Bilagi zoʻr — birni yengar, ongi va yuragi zoʻr esa — mingni

    Fikr 2 Fevral 2023 1464

    Ota-bobolarimizdan qolgan oʻgit bor: kengashganga keng dunyo! Kengashib koʻrilgan ishda unum boʻlishining ehtimoli yuqoriligini hayot tajribasi allaqachon isbotlab boʻlgan.

    Ulu Sohibqironning Tuzuklari Tadbirlar va kengashlardan boshlanib, oʻttiz bitta Kengashdan iboratligi bejiz emas. Umuman olganda, oʻzbek davlatchiligiga xos jihatlardan biri aynan kengashdir! Masalan, miloddan oldingi II asrda Faronaga kelgan xitoylik elchi vodiyda oqsoqollar kengashining nufuzi yuqori boʻlganini oʻz esdaliklarida alohida qayd etib oʻtgan.

    Ulkan saltanatlar tuzish, ularni unumli boshqarishga qilich yordamidagina erishilgan, deb oʻylash notoʻgʻri. Amir Temur butun umrini harbiy yurish, urush-talashlarda oʻtkazgani- ga oid fikrni ommaga singdirish ilinji oʻz zamonasida ham kuchli boʻlgani va endilikda ham borligini baralla aytishimiz lozim. Holbuki, ulugʻ bobomiz dushmanlarni yengish, oʻzga yerlarni boʻysundirish ishini oldindan, asosan, oʻz saroyi, koʻchma qarorgohlarida pishitib qoʻyganini bilamiz. Buning uchun u moʻljaldagi oʻlkalar, ularning hukmdorlari, taniqli xonadon va shaxslari, urf-odatlari, iqlimi, bozoriga oid maʼlumotlarni tarixiy, jugʻrofiy, diniy, adabiy asarlar orqali oʻrgangan, mazkur masalalardan yaxshi xabari bor kishilar bilan suhbatlashgan, tegishli mavzular boʻyicha erinmay soʻrab-surishtirgan.

    Har qanday zamonda boʻlgani kabi, oʻzbek davlatida ham tashqi koʻruklik (razvedka) xizmati unumli ishlagani bugun koʻpchilikka maʼlum emas. Sohibqiron elu yurtimizga boshchilik qilgan yillarda koʻruklik yuksak darajada yoʻlga qoʻyilganiga oid tarixiy dalillar yetarli.

    Xitoydan Italiyagacha ulkan kenglikda faoliyat koʻrsatib, oʻzlarini amaldor, soʻfiy, chakanachi, yirik savdogar, polvon, dorboz, hunarmand, munajjim, qalandar, darvesh, dengizchi, suv sotuvchi, etikchi, olim, talaba, kampir oʻlaroq tutgan koʻrukchilar tegishli oʻlkalardagi iqtisodiy vaziyat, jumladan, narx-navo lar, tosh-tarozilar, yoʻllar, shaharlar, uylarning oʻrnashuv chizmalari, yerlarining past-balandliklari suratlari (recognosco), maydonlari, jugʻrofiy tomonlari, har bir aholi makonining atalishi, boshliqlari, amirlari, ulugʻlari, fozillari, shariflari, boylariyu faqirlari, ular har birining ism va laqabi, shuhrati va nasabi, hunari va tirikchilik manbasi boʻyicha qimmatli maʼlumotlarni yigʻib, Amir Temur qarorgohiga yuborib turgan. Hazratning koʻp tilga olinadigan “Saltanatni boshqarish ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim”, degan soʻzining magʻzini ham davlatchiligimizning mazkur masaladagi yuksak xabardorligi darajasi orqali chaqish kerak. Yaʼni, aslida, Sohibqiron olamning maʼmur va obod boʻlagini Samarqand atrofida birlashtirish ishini taxtda oʻtirib, oldindan bajarib qoʻygan. Harbiy yurishlar esa mazkur holatni rasmiylashtirish boʻlgandi, desak juda ham oshirib yubormagan boʻlamiz.

    Demak, ulkan saltanatlar tuzish, ularni boshqarish borasida oʻz ilmimiz doim boʻlgan. Shuning uchun ham oʻtmishda oliy hukmdorlarimiz, vazirlarimiz, amaldorlarimiz, olimlarimiz boshqaruv muammolari bilan oʻta jiddiy shugʻullanganini tasdiqlovchi guvohliklar juda koʻp. “Temur tuzuklari” kishilik tarixida birdan-bir oʻziga xos asar ekani, oʻtmishda biron-bir davlat boshligʻi oʻzining koʻp yillik tajribasi oʻlaroq bunday qoʻllanma yozmagani, aniqrogʻi, bunday ogʻir yumush qoʻlidan kelmaganini qayta-qayta uqtirishdan hech qachon charchamaymiz. “Fozil odamlar shahri”, “Qutadgʻu bilig”, “Qobusnoma”, “Siyosatnoma”, “Axloqi Muhsiniy”, “Tuhfat al-muluk”, “Tuhfat al-fuzalo”, “Tuhfat al-vuzaro”, “Suluk al-muluk”, “Dastur al-vuzaro”, “Dastur al-muluk”, “Nomayi nomi”, “Makorim ul-axloq”, “Risola al-muluk”, “Navodir al-vaqoye”, “Tanbeh as-salotin” singari roʻyxatini yana davom ettirish mumkin boʻlgan asarlar — saltanat idorasi, hukmdor, vazir, hokim, turli darajadagi amaldorlar faoliyatining har xil masalalariga bagʻishlangan qimmatli qoʻllanmalar boshqaruvchilik sanʼatimiz necha-necha asrlar ichra sayqallangan bilim va tajribaga tayanganini isbotlaydi, albatta. Ularda davlat boshligʻi kengashib ish yuritishi borasida bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan hikmatlar yetarlicha topiladi.

    Masalan, termizlik ulugʻ ajdodimiz Xoja Samandarning (taxminan 1730– 1830-yillar) “Dastur al-muluk”idagi mana bu fikr: “Kengash va maslahat kuni aql, donolik va donishmandlikni imtihon qilish kunidir”.

    Vatan himoyachilari kuni arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining galdagi kengaytirilgan yigʻilishini xuddi shunday sinov kuni boʻldi, desak adashmaymiz.

    Kasbimiz taqozosi oʻlaroq turishturmush, tarix turli voqealar, kutilmagan holat va ishlarga boy boʻlishini bilsak-da, oʻzimiz guvohi boʻlib kelayotgan mustaqillik yillarimiz, uning ikki bosqichida koʻrgan va koʻrayotganlarimiz baʼzan kishini hayratlantiradi, savollarga koʻmib, oʻylashga majbur qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi tuzilganiga ham oʻttiz yil boʻldi. Toʻgʻri, boshqa davlatlardagi kabi uning faoliyati, yigʻinlari koʻp jihatdan yopiq kechgan. Mazkur tuzilmaning ishi haqida yaqin-yaqingacha besh-oʻnta gapdan iborat quruq axborotdan ortigʻini koʻrmaganimiz ham haqiqat. Biroq soʻnggi yillar ushbu “anʼana” buzilgani va mazkur oʻta muhim davlat tuzilmasi ishini boshqacha yoʻlga qoʻyish mumkinligini koʻrsatayotir.

    Gap shundaki, mana uch yildirki, Xavfsizlik kengashining yillik kengaytirilgan yigʻilishida qatnashish bizga ham nasib etmoqda. Ilk bor chaqirilganimizda esa oʻz qatnashuvimizdan muddao masalasida hatto hayron ham boʻlganimizni yashirib oʻtirmaymiz. Biroq Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning el-yurt, fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlashga bagʻishlangan chiqishlari, ayniqsa, yuzaki qaraganda mavzuga aloqasi yoʻqdek tuyulajak qator yoʻnalishlar boʻyicha qilgan chuqur va asosli tahlilini tinglab, aql chigʻirigʻidan oʻtkazganimizda, xavfsizlik borasida uzoq yillar ichida shakllanib, boshqalar qatori kaminani ham avrab qoʻygan eskicha tushunchalardan voz kechish payti kelganini anglab yetdik. Yaʼni xavfsizlik, bu — bekami koʻst qurol-aslaha, harbiy mashqlargina emas, balki jamiyatning umumlashma sifati. Shuning uchun ham milliy qoʻshinimizni eng zamonaviy yaroqlar bilan taʼminlash izchil davom etilishini alohida urgʻulagan Prezidentimiz butun kengash davomida eng katta eʼtibor bergan masalalardan biri harbiylarimizning bilim darajasi va axloqiy-ruhiy tayyorgarligi boʻldi.

