Bozorda go'sht mahsulotlariga doim talab yuqori. Boisi, u kundalik oziq-ovqat iste'molining asosiy qismi bo'lgani holda, uning tannarxi hamyonbop bo'lishini muntazam nazorat qilish talab etiladi. Mamlakatda chorvachilik qancha rivojlansa, bu boradagi ehtiyoj ham sifatli qondiriladi.
Prezidentimizning 2021-yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori chorvachilik bilan shug'ullanayotgan va sohaga endi qadam qo'ygan tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashga katta zamin yaratib berdi.
Birgina Andijon misolida ko'radigan bo'lsak, bugungi kunda viloyatda jami 1 ming 222 ta chorvachilik sub'ektlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan, qoramolchilik yo'nalishida 558 ta, qo'y 63 ta, echkichilikda 10 ta, yilqichilikda 7 ta, parrandachilikda 83 ta, baliqchilikda 457 ta, asalarichilikda 23 ta va quyonchilikda 6 ta. Naslchilik toifasidagi xo'jaliklar soni 101 taga yetkazildi.
O'tgan 2021-yilda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 125 380 so'mlik 68 ta loyihalar amalga oshirilib, chetdan 3 825 bosh qoramol hamda 780 bosh qo'y olib kelindi. Ular orasida go'sht yo'nalishida yuqori mahsuldorlikka ega “Aberdin-angus”, hamda sut yo'nalishida “Golshtin”, “Shvits”, ”Simmental” zotli qoramol zotlari ham bor.
Sutchilik yo'nalishida 4 ming 335 boshdan iborat 24 ta, qo'ychilikda 1 ta 730 bosh, quyonchilikda 1 ta 2 ming 500 bosh naslchilik xo'jaliklari faoliyati tashkil etildi. Sutchilik yo'nalishida, Qo'rg'ontepa tumanidagi “Oq suv” fermer xo'jaligi (425 bosh), Izboskan tumanidagi “Poytug' sut bulog'i” MCHJ (282 bosh). Jami 115.3 ming bosh sigir va tanalar sun'iy urug'lantirilib, zoti yaxshilangan qoramollar bosh soni 61 foizga yetkazildi.
Yuqoridagi Prezident qarori bilan endilikda, soha vakillariga subsidiyalar berilayotgani tarmoqni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, viloyatdagi 5 ta chorvachilik sub'ektlariga chetdan olib kelingan va o'zini naslchilik xo'jaliklarida ichki yetishtirib sotgan 599 bosh chorva mollari uchun davlat byudjetidan 599 million so'm subsidiya ajratildi. Shuningdek, 66 ta chorvachilik sub'ektlariga o'z xo'jaliklarida chorvachilik mahsulotlarini yetishtirib, realizatsiya qilganligi hisobiga 2 426,3 million so'm subsidiya mablag'lari ajratib berildi.
Buning natijasida 2021-yil yakuni bo'yicha barcha toifa xo'jaliklarida qoramollar bosh soni 1 million 103 ming 426 boshga, qo'y va echkilar 1 million 490 ming 830 boshga, parrandalar 8 million 514 ming boshga yetkazildi. Go'sht, sut, tuxum, baliq, asal yetishtirish hajmlari oldingi yillarga nisbatan oshishiga erishildi.
Viloyatda 14,6 ming gektar chorva uchun ajratilgan er maydonlarida va g'alladan bo'shagan 4,8 ming gektar maydonda ozuqabop ekinlar yetishtirildi.
Chorvachilik sohasini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash maqsadida Asaka tumanidagi “Rasulov oltin sabzavoti” fermer xo'jaligining 30 bosh naslli qoramollarga 60 million so'm, Andijon tumanidagi “Muxammadrizo chorvasi” fermer xo'jaligining 64 bosh naslli qoramollarga 128 million so'm va Andijon tumanidagi “Soxibqiron baraka invest” MCHJning 47 bosh naslli qoramollarga 94 million so'm subsidiya ajratib berildi. Viloyat bo'yicha 44 ta fermer xo'jalik xamda MCHJlarga jami 1 ming 829 bosh qoramollarga 3 milliard 658 million so'm subsidiya mablag'lar ajratildi.
Bundan tashqari, qarorga asosan, 66 ta xo'jalikka 2 426 million so'm subsidiya ajratib berildi. Shundan 39 ta xo'jalikka 6 805 085 litr sut uchun 1 361 million so'm, 9 ta xo'jalikka 68 ming 687 kg go'shtga 137 million 374 ming so'm, 2 ta xo'jalikka 406 208 kg parranda go'shtga 406 million 208 ming so'm, 4 ta xo'jalikka 8 million 379 810 dona tuxumga 418 million 991 ming so'm hamda 2 ta xo'jalikka 102 740 kg baliq maxsulotiga 102 million 740 ming so'm subsidiya ajratib berildi.
Farhod NABIJONOV,
Andijon viloyati fermer dexqon xo'jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi raisi