Bobur hayoti, eʼtiqodi va ijodini ham bu taʼlimot, xususan, uning naqshbandiya tariqatisiz tasavvur qilish qiyin. Bobur fenomeni tasavvufning oʻziga xos hosilasi, naqshbandiya tariqatining ikki asrlik taraqqiyoti mahsuli edi.
Temuriy shohu shahzodalarning tasavvuf pirlariga murid tushishi aynan Amir Temurning oʻzidan boshlangan. Temuriylar oʻzlarini hamisha tasavvuf piru murshidlari, shayxlar sharofati bilan shunday yuksak martabalarga erishgan hisoblab kelgan. Tasavvuf temuriylar uchun maʼnaviy panoh boʻlgan. Navoiy asarlari, xususan, “Nasoyim ul-muhabbat va shamoyim ul-futuvvat” tazkirasida Temur va temuriyzodalarning tasavvufga, bevosita uning vakillari boʻlgan shayxlarga munosabati, ularga murid tushgani haqida yetarlicha maʼlumotlar mavjud.
Manbalardan Sohibqironning Xoja Ahmad Yassaviy qabriga hashamatli maqbara qurdirgani, yashil marmar qabr toshini Hindistondan oldirtirgani, Zangiota dahmasiga maqbara bunyod etishga ham kirishgani, chala qolgan bu imoratni keyinchalik nevarasi Mirzo Ulugʻbek oxiriga yetkazganini bilamiz. “Nasoyim ul-muhabbat”da Temurning Fargʻonada yassaviya pirlaridan Xoja Boyazid (uning qabri Fargʻona viloyatining Buvayda tumanidagi Mazor qishlogʻida), Xurosonning Andxud qasabasida Bobo Sungu degan shayx bilan uchrashgani, bu koʻrishuvlarda yuz bergan karomatlar haqida ham bayon etiladi.
Yoki Sohibqironning suyukli nabirasi Mirzo Ulugʻbek azbaroyi tasavvufga eʼtiqodi kuchi bilan Gʻijduvonda aynan xojagon-naqshbandiya tariqati asoschisi Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi yonida madrasa bunyod ettirdi.
Boburni temuriyzodalarning Xoja Ahrorga munosabati koʻp qiziqtirgan. Otasi Umarshayx mirzo Xoja Ahror Ubaydulloh Valiyning muridi, hamsuhbati edi, uni shayx “farzand” der edi. Otasining akasi Sulton Ahmad mirzo ham Xoja Ubaydullohning muridi boʻlgan. Uning Samarqanddagi qariyb chorak asrlik hukmronligi zamonida Xoja Ahrorga taalluqli koʻp faqiru kambagʻal kishilar zulmu zoʻravonlikdan xalos boʻlar edi. Boburning yana bir amakisi Sulton Mahmud mirzo Samarqand taxtini olganidan keyin ana shu ezgu anʼanani davom ettirish oʻrniga, aksincha, shunday kishilarga zulm oʻtkaza boshladi. Hatto bevosita hazrat Xoja Ahrorning avlodiga ham shunday tajovuzkorona munosabatda boʻlindi. Uning Xoja Ubaydullohga nisbatan bepisand munosabatini “Boburnoma”ning keyingi – 1494/1495-yil voqealari bayonida ham oʻqiymiz: “Bad eʼtiqod kishi edi. Hazrati Xoja Ubaydullohgʻa istixfof (bepisandlik) qilur edi”. Odamlar: “Bu navʼ zulm va fisqdin bajonu dil ozurda va ranjida boʻldilar. Vaziʼ va sharif, faqir va miskin nafrin va duoyi badigʻa ogʻiz ochib, qoʻl koʻtardilar”. Koʻpning duoyi badi yomon: Sulton Mahmud mirzoning Samarqandga podsholigi besh-olti oydan oshmadi.
Boburning zamoni shunday murakkab bir davr ediki, hokimiyat uchun kurash yoʻlida ota oʻgʻilni, aka ukani ayamasdi. Temuriylarning aksari Xoja Ahror va uning avlodlariga murid boʻlgani uchun ham tasavvuf vakillarining bu jangu jadallardan chetda turishi qiyin edi. “Boburnoma”da Xoja Ahror avlodlari temuriylarning taxt uchun kurashayotgan bir-biriga zid tomonlarga tarafkash boʻlib qolgani haqida ham yoziladi. “Mullo Binoiyni va Muhammad Solihni anda Xoja xizmatida koʻrdum. Muhammad Solihni oʻshul bir qatla-oʻq koʻrdum”, degan qayd esa oʻzbek va tojik adabiyotining bu ikki vakili shu algʻov-dalgʻov zamonda aynan naqshbandiya piri panohida jon saqlaganidan dalolat beradi.
Odatda otaning piri oʻgʻilga ham murshidlik qilar edi. Agar otasining piri oʻtib ketgan boʻlsa, oʻgʻil oʻsha pirning muridlaridan boʻlgan ulugʻ zotning etagini tutar edi. Boburning otasiga pirlik qilgan Xoja Ahrorga bogʻliqligi bundan ham kuchliroq edi. Umarshayx Mirzo toʻngʻich oʻgʻli tugʻilgach, piri Xoja Ahror huzuriga borib, chaqaloqqa ism qoʻyib berishni soʻraydi. Ul zoti sharif yangi tugʻilgan bolaga “Zahiriddin Muhammad” deb ot qoʻyadi. Lekin oddiy odamlar uchun talaffuzi ogʻirlik qilishini hisobga olib: “Mirzo Bobur boʻla qolsin”, deydi. Shunga qaramay, xutbada xatiblar “Zahiriddin Muhammad Bobur” deb oʻqishadi.
Boburning “ustodi va piri” Xoja Mavlonoyi qozi Abdulloh edi. “Boburnoma”da uning ota tarafdan Shayx Burhoniddin Qilichga, ona tomonidan esa Sulton Ilik Moziyga borib bogʻlanishi aytiladi. Bu ikki nasab Fargʻonada avvaldan baobroʻ boʻlib kelgan edi: “Fargʻona viloyatida bu tabaqa muqtado (diniy yoʻlboshchi) va qozi boʻla kelgandurlar”. Boburning piri Umarshayx Mirzo bilan hampir, yaʼni u ham Xoja Ahrorning muridi, ul zoti sharif qoʻlida tarbiya topgan edi. Shayxlar orasida valiy darajasiga yetganlar kam boʻladi. Bobur esa pirini shunday maqom egasi hisoblaydi, bu zoti sharifga yomonlik qilganlarning juda oz fursatlarda olamdan oʻtganini bunga eng ishonchli dalil qilib keltiradi: “Xoja qozining valiyligʻida mening hech shakkim yoʻqtur. Qaysi ish valoyatqa mundin yaxshiroq dalildurkim, alargʻa qasd qilgʻanlardin oz fursatta osor va alomat qolmadi”. Ikkinchi isbot ham bor: “Xoja qozi qoʻrqmas kishi edi. Qoʻrqmoq anda aslo yoʻq edi. Oncha daler kishi koʻrilgan emas. Bu sifat ham valoyat dalilidur. Soyir el har necha bahodur boʻlsa, andak dagʻdagʻasi (qoʻrquvi) va tavahhumi (vahimasi) boʻlur. Xojada aslo dagʻdagʻa va tavahhum yoʻq edi”.
Xuddi shu salohiyati bilan ham pir hamisha davlat ishlarida Boburga yelkadoshlik qilgan.
1497/1498-yili Bobur yetti oy urushib, Samarqand taxtini Boysungʻur mirzodan oladi va bu yerda 100 kun podshohlik qiladi. Ammo ahvol juda ogʻir edi, askarlar taʼminotida katta tanqislik bor edi. Shundan ayrim navkarlar qochdi. Shunday murakkab vaziyatda Bobur, birinchi navbatda, yonida boʻlgan piriga suyangan. Maxsus vazifa bilan, yaʼni qochganlarga jazo berish, baʼzisini Samarqandga qaytarish uchun pirini Axsiga joʻnatadi. Bu voqealar Xoja qozining xuddi piri Xoja Ahror kabi siyosat ishlariga bevosita va faol ishtirok etganini koʻrsatadi. Samarqandni egallab turgan mahalda Xoja qozi 18 ming qoʻyni Boburning yigitlarga ulashadi. Bu ham Xoja qozining Xoja Ahror singari koʻp mol-mulkka ega boʻlganini koʻrsatadi. “Boburnoma”da pirining siyosiy mazmundagi maslahatlar ifodalangan maktublar yozgani qayd etiladi.
Andijonni olgan dushman Boburning Samarqanddan chiqib Xoʻjandga yetib kelganini eshitib, Xoja qozini “ark darvozasida beizzatona osib, shahid qildi”. Bu Xoja qozining fikran sotqin Ali Doʻst tagʻoyi bilan birlashmaganini, Boburga oxirigacha sodiq qolganini koʻrsatadi.
Bobur piri uchun oʻch oldi. Ikki yilcha qoʻldan chiqqan ota viloyatini qayta qoʻlga kiritgach, yaqinlarini talagan, pirini oʻldirgan, tuzini yeb, tuzdoniga tupurgan Uzun Hasan boshliq qavmni sadoqatli navkarlariga talatdi. Ammo Bobur xato qilganini oʻsha zahoti tushundi: aynan ana shu xatosining kasriga qolib, u Andijonni ikkinchi marta tashlab chiqishga majbur boʻldi.
Tasavvuf ahlining qatʼiy aqidasiga koʻra, agar Xoja qozi chinakam valiy boʻlsa, uning ruhi oʻlganidan keyin ham dushmanlarini, ayniqsa, qotillarini tinch qoʻymasligi kerak. Shunday boʻldi. Axir Bobur ruboiysida aytilganidek:
Har kimki, yamon boʻlsa, jazo topqusidur.
Ikki yildan keyin Ali Doʻstning qoʻliga yara chiqib, shu dard bilan oʻldi. Oʻgʻli Muhammad Doʻst Shayboniyxon xizmatiga kirdi, biroq oʻz podshohiga vafo qilmagan oʻzga podshohga sadoqat koʻrsatarmidi? Shayboniylar oʻzlariga koʻrsatgan bevafoligi uchun tutib, koʻzlarini koʻr qildi: “Koʻzlarini tuz tutti”ning bu maʼnisi bor emish”.
Temuriylar davri jamiyatda tasavvuf pirlarining mavqei baland zamonlar boʻlgan. Hamma davrda ham siyosat xalqni gʻoya-eʼtiqodining kuchi orqali boshqara oladigan ziyoli bilan hisoblashishga majbur boʻlgani kabi Shayboniyxon Xoja Ahrorning oʻgʻli Xoja Yahyodan qoʻrqar edi. Shuning uchun ham unga ikki oʻgʻli (Muhammad Zakariyo, Xoja Boqiy) bilan Xuroson ketishiga ruxsat berdi. Ammo keyin ortidan odam yuborib, uchalasini ham oʻldirtirdi. Bahona qilib: “Xojaning ishi mendin emas edi, Qanbar biy va Koʻpak biy qildilar”, dedi. Bobur bu masalada Shayboniyxonga ikkita jiddiy ayb qoʻyadi, birinchisi – ularni oʻzi oʻldirishga buyurib, nomardlarcha gunohni beklariga toʻnkayapti; ikkinchisi – agar beklar xondan soʻramay, oʻzboshimchalik bilan ish koʻra boshlagan boʻlsa, uning xonligi qayerda qoldi: “Bu andin yamonroq, masal (maqol) borkim: “Uzrash badtar az gunoh” (“Uzri gunohidan yomonroq”). Mundoq ishlarni beklar oʻz boshicha qila boshlasa, bas, xonligʻigʻa va podshohligʻigʻa ne eʼtibor?”.
Naqshbandiya shayxlari koʻpincha hukmdorlar oʻrtasida diplomatik munosabatlarni ado etib kelgan. Bir gal Bobur Xojagon Xojani ham shu maqsadda ishga soldi: “Farkatqa borib, Xojani koʻrdum. Umidvor edimki, xon dodam rioyat va inoyat maqomida boʻlub, viloyat va pargana (qism, boʻlak hudud) bergaylar. Oʻratepani vaʼda qildilar. Muhammad Husayn mirzo bermadi. Bilmon (bilmayman), oʻzlukidin bermadimu yo yuqqoridin ishorat boʻldimu?”.
“Boburnoma”da “Xoja” nomi bilan 15 yerda u yoki bu shaxs tilga olinadi. Bundan tashqari, ismi oldiga “Xoja” soʻzi qoʻshilgan holda yana 60 kishi qayd etiladi. Albatta, bularning bir qismi xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari edi. Tadqiqotchilar oldida bularning har biriga Boburning munosabatini alohida-alohida oʻrganib chiqishdek masala turibdi.
Shohlik va darveshlik – bir-biri bilan kelishmaydigan ikki qutb. Ammo Navoiy butun ijodida shoh va darveshni bir shaxsda mujassam koʻrish orzusini kuyladi. Husayn Mirzoni shunday shaxs sifatida taʼrifladi. Davr dunyoga Boburni berdi. U ixtiyoriy suratda shohlikka darveshlikni qoʻshdi. Bu uning umumfaoliyatida mavjud yetakchi xususiyat edi.
Bobur “kichik xon dodasi”, yaʼni togʻasi Sulton Ahmadxonni kutib olish uchun barcha qarindoshlar Toshkent bilan Sayram oʻrtasidagi Yagʻo (bir nusxada Yagʻmon) qishlogʻiga peshvoz chiqqanlarini yozar ekan: “Ibrohim ota va Isʼhoq otaning qabri andadur”, deya qistirib oʻtishni esdan chiqarmaydi. Bu ham uning tasavvufga alohida eʼtiboridan bir dalolat.
Bobur bir gal naqd oʻlimdan qolgan. “Boburnoma”da Xudoning bu inoyatini u bevosita tasavvufga, aniqrogʻi, Xoja Ahror ruhi madadiga bogʻlaydi. Bobur Chustning Gʻovasidagi Karnon qishlogʻida dushmandan qochib, yolgʻiz oʻzi qolgan payti aldanib, qopqonga tushganini obdon anglab yetadi. Uning yoniga dushman tarafdan vakil boʻlib kelgan Yusuf dorugʻadan bu “gadoytopmas” yerdan chiqib ketolmas bir holatda ekanini bilganidan xabar topib, butkul tamom boʻladi.
Voqeaning bu yogʻini hech kim Boburning oʻzidan oshirib ayta olmasa kerak: “Kishi agar yuz, agar ming yashasa, oxir oʻlmak kerak... Oʻzumni oʻlumga qaror berdim (yaʼni “oʻlimimni boʻynimga oldim”, deyilmoqchi). Oʻshal bogʻda bir suv oqib keladur edi, vuzu qildim, ikki rakʼat namoz oʻqudum, boshimni munojotqa qoʻyub, tilak tilaydur edimkim, koʻzum uyqugʻa boribtur”. Uyquga ketganicha Bobur tush koʻradi: Xoja Ahrorning nevarasi bir ola ot minib, bir toʻda otliq bilan Boburning roʻparasiga keladi-da: “Gʻam yemangiz, Xoja Ahror meni sizga yibordilar. Dedilarkim: “...Har yerda mushkil ish tushsa, bizni nazarigʻa kelturub, yod etsun, biz anda hozir boʻlurbiz”. Holo (hozir) ushbu soat fath (gʻalaba) va nusrat (zafar) sizning soridur. Bosh koʻtaring, uygʻoning!”.
Shu zahoti uygʻonib, qarasaki, gʻoliblik qayoqda, tamoman teskari bir holat: Yusuf dorugʻa va uning sheriklari oʻzaro Boburni tutib, bogʻlamoq maslahatini qilib oʻtirishibdi. Shunda Bobur ularga: “Sizlar bu yoʻsunluq soʻzlarsiz, ammo koʻrayinkim, qaysingiz mening qoshimgʻa kela olursiz?” dedi. Shu soʻzning ustida bogʻning devoridin tashqarida bir toʻda otliqning ovozi keldi. Yusuf dorugʻa buni Tanbal yuborgan kishilar deb oʻylab: “Biz agar sizni olib, Tanbal qoshigʻa borsak edi, bizning ishimiz ilgari borur edi. Holo yana koʻp kishi yiboribdur sizni tutgʻali”.
Shu oʻta dramatik, hatto fojeiy holatda Xoja Ahror ruhi karomat koʻrsatdi: kelgan otliqlar Tanbal yuborgan kishilar emas, Boburning oʻn besh-yigirma “jon tortqon navkari” ekan: “Oʻshal holda manga andoq holat boʻldikim, goʻyo manga yangi boshtin Xudoy jon berdi!”.
Boburning talqinicha, bu Xoja Ahror ruhi karomati ekaniga yana bir dalil bor. Xoʻsh, bu yigitlar Boburning aynan shu yerda qamalda qolganini qayerdan bilishibdi ekan? Kelgan navkar yigitlardan biri boʻlmish Qutluq Muhammad barlosning tushiga Xoja Ahror kirib: “Bobur podshoh Karnon degan kenttadur. Borib, ani olib kelingkim, podshohliq masnadi anga taalluq boʻlubtur”, debdi. U bu tushini Boburga yordam uchun kelgan ulugʻ xon kichik xonga aytadi: “Mening besh-olti ini-oʻgʻlum bor, yana bir necha yigit qoʻshungiz, Karnon tarafidin borib xabar olayin”. Xonlar oʻn yigit beradi. Boboyi Pargʻariy ikki ukasi bilan bularga qoʻshilib yoʻlga tushishadi, uch kun deganda shu ogʻir holatida Boburni topishadi. Bobur shu tariqa naqd oʻlimdan qoladi.
Endi Bobur hayotining tasavvuf bilan bogʻliq boshqa bir nuqtasiga diqqat qilaylik. Arab adabiyoti tarixida “Qasidayi Burda” degan mashhur asar bor. Uning muallifi falaj boʻlib yotar edi. Allohga maʼqul tushsa-yu, zora, tuzalsam, degan niyat bilan shu qasidasini bitadi. Tez fursatda u oyoqqa turadi. Buni Bobur yaxshi bilar edi. U tez-tez takrorlanib turadigan bir dardga – bezgak kasaliga mubtalo edi. Bir gal kasalining beshinchi kuniga kelib, koʻnglidan Xoja Ahrorning “Volidiya” risolasini nazm yoʻli bilan tarjima qilish niyati tugʻildi: zora, tarjima Xoja Ahror ruhiga manzur boʻlib, Bobur ham shu darddan xalos boʻlsa! Shunday boʻldi ham.
Bobur naqshbandiyaning XVI asrdagi eng yirik vakili Maxdumi Aʼzamni hurmat qilgan va unga ruboiylar bagʻishlagan. Adabiyotshunos Sherxon Qorayevning Hasanxoʻja Nisoriyning “Muzakkari ahbob” tazkirasiga suyanib yozishicha, Bobur Hazrat Maxdumiy mullo Xojagiy Kosoniyga bir boʻlak oltin quymasini yuborgan. Bu shayx ham shoir haqida “Boburiya” risolasini yozib, Hindistonga joʻnatgan.
Bobur qalban soʻfiy edi. Vafoti ham soʻfiyona kechdi. U dunyodagi eng katta boyligi – jonini ogʻir kasal yotgan Humoyun oʻgʻliga nisor ayladi. Yaʼni jonini olib, buning badaliga oʻgʻlini darddan xalos etishini Yaratgandan yalinib soʻradi. Humoyun Sanbalda edi. Oʻsha yerlar unga berilgan edi. Lekin Sanbalning yersuvi uning mijoziga yoqmadi, tez-tez isitmasi koʻtariladigan kasalga chalindi, tuzalishi juda uzoqqa choʻziladigan boʻlib qoldi. Tabiblar koʻrib, yaxshiroq davo qilsin uchun Bobur uni kema bilan Dehliga keltirishlari toʻgʻrisida farmon berdi. Dori-darmon mutlaqo foyda bermadi.
Xalq orasida juda ogʻir yotgan, dori-darmon kor qilmay qolgan bemorning nihoyat darajada yaxshi koʻradigan biror narsasi Xudo yoʻliga sadaqa qilinsa, oʻrniga joni omon topadi, degan qarash bor edi. Mir Abulqosim shu xulosaga kelib, Boburga shuni maslahat bergan edi. Xoʻsh, Humoyunning eng yaxshi koʻrgani nima edi? Otasi edi, albatta. Bobur hech ikkilanmay oʻz jonini oʻgʻliga sadqa qiladi. Buni eshitgan Xoja Xalifa uni bu fikrdan qaytarishga, boshqa biror narsani sadaqa qilishga undaydi. Lekin Bobur oʻgʻlining bunday dard chekishiga chidolmaganidan qatʼiy shu fikrga keladi. Bu yogʻini Boburning oʻz tilidan eshitgan maʼqulroq: “Mir Abulqosimkim, ulugʻ kishi erdi, arzgʻa yetkurdikim: “Ushmundoq dardlargʻa darmon budurkim, yaxshi nimarsalardin tasadduq qilmoq kerak, to inki, Tengri taolo sihhat bergay”. Mening koʻnglumga keldikim, Muhammad Humoyun(ning) mendin oʻzga yaxshiroq nimarsasi yoʻq, men oʻzum tasadduq boʻloyin, Xudoy qabul qilsun. Xoja Xalifa oʻzga muqarrablardin (yaqinlardan) arzgʻa tegurdilarkim: “Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu soʻzni nechun tilingizga kelturasiz? Gʻaraz budurkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak”. Tilga keldikim: “Dunyo moli aning evazigʻa nechuk boʻlgʻay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkil boʻlubtur va andin oʻtubturkim, men aning betoqatligʻini toqat kelturgaymen”.
Bobur shu niyat-maqsadini amalga oshiradi: kasal yotgan oʻgʻlining boshiga borib, atrofidan uch marta aylanadi, shu tariqa ixlos bilan uning dardini oʻziga oladi. “Ixlos – xalos” deganlaridek, karomatni qarangki, oʻgʻli tuzala boshlaydi, oʻzi esa... yotib qoladi: “Oʻshal holatga kirib, uch qatla boshidin oʻrgulub, dedimkim: “Men koʻtardim harne darding bor”. Oʻshal zamon men ogʻir boʻldum, ul yengil boʻldi. Ul sihhat boʻlub, qoʻpti, men noxush boʻlub, yiqildim. Ayoni davlat va arkoni mamlakatni charlab, bayʼat qoʻllarini Humoyunning qoʻligʻa berib, joynishinligʻigʻa va valiahdligʻigʻa nasb qildim va taxtni anga topshurdum”.
Xalq tilidagi “aylanay”, “oʻrgulay”, “dardingni olay”, “girgittoning boʻlay”, “sadqang ketay” degan duolar bekordan bekorga paydo boʻlgani yoʻq. Bu aynan shunday odatdan, birovning dardini oʻziga soʻrab, unga shifo tilash anʼanasidan kelib chiqqan.
Shoh va shoir shu yotganicha vafot etdi. Chunki u oʻzini oʻgʻliga qurbon qildi, soʻfiyona koʻngil va sidq bilan Allohdan shuni tiladi. Tilakning bunday ijobat topishi chinakam tasavvuf vakillarigagina nasib etadi.
Sherxon Qorayevning “Humoyunnoma”ga suyanib yozishicha, Bobur umri oxirlab qolgan kezda ayonlarini yigʻib, jumladan, bunday deydi: “Koʻp yillardan beri oʻgʻlimga podshohlikni topshirib, oʻzim Zarafshon bogʻining bir burchagida tursam, degan fikrim bor edi. Xudoning karami bilan hamma narsa muyassar boʻldi. Lekin mana shu maqsadimni sogʻ paytimda qilsam, degan edim, boʻlmadi. Kasal meni ezib qoʻydi. Sizlarga vasiyatim shuki, hammangiz Humoyunni mening oʻrnimga deb bilinglar va uning hukmronligini kamsitmanglar. Uning atrofida hamjihat boʻlib birlashinglar”.
Sherxon Qorayev yana bunday deb yozadi: “Aslini olganda, Boburshoh ahli ayonlari bilan uchrashuvida qayd etganidek, saltanatni Humoyunga topshirib, oʻzi esa darvesh boʻlishni koʻngliga tukkan, Agradagi Zarafshon bogʻining bir burchagida yashamoqni niyat qilgan edi: “Koʻnglim saltanat va podshohlikdan olindi. Shu Zarafshon bogʻida bir burchakda oʻtirsam. Mening xizmatim uchun Tohir oftobachi ham yetib ortadi, degan ekan olampanoh. Biroq bu orzusi hayotligida amalga oshmadi”.
Boburning oʻlimi bilan bogʻliq yana bir qiziq fakt bor. Bobur 1530-yilning 26-dekabrida vafot etadi. Ammo bu birdaniga oshkor qilinmaydi: “Oroyishxon ismli hind amiri podshohning vafotini oshkor etish yaxshilikka olib bormasligini, bu diyorda bunday noxush xabardan soʻng odamlar bozorlarni talashi mumkinligi, boshboshdoqlik avj olishini Humoyunshohga soʻzlab beradi. ...Shundan soʻng bir jarchi kishiga qizil mato oʻrab, fil ustiga oʻtqazib: “Bobur hazratlari darvesh boʻldilar, davlatni Humoyunga topshirdilar”, degan xabar tarqatilib, baribir Boburshohning oʻlimi sir tutiladi”.
Shohlik – siyosat, tasavvuf – maʼnaviyat. Bir qarashda, bular oʻzaro hech qachon qovushmaydigan sohalardek tuyuladi. Ammo, koʻrinib turibdiki, Bobur ham shoh, ham darvesh edi. Uning forscha-tojikcha ruboiysida bu gap aniq-tiniq aytilgan, undan Boburda shohlik va darveshlik birlashib ketganini bilib olamiz:
Darveshonro agar na az xeshonem,
Lek az dilu ҷon muʼtaqidi eshonem.
Dur ast magӯy shohӣ az darveshӣ,
Shohem, vale bandai darveshonem.
(“Agar darveshlarga qarindosh boʻlmasak ham, lekin dilu jonimiz bilan ularga eʼtiqod qilamiz. Shohlikni, darveshlikdan uzoq deb oʻylama, shohmiz, biroq darveshlarga bandamiz, yaʼni qulmiz”).
Tasavvuf falsafasi gʻoyalari Bobur lirikasining ham magʻzi-magʻziga singib ketgan. Chunki u yashagan davrda, xususan, Alisher Navoiydan keyin oʻzbek sheʼriyatini bundan boshqacha tasavvur qilish mumkin emas edi. Mana bu turkiy ruboiysi ham fikrimizga isbot boʻla oladi:
Sen gulsen-u, men haqir bulbuldurmen,
Sen shuʼlasen, ul shuʼlagʻa men kuldurmen.
“Nisbat yoʻqdur”, deb ijtinob aylamakim,
Shahmen elga, vale senga quldurmen.
Bu yerda shoir “sen” deganda yorni, yor zamirida esa Allohni koʻzda tutayotgani sir emas. Yaratganga qullik esa – darveshning bosh maqsadi. Elga shohligi bu darveshona maqsadiga monelik qila olmaydi. Shuning uchun lirik qahramon yorga: “Shohlik va darveshlik orasida nisbat, yaʼni bogʻliqlik yoʻq, deb oʻylama”, deyayotibdi.
Izlanish izlanishga ragʻbat beradi, tadqiqot tadqiqotga undayveradi. Ilm esa hayotning oʻzi kabi cheksiz. Demoqchimizki, Bobur lirikasida tasavvuf gʻoyalari talqini – alohida tadqiq talab qiladigan mavzu. Biz bu masalaga maʼruza doirasidagina munosabat bildirdik va shu bilan cheklanamiz.
Tarixdan bilamizki, ayrim hukmdorlar taxtdan voz kechib, darveshlikni qabul qilgan. Masalan, Ibrohim Adham hayoti bunga yorqin misol boʻla oladi. Suvratda shoh, siyratda darvesh boʻlish Zahiriddin Muhammad Boburning hayotdagi falsafiy maslagi edi va u bunga erishdi ham. Keltirilgan fakt va dalillar shunday xulosa chiqarishga asos boʻla oladi.
Demak, shoh va shoir shaxsiy hayoti, eʼtiqodi va ijodini tasavvufdan ayri tasavvur qilish, tushunish va tushuntirishning aslo iloji yoʻq.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi