Taxminan toʻrt-besh kun ilgari kech soat 23:00 larda uyga qaytayotib, har doimgidek qadrdon maskanimning hovlisini aylandim, vaqt allamahal boʻlsa-da, yotoqxonaning aksariyat talabalari “Open air” labirintida nimadir bilan band boʻlyapti. Kimdir kitob oʻqiyapti, jamoaviy oʻyinlar oʻynayotganlar ham bor.

OʻzJOKUning shinam “Xalqaro press-klub” ayvonchasida ham talabalar toʻplanib oʻtirganining guvohi boʻldim. Har doim yoshlar bilan ishlashni yoqtirganim, qalbim hamisha yosh boʻlgani uchun talabalarim yoniga talpindim. Chetdan kuzatib tursam, yoshlar bitta yelim suv idishini bir-biriga qarata aylantirib, oʻyin oʻynayotgan ekan. Bilsam, oʻyinning nomi — “Jasorat yoki haqiqat”. Yaʼni oʻyinda yutqazgan bola maʼlum bir aytilgan shartlarni bajarishi kerak. Men ham talabalar bilan bir oz oʻynagandek boʻldim-u, yelim idishni chetga olib, ularga savol berdim. Talabalarda bor masalalarni har biridan soʻrab, savollariga javob bera boshladim. Yoshlarning taklif va fikrlari koʻp edi.

Bir talabamiz kutubxonaga yangi kitoblar olib kelish kerakligini, biri aynan shu kitoblarning elektron variantini, boshqasi sport zali kichikligi tufayli futbol maydoni gaplashib berishimizni soʻradi va hattoki Toshkentdagi musobaqalarda yutishga vaʼda ham berdi. Yana bir shogirdimiz universitetda turli sport oʻyinlari uchun, xususan, voleybol toʻplarini koʻpaytirib berishni, biri taklif sifatida qoldirilgan darslarga yoziladigan mustaqil ish va referatlarning oʻrniga “Wikipedia” uchun maqolalar yozib berishni aytdi. Har bir talabaning gapini eshitdim.

Soʻng ikkinchi kun tongdanoq jamoamni favqulodda yigʻdim. Talabalar bilan koʻproq gaplashishimiz kerakligini, norasmiy suhbatlar tashkil etish, sport bilan shugʻullanish va ularning yashash tarzini oʻrganishimizni aytib oʻtdim. Odatda, bizda bunday uchrashuvlar har doim boʻlib kelgan. Shu bilan birga, talabalarning har biri uchun kerak boʻlgan masalalarni yechib berishimiz zarurligini taʼkidladim.

Yana bu gaplarni eslashimning boisi shuki, videoselektor ­yigʻilishi boshlangan zahoti Prezidentimiz ­eʼtiborimizni xuddi mana shu masalalarga qaratdi. Yaʼni:

— talabalarning boʻsh vaqti qanday oʻtyapti?

— talabalar bizning yoshlik paytlarimizdagidek gulxan atrofida toʻplan­yaptimi-yoʻqmi?

— yoshlar bugun kitob va badiiy asarlarni mutolaa qilyaptimi?

— talabalardagi “oltin davr” ruhi qanday kechyapti?

Aynan mana shu masalalarni aytib, davlatimiz rahbari “Boʻyinbogʻni yechib ishlanglar, odamlarning ichiga kiringlar, ular bilan suhbatlashinglar”, dedi.

Bu gaplarning maʼnosini tushunib, oʻylab qoldim. Prezidentimizni xuddi shu kuni talabalar bilan gaplashgan payt yonimizda boʻlgandek tasavvur qildim.

Davlatimiz rahbari yoshlarning muammosini ich-ichidan bilib, ularning orzulari haqida koʻproq gaplashib, har jabhada yordam qoʻlini choʻzish kerakligini taʼkidladi.

Videoselektor yigʻilishi davomida juda koʻp masalalar eʼtibor markazida boʻldi. Xususan, mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlganlar 19 milliondan ortiqligi yoki aholining 55 foizini tashkil qilishi taʼkidlandi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yigit-qiz kirib kelayotgan boʻlsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi. Shu bois, yoshlarga sifatli taʼlim berish, kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yigʻilishning asosiy mavzularidan biri boʻldi.

Xususan, yoshlar bandligini taʼminlash uchun, avvalo, ishga qabul qilish tizimini qayta koʻrib chiqish kerakligi aytildi. Misol uchun, hozirda 103 mingdan ortiq tashkilotda 254 ming boʻsh ish oʻrni bor. Lekin oʻtgan yili oliy taʼlimni bitirgan 6 mingdan ortiq, kollej va ­texnikumni tamomlagan 30 ming nafar yigit-qiz ish topa olmagan. Bu borada mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Bilasizmi, ishga kira olmaslikning asosiy sababi faqatgina taʼlim tizimi bilan bogʻliq emas, deb oʻylayman. Chunki oʻqishga kirayotgan baʼzi talabalar taʼlim uchun emas, aksincha, oʻqishga shunchaki kirish uchun hujjat topshiradi. Faoliyatini shu sohada davom ettiradimi-yoʻqmi, uning uchun bu ahamiyatsiz, 4 yil davomida ­vaqtini behuda oʻtkazadi. Taʼlim muassasasini tugatib, ishga joylashishga kelganda, unda na bilim boʻladi, na koʻnikma. Shuning uchun yoshlar, avvalo, oʻzining kelajagini, rejalarini aniq belgilab olib, oliy taʼlimga hujjat topshirsa, yuqoridagi kabi raqamlar ham kamayishi mumkin.

