Yana shunday el maʼmurligiga xizmat qiluvchi kasb egalari ham borki, ular har qanday zamonda davlat xazinasi va xalq farovonligini taʼminlashga kamarbasta boʻlib kelgan, bu azaliy anʼana hozirgi davrda ham yangicha mazmun va tartib-tamoilda davom etmoqda.

Prezidentimiz shu yilning 16-mart kuni Davlat soliq qoʻmitasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda sohadagi oʻzgarishlarni alohida eʼtirof etib: “Bugungi soliqchilar 4 yil oldingi soliqchilar emas. Zamon ham oʻzgardi, bular ham oʻzgardi: 5 yilda biz mutlaqo yangi soliq tizimini yaratdik,”  dedi.

Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sherzod KUDBIYEV bilan suhbatimiz ham keyingi yillarda tizimda roʻy bergan yangilanishlar mohiyati va ularning soliq maʼmurchiligini taʼminlashdagi ahamiyati xususidagi savol bilan boshlandi.

— Bugun kunda yurtimiz demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon islohotlarimizning eng katta natijasi hisoblanadi, — dedi Sherzod KUDBIYEV. — Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar asosida mamlakatimizda soliq sohasida ham mutlaqo yangi — adolatli, shaffof va izchil tizim yaratildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — soliqlar yukini kamaytirib, odamlar daromadini oshirish, pirovardida ishlab chiqarishni rivojlantirish va iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlashdan iborat. Ushbu maqsaddlarga izchil soliq maʼmurchiligini joriy etish orqali erishilayapti.

2019-yilning 30-dekabr kuni yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, 120 dan or­tiq yangi qoida amaliyotga ki­ritildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga, mulk soligʻi stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi.

Tabiiy ravishda savol tugʻiladi: koʻrilgan bunday choralardan odamlar, tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar qanlay manfaat koʻryapti? Tahlillarga tayanib aytadigan boʻlsak, keyingi toʻrt yilda soliq tushumlari 4 baravar koʻpayib,. qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga yetdi.

Eng muhimi, oʻzgarishlarni har bir fuqaro, har bir tadbirkorlik subyekti his qilyapti. Chunki, yaqingacha tadbirkorlarga ogʻir yuk boʻlib kelgan Pensiya, Maktab va Yoʻl jamgarmalariga 3,2 foizli yigʻimlar bekor qilindi. Ana shular hisobidan 7 mingga yaqin korxona har yili oʻrtacha 6 trillion soʻm miqdoridagi soliq toʻlashdan ozod boʻldi va shuncha mablagʻ oʻzlarida qolyapti.

Shuningdek, mol-mulk, daromad va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirildi. Buni aniq misollar orqali ifodalaydigan boʻlsak, transport sohasida soliq yuki — 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida — 2 barobar, toʻqimachilik va elektr texnikasi sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

Qolaversa, soliq yukining teng taqsimlanishi va pasayishi natijasida foyda soligʻi toʻlovchilari 15,2, suv soligʻi toʻlovchilari 36,5 va yer soligʻi toʻlovchilari 38 baravarga koʻpaydi. Umumlashtiradigan boʻlsak, soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida ixtiyoriy bajarilish darajasi 80 foizdan 95 foizga koʻtarildi. Yigʻilayotgan soliq miqdori 2020-yilning oxirgi choragidan boshlab har oyda 10 trillion soʻmdan oshmoqda. Oʻzbekiston soliq tizimida shu paytgacha bunday natija kuzatilmagan.

 Bugungi kunda Davlat soliq qoʻmitasi maʼmuriy binosi tomiga minglab quyosh panelllari oʻrnatilganligi eʼtiborni tortadi. Yaqinda esa, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi eng zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlandi. Bu maqsadlar uchun oz-emas-koʻp emas, 100 milliard soʻm sarflangani ham amalga oshirilgan ishlar salmogʻidan dalolat berib turibdi. Bunday texnologik oʻzgarishlar tizim faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishi barobarida soliq toʻlovchilarga qanday yengillik va afzalliklar beradi?

— Qoʻmitamiz markaziy binolari ustiga oʻrnatilgan quyosh panellari ayni paytda 80 foiz elektr taʼminotini oʻzimiz taʼminlashimizga imkon beryapti. Shunday kunlar boʻladiki, biz oʻzimizdan orttirib, umumiy tarmoqqa elektr energiyasi uzatamiz. 9 qavatli yangi bino qurilayotganida uning nafaqat tomini, balki tashqi fasadi ham quyosh panellari bilan qoplandi. Bunday texnologiyalarni hududlardagi soliq idoralari binolarida ham qoʻllash ustida ish ketyapti.

Aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, inson aralashuvini kamaytirish maqsadida soliq organlari faoliyati izchil raqamlashtirilmoqda. Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi ana shu yoʻlda amalga oshirilgan yana bir yirik loyiha boʻldi. Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi farmoniga muvofiq, Davlat byudjetidan ajratilgan 100 milliard soʻm evaziga binolar taʼmirlanib, uzluksiz elektr taʼminoti qurilmalari, pretsizion konditsionerlar, katta hajmli server va kompyuterlar bilan jihozlandi.

Bu, birinchi navbatda, axborot tizimlarining samarali va uzluksiz ishlashini taʼminlash, soliq toʻlovchilarga elektron xizmatlar koʻlamini kengaytirish, sifatini oshirishga xizmat qiladi. Chunki, zamonaviy xizmatlardan foydalanuvchilar soni juda tez ortib bormoqda. 2021-yilning oʻzida soliq toʻlovchilar tomonidan shaxsiy kabinetdan foydalanishlar soni 40,5 milliontani (2020-yilga nisbatan 1,3 barobar koʻp), yuborilgan elektron hisobvaraq-fakturalar soni 33,9 milliontani (2020-yilga nisbatan 1,6 barobar koʻp), onlayn nazorat kassa mashinalari orqali roʻyxatga olingan cheklar soni 417,4 milliontani (2020-yilga nisbatan 4 barobar koʻp) tashkil etdi.

Maʼlumotlarni qayta ishlash markazida giperkonvergent texnologiyasi yoʻlga qoʻyildi va u axborot tizimlariga yuklama hajmini serverlararo taqsimlab, ularning uzluksiz faoliyatini taʼminlab kelmoqda.

Natijada markaz quvvati 8-martaga oshdi, elektron xizmatlar koʻlami kengaydi. Shaxsiy kartochkalarda saldo qatorlarini hisoblash kabi murakkab jarayonlar 10 barobar tezlashdi. Masalan, ilgari respublika boʻyicha hisoblashga 24 soat ketgan boʻlsa, endilikda bu jarayon 2-3 soatda amalga oshirilmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham muhim omil hisoblanadi.

Kiberhujumdan himoya, biznes-tahlil texnologiyalari joriy qilindi. “Ye-ijara”, “Ye-imtiyoz”, “Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari”, “Soliq tekshiruvlari”, “Avtomatlashtirilgan kameral nazorat tizimi”, “Soliq uzilishi koeffitsiyenti”, “K-Savdo” kabi yangi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqildi. “Soliq” mobil ilovasining funksional imkoniyatlari kengaytirildi. Xususan, kiberhujumlarni oldini olish boʻyicha “WAF” dasturiy-apparat majmuasining tatbiq etilishi tufayli oyiga taxminan 100 mingdan ortiq hujumlarning oldi olinmoqda.

Ayni kezda 99,9 foiz hisob fakturalar elektron tarzda topshirilyapti va qabul qilinyapti. Savol tugʻilishi mumkin, nega 100 foiz emas? Chunki, 0,1 foizi bu elektron hisobot topshirishi qonun tomonidan taqiqlangan tashkilotlar hissasiga toʻgʻri keladi. Demak, biz bu masalada amalda toʻliq 100 foizlik natijaga erishdik. Hatto, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy bankka sotayotgan oltin boʻyicha hisob-fakturalari ham elektron tizim orqali topshirilayotgani uning shaffoflashib borayotganining amaliy tasdigʻi desa boʻladi.

Barcha tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatga olish maʼlumotlari qayta koʻrib chiqilib, undagi xato va kamchiliklar bartaraf etilishi hamda boshqa vazirlik hamda idoralar maʼlumotlari bilan birxillashtirilishi taʼminlandi.

2022-yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʻi, mol-mulk soligʻi va aksiz soligʻi davlat soliq qoʻmitasida mavjud elektron maʼlumotlar asosida avtomat ravishda shakllantirish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan QQS 1,4, aylanmadan olinadigan soliq 1,6, jismoniy shaxslarning daromad soligʻi 1,3 baravarga oʻsdi. Bundan tashqari, soliq idoralarida elektron hujjat aylanish tizimi joriy etilgan boʻlib, bugungi kunda 10 956 nafar soliq organlari xodimlari shu tizim asosida ishlayapti.

