Maktab oʻquvchilari oʻrtasida uchrayotgan gepatit A kasalligi qanchalik xavfli?

    Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan 214 hamda 65-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablarida virusli gepatit A kasalligi aniqlangan.

    Shu sababli Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman boʻlimi mutaxassislari tomonidan mazkur maktablarda epidemiologik surishtiruv hamda sanitariya nazorati oʻtkazildi.

    Qayd etilishicha, nazorat davomida oʻquvchilar va ishchi xodimlarning oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtganlik xulosalari, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibi hamda maktab binosida, sinf xonalarda joriy tozalik ishlarining olib borilishi, jihozlarning sozligi kabilar tekshirilgan.

    “Tekshiruvlar natijasida, maktabning sanitariya holati talabga javob bermasligi maʼlum boʻlganidan soʻng, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi”, – deyiladi Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi xabarida.

    Maktab oʻquvchilari oʻrtasida uchrayotgan gepatit A kasalligi qanchalik xavfli?

    Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Axborot xizmati bu haqda batafsil maʼlumot berdi.

    Virusli gepatit A (sariq kasal) asosan 14 yoshgacha bolalar oʻrtasida uchraydigan, asosan, kuz-qish mavsumida boshqa mavsumlarga nisbatan koʻproq aniqlanadigan kasallik hisoblanadi.
    Gepatit A — kasallikning eng koʻp uchraydigan, ammo boshqa gepatit turlariga nisbatan xavfsizroq turi hisoblanadi. U deyarli doim oʻtkir kechadi va surunkali boʻlmaydi, oʻlimga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

    Nisbatan yuqori kasallanish aholi sifatli ichimlik suv bilan yaxshi taʼminlanmagan, sanitariya-gigiyena sharoiti nochor boʻlgan hududlarda kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha taʼlim muassasalarida va maktablarda oʻzaro muloqot jarayonida gepatit A kasalligini yuqtirib olish ehtimoli mavjud.

    Ushbu kasallik “kir qoʻllar kasalligi” deb ham ataladi. Virusni, asosan, virus bilan zararlangan kirlangan suv, ochiq suv havzalari, taom, yaxshi yuvilmagan idish, hoʻl meva mahsulotlarini yuvmay isteʼmol qilish hamda kasallangan odam bilan kontaktda boʻlish orqali yuqtirish mumkin.

    Virusli gepatit A kasalligi maktab sharoitida aniqlangan taqdirda epidemiologik surishtiruv ishlari olib boriladi. Agar hududda sanitariya holati qoniqarsiz, suv tizimi yoʻlga qoʻyilmagan va hojatxonalar nosoz holatda boʻlib, kasallik tarqalishiga sharoit yaratilayotgan boʻlsagina maktabda taʼlim jarayonlarini vaqtincha toʻxtatish mumkin boʻladi.

    Kasallikni bolalar oʻrtasida aniqlanmasligi va tarqalmasligi uchun mutaxassislar tomonidan nafaqat maktab, balki uyushgan jamoalar, uy oʻchoqlarida epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib boriladi. Shuningdek, bolalarni ushbu kasallikka qarshi emlatish eng samarali usul hisoblanadi. Har yili poytaxtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari bepul ravishda, xususan ota-onalar hisobidan oʻrtacha hisobda poytaxtimizda 50 mingdan ziyod bolalar emlanmoqda. Bu esa kasallikning aniqlash koʻrsatkichlarini yildan yilga kamayishiga sabab boʻlmoqda.

    Shu sababli kasallikdan himoyalanish uchun avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish va emlash ishlarini olib borish maqsadga muvofiq.