Ertamiz egalarining Navoiyga muhabbati haqida gap ketganida, bir tarixiy voqelik, yaʼni, hazrat qalamiga mansub bir gʻazal tarixiga oid manbani eʼtiboringizga havola qilmoqni joiz topdik. Zero, bu orqali kelajagimiz vorislari Navoiyning buyukligiga, halolligiga va saxovatpeshaligiga yana bir bor guvoh boʻlib, tasannolar aytishi aniq.
Kamina Vohid Abdullayevning Navoiy hayoti va ijodi bilan bogʻliq 1968-yilda chop etilgan “Navoiy Samarqandda” monografiyasini mutolaa qilish asnosida bir qiziqarli maʼlumotni uchratdim. Eʼtiboringizga shu asardan parchani keltirmoqchiman:
“Shoir Maqsud Shayxzoda taʼriflaganidek, – deb boshlaydi Sobir Abdulla, – gʻazal mulkining sultoni Amir Alisher Navoiyning yigitlik davriga taalluqli bir kichik hikoyani aytib bermoqchiman. Buni men Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi Mirza Abdulla Boqiydan eshitganman.
Alisher Samarqandda tahsil koʻrayotgan yillarda bir matlaʼning asiri, maftuni boʻldi:
Koʻkragimdur subhning pirohanidin chokroq,
Kiprigim shabnam toʻkilgan sabzadin namnokroq.
Alisherni oʻziga asiru maftun etgan bayt shu boʻlib, uning sohibi bir gado edi. Samarqand bozorida kechgacha baland, shirali ovozi bilan shu baytni takrorlardi, baytni gadodan qayta-qayta eshitib, zavqlanuvchi, unga sadaqa inʼom qiluvchi ahli dard, ahli fazl kimsalar oz emas edi.
Navoiy gadoning yoqimli ijrosida matlaʼni qayta-qayta tinglar, yodlab olingan matlaʼni yoʻl-yoʻlakay zamzama qilar, hujraga qaytganda ham qulogʻida shu misralar jaranglab, kechalari uyqu bermas edi.
“Xaridor boʻlib, shu baytingizni menga soting, desam sotarmikin?... Balki sotar, balki sotmas!...Qani endi menga sotsa edi”. Bu istak Navoiyni tinch qoʻymadi, gado orqasidan ergashib, xarobasiga borishga, qoʻlidan tutib, iltimos qilishga ahd qildi:
— Otaxon! Shu baytingizni menga soting! Aqcham kifoya qilmasa, toʻnimni ham sotib beray. Yoʻq demang!
Navoiyning iltimosini eshitgan keksa gado qah-qah urib kulib yubordi, keyin boshini chayqab iltimosini rad qildi.
— Koʻrinishingizdan qashshoq mullavachchaga oʻxshaysiz! Shundogʻmi?
— Shundogʻ.
— Shundogʻ boʻlsa, baytni sotib olish niyatidan keching, tekinga oling, yodlab oʻqib yura bering! Buning uchun mening tomonimdan qanday moneʼlik boʻlishi mumkin?...
— Shuning uchun sotib olishim kerakki, u chogʻda siz bu matlaʼni kuylab, tilanishdan mahrum boʻlursiz.
Navoiydan bu daʼvoni eshitgan gado miyigʻida kulib, tamasxurona bosh chayqadi:
— Balki kuchingiz yetmas, balki buni shohlikka alishmasman. Zeroki, bu bayt menga otamdan meros qolgan, men uni qirq yildan beri takrorlayman, bu bilan qornimni toʻygʻizaman, bola-chaqa boqaman!...
— Otangiz shoirmidilar?
— Shoir emas edilar, bogʻbon edilar, bu baytni baland ovozda kuylab bogʻni parvarish qilar edilar.
— Faqat bir baytning oʻzimidi yoki toʻla, mukammal gʻazal edi-yu, siz shu bir baytni yodda qoldirganmisiz?...
— Yoʻq! Otam ham shu bir baytni takrorlar edi.
— Qaysi zotning asarlari ekanligini ham bilmassiz?...
— Afsus, nomu taxalluslarini bilmayman. Otam ham bundan xabarsiz boʻlgan boʻlsalar kerak!...
Navoiy gʻamgin sukutga choʻmdi, gado soʻzini davom ettirdi:
— Siz yod olib, oʻqib yurishingiz uchun mening rizo boʻlishim kifoya qilmaydimi?
— Men sizning rizoligingizsiz ham yod olib zamzama qilib yuribman. Lekin men uchun bu kifoya emas.
Shunday qilib, Navoiyning umidi uzildi, boʻshashib hujraga qaytib keldi.
Oradan bir necha yil oʻtdi. Husayn Boyqaroning taklifi bilan Navoiy Hirotga joʻnab ketdi, Sulton Husaynning saltanatida bosh vazirlik lavozimi, malikush-shuaro martabasini egalladi. Sulton Husayn Boyqaro davlat, saltanat sultoni maqomida boʻlsa, Alisher Navoiy Sharqqa “gʻazal mulkining sultoni” boʻlib tanildi.
Oradan oʻn yildan koʻproq oʻtgandan soʻng Navoiy davlat ishlari bilan Samarqandga yoʻli tushib, qadrdonlarga mehmon boʻldi, bir suhbatda Navoiy oʻzini asiru maftun qilgan oʻsha bayt bilan uning sohibi — gadoni esladi. Hamsuhbatlar Navoiyga oʻsha gadoning nihoyatda keksayib qolganligi, baytni oʻshandoq baland, shiralik ovozda emas, bir yerda mukchayib oʻtirganicha pichirlab aytib, tilanayotganidan darak berdilar. Navoiy ertasi kun gadoni kappon boʻsagʻasidan topib, ziyorat qildi, soʻng oʻzini tanitdi:
— Yodingizda bormi? Baytga xaridor boʻlgan edim, siz rad qilgan edingiz...