Muxtasar aytganda, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini mamlakatimiz soliq tizimining “miyasi” deyish mumkin. Bu yerga barcha soliq toʻlovchilarning maʼlumotlari integratsiya qilingan. 50 nafarga yaqin malakali mutaxassis soliq aylanmasini onlayn rejimda kuzatib, masofadan tezkor xizmat koʻrsatadi.

 Shu oʻrinda xarid summasidan 1 foizli keshbek olish, “Soliq hamkor” tizimlarini joriy etishning maqsad va samaralari haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Keshbek soʻzi inglizchadan oʻzbekchaga oʻgirilganda, naqd pulning qaytib berilishi degan maʼnoni beradi. U mijozlarni jalb qilishga qaratilgan maxsus bonus dasturlarining bir turi boʻlib, soliq tizimida samarali qoʻllanib kelinyapti.

Toʻgʻrisi, soliqchilar yaqin paytgacha faqat soliq yigʻish bilan shugʻullanib kelgan. Prezidentimizning 2021-yil 4-oktyabrdagi qaroriga asosan, chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirish hamda yashirin iqtisodiyotni hajmini qisqartirish maqsadida xarid summasdan 1 foiz miqdorda keshbek qaytarish mexanizmi joriy etildi. Agar chek 52 ming soʻmga urilgan boʻlsa, 520 soʻm fuqaroning hamyoniga tushadi. Yaʼni, 1 foizi qaytariladi.

(Bundan avtomobil sotib olganlik, temir yoʻl va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun toʻlov, shuningdek, toʻlov operatorlari orqali toʻlovni amalga oshirganda olingan xarid cheklari mustasno.)

Ushbu jarayonda QR-kodli cheklarni “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazib, cheklarda koʻrsatilgan summalar tasdiqlangan keyin ularni xaridorga oʻtkazib beriladi. Tabiiyki, bu xaridorlarni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 175 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan 207 mingta onlayn NKM va virtual kassa davlat soliq xizmati organlaridan roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ulardan 65,9 trillion soʻmlik 612,9 millionta chek onlayn ravishda maʼlumotlar bazamizga kelib tushgan, shundan qoʻshimcha qiymat soligʻi summasi 15,1 trillion soʻmni tashkil etadi.

Onlayn nazorat-texnikalari cheklarining QR-kodini “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazilishi joriy etilganidan buyon soliqlar tushumi ham sezilarli darajada koʻpaydi. Keshbek tizimi ishga tushishi tufayli 2022-yil yanvar oyining oʻzida 32 milliondan ortiq onlayn nazorat kassa texnikasi cheklari chop etildi. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 191 foizga oshganini koʻrsatmoqda. Joriy yilning yanvar oyida berilgan cheklarni roʻyxatdan oʻtkazgan 113 mingdan ortiq fuqaroga 20,9 milliard soʻm, fevral oyida esa, 30 milliard soʻmdan ortiq keshbek toʻlab berildi.

Bu va amalda boʻlgan yana bir elektron tizim jamoatchililik nazoratini kuchaytirishga imkoniyat yaratmoqla, Maʼlumki, har bir tadbirkorlik nuqtasi mahsulot sotsa QR kodi boʻlgan fiskal chek berishi shart. Agar ular bunday chekni bermasa yoki plastik kartada savdo qilishni istamasa, xaridor doʻkonda tortishib oʻtirmay, bu haqda “Soliq hamkor” tizimi orqali xabar berishi mumkin. Albatta, bunda murojaat qanchalik asosli ekanligi jiddiy tekshiriladi. Qoidabuzarlik holatlari tasdiqlangan taqdirda murojaatchi — soliq hamkorga undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi.

Hozirga qadar “Soliq hamkor” interaktiv tizimi orqali 16 447 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 10 446 tasida savdo qoidalari buzilayotganligi tasdiqlangan.

 Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli koʻplab savollar ham paydo boʻlayotgani, agar ular yangicha soliq hisobotini, oʻzgarishlarni bilmasa, unga jazo berish kerak emas, toʻgʻri yoʻlni oʻrgatish, ishontirish kerakligiga eʼtibor qaratildi. Shuning uchun “Soliqchi  koʻmakchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni oʻrgatish, elektron xizmatlar qamrovini kenaytirish, kadrlar malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Endilikda bu kabi vazifalarni bajarish doirasida qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?

