"Boshqacha hokim"ning o'zgacha uchrashuvi

    O'quvchilarga “tasavvur qiling, qarshingizda hech qanday hokim, direktor, umuman bironta rahbar yo'q, bu yerda hamma teng, faqat kitobni sevuvchi insonlar jamlangan”, dedim.

    Hokimlarning yoshlar bilan uchrashuviga ko'p guvoh bo'lganmiz, bo'lib kelyapmiz ham. Tuman, viloyat rahbarlari mustaqil hayot ostonasida turgan yigit-qizlar bilan ularning orzu-istaklari, oldiga qo'ygan maqsadlari va mavjud muammolari yuzasidan o'rtoqlashadi odatda. Yoshlarning g'ayrati, shijoatini ko'rgan hokim buvalarimizning tantiligi tutib ketib, boshiga baxt qushi qo'ngan yigit-qizlar ham talaygina. Umuman olganda, bunday uchrashuvlarda ko'ngli osmon qadar yuksalgan yoshlarning ko'zlari quvonchdan kuladi.

    Qo'rg'ontepa tumani hokimi Alisher Xalilovning o'zgacha formatdagi uchrashuvida ishtirok etayotgan yoshlar esa, bir umrlik “sodiq do'st”lari safini kengaytirishga ahd qilayotgani aniq. Boisi, qaysi maktabga bormasin, o'quvchilardan “oxirgi o'qigan kitobingiz qaysi”, deb so'raydigan hokim endilikda ezgu bir loyiha doirasida ular o'qigan yoki o'qiyotgan kitobning nominigina emas, asarning ahamiyati, mazmun-mohiyati haqidagi fikrlarini ham tinglay olishi mumkin. Shu ma'noda bo'lsa kerak, vodiyning eng katta telegram kanalida unga “Boshqacha hokim” deya nisbat berildi.

    Jurnalist elmurod ermatov “Biz majlislarda o'tiradigan, topshiriqlar bilan band hokimlarni ko'rardik. Qarangki, dunyoning durdona kitoblarini o'quvchilar bilan tahlil qilib o'tiradigan hokimlarimiz ham bor ekan”, deya kitobxon hokimning ishlariga rivoj tiladi. Mazkur postni ba'zi faol blogerlar o'z sahifalarida ham e'lon qilishdi.

    Biz esa kitobxon hokimning o'zi bilan bog'lanib, ezgu tashabbusga kimlar va nimalar turtki bo'lgani bilan qiziqdik:

    — Maktablarga borganimizda, o'quvchilarning fanlarni qay darajada o'zlashtirayotganini sinab ko'rishdan tashqari, ularning qaysi badiiy asarlarni o'qiyotgani bilan ham qiziqaman. Hozir maktab direktorlari sinflar kesimida o'quvchilarini kitob o'qishga targ'ibot qilish bilan jiddiy shug'ullana boshlashdi. Navbati bilan barcha ta'lim muassasalariga borishga harakat qilayotgan paytimiz tumanimizdagi ixtisoslashtirilgan maktabning direktori Muhammadjon Otajonov bir taklif bilan keldi. O'quvchilari “hokimimiz o'zi o'qigan kitoblarni bizga ham aytsin, biz ham o'sha asarlarni o'qib chiqsak, keyin o'zi bilan ham debat shaklida suhbat qilsak yaxshi bo'lardi”, deyishibdi.

    Bu taklif, tashabbusni bajonidil qabul qildim. Zero, maktablarga nazorat yuzasidan borib, yo'l-yo'lakay o'qiyotgan kitobini so'rash, shoshilinch tarzda 5-6 badiiy asarni tavsiya qilish o'z yo'liga. Ammo, yoshlarning ko'ngligi kirish, ular bilan dildan munozara qilish butunlay boshqa. 4 sinfdan tortib o'qigan badiiy asarlarimning oltmishga yaqinini qog'ozga tushirib, maktabga etkazdim. Ro'yxatdagilarning aksari respublikamiz miqyosida o'tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi uchun tavsiya etilayotgan asarlar. Nima bo'lganda ham, asosiy maqsadimiz — yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish barobarida vatanparvarlik tuyg'usini oshirish, kelajagimiz vorislari milliyligimizni yanada yaxshiroq anglashiga ko'maklashish.

