2022-yil 30-yanvarda Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari A.Saidov Yevropa ommaviy axborot vositalari va madaniy-gumanitar sohalar vakillari ishtirokidagi matbuot tadbirlari doirasida bir qancha uchrashuvlar oʻtkazdi.
“Diplomatic World” jurnali Bosh muharriri Barbara Ditrix va “Diplomatic World Institute” tahliliy markazining loyihalar boʻyicha menejeri Alberto Turkstra bilan boʻlib oʻtgan oʻzaro muloqot shular jumlasidandir.
Uchrashuv avvalida A.Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning maʼno-mohiyati va ahamiyati haqida soʻzlab berdi. Muloqot ishtirokchilari bu borada taqdim etilgan maʼlumotlarni alohida qiziqish bilan qabul qildilar.
Xususan, B.Ditrix inson huquqlari, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlarini amalga oshirish juda muhimligini qayd etdi. U mamlakat rahbariyatining ayollar taʼlim olishi va mehnat qilishi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga doir rejalariga ijobiy baho berdi.
Jurnalist, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida Oʻzbekistonning “Huquq ustuvorligi indeksi”da yuqori darajaga erishgan mamlakatlar safidan oʻrin olishi maqsad qilib qoʻyilganini olqishladi. Uning fikricha, bu Yevropa jamoatchiligining doimiy eʼtiborida turadigan masaladir.
Muloqot yakunida “Diplomatic World” jurnalining navbatdagi sonida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasiga bagʻishlangan maqola chop etilishi haqida kelishib olindi.
Oʻz navbatida, A.Turkstra Taraqqiyot strategiyasida davlat hokimiyati organlarini takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifalarning ahamiyatiga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur sohani takomillashtirishni izchil davom ettirib, ixcham va samarador boshqaruv tizimini yaratish nihoyatda muhim.
“Diplomatic World Institute” tahliliy markazi vakili Oʻzbekistonda sud-huquq tizimi, advokatura instituti, huquqni himoya qiluvchi organlarning tadbirkorlar va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq faoliyatini isloh etish borasida belgilab olingan istiqboldagi rejalarni ham ijobiy baholadi.
A.Turkstraning fikricha, bunday oqilona maqsadlarga erishilishi, shubhasiz, mamlakatda aholi daromadlarining oshishi va yalpi farovonlik yuksalishiga olib keladi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda “yashil” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotgani Yevropada ayniqsa katta qiziqish uygʻotyapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.