    Chindan ham, soʻnggi yillarda bizga yaqin va diqqatimizni tortib turgan mintaqalarda yuz berib kelayotgan urush-talashlarda ikki hal qiluvchi omil yaqqol koʻzga tashlanmoqda: kechagina tasavvur qilish qiyin boʻlgan, ilmfanning eng soʻnggi yutuqlari negizida yaratilgan oʻta zamonaviy qurol-aslahalar va shaxs. Jang vositalari qanchalik sayqallanib, aqllilashtirilmasin, agar uni yaratadigan ham, qoʻllaydigan ham odam — olim, muhandis, askar va zobit ekanidan kelib chiqilsa, ikkinchi omilning tengsizligi ayonlashadiqoladi. Shu oʻrinda, milliy yetakchimiz Xavfsizlik kengashidagi chiqishining boshlanishida “oʻz kuchimiz va imkonlarimizga ishonib yashash va ishlashga oʻrganishimiz kerak”ligiga alohida urgʻu berganiga toʻxtalib oʻtgan boʻlardik.

    Bizning avlod mustamlaka-sovet davrida “kommunizm”ning kelishiga ishonib yashadi, mustaqillikka erishgach esa “buyuk davlat qurilishi”ga! Har ikki holatda ham boʻlajak ezgu hayotni kim quradi va uni quruvchilar qanday boʻlmogʻi lozim, buning uchun davlat va jamiyatda tegishli muhit yaratilishi kerakmasmi, savolini hech kim bergan emas, aniqrogʻi, berolmasdi! Sababi ham maʼlum: erkinlik yoʻq edi, har kim oʻz fikrini aytolmasdi, bilib-bilmasdan aytib qoʻysa, albatta jazolanardi.

    Yangi Oʻzbekistonga turli jihatlardan baho bersa boʻladi va ularning barchasi hamda har biri uchun asos topiladi. Soʻz yuritilayotgan mavzu nuqtayi nazaridan olganda esa 2016-yil kuzida boshlangan tarixiy bosqichimizni, mohiyat eʼtibori bilan insonni erkin va raqobatbardosh qilish

    jarayoni oʻlaroq baholasak, toʻgʻri boʻladi. Negaki, erkin shaxs va shundaylarning yigʻindisi — jamiyat oʻz kuchiga ishonib, oʻz imkonlarini bilsagina, ulkan choʻqqilarni egallay oladi, boʻlmasa, kuni va butun umrini xayoliy narsalar bilan oʻtkazadi. Oxir-oqibat koʻza kunida singanida, yengilroq sinovga ham dosh berolmay qoladi.

    Biz erkinlikni atom quvvatiga oʻxshatamiz: undan yoritish, isitish, yurgʻazish, koʻtarish, yaratish ishlarida foydalanib, kishilar turmushini yengillashtirish, yaxshilash mumkin boʻlgani holda, yomonlik, hatto yovuzlik yoʻlida ham suiisteʼmol qilinishi, aytaylik, ommaviy qirgʻin qurolini qoʻllash orqali millionlar yostigʻini quritishgacha borishini kim bilmaydi deysiz.

    Soʻz erkinligi ham shunday! Yangi Oʻzbekiston aynan shu omilning sharofati oʻlaroq boshlangani, undan kuch olayotgani bor gap! Prezidentimiz uzluksiz urgʻu berib kelayotgan bosh masalalardan biri — endi ortga qaytmaslik shahdimizni kafolatlash, oʻta qisqa muddatda erishilgan chindan ham tarixiy yutuqlarimizni taʼminlashda erkinlik omilining oʻrni qiyossiz.

