Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Fotima ABDURAHMONOVA maʼlumot berdi.
Chaqaloq olti oyga toʻlgach, shifokor tavsiyasi asosida unga ona sutidan tashqari boʻtqa, sharbat va pyure koʻrinishida qoʻshimcha ozuqalar berish mumkin. Sababi tez rivojlanayotgan murgʻak organizmning ehtiyojlari ona suti bilan toʻla qoplanmaydi.
Goʻdakni qoʻshimcha taom bilan ona sutidan oldin oziqlantirish kerak. Bolaga bunday yegulik ikki hafta davomida berilgach, uchinchi haftadan bir martalik koʻkrak suti bilan ovqatlantirish oʻrniga almashtiriladi. Ular tarkibi sabzavot boʻtqalaridan tashkil topgan boʻlishi lozim.
Dastavval, boʻtqa oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi. Shuni yodda tutish lozimki, bu yoshdagi goʻdakka bir paytning oʻzida ikkita qoʻshimcha taom berilmaydi. Bola birinchi qoʻshimcha ozuqaga koʻnikkach, ikkinchisiga oʻtish mumkin.
Kichkintoy 7 oylik boʻlgach, unga ikkinchi qoʻshimcha taom – boʻtqalar (mannali, grechkali) berilib, 2 hafta ichida ikkinchi galdagi ona suti u bilan almashtiriladi. Ushbu davrda qaynatilgan tuxum sarigʻining yarmini haftasiga ikki marta, keyin kunora berish mumkin.
Bola 8 oyga toʻlganda taomnomaga uchinchi qoʻshimcha yegulik sifatida qatiq va tvorog kiritiladi. Dastlab, qatiq oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik esa kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi.
9-oydan boshlab non (pechenyelar), olmani boʻlakcha shaklida berish mumkin.
10-oylikdan boshlab goʻsht qiymasidan tayyorlangan frikadelkalar beriladi.