    Xullas, birinchi qadamni ixtisoslashtirilgan maktabimizdan boshladik. Aslida, maktabga borganimda, uchrashuv uchun odatdagidek rasmiy maydon hozirlangandi. Men esa, noan'anaviy davra qilishimiz kerakligini, bu borada hech qanday to'siq bo'lmasligini aytdim. Bir-birimizni aniq-tiniq ko'rib turadigan doira shaklida joylashdik. O'quvchilarga “tasavvur qiling, qarshingizda hech qanday hokim, direktor, umuman bironta rahbar yo'q, bu erda hamma teng, faqat kitobni sevuvchi insonlar jamlangan”, dedim. Sababi, inson qalbining tub-tubidagi fikrlarini, xislarini shunaqangi erkin davradagina bilib olish mumkin.

    ***

    Samimiy gaplar bilan boshlangan uchrashuvda yoshlar chindan ham o'zlarini ancha erkin his qilishdi. Ular hokimning tilidan zo'r qiziqish bilan Gabriel Garsia Markesning “Yolg'izlikning yuz yili” romani haqidagi taassurotlar, yozuvchidan Gollivud kinoijodkorlari asarni ekranlarga olib chiqish uchun 6 million dollargacha gonarar taklif qilishgani, lekin yozuvchi bunga rozi bo'lmay, “Agar bu asarimni dunyoda 1 million odam o'qisa, 1 million xil tasavvurga ega bo'ladi. Lekin kino ishlansa, qahramon haqida bitta tasavvur paydo bo'lib, asar qobiqqa tushib qoladi”, deganini eshitishdi.

    Hokim Markesning gapiga isbot sifatida Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” asarini mutolaa qilish bilan kino talqinida ko'rishning farqini tushuntirdi. Tuman rahbari shuningdek o'quvchilar bilan Chingiz Aytmatovning “Oq kema”, ernest Xemingueyning “Chol va dengiz” asarlari, umuman jahon va o'zbek adabiyoti durdona asarlaridan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. “O'n besh yoshli kapitan”ni o'qib dengizchi bo'lishni istamagan bola qolmagani, “Oq kema”ni o'qiganlar bolakayning orzulari, iztiroblariga sherik bo'lgani, “Dunyoning ishlari”dan millionlab insonlar ta'sirlangani haqida gapirib, bu asarlarni o'qimagan bolalarda ham katta qiziqish uyg'otdi.

    O'ta qizg'in va baxslarga boy davra suhbatidan so'ng tuman hokimi bunday ajoyib uchrashuvdan minnatdorligini bildirib, barcha kitobxon o'quvchilarni esdalik sovg'alari bilan taqdirladi. Yigit-qizlar shunday uchrashuvlar tez-tez bo'lishini juda-juda istashlari, buning uchun har qancha kitob o'qishga tayyorliklarini aytishdi. Biroq, tumanda 50 dan ziyod umumta'lim maktablari bor. Tumandagi ta'lim muassasalarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish bo'limi rahbari Avazbek Mamatalievning aytishicha, ularning barchasiga hokim o'qigan kitoblar ro'yxati yetkazilgan. Qanchadan-qancha kitobxon yoshlar bu uchrashuvga astoydil tayyorlanayotgani aniq. Shunday ekan, ezgulik barchaga barobar ulashilayotgani quvonarli.

    Shu o'rinda alohida aytish joizki, yoshlar orasida azaldan ilmu ma'rifatga intilgan, mutolaa madaniyati yuqori bo'lgan yoshlar Qo'rg'ontepaning iftixori bo'lab kelgan. Kuni kecha ayni hudud farzandlari — Dilnavoz Xayitaxmatova hamda Arofat Abdug'aniyeva “Yosh kitobxon” ko'rik-tanlovining respublika bosqichida Andijon viloyati sharafi uchun kurashdi.

    Darvoqe, ikki yil avval tumandagi “Dehqonchek” MFY idorasi hamda mahalla faollari hamkorligida yoshlar etakchisi tashabbusi bilan “Ilm bellashuvi” tashkil etilgani, hozirda ham bunday tadbirlar davom etayotgani tumanda kitobxonlik keng quloch yozayotganidan dalolat beradi. Yoshlarning ayniqsa, jadidlarimiz asarlariga jalb etilayotgani yanada quvonarli.

    Bu holat, bu uchrashuv bizni ham juda hayajonga soldi, quvontirdi. Yosh avlodga kitob o'qishning foydasi, ahamiyati haqida ma'ruzaga nisbatan, kitobxon yoshlar bilan bu kabi jonli muloqot, o'qigan asarlarining mazmun-mohiyati haqida dildan suhbat butunlay boshqacha ta'sir ko'rsatishi shubhasiz. Zero, insoniyat yaratgan mo''jizalarning old qatoridan olgan kitobga bo'lgan mehr ana shunday samimiylik, do'stona fikr almashuv orqali uyg'onadi. eng muhimi, bu mehrni ko'ngilga abadiy muhrlamoq kerak.

    Munojat Mo'minova,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri