Mahsulotlar sifatida akkreditatsiyaning oʻrni

    “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DUK tomonidan OAV xodimlari uchun tashkil etilgan “Aniq oʻlchashlar — sifat va xavsizlik kafolati. MBOlarning akkreditatsiyadan oʻtish jarayoni” mavzusida press-tur boʻlib oʻtdi.

    Unda bir qator mahalliy tele va radiokanallar, bosma nashrlar jurnalistlari ishtirok etdi.

    Press-tur UzNIM tarkibidagi bir qator laboratoriyalarning faoliyati tanishtiruvi bilan boshlandi. Jurnalistlar, jumladan, “Harorat kattaliklarini oʻlchash”, “Ionlashtiruvchi nurlanishlar kattaliklarini oʻlchash” laboratoriyalarida mahsulotlar sifatini baholash, sinovlarni olib borish tartibi bilan tanishdi.

    Akkreditatsiya markazi mutaxassislari mahsulotlar sifatini taʼminlashda MBOlarning akkreditatsiyadan oʻtganliklari ishonch uygʻotishini taʼkidlab oʻtdi. Zotan, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyaning sertifikatini olgan mahsulotlar xorij bozorlariga texnik toʻsiqlarsiz kirib borish imkoniyatiga ega. Bunga sabab esa Markazning joriy yil sentyabr oyida ikki nufuzli xalqaro tashkilotlar — Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik (ILAK) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF)ning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilinib, ushbu tashkilotlarning Koʻptomonlama Bitimlarini imzolaganligidir. Erishilgan bu natija oʻzbek mahsulotlarining Bitimni imzolagan 120ga yaqin davlatlarning bozorlariga texnik toʻsiqlarsiz kirib borish imkonini beradi.

    Ammo, buning uchun har bir mahsulot xalqaro standartlar talablariga koʻra sinovdan oʻtishi lozim. Akkreditatsiya idorasi mutaxassislari esa laboratoriyalarning ushbu standartlar boʻyicha qay darajada toʻgʻri, malakali va aniq ish olib borayotganini baholaydi.

    OAV diqqat markazida akkreditlangan laboratoriyalarning sertifikatini olgan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarning xorij bozorlariga chiqishi, MBOda ularning qanday tartibda sinovlardan oʻtishi, bugungi kunda isteʼmolchilar tomonidan bildirilayotgan fikrlarga munosabat kabi masalalar boʻldi.

    — Bugungi kunda Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi huzurida roʻyxatdan oʻtgan laboratoriyalar soni 500, bevosita xalqaro standartga muvofiq faoliyat yuritayotgan laboratoriyalar soni esa 100 tadan oshiqni tashkil qiladi, — dedi Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi boʻlim boshligʻi Mahmud Xayrullayev. — Mahsulotlarni majburiy ravishda sertifikatlashdan oʻtkazish roʻyxati bor. Unga koʻra ayrim mahsulotlar sertifikatlashdan oʻtishi shart. Lekin shunday turdagi mahsulotlar borki, ular majburiy muvofiqlikni baholash shart boʻlmaydi. Bu turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchining xohishiga koʻra baholanishi mumkin.

    Bu holda isteʼmolchining masʼuliyati katta ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, xalqimiz tomonidan amalga oshiriladigan jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali tekshiruv mexanizmi yoʻq. Mahsulotlar juda koʻp va turlicha. Ularning manbai ham juda koʻp. Shu bois eng samarali vosita jamoatchilik nazoratidir.

    Press-tur davomida bir qator mahsulotlar sifatining xalqaro standartlar talablariga koʻra sinovdan oʻtishi jarayonlari namoyish qilindi.