— “Soliqchi — koʻmakchi” tizimining mohiyati shundan iboratki, eng avavalo, biz endi ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan, unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanligini tanlab berishimiz zarur. Undan keyin esa, biznes subyektining “yashab ketishi”, yaʼni, faoliyat koʻrsatmayotganlarini qapyta tiklashga, buxgaleriyasini yuritishi, hisobotlarni toʻldirishi va topshirishi, xullas, nima muammosi boʻlsa hal etish boʻyicha yordam berishga asosiy eʼtibor qaratiladi.

Har bir tadbirkorning saʼy-harakatiga uning qiyinchilik va muammolarini tushungan holda, yaqin koʻmakchi sifatida yondashuvni taqozo etadi. Shu bois bu yoʻnalishdagi faoliyatimiz qancha soliq qonunchiligini buzish aniqlandi va qoʻshimcha soliq hisoblandi, deb tadbirkorni jazolashga emas, aksincha, soliq qonunchiligini buzilishini nechogʻlik kamayganligi va tadbirkorlarni ortiqcha xarajatlardan saqlab qolishga qancha hissa qoʻshilganligiga qarab belgilanadi.

Tamoyil doirasida amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini taʼminlash boʻyicha toʻrt bosqich va 9 ta yoʻnalishni qamrab olgan “Harakatlar rejasi” tasdiqlangan. Bunda tadbirkorlik subyektlari soliq organlarida mavjud maʼlumotlarga binoan, 21 ta mezon asosida yordam koʻrsatiladi. Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali – my.soliq.uzda “Soliqchi — tadbirkorga koʻmakchi” platformasi joriy etilgan va unda 14 ta interfaol xizmat yoʻlga qoʻyilgan.

Rosti, soliq tizimida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni tadbirkorlarga tushunadigan tilda tushuntirishda, ayniqsa, tumanlarda hali koʻp ish qilishimiz zarur. Shu bois soliq tizimidagi barcha darajadagi rahbar va xodimlar tadbirkorlar, aholi bilan tez-tez uchrashib, muammolarini eshitishi, tushunmovchiliklarning oldini olishi, ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda kerakli axborotni berishi, oʻrgatishi va yaqin koʻmakchisi boʻlishi boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarni belgilab oldik. Joylarda bu boradagi tadbirlar boshlab yuborildi.

Raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat bilan bogʻliq jarayonlar jadal surʼatda rivojlanayotgan hozirgi sharoitda soha xodimlarining dunyoqarashi, malakasi, bilimiga nisbatan yangicha talab va mezonlar qoʻymoqda. Shu jihatlar inobatga olingan holda, Davlat soliq qoʻmitasi huzurida Fiskal institutining faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda bu yerda 1560 nafar talaba soliqlar va soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va audit, raqamli iqtisodiyot bakalavriat yoʻnalishlarida tahsil olmoqda. Oʻquv-taʼlim jarayoniga xorijda taʼlim olgan, malaka oshirgan olimlar hamda mutaxassislar jalb qilinganligi tizimda ishlovchi xodimlarning kasbiy bilimini oshirishda ham qoʻl kelyapti. 2021-yilda oʻquv kurslari tashkil etilib, 2 984 nafar xodim oʻqitildi va malakasi oshirildi. Joriy yilda bu boradagi ishlar son va sifat jihatdan yangi bosqichga chiqadi. oshriladi.

Prezidentimizning topshirigʻiga koʻra, 200 nafar mutaxassis Turkiya, Koreya va boshqa davlatlarda oʻqitish hamda malakasi oshiriladi.

Muhtaram Prezidentimiz soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi lozimligini alohida taʼkidladi. Mazkur muhim vazifani bajarish uchun tajribali kadrlarimizning bilim va malakasiga tayangan holda korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini pasaytirish, pirovardida moliyaviy barqarorlikka erishishning manzilli choralari ishlab chiqilmoqda. Bunda xorijiy tajribalarni oʻrgangan malakali xodimlar va Fiskal institutda tahsil olayotgan yosh kadrlarlar ham alohida oʻrin tutadi.

Taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng boʻlgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish boʻyicha boshlagan islohotlarni qatʼiy davom ettirish vazifasi qoʻyilgan. Tizim rahbar xodimlari ushbu ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash masʼuliyatini yaxshi anglaydi va ularni hal etishga qatʼiy bel bogʻlagan.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri

Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi.