuvlilikka barham beriladi.
Saodat MUHAMEDOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va
adabiyoti universiteti o'qituvchisi,
filologiya fanlari doktori, professor