Shuningdek, yigʻilishda bugungi kunda 1,5 million yosh boʻsh vaqtini chet tilini oʻrganishga bagʻishlayotgani taʼkidlandi. Ularning bu intilishi ragʻbatlantirilib, xususiy markazlarda til oʻrganish xarajatlariga subsidiyalar ajratilishi aytib oʻtildi. Bu fikr haqiqatan toʻgʻri. Chunki yoshlar chet tillarini qanchalik mukammal bilsa, fikrlash doirasi kengayadi, shu bilan birga, yuqori maoshli ishda ishlash imkoniyatiga ham ega boʻladi.

Bir narsaga har doim eʼtibor qilaman, ishdan kech soat oʻn, oʻn birlar atrofida qaytganimda talabalarim qoʻshimcha darslardan kelayotgan boʻladi. Aksariyatining qoʻlida chet tili darsliklarini koʻrib, qayerdan kelayotganini soʻrashga hojat ham qolmaydi. Talabalarning bu harakatidan juda quvonaman.

Yigʻilish davomida IT sektorini rivojlantirish borasida ham qator topshiriqlar berildi. Xususan, IT-parklar boʻyicha tajribadan kelib chiqib, hududlarda “Kreativ park”lar tashkil etiladi. Ularga IT-park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qoʻllanadi. Bugun IT sohasini rivojlantirib, jismoniy mehnat sarflamay, intellekt orqali ham davlatga milliardlab mablagʻ olib kelish mumkin. Bunday salohiyatga ega yoshlar juda koʻp, ularga berilgan imkoniyatlar ham yetarli darajada topiladi. Hindiston, AQSH va boshqa davlatlar bu yoʻlni allaqachon bosib oʻtgan. Oʻzbekistonda ham “Bir million dasturchi” loyihasi asta-sekin oʻz mevalarini bermoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu videoselektor yigʻilishi yoshlarning barcha muammo va masalalarini qamrab oldi — ishsizlik, taʼlim sifati, yangi ish oʻrinlari yaratish, shu bilan birga, ularning maʼnaviy ongini oʻstirish. Chunki bugun koʻpchilik telefon va internetga mukkasidan ketgan. Yoshlarning birlashishi, “Team building”lar, oʻzaro suhbat va debatlar kamaydi. Biz ularni faollikka chorlashimiz lozim.

Bilasizmi, oliy taʼlimda har bir rektor, prorektor, dekanlar va tyutorlarning barchasi shuni tushunishi kerakki, yoshlar bilan ishlash, davlatimiz rahbari aytganidek, bu — millatimizning bosh masalasi. Biz ular bilan bamisoli oʻz farzandimiz bilan gaplashgandek suhbatlashishimiz zarur.

Bizda shakllangan yana bir goʻzal qadriyat ustoz-shogird munosabatlaridir. Xalqimiz orasida ushbu madaniyatning yozilmagan qoidalari ming yillarki kamolga yetib kelayotir. Ustoz koʻrgan shogird, albatta, boshqalardan ajralib turishi barchamizga ayon. Xalqimiz “Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar”, deb bejiz aytmagan.

Oʻzbekistonning kelajagi yoshlar qoʻlida. Koʻpchilik bu jumlalarni balandparvoz deyishi mumkin, ammo unday emas. Chunki oldingidan farqli ravishda bunga aniq tizim yaratilyapti, yechim shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatib berilyapti. Kuni kecha boʻlib oʻtgan, tarixda juda katta iz qoldiradigan videoselektor yigʻilishida ham yoshlar bilan ishlashda mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik vakillari va Oʻzbekiston xalqi yangi tizim yaratilganining guvohi boʻldi.

Farzandlarimizga ilmni ehson qilar ekanmiz, yoshlarimizning kelajagi yorugʻ boʻlishi, ularning har tomonlama yetuk, buyuk allomalarning haqiqiy vorisi boʻlib yetishishida shak-shubhaga oʻrin qolmaydi.

Buyuk fransuz publitsisti Volter aytganidek, “Taʼlim qobiliyatlarni rivojlantiradi, lekin ularni yaratmaydi”. Yetuk taʼlim koʻnikmalarimiz orqali farzandlarimiz qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda bir tanu bir jon boʻlaylik.

Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti rektori