Atrof-muhit hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni kelajak avlodga bor tarovati bilan yetkazib berish burchimiz sanaladi. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” umummiliy loyihasi ana shunday tadbirlardan biridir. Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan media-turda dastlab qo‘mitada kuzgi ko‘chat ekish “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarini sifatli o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika shtabi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
– Ko‘chat ekish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Qo‘mita, viloyatlar, shahar va tumanlarda shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Ekologik axborot, AKTni joriy etish va multimedia markazi direktori Davron Abdullayev. – Mazkur shtablarda ekilayotgan daraxt ko‘chatlarining hisobi yuritilib, kunlik maʼlumotlar joriy yilning bahor mavsumida sinov tariqasida ishga tushirilgan yashilmakon.eco plastformasiga kiritiladi. Daraxtlarni tekshirish va nazoratga olish Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy inspektorlari zimmasiga yuklatilgan. Ularni tekshirib, maxsus planshetlar yordamida sug‘orish tizimi mavjudmi yoki yo‘qmi, qayerga ekilgani, daraxt turi va soni tekshiriladi, agrotexnik tadbirlar nazoratga olinadi. Eng muhimi, rasm va lokatsiyalar ko‘rsatiladi. Har bir fuqaro platformaga kirib, jarayon bilan tanishishi mumkin.
Taʼkidlanishicha, ekish va parvarishlash ishlarini ilmiy yondashuv asosida tashkil etish, tabiiy iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni tanlash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan respublika va hududiy ekspert guruhlari ishlari tashkillashtirilgan. Respublika shtabida call center orqali soha mutaxassislar tomonidan ko‘chatlarni ekish va parvarish qilish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar ham beriladi.
Hududlarda ko‘chatlarni yetkazib berish va narx-navo barqarorligini taʼminlash maqsadida 211 ta ko‘chat yarmarkalari va savdo nuqtalari tashkil etilgan.
Maʼlumot o‘rnida: joriy yilning 2 noyabr holatiga ko‘ra, yurtimizda 13 million 109 ming 500 tup ko‘chat ekildi. Mazkur ko‘chatlarning 9 million 328 ming 670 tupi platformaga kiritildi.
Media-tur davomida qatnashchilarga ekilayotgan ko‘chatlarning “yashilmakon.eco” elektron platformasiga qay tartibda kiritilishi ham amaliy tarzda ko‘rsatildi.
Ayni paytda atrof-muhitga taʼsiri yuqori va o‘rta bo‘lgan korxona va tashkilotlar faoliyati ustidan muntazam ravishda monitoring amalga oshirilmoqda. So‘nggi ikki yilda monitoring dasturiga kiritilgan korxonalar soni qariyb 2 barobarga ko‘payib, hozirgi kunda qamrab olingan korxonalar soni 800 tani tashkil etmoqda.
Tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalar bo‘yicha ekologik monitoring kuzatuvlari o‘tkazilmoqda.
Qo‘mita tomonidan jurnalist va blogerlarga Toshkent shahrida atmosfera havosidan namuna olish va monitoring qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar amaliy ko‘rsatib berildi.