Unda vazir B.Zokirov boshchiligidagi masʼullar Uchtepa tumanida bino fasadlariga bazalt plitalari bosqichma-bosqich oʻrnatilishi boʻyicha amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar taqdimot qilishdi.
Shuningdek, 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha, shu jumladan, taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat, turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish obyektlari, sport inshootlari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan koʻp xonadonli uy-joylar, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, barcha savdo-koʻngilochar markazlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi talab etilayotgani alohida taʼkidlandi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish koʻzda tutilmagan obyektlar boʻyicha loyiha hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilmasligi va qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilmasligi aytildi.
Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlarida issiqlik izolyatsion materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish lozimligi bunda samarali issiqlik izolyatsion materiallaridan, masalan, bazalt plitalaridan, foydalanish talab etilayotgani muhokama qilindi va uning afzalliklari haqida soʻz bordi.
Shuningdek, poytaxtimizning Uchtepa tumani hamda Chilonzor tumanidagi koʻp qavatli uylarda amalga oshirilayotgan renovatsiya ishlari, yaʼni binolar fasadiga bazalt qoplamalar oʻrnatish jarayonlari bilan yaqindan tanishish va soha ekspertlarining intervyularini tashkil qilish maqsadida OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokida tashkil etilgan press-tur qatnashchilariga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.Zokirov taqdimot davomida shunday fikrlarni bildirdi:
Har yili aholimiz oʻrtacha 800 000 nafarga koʻpaymoqda. Shuningdek, har yili 650 000 bolaning yangidan bogʻchaga va maktabga chiqishini inobatga olgan holda ijtimoiy soha obyektlari qurilmoqda. Farzandlarimizning bu boradagi qamrovi 70 foizga yetkazilmoqda. Bu elektr-energiya va issiqlik taʼminotiga boʻlgan ehtiyoj ham shunga mos ravishda oʻsib bormoqda, degani. Hozirgi asosiy maqsadimiz, uy-joylar va boshqa obyektlarda energiya tejamkorlikni taʼminlashdan iborat.
Oʻrtacha 10 kundan keyin xuddi shu uylarni tayyor holatini koʻramiz. Ayniqsa, shu yerda istiqomat qiluvchi aholi real oʻzgarishni his qilishadi. Bazalt tolali qoplama nafaqat xonalardagi issiqlikni ushlab turadi, balki tashqaridagi shovqinning ovozini ham ancha pasaytiradi. Uylarning tomlariga oʻrnatiladigan quyosh panellari esa bugungidek quyoshli kunlarda mazkur uylarni 50 foiz elektr energiyasi bilan taʼminlaydi, yoz oylari, bahorning oxiri va kuzning boshlarida esa bu borada 70 foizdan yuqori boʻlgan samaradorlikka erishamiz. Mazkur hudud uchun qurilayotgan lokal qozonxona esa qirovli qish kunlarida shu hududdagi uylar va ijtimoiy soha obyektlarini issiq suv va issiqlik energiyasi bilan taʼminlashga moʻljallangan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 40 foiz energiya iqtisodiga, 30 foiz tabiiy gaz tejalishiga ham erishiladi. Maʼlumot uchun, ayni kunlarda Uchtepa tumani 15-daha hamda Chilonzor tumanining 7-dahalaridagi koʻp qavatli uylarda bazalt plitalar oʻrnatilmoqda. Press tur davomida OAV xodimlari va keng jamoatchilik vakillari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.