    Shu bilan birga, axborot tarqatish vosita va yoʻsinlari tengi yoʻq darajada ilgʻorlab ketayotgan endigi pallada yolgʻon-yashiq, tuhmat-boʻhton, chalgʻituvchi, vahimaga soluvchi, qoʻrqituvchi, qoʻzgʻatuvchi, axloqan buzuvchi, milliylik, oʻzlikni inkor etuvchi, yot qarash va odatlarni targʻib etuvchi, oʻziga boʻlgan ishonchni yoʻqotib, boshqalarga ergashtiruvchi maʼlumotlarni tizimli va maqsadga muvofiq yetkazish, toʻgʻri maʼnoda har bir uy, oila, inson qalbiyu ongiga hech bir toʻsiq va ruxsatsiz, istagan paytida kirib borish, ularni egallash oson ish boʻlib qolayotganiga ham koʻz yumib boʻlmaydi.

    Shu maʼnoda, voqelikka aylanib boʻlgan, mohiyat eʼtibori bilan tahlillaganda, umummilliy xavfsizligimizga ham zarar keltirayotgan mazkur tahdidlarga qarshi qanday kurashish kerak, degan savol tugʻilishi tabiiy.

    Kengashda “Axborot maydoni haqiqiy jang maydoniga aylanib boʻldi”, deya alohida taʼkidlagan Prezidentimiz askarlarimizning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi masalasida maʼnaviy, xususan, harbiy merosimizdan unumli foydalanish vazifasiga shunchaki toʻxtalmagani aniq. Negaki, har qanday ilgʻor asbob-uskuna, jihoz, jumladan, harbiy maqsaddagilari ham, yangi qoida, tenglama, kashfiyotlar kishilikning moddiy yuksalishi va jisman asralishini taʼminlashgagina qodir, xolos.

    Inson va jamiyatni oʻz kuchiga ishontiruvchi, ongini komillashtiruvchi omil esa necha-necha avlodlar sinovidan oʻtib, yaratilgan tarixiy, adabiy, til, sanʼat, falsafiy, jugʻrofiy, diniy merosdir! Buni tasdiqlovchi misollar oʻz va oʻzgalar bisotida juda koʻplab topiladi. Millatimiz boshidan oʻtgan ikkitasini esga solamiz, xolos: 3000-yillik davlatchilik oʻtmishimiz ichida besh marta qaramlik bosqichini boshdan kechirgan boʻlsak, barchasida bosqinchilar bizning merosimizni yoʻq qilib, oʻzinikini targʻib qilishga qattiq kirishgani, bu borada muayyan “yutuqlar”ga erishganini hech kim inkor etolmaydi. Chunki ota-bobolarini esdan chiqargan, oʻzligini unutgan xalq olomonga, undan qulga aylanishi “oltin qoida”dir. Buning isbotini soʻnggi mustamlakachilikning barcha azob va asoratlarini oʻzidan oʻtkazgan bugungi avlod misolida koʻrib turibmiz.

    Toʻgʻri, davlat mustaqilligimizni tiklagach, qarshimizda koʻpdan-koʻp va ogʻirdan-ogʻir vazifalar koʻndalang turgani bor gap. Ularni bajarish oʻta murakkab shart-sharoitlarda kechishi oldindan maʼlum edi. Biroq til, imlo, tarixiy, adabiy, falsafiy, diniy merosimizni tiklash, undan zamonaviy va yetuk oʻzbek kishisini tarbiyalashda oqilona foydalanish u yoqda tursin, ayrim payt va hollarda eskicha yondashuvlar davom ettirilganini endi kimdir tan oladi, kimdir yoʻq.

    Prezidentimizning qattiq va toʻxtovsiz urinishlari, ishontirishlari bilan milliy-maʼnaviy merosimizning barcha imkoniyatlarini ishga solish uchun yetarli sharoit yaratilgan soʻnggi yillarda aynan mustaqillik davrimizning hal qiluvchi ilk chorak asrida yoʻl qoʻyilgan “beparvolik va bepisandlik” oqibatida koʻp ishlarni boshidan boshlashga toʻgʻri kelmoqda. Uzoqqa borib nima ham qilamiz, harbiy meros tushunchasining oʻzi ilk bor milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xavfsizlik kengashining 2022-yil 12-yanvarda boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida oʻrtaga tashlangan va “Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti”ni tuzish topshirigʻi berilgan edi.

    Agar oʻzbek davlati 2500-yillik kattagina vaqt mobaynida dunyo urush-talash maydonlarida zabardast ot surib kelgani, oʻtmishdagi harbiy sarkardalarimiz nomlariyu ishlari hozirda ham olam uzra hayrat, havas, eʼtirof, gʻashlik uygʻotishi koʻzda tutilsa, davlat mustaqilligimizni tiklagach, yigirma besh yil nima ish qildik oʻzi, deya tugʻilgan haqli savolga javob topolmay qolamiz.

    Harbiy mahorati butun dunyo tomonidan tan olingan Amir Temur, shuningdek, Jaloliddin Manguberdi, Shohrux Mirzo, Sulton Abu Said, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdullaxon, Shohmalik, Yalangtoʻsh Bahodir singari buyuk harbiy arboblarimizni chetga surib, istiqlol yillarida ham suvorovchilikni davom ettirdik. Hatto shu nom va mazmunda maktablar ham tuzib, bolalarimizni oʻqitdik...

    Bugun barchamizning qulogʻimiz va koʻzimiz oʻrganib boʻlgan “Temurbeklar maktablari” 2017-yilga kelibgina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ochilgani va ungacha qayerda yurganimiz, chorak asr “eski maktab” bagʻrida unib-oʻsgan har bir yosh harbiy avlodning sifati ne boʻlgani sababiniyu milliy qoʻshinchiligimiz iqtidoriga uzoq yillik taʼsiri darajasini tushuntirib bera olamizmi?

    Siyosiy, harbiy, maʼnaviy qimmati yuqorida urgʻulangan “Temur tuzuklari” boʻyicha oʻquv qoʻllanma 2021-yilga kelibgina yaratilgani va ushbu oʻta zarur va xayrli ish Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat M irziyoyevning qayta-qayta talab qilishi, uslubiy koʻrsatmalari oʻlaroq ishlab chiqilganiga shaxsan guvohmiz! Nega shu “oddiy” ishni ilgari qilmadik, qilolmadik?

    Harbiy qasamyodimiz-chi? 1992-yil 3-iyulda tasdiqlangan “Harbiy qasamyod”imiz SSSRning 1947–1991-yillardagi “Harbiy qasamyodi”ning mazmunan, ayrim yerlarida esa soʻzma-soʻz qaytarilishi asosida tuzilganini bugun koʻpchilik bilmaydi. Boshqacha aytganda, 2019-yilgacha, yaʼni Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, milliy ruh bilan sugʻorilgan “Vatanga qasamyod” qabul qilinmagungacha biz salkam oʻttiz yil, mohiyat eʼtibori bilan stalincha qasamyo dni hazm qilib keldik.

    Shu maʼnoda, yaqinda sodir boʻlgan bir shonli voqeaga diqqatni qaratgan boʻlardik. Milliy yetakchimiz tashabbusi bilan Amir Temur jangovar bayrogʻining taʼsis etilishi va uni gʻolib — Markaziy harbiy okrugga yetkazib borish jarayonining qimmatini tushungan tushunadi, tushunmagan yoʻq.

    Agar bir tomondan, Sohibqirondek ulugʻ shaxs kishilik tarixida birdanbirligi, Hazrat qoldirgan siyosiy, harbiy, maʼnaviy meros boshqa hech qaysi xalqda yoʻqligi, ikkinchi tomondan esa davlat mustaqilligimizni tiklaganimizga oʻttiz ikki yil toʻlishini aql va vijdonimiz chigʻirigʻidan oʻtkazolsak, tabiiy savol tugʻiladi: nega bu ishni oldinroq, masalan, oʻn, yigirma, oʻttiz yil burunlar qilmadik, bizga nima xalal berdi? Nahot, oʻz qadriyatlarimiz qolib, boshqalarnikidan ilhomlanib yurishning ayanchli oqibatlari oʻylanmagan boʻlsa?

    Botirlik, yurtsevarlik va el uchun oʻzni bagʻishlashning yuksak ibratini koʻrsatib qoʻygan Tomir xotun (Tomiris), Shiroq singari milliy qahramonlarimizni afsonaga chiqarib, yon-atrofga tortiq qilib yuborilganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi, deb ishonamiz. Endilikda ham sovet hokimiyatiga qarshi oʻn yetti yil davom etgan milliy-ozodlik qurolli kurashi yetakchilari — qoʻrboshilarimizni “bosmachi boʻlgan-ku”, deb yurganlar orasida atoqlilari ham borligini esa hech qachon tushunmaymiz.

    Hozirda davlatimiz rahbarining topshiriqlariga koʻra, harbiy kiyimboshlar, milliy qoʻshinimizda kunda qoʻllanadigan atamalar, jumladan, buyruqlar, harakatlar, manzillarni ham milliylashtirish ustida ish ketayotgani inobatga olinsa, Istiqlolga erishib ham uzoq yillar mustamlakachilardan qolgan “sovetcha meros”ga sigʻinib kelayotganimiz yuzaga chiqadi-qoladi.

    Milliy-harbiy cholgʻuchiligimizdek oʻta muhim yoʻnalishda ham haligacha oʻz qozigʻimizni topolmadik, desak adashmaymiz. Ayrim musiqiy asarlarimizdan eski zamonlarning sasi kelishidan tashqari, ularning ham qaygʻuli, ham quvonchli tadbirlarda bir xil qoʻllanishiga hayron qolasan kishi.

    Demak, milliy yetakchimiz Xavfsizlik kengashining bu safargi kengaytirilgan yigʻilishida ham harbiy merosni yanada keng va izchil oʻrganish masalasini shunchaki koʻndalang qoʻymadi. Negaki, bu boradagi bisotimiz juda ham boy va salobatlidir. Prezidentimiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur harbiy mahorati haqida tinimsiz bong urib, ularni yuzaga chiqarib kelayotgani bejiz emas. Chindan ham biz ularning jang sanʼati va harbiy tafakkurini qoyillatib oʻrganganimiz yoʻq. Kushoniy, eftaliy, ashinaliy, somoniy, qoraxoniy, gʻaznaviy, saljuqiy, anushteginiy harbiy arboblarning xizmatlari boʻyicha ishlarga esa hanuz qoʻl ham urilmagan. Temuriylardan esa Sohibqiron va Zahiriddin Muhammad Boburni uncha-muncha bilamiz, xolos.

    XIII asr boshlarida hozirgi Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston, Eron, Ozarbayjondan iborat ulkan kenglikda saltanat tuzgan Sulton Muhammad Xorazmshoh, XVI asr ikkinchi yarmida Turkistonni birlashtirib, davlatimiz zabardastligini taʼminlab bergan Abdullaxon kabi ulugʻlarimiz merosi hali ham “chang bosib yotibdi”.

    Xoʻsh, shuncha muammolar bor ekan, ularni yechish qoʻlimizdan keladimi?

    Albatta! Milliy yetakchimiz tarixiy yangilanish davrimizning ilk kunlaridan oʻz kuchimizga boʻlgan ishonch ruhini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod feʼli va ongiga singdirishga qattiq kirishgani sir emas. Bu — eng oqilona siyosat. Negaki, ishonchga yoʻgʻrilgan ruhni sindirib boʻlmaydi. Kishilik va oʻz tajribamizdagi barcha buyuk ishlar aynan shu omil tufayli yuz bergan. Uning magʻzini esa Prezidentimiz Vatan himoyachilariga yoʻllagan tabrigida juda oddiy, biroq kattayu kichikka tushunarli ravishda ifodalab berdi: “Bilagi zoʻr — birni yengar, ongi va yuragi zoʻr esa — mingni”.

    Azamat ZIYO,

    FA Tarix instituti direktori,

    tarix fanlari doktori, professor