“Hamma sogʻ-salomat yuribdi, qishloqdoshlar bahorgi ekin-tikin ishlari bilan band. Oʻylab qarasam, qariyb 2 yil deganda migratsiyadan qaytibman, yaqinlarimni juda sogʻindim. Hammasini bitta-bitta yoʻqlay desam, hafta-oy oʻtib ketadi. Shularni oʻylab oʻtgan kuni qarindoshlarni chaqirib, iftorlik dasturxoni yozdim. Koʻpdan beri koʻrmagan jigarlarim bilan diydorlashib, dilim yayradi”, deydi u.
Suhbat asnosida Yangi Toshkentda qurilish ishlari boshlangani haqida eshitganini aytib, shu yangilikka qiziqdi. Bu haqda mamlakatimizdagi rasmiy manbalarda xabarlar tarqatilgani, ularni topib qarindoshlarning ijtimoiy tarmoqdagi guruhiga joʻnatib qoʻyishimni aytib xayrlashdim. Soʻng darhol internetdan oʻsha xabarlarni topib yubordim.
Oradan ikki kun oʻtib, qarindoshim yana qoʻngʻiroq qildi. Xabarda koʻrsatilgan Call-markaz raqamiga bogʻlana olmayotganini aytdi. Ijtimoiy tarmoqlarga qarasam, bu holatga masʼul vazirlik allaqachon munosabat bildirib, Call-markazdan tashqari telegram bot ham ishga tushirilganini maʼlum qilgan ekan. Bu maʼlumotlarni ham yetkazdim. U telegram bot orqali qiynalmay bogʻlanib roʻyxatdan oʻtgani, yurtimizda shunday munosib ish joylari yaratilayotganidan mamnun ekanini aytib, minnatdorlik bildirdi.
Xabarlarga koʻra, 20 ming gektar maydonda bunyod etilayotgan Yangi Toshkentdagi bino va inshootlarni qurish uchun 38 yoʻnalishda 10 mingga yaqin mutaxassis ishga taklif qilinmoqda. Ishchilar yotoqxona, kiyim-kechak, transport xizmati va uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi. Maoshi ish turi va soatidan kelib chiqib 8 million soʻmdan 15 million soʻmgacha. Rasmiy ishga joylashganlar uchun 8 soatlik ish rejimi hamda qoʻshimcha dam olish kunlari amal qiladi.
Shu bois, bu qurilishda ishlash koʻplab yurtdoshlarimizning qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Bu bejiz emas. Zero, mehnat hayotimizning ajralmas qismi, har birimiz munosib maosh toʻlanadigan, imkon qadar xavfsiz va qulay sharoitda ishlashni istaymiz. Ammo yaqin-yaqingacha munosib ish joyi topish amrimahol edi. Bu esa xalqimizning turmush tarzi va hayot sifatiga taʼsirini oʻtkazib kelardi. Xususan, ishsizlik jamiyatimizda kambagʻallikni yuzaga keltiruvchi asosiy omillardan biriga aylangandi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashni koʻzlab amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topish, barcha soha va tarmoqlarni zamon talabidan kelib chiqib modernizatsiyalash orqali yurtimizda sanoatni rivojlantirish, yangi ish joylarini barpo etish borasida dadil qadamlar tashlandi. Natijada iqtisodiyotning turli tarmoqlariga investitsiya jalb etish hajmi yildan yilga oshib, koʻplab ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilyapti. Odamlarda tadbirkorlik, ishbilarmonlik koʻnikmasini rivojlantirish orqali kichik biznes sohasi kengayishiga keng yoʻl ochildi. Bu esa aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga zamin yaratmoqda. Shu maqsadda ilgʻor xorijiy yondashuvlar hamda mamlakatimizning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, eng quyi boʻgʻin — mahalla darajasiga tushgan holda ish yuritish, aholi daromadini oshirishda fuqarolarning kasb-hunar egallashi va oʻz biznesini boshlashiga koʻmaklashilyapti.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yili aholining bandligiga koʻmaklashish dasturi doirasida 5 million 265 ming kishi daromadli ish bilan taʼminlandi. 326 mingta mikroloyiha ishga tushirilishi hisobiga 578 mingdan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Joriy yilda bu xayrli ishlar yuqori bosqichga koʻtarilib, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni kamaytirishda muhim va hal qiluvchi yil boʻlishi belgilandi. Bu yil ham 5 million 200 ming kishini band qilib, 1,5 millionini kambagʻallikdan chiqarish, 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 30 milliard dollardan oshirish hisob-kitob qilingan.
Oʻz navbatida, xalqimiz uchun munosib va farovon hayot barpo etishni koʻzlab amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar fuqarolarning hayotida qanday aks etayotgani, odamlarning bu boradagi fikr va qarashlari qanday ekanini bilish jamiyatni yanada rivojlantirishning istiqboldagi yoʻnalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Jahon banki tomonidan amalga oshirib kelinayotgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasining maqsadi ana shunday dolzarb masalalarga yechim topishga yoʻnaltirilgan.
Bu Oʻzbekistondagi islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini oʻrganib borayotgan yagona tadqiqot loyihasidir. Ushbu loyiha doirasida 2023-yilda oʻtkazilgan soʻrovnomada uy xoʻjaliklarining
55 foizi daromad topish uchun sharoitlar yaxshilanganini aytgan edi. Joriy yilda 1500 ga yaqin uy xoʻjaligi bilan bu xususda oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, 88 foiz xoʻjaliklar ijobiy xulosa bergan. Umuman, Oʻzbekiston aholisining 94 foizi bugungi islohotlarni qoʻllashini bildirgan. Albatta, bu yutuqlar har bir islohotni amalga oshirishda xalq bilan muloqotning oqilona tizimi yoʻlga qoʻyilganining oʻziga xos samarasidir.
Bunday ezgu ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda 2025-yil avvalidan aholi bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim joriy qilindi. 208 ta tuman va shahar hokimlari hamda banklar rahbarlari oʻrtasida bu borada hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bank filiallarida mahallabay ishlash boʻlimlari tashkil etilib, ularga mahalla bankirlari tayinlandi. Natijada yanvarda 239 ming, fevralda 480 ming kishi daromadli mehnatga jalb qilindi.
Yil boshidan kichik va oʻrta biznesga jami 14 trillion soʻmlik kredit yoʻnaltirildi. Jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 trillion soʻm ajratildi. Odamlarga daromad topish imkoniyati, tayyor biznes loyihalari tanishtirilib, amalga oshirish yoʻllari oʻrgatilmoqda.
Prezidentimizning shu yil 6-martdagi “Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi farmoyishi asosida bu jabhadagi ishlar koʻlami tobora kengaymoqda. Unga koʻra, 2025-yil 11-martdan boshlab “Dolzarb bir oylik” safarbarligi eʼlon qilindi. Oylik doirasida mahallalarda 29 mingta kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun zarur qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalari, aholi xonadonlariga 1,23 million bosh parranda, 24 ming quti asalari, 21 ming bosh qoʻy-echki va qoramol yetkazib beriladi.
Shuningdek, “Bir mahalla — bir mahsulot” hamda ijara yerlarda “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida serdaromad ekinlar ekiladi. “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxt koʻchatlari oʻtqaziladi va kambagʻal oilalarga mevali daraxt koʻchatlari yetkazib beriladi.
Mahallalarda mini traktor va motokultivatorlardan foydalanib, aholi tomorqalarida ekin ekish ishlari bajariladi. Suv taʼminoti ogʻir 874 ta mahallada sugʻorish tizimi yaratiladi. Kambagʻal oilalarga moliyaviy koʻmak paketlari (issiqxonalar, parrandachilik, baliqchilik, chorva mollari, asalarichilik uskunalari va ekish materiallari) yetkazib beriladi.
Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat
Aholining ishsiz qatlami va kambagʻal oilalar aʼzolari doimiy ishli boʻlishi yoki yuqori daromad topishi uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlovga muhtoj. Shu maqsadda ishsizlar va kambagʻal oilalar aʼzolari mehnat bozorida talab yuqori va yaxshi maoshli kasb boʻyicha oʻqitilmoqda. Bundan tashqari, ularning kafolatlangan tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi taʼminlanyapti. Yashash sharoitini yaxshilashga koʻmaklashilmoqda.
Shuningdek, sharoiti ogʻir mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash ham eʼtiborda. Bu jabhadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili hayotga tatbiq etilyapti.
— Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishdan koʻzlangan maqsad, avvalo, aholining bandlik darajasini oshirish va yuqori daromad topishiga erishishdir, — deydi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi departament boshligʻi oʻrinbosari Muxtor Shonazarov. — Endi aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan yangicha tamoyillar asosida ish yuritilib, har bir tumanda 5 tadan drayver loyihani amalga oshirish, 100 ming gektar qoʻshimcha yer maydonini aholiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun uzoq muddatga ijaraga berish, kambagʻal oilalarga koʻchma doʻkon, motoroller, skuter kabi vositalarni boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan scuda asosida berish koʻzda tutilgan. Shuningdek, kambagʻal oilalar farzandlarining maktabgacha taʼlim qamrovini 80 foizga yetkazish, oilaning kamida bir farzandini xorijiy tillarga, kasb-hunarga oʻqitish, bir farzandi oliy maʼlumotga ega boʻlishi uchun sharoit yaratish choralari koʻriladi. Bunda xotin-qizlarga asosiy eʼtibor qaratiladi. Bolalarni axborot texnologiyalari boʻyicha oʻqitish ham eʼtiborda boʻladi.
Bundan tashqari, kambagʻal oilalarning har bir aʼzosi bir yilda bir marta toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtishi, har bir farzandi sport toʻgaraklariga qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratish, ularga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish koʻlamini kengaytirish diqqat markazida boʻladi. Bunday oilalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun ipoteka tizimidan foydalanishi yanada kengaytiriladi.
Barcha boʻgʻindagi davlat hokimiyati organlari kambagʻal oilalar bilan muntazam toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatishi, birdamlikda harakat qilishi hamda rahbarlarni kambagʻal oilalarga biriktirish, ularning muammolarini birgalikda yechishga koʻmaklashish borasida tizimli ishlar bajariladi.
Shu bilan birga, yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va toʻplangan milliy tajribadan kelib chiqib, ilgʻor xalqaro amaliyot asosida yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Misol uchun, oʻrmon fondi yerida oʻrmonlar va koʻchatxonalar tashkil etish, dorivor oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali
46 ming kishining bandligi taʼminlanadi. Kooperatsiya asosida sharoiti ogʻir qator mahallalarda quyosh fotoelektr stansiyalarini barpo etish, “kompaniya — kooperativ — dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil etish, turizm xizmatlarini rivojlantirish va turizm mahallalarini barpo etish orqali yangi ish oʻrinlarini ochish koʻzda tutilgan. Axborot texnologiyalari sohasida zamonaviy kasblarga bepul oʻqitish, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish orqali kambagʻal aholiga yangi yondashuvlar asosida yordam koʻrsatish rejalashtirilgan.
100 ta eng samarali mikroloyiha
Aholining bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlarning oʻrni katta. Shu bois, avvalo, tadbirkorlik rivojiga keng yoʻl ochish, qolaversa, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish orqali bandligini taʼminlash va kambagʻal oila aʼzolarini ishli qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda hududlarda ijobiy natija bergan loyihalar orasidan “100 ta eng samarali mikroloyiha” katalogi yaratilib, hokim yordamchilari orqali barcha hududda ommalashtirilmoqda.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi “IMDI baby” xususiy korxonasi ham mazkur roʻyxatga kirgan ishlab chiqarish tuzilmalaridan. Tashkil topganiga endi 5 yil boʻlgan ushbu korxona qisqa muddatda mahalliy bozorlardan mustahkam oʻrin egallash bilangina cheklanmay, AQSH, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarga mahsulotini eksport qilmoqda.
Korxona rahbari Gulruh Abdujabborova esa oʻtgan 5 yilda “Ayollar daftari”da turgan ishsizdan katta tadbirkorga aylandi. Bugun korxonaning yillik sof daromadi 100 million soʻmga yetdi. Hozir bu yerda 30 dan ziyod kishi ish bilan band.
Bor-yoʻgʻi 5 yilda bunday katta yutuqlarga erishishning siri nimada? Buning uchun isteʼdod, bilim va intilishning oʻzi yetarlimi?
Gulruh Abdujabborovaning tadbirkorlik sohasida erishayotgan natijalarini koʻrgan koʻplab yoshlar unga havas bilan qarashi barobarida, dilida kechayotgan ana shunday savollariga javob olishni istaydi. Tadbirkor ayol esa yoshlarga oʻzining hayot yoʻli, tajribasi, yutuqlari haqida soʻzlar ekan, avvalo, bularning barchasi yurtimizda tadbirkorlik rivoji uchun yaratilgan zamonaviy muhit mahsuli ekanini, qolaversa, oilasi, yaqinlari koʻmagida ushbu natijalarga erishganini takror-takror aytishdan charchamaydi.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlar safini kengaytirish borasida barcha sharoit yaratilmoqda. Aholining munosib daromad topishi va farovon hayot kechirishida oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesning muhim oʻrni eʼtiborga olinib, ushbu sohalar izchil rivojlantirilyapti.
Xususan, oʻtgan yili “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 372 mingta loyiha imtiyozli kredit bilan qoʻllab-quvvatlandi. “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida oʻquv kurslarida 54 mingdan ziyod tadbirkor oʻqitildi.
Maxsus kursni tamomlagan tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash kengaysa, albatta, yanada yuqori natijalarga erishiladi. Shularni inobatga olib, kompleks dastur doirasida kursda qoʻshimcha taʼlim olgan tadbirkorlarning 90 foiziga kredit mablagʻi ajratildi.
Shu bilan birga, 67 ming 700 nafar ishsiz, ayniqsa, kambagʻal oilalar aʼzolarining tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilik faoliyatini ragʻbatlantirish uchun subsidiya ajratildi.
Bunday imkoniyat esa tadbirkorlar safini tobora kengaytiryapti. Qibraylik Saida Yangiboyeva ham ana shunday zamondoshlarimizdan. Tikuvchilik — unga momomeros kasb. Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan ushbu hunarni onasidan oʻrgangan. Roʻzgʻor ishlari, bolalar tarbiyasidan boʻsh vaqtida qoʻni-qoʻshnining buyurtmasi boʻyicha ishlab, oilasiga daromad kiritib kelgan.
Oʻsha paytlarda bir kun kelib shu hunari orqali katta tadbirkorga aylanishi aslo xayoliga kelmasdi. “Ayollar daftari” yuritila boshlagach, xotin-qizlar shu orqali qoʻllab-quvvatlanayotganini eshitib, mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qiladi. “Ayollar daftari” roʻyxatiga olinib, “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali olingan kredit natijasida faoliyati kengaya boshlaydi.
Uning tikuv sexida milliy kashtachilik buyumlari tikiladi va koʻrpa-toʻshak qaviladi. Sifatli va milliy andozalarga mos boʻlgan ushbu mahsulotlarning bozori juda chaqqon. Hozir bu yerda 5 ayol ish bilan band. Ish jarayoni asosan, qoʻl mehnatiga asoslangani sababli energiya va boshqa resurslarga katta ehtiyoj yoʻq. Ammo mahsulotlar xaridorgir va bu ishchilarning mehnatidan munosib daromad topishini taʼminlayapti. Natijada Saida Yangiboyeva “100 ta eng samarali mikroloyiha” katalogidan oʻrin olgan faol tadbirkorlardan biriga aylandi.
— Bundan bir necha yil avval oʻz biznes loyihangni yoʻlga qoʻyib, tadbirkor boʻlasan, deyishsa ishonish qiyin edi, — deydi S.Yangiboyeva. — Oʻshanda qoʻni-qoʻshnining buyurtmasini tikib oilaga ozgina daromad kiritganimga ham quvonardim. Bugun esa hayot tarzimiz butunlay oʻzgardi. Ajdodlardan meros boʻlib kelayotgan hunarimiz ortidan katta tadbirkorga aylanyapmiz. Halol mehnatimiz tufayli yaxshi daromad topib, toʻkis yashayapmiz. Qolaversa, ishsiz ayollarni ishli qilib, ulargayam tadbirkorlik yoʻlini oʻrgatyapmiz. Bugun biznesimiz rivoji uchun imkoniyatlar katta. Ulardan oqilona foydalanib, ham oʻzimiz boyishimiz, ham davlatimiz rivojiga hissa qoʻshish — asosiy burchimiz deb bilaman.
Oʻz navbatida, davlatimiz tomonidan ana shunday faol, tashabbuskor, izlanuvchan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash barobarida, ishbilarmonlar safini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish orqali aholi bandligini taʼminlash va kambagʻal oilalar aʼzolarini ishga joylashtirish koʻzda tutilgan. Shu maqsadda joriy yilda 50 ta tumanda, 2026-yilda qolgan tumanlarda 50-100 gektardan ijara asosida ajratilgan yerda sanoatlashgan plantatsiya, bogʻ va uzumzorlar tashkil etiladi. “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida tumanlarda kamida 40 gektar maydonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi. 2026-yilga qadar har bir hududda kamida ikkitadan koʻp qavatli kompleks sanoat markazlari barpo etiladi va tadbirkorlar joylashtiriladi.
Sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025-yilda 1000 ta, 2026-yilda 2000 ta qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda kichik ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Har yili kamida 500 ta hunarmandchilik va kasanachilik loyihasini mahallaning oʻzida joriy etish hamda kengaytirish chorasi koʻriladi. 2025-yilda qadar 2000 ta mahallada, 2026-yil yakuniga qadar qolgan mahallalarda salohiyatli tadbirkorlar va brokerlar bilan hamkorlikda yetakchi tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
2025-yildan boshlab yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda iqtisodiyotning tegishli tarmoq va sohalariga ixtisoslashgan mahallalar soni har yili 10 foiz oshirib boriladi. Har yili oʻzini oʻzi band qilgan 50 ming fuqaroni bosqichma-bosqich kichik biznes subyektlariga aylantirish chorasi koʻriladi.
Albatta, bu xayrli ishlar tadbirkorlik rivoji uchun muhim istiqbollarni ochadi. Xususan, sanoat kirib bormagan, ishsizlik jiddiy muammo boʻlgan chekka hududlarda kichik ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Bu har kim oʻz yashash joyiga yaqin hududda munosib ish topishi uchun qulay imkoniyat deganidir.
Qolaversa, hududlarga sanoatni olib kirish orqali chekka qishloqlarda nafaqat yangi ish oʻrinlari yaratish, balki qon-qonimizda yashirinib yotgan tadbirkorlik, ishbilarmonlik ruhini uygʻotish, yaratuvchanlik, bunyodkorlik tuygʻusini joʻsh urdirish, deganidir.
Mamlakatimiz boʻylab qizgʻin ruhda davom etayotgan bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni kamaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar, “Dolzarb bir oylik” safarbarligi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi va boshqa ezgu tashabbuslar ushbu xayrli ishlarga yangicha surʼat va shiddat baxsh etmoqda. Shu tarzda yangilanishlar nafasi har bir mahalla, har xonadonga, eng muhimi, har bir inson qalbiga kirib borib, barchani oʻzgarishlar shukuhiga hamohang qadam tashlash, yangicha imkoniyatlardan foydalanib yaratuvchanlik ruhi bilan yashashga daʼvat etmoqda. Bu chaqiriqlarga har birimiz munosib javob qaytarsak, xayrli ishlarda kamarbasta boʻlsak, vatan taraqqiyotiga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri