Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Masalan, miya tomirlarining zaiflashishi va kengayishi natijasida yuzaga keladigan anevrizma ogʻir va alomatsiz kechuvchi xastalik hisoblanadi. Bu patologiya shifoxonaga yotqizilgunga qadar bemorlarning 50 foizini hayotdan olib ketadi. Dunyo boʻyicha mazkur kasallikdan yiliga 500 mingga yaqin odam hayotdan koʻz yumishining boisi shunda.
Shotlandiyalik olimlar neyrojarrohlik amaliyoti muqobili sifatida nanorobotlardan foydalanishni taklif qilishdi. Ular yaratgan ishlanmaning oʻlchami bor-yoʻgʻi 295 nanometr, boshqacha aytganda, inson qizil qon hujayralari hajmining yigirmadan bir qismiga teng.
Taqqoslash uchun yana boshqa misollar keltiramiz. Odatda virus oʻlchami 100 nanometr, aksariyat bakteriyalarniki esa 1000 nanometrdan iborat.
Yaratilgan mitti robot markaziga magnit joylashtirilib, atrofi anevrizma muolajasida qoʻllaniladigan trombinlar bilan qoplangan. Qurilma arteriya boʻylab magnit maydon yordamida harakatlantiriladi. Muayyan haroratda ular qobigʻi parchalanib, preparat miyaning zararlangan qismiga kiradi.
Hozircha innovatsion yangilik jonivorlarda tajribadan oʻtkazilib, va muvaffaqiyatli yakunlandi. Klinik xulosalar asosida nanorobotlar tibbiy amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.