Bugun matbuotda nimalar chop etilgan?

    Bo'sh vaqtda 18 Iyun 2020 1531

    “Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va masʼuliyatni oʻn karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak toʻgʻri boʻladi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta oʻylab, nafaqat oʻzimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi masʼuliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha saʼy-harakatlarimiz yoʻqqa chiqishi hech gap emas.”

    “Xalq soʻzi” gazetasi Prezidentimizning ushbu soʻzlarining bugungi soni uchun shior qilib tanlagan.

    Darhaqiqat, koronavirus pandemiyasi aholi uchun koʻplab qiyinchilik va noqulayliklarni tugʻdirmoqda. Masalan, karantin cheklovlari davrida abituriyentlarimiz qanday yoʻl tutishadi? Oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlari qay tartibda oʻtkaziladi? Albatta, davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-iyundagi qaroridan mazkur savollarga toʻliq javob topish mumkin. Gazetada eʼlon qilingan Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovning maqolasida yozilishicha, abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqi berilishi ushbu qarorning yoshlarimiz manfaatini koʻzlab qabul qilinganligini koʻrsatadi.

    Pandemiyadan eng koʻp zarar koʻrayotgan sohalardan biri, albatta, turizmdir. U tojdor virus sabab butunlay toʻxtab qoldi va katta yoʻqotishlarga uchramoqda. Jahon sayyohlik tashkiloti bayonotiga koʻra, aynan shu sohaning oʻzida pandemiyadan keyin dunyo boʻyicha 50 million ish joyi yoʻqotilishi mumkin. Ayniqsa, Osiyo davlatlari katta miqdorda zarar koʻradi. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida “Turizm statistikasi yoki ishga solinmagan mavjud imkoniyatlar” sarlavhasi ostida elon qilingan maxsus sahifa shu mavzuga bagʻishlangan. Unda aytilishicha, 2019-yilda yurtimizga 6 million 748,5 ming kishi tashrif buyurgan. 2020-yil yanvar-mart oylarida esa yurtimizga turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 1 million 214 ming kishini tashkil etgan. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga qiyoslaganda 12 foiz kam. Keyingi chorakdagi koʻrsatkichlar esa bundan ham yomon boʻlishi, shubhasiz. Pandemiya sharoitida sayyohlik oqimi nainki yurtimizda, balki butun dunyoda toʻxtab turibdi. Bunday vaziyatda sohaning oʻzini tiklab olishiga, uning avvalgi holatiga kelishiga odatdagidan-da koʻproq vaqt va sarmoya talab etiladi.

    “Narodnoye slovo” gazetasida tahririyat xodimi Ruslan Kenjayevning “Pravila bez oshibok” (“Xatolarsiz qoidalar”) sarlavhali materiali chop etilgan. Muallifning taʼkidlashicha, bundan ming yil muqaddam buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino kasalliklarni yuqumli va yuqmaydigan turlarga boʻlib, har bir holatda davolash qoidalarini batafsil tushuntirgan. Ibn Sino yuqumli kasalliklar haqida gapirar ekan, ularning tarqalishining oldini olish maqsadida oʻzaro muloqotni cheklash lozimligini uqtirgan. Bugun biz mutlaqo boshqa davrda yashayapmiz. Biroq buyuk bobokalonimiz tomonidan oʻn asr avval aytib oʻtilgan qoidalar yuzlab odamlarning hayotini saqlab qolmoqda. Qatʼiy karantin oʻzini oqladi. Profilaktika choralari koʻrilmagan taqdirda bitta bemor ikki kishini, ikkita bemor toʻrt kishini kasallantirishi mumkin. Mana shunday “bosqich”lardan yigirmatasi oʻtgach, kasallar soni millionlarni tashkil etadi. Shunday ekan, karantin choralariga ogʻishmay rioya etish bugunning eng muhim talabidir.

    “Pravda Vostoka” gazetasi Oksana Malasabirovaning “Innovatsii: sovsem drugaya realnost” (“Innovatsiyalar: mutlaqo oʻzgacha voqelik”) sarlavhali maqolasini chop etgan. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi binosiga uyushtirilgan press-tur tafsilotlari berilgan.

    Raqamli iqtisodiyot, “Elektron hukumat” xizmatlariga talab kundan-kunga ortib borayotgan bir sharoitda mamlakatimizda 780 turdagi davlat xizmatidan bor-yoʻgʻi 185 tasidan “elektron portal” orqali foydalanish imkoni mavjud. Afsuski, aksariyat tashkilotlarda ish jarayonini raqamlashtirish faqat hujjat almashinuvini elektronlashtirish bilangina cheklanib qolmoqda. “Ushbu muammolarning oldini olish maqsadida endilikda “Elektron oʻqitish dasturi” orqali oʻqib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xoʻjalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish rejalashtirilmoqda” deyiladi “Mahalla” gazetasida eʼlon qilingan “Raqamli iqtisodiyot: yangi innovatsion loyihalar qanday samara bermoqda?” sarlavhali maqolada.

    Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanida 20 yoshli juvonning bir necha xotinlar tomonidan ayovsiz kaltaklanishi ijtimoiy tarmoqlar orqali yashin tezligida tarqalib, koʻpchilikning qalbini larzaga soldi. Aslida voqea qanday sodir boʻlgan edi? Shunchalar tahqirlanganiga qaramay, kaltaklangan qiz mushtumzoʻrlarning ustidan IIBga nega murojaat qilmadi? Ushbu savollarga “Qoʻshkoʻpirlik ayol nega xoʻrlandi?” sarlavhali maqolada batafsil javob berilgan.

    “Qishloq hayoti” gazetasida eʼlon qilingan Abdulla Madaliyevning “Bekker Nobel mukofotini bekorga olganmi?” sarlavhali maqolasida amerikalik iqtisodchining muassasada ishlaydigan xodim oilasi tinchligi, taʼminoti mehnat samarasida katta rol oʻynashini oʻz tadqiqoti orqali isbotlab bergani va bu tahlili uchun xalqaro Nobel mukofotiga sazovor boʻlgani qalamga olinadi. Xoʻsh, korxonalarning oʻz xodimlarini oʻylab dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishi, chorva mollari boqishi nechogʻlik samarador ish? Bu tajriba aslida bizning mamlakatda avvalroq sinovdan oʻtgan. Bugun, ayniqsa, pandemiya davrida korxona ishchi-xizmatchilari ijtimoiy himoyasida xuddi shu faoliyatning oʻrni juda bilinmoqda. Muallif maqolasida buni hayotiy misollar va oʻz tahliliy dalillari bilan asoslashga harakat qiladi.