Tadbirda mamlakatimiz madaniyat va sanʼat arboblari, tasviriy sanʼat ustalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, “Ginness World Records” tashkiloti vakillari qatnashdi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, yurtimiz hududida paydo boʻlgan “Abri bahor” yoki “Ebru” sanʼati bu suv yuzasiga maxsus boʻyoq bilan tasvirlar chizish boʻlib, hosil boʻlgan shakllar va bezaklar qogʻoz yoki matoga koʻchirib oʻtkaziladi. Jarayon tugal amalga oshirilishi uchun rassomdan katta mahorat, bilim va tajriba talab qiladi.
Ushbu Ebru tasviri boʻyicha yangi rekord Turkiyada istiqomat qiluvchi, asli oʻzbek rassomi va Ebru sanʼati ustasi Axmed Choktan tomonidan oʻrnatildi. Qogʻozga tushirilgan tasvirning eni 1,61 metr va uzunligi 12,96 metr boʻlib, jami 20,86 kv.metrni tashkil etadi. Avvalgi eng katta Ebru tasviri (16,5 kv.metr) jahon rekordi 2009-yilda Qatarda oʻrnatilgan va 15-yil oʻtib Oʻzbekistonda yangilandi.
Tadbir davomida ijodkor oʻz yordamchilari bilan birga mazkur ijod namunasini avval suvda tasvirlab, keyin maxsus qogʻozga koʻchirdi. Jarayonda xalqaro ekspertlar tomonidan kuzatib borildi. Yakunda mazkur yoʻnalishda yangi jahon rekordi oʻrnatilganini tasdiqlovchi maxsus yorliq tashkilotchilar tomonidan Ebru sanʼati ustasi Axmed Choktanga topshirildi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston tasviriy sanʼat ustalari orasida mamlakatimiz Mustaqilligi va tabiatiga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston tongi” tasviriy sanʼat plenerini oʻtkazildi.