— Yodimga tushdi! Hali ham oʻsha davodan qaytganingiz yoʻqmi?
— Yoʻq ota! Hamon oʻsha gʻazalning asiri, maftuniman, hamon jazman xaridorman!
Chol kuldi:
— Sotaman! Biroq sotib olishga qurbingiz yetsa koshki edi.
— Balkim qurbim yetib qolar, balkim yetmas...
— Juda keksayib qoldim, endi uni baland ovozda oʻqishdan ojizman! Haq soʻzini aytganda, gadolik ham meʼdaga tegdi. Qurbingiz yetsa, yaxshi hovli-joyga, shu joy yaqinidan bir tegirmon va bir eshakka ega qilingu, bayt sizniki boʻlsin, men oʻlgunimcha haqqingizga duo qilib, qolgan umrimni tegirmonchilik bilan kechiray.
Navoiy mamnuniyat bilan xoʻp dedi, cholning aytgani boʻldi: cholga dangʻillama hovli–joy, tegirmon va bir eshak sotib olib berildi. Sohibi nomaʼlum, uzoq yillar gado boʻlgan shoh bayt Navoiyning zarxarid mulki boʻlib qoldi va shundan keyin Navoiy unga dadil dast urib, uni mukammal gʻazal holiga keltirdi:
Koʻkragimdur subhning pirohanidin choqroq,
Kiprigim shabnam toʻkilgan sabzadin namnokroq.
Bu koʻngil gʻamnokidin to shodmon koʻrdim seni,
Istaram har damki oʻlgʻay xotirim gʻamnokroq
Layli andin qoʻydi Majnun koʻngilda rohat gʻamin
Kim, yoʻq erdi manzil ul vodiyda andin pokroq
Oʻyla mijgon xanjariga yopishubdur dard aning–
Kim, magar andin tinim yoʻqdur vale bebokroq.
Lablaringdin jon olurda barcha el quldur sanga,
Jon berurda bir qulung yoʻq bandadin cholokroq.
Odamiylik tuprogʻin bersa fano yeriga charx,
Ohkim, yoʻqtur kishi ahli fanodin xokroq.
Necha oʻqlonsa Navoiy koʻngli zaxmin chok boʻlur,
Koʻrmadik, zaxmini tikkan sori boʻlgay chokroq.
Navoiyning boshqa nodir gʻazallari qatori bu “roq” radifli gʻazali ham oʻz vaqtida muxlislariga yetdi, hofizlar uni kuyga solib kuyladilar, bu mashhur, oʻlmas kuyning nomi ham “roq” deb ataladi, bu kuy Navoiyning gʻazali bilan asrlar osha bizning davrimizga yetib keldi, uni toʻy-tantanalarimizda atoqli hofizlarimiz tomonidan zavq-shavq bilan kuylanib, kishilarimizga ruhi gʻizo baxsh etmoqda.
Alisher Navoiyning Sobir Abdulla tomonidan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi Mirza Abdulla Boqiydan eshitib keltirilgan bu kichik hikoyasidagi “chokroq – namnokroq” qofiyasi bilan boshlangan gʻazali va Samarqandda yozilgan, deb taxmin qilingan juda koʻp lirik manzumalari haqidagi naqllarni manbalarga solishtirib asoslash navoiyshunosligimizning muhim vazifalaridandir. Har holda shunday izlanishlarning davom etavergani yaxshi va uning navoiyshunoslik kabi katta ishga ozmi-koʻpmi foyda keltirishi shubhasizdir”.
Yuqorida aytganimizdek, ushbu hikoya orqali Navoiyning mardligi, insoniyligi va saxovatpeshaligiga guvoh boʻlamiz. Eʼtibor bering, Navoiy bu matlani hech kimdan ruxsat soʻramasdan olishi va davom ettirishi mumkin edi. Uning muallifi nomaʼlum, aytayotgan shaxs esa hech qanday martabaga ega boʻlmagan bir gado edi. Qolaversa, Navoiy Hirotda, gado esa Samarqandda, hech kim bu gʻazalning kimga oidligi bilan Navoiydek inson bilan tortishmaydi, gadoning ham Samarqandda bu gʻazalga daʼvogarlik qilishga imkoni ham, qudrati ham yetmaydi. Lekin Navoiyning halollik bobidagi odobini qarangki, bir necha ming satrdan iborat gʻazallar sohibi boʻlishiga qaramasdan, ushbu kichik hajmdagi gʻazalni tirikchiligining asosiy manbasi sifatida qoʻshiq qilib aytib kelayotgan nochor insonni rozi qilib olishni maqsad qiladi. Gado bilan ilk bor uchrashgan vaqtida Navoiy moddiy jihatdan unchalik qudratli boʻlmagan, oradan oʻn yil oʻtib, ancha oʻzini tiklab olganida, ikki qator sheʼr uchun gado aytgan shartni mamnuniyat bilan qabul qiladi. Bu Navoiyning chinakam komil shaxs boʻlganiga ishora emasmi?
Oʻzingiz bir mulohaza qilib koʻring: bugun ayrimlar tomonidan inson rizoligidek muqaddas qadriyatga eʼtibor bermasdan oʻzganing qoʻshigʻini, yaratgan kuyini, asarini, qoʻyingki, tortib olish mumkin boʻlgan har narsasini hech tap tortmasdan oʻzlashtirish avj olayotgan bir davrda bu jihatdan ham buyuk Navoiydan oʻrnak olishimiz lozimdek koʻrinadi.
Ibrohim Yoʻldoshev,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori