Bozor tamoyillari gʻallachilikda ulgurji narxlarni pasaytirdi

    Gʻalla yetishtirish va sotishda bozor tamoyillarini joriy etishga qaratilgan islohotlar ulgurji narxlarning tushishiga olib keldi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining BUNNI indeksi: gʻalla yetishtirish va sotishda bozor tamoyillarini joriy etishga qaratilgan islohotlar ulgurji narxlarning tushishiga olib keldi, keyingi bosqich - taʼminot zanjirida raqobatni kuchaytirish.

    Prezidentimizning 2022-yil 28-maydagi qaroriga asosan 2022-yilning 1-iyunidan gʻalla yetishtirish va sotishda bozor tamoyillariga oʻtildi va “Oʻzdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan bugʻdoy uni ochiq birja savdolariga qoʻyildi va sotila boshlandi.

    Mazkur islohotlar samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida institut tomonidan Bugʻdoy uni ulgurji narxlari indeksi (BUNNI indeksi) ishlab chiqildi. Bugʻdoy uni ulgurji narxlaridagi tebranishlar yakuniy isteʼmol tovarlari narxiga va umumiy inflyatsiya darajasiga taʼsir qiladi.

    Ulgurji narxlar oʻzgarishining chakana bozor narxlariga biroz kechikish bilan taʼsir qilishi va isteʼmol narxlari toʻgʻrisida maʼlumot toʻplash maʼlum vaqt talab etishi inobatga olinsa, BUNNI indeksi inflyatsiyani jilovlashda yetakchi indikator (leading indicator ) va erta ogohlantirish tizimi (early warning system ) sifatida xizmat qiladi.

    Mahalliy bugʻdoy uni uchun BUNNI indeksi 2022-yilning avgust oyida oʻrtacha 107,4 ni tashkil etdi (01.06.2022 = 100). Avgust oyi oxiriga kelib, gʻalla narxini erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarning samara bera boshlashi, 2022-yil hosilining bozorga katta hajmda kirib kelishi hamda bugʻdoy importi boʻyicha imkoniyatlarning kengayishi bugʻdoy uni uchun birja narxlarining pasayishida oʻz aksini topdi. Natijada, BUNNI indeksi 2022-yilning sentyabr oyida 106,62 gacha, dekabr oyida 105,07 gacha kamaydi.

    2023-yilning mart-aprel oylarida mahalliy bugʻdoy uni narxining pasayishi tezlashdi va bu davrda BUNNI indeksi mos ravishda oʻrtacha 102,13 va 99,24 ni tashkil etdi. Umuman olganda, 2022-yilning avgust oyidan 2023-yilning aprel oyigacha boʻlgan oraliqda mahalliy un narxi 7,6 foizga arzonlashdi.

    2022-yilning fevral oyida dunyoning eng yirik bugʻdoy yetishtiruvchi mamlakatlari boʻlgan Rossiya va Ukraina mojarosining boshlanishi oqibatida jahon bozorida bugʻdoy va un narxi sezilarli darajada oshdi. 2022-yilning fevral oyida import bugʻdoy uni uchun hisoblangan BUNNI indeksi oʻrtacha 88,6 ni tashkil etgan boʻlsa, iyul oyida 107,75 gacha (+21.6%) koʻtarildi.

    2022-yilning avgust oyidan boshlab, jahon bozorida bugʻdoy narxining muvozanatga kelishi va Qozogʻiston tomonidan bugʻdoy va un eksportiga qoʻyilgan kvotalar muddatining tugashi natijasida import un narxida ham sezilarli pasayish kuzatildi. 2022-yilning dekabr oyiga kelib, import bugʻdoy uni uchun BUNNI indeksi 98,3 gacha tushgan boʻlsa, 2023-yilning aprel oyida 91,22 ni tashkil etdi. Bu esa import bugʻdoy uni oʻrtacha narxi 2023-yilning aprel oyida 2022-yilning iyul oyidagiga nisbatan 15,3 foiz arzonlashganidan dalolat beradi.

    Maʼlumot uchun: 2022-yil Rossiya-Ukraina mojarosi ortidan bugʻdoy narxi koʻtarilishi sababli bugʻdoy va un importi boʻyicha asosiy savdo hamkorimiz Qozogʻiston 2022-yilning 15-aprelidan 15-iyunigacha bugʻdoy (1 mln. tonna) va un (300 ming tonna) eksporti uchun kvota belgilagan edi.

    Mamlakatimiz un bozorida bugʻdoy uni chakana narxlari ulgurji narxlarning oʻzgarishigafaqat bir tomonlama taʼsir koʻrsatmoqda, yaʼni, bugʻdoy uni chakana narxlari ulgurji narxlar koʻtarilganda koʻtarilayapti, lekin ulgurji narxlar pasayishi chakana narxlarda namoyon boʻlmayapti. Masalan, 2022-yilning iyul oyidan 2023-yilning mart oyigacha boʻlgan davrda birjada oliy navli import unning oʻrtacha narxi 11,4 foizga, mahalliy oliy navli unning oʻrtacha narxi 13,7 foiz tushganiga qaramasdan, dehqon bozorlari va doʻkonlarda oliy navli unning oʻrtacha narxi 28,3 foiz oshgan.

    Ushbu raqamlar bugʻdoy unining birjadan tashqari taʼminot zanjirida raqobatni kuchaytirish imkoniyati borligini koʻrsatadi. Xususan, ulgurji xaridorlar oʻrtasida raqobat darajasining pastligi, foyda marjasining yuqoriligi, chakana savdo bilan shugʻullanuvchilarning inflyatsion kutilmalari yuqoriligi, transport xarajatlarining qimmatligi chakana narxlarning oshib borishiga sabab boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi.