Ezgulik va xayrli amallar qanot yozadi. Eldagi shukronalik qut-baraka boʻlib yogʻiladi. Davlatimiz rahbarining nutqini jon qulogʻimiz bilan tinglar ekanmiz, koʻz oldimizda boʻlayotgan tarixiy oʻzgarishlar ruhidan quvonch hissini tuya boshlaymiz.
Ana shu koʻtarinki kayfiyat taʼsirida tadbirdan chiqib, xayolimdan oʻtgan gʻujgʻon fikrlarni qogʻozga tiza boshladim.
Senda boʻlsa — elga oʻtar, elda boʻlsa — senga
...Shaharning sershovqin va tirband koʻchalarida bahor nafasi kezadi. Yoʻl chetidagi oʻrik va olchalar qiygʻos gullagan. Yomgʻirdan soʻng havodan togʻ nafasi keladi. Bunday vaqtda sayr qilish tan va ruhga quvvat beradi. Sayrdan soʻng yana ish tomon kelar ekanman, bankomat yonidagi kishi ishi bitgach, tez yurib oldinga oʻtdi. Besh-olti qadam narida uni yoshi ellikka yaqinlashgan hamrohi kutib turardi. Oʻrta boʻyli, bugʻdoy rang bu kishi yoʻgʻon ovozda yoʻldoshini soʻroqqa tutdi:
— Bankomat ishlayaptimi, uzoq qolib ketdingiz?
— Ishlayapti, naqd dollarim bor edi, bankomatda soʻm qilib, birdan plastik kartamga tushirib oldim. Uyga pul zarur ekan, kartadan oʻtkazib yubordim.
— Shu bankomatlar qulay boʻlib qoldi-da, — dedi boyagi kishi oʻsha-oʻsha yoʻgʻon ovozda. Hamrohi uning gapini tasdiqladi. Soʻng ikkisi yana nimalarnidir gaplashib mendan olisladi. Ularning suhbatidan soʻng yaqin yillardagi oʻzgarishlar haqida oʻylab ketdim.
Hozir bankomatdan pulni naqd qilish, valyutani erkin almashtirish oddiy hol. Vaholanki, yaqin-yaqingacha valyuta almashtirish, plastik kartamizdagi pulni naqdlashtirish yoki u orqali toʻlov qilish azob edi. Xususan, valyutaning qora bozor va bankda alohida narxi boʻlardi. Birgina hayotiy misol, mashina sotib olish uchun qora bozordan qimmat kursda valyuta olinar va avtosalonga bank belgilagan arzon qiymatda topshirilardi. Ana shu oradagi farqning oʻzi kattagina yoʻqotish hisoblanar, mablagʻ aylanmasidagi bu kabi sunʼiy toʻsiqlar oyoqqa solingan tushov edi. Shunday vaziyatda tadbirkorlik qilish, bir soʻmni ikki soʻmga aylantirish qanchalik mashaqqat ekanini soha odamlari yaxshi biladi.
Oʻshanda har yili yuzlab tadbirkorlar bankrotlik eʼlon qilardi. Qizigʻi, yana shuncha miqdorda yangi tadbirkorlar paydo boʻlardi. Chunki bankrot boʻlgan ham, yangi ish boshlagan ham aslida bir kishiga tegishli, hujjatda rahbari oʻzgargan subyektlar edi. Ular shu orqali soliqdan qochar, aylanma mablagʻini yashirishga urinardi. Achinarlisi, ularga imkoniyat berish, tadbirkorga ham madadkor kerakligini tushunish oʻrniga sohaga yangi toʻsiqlar qoʻyilardi. Roʻyxatdan oʻtish yil sayin qiyinlashib borar, bankrotlikka qarshi kurashning yangi yoʻllari oʻylab topilardi. Oqibatda tadbirkor vaqti, quvvati va mablagʻini tashkilotni tugatish va yangisini tashkil etish uchun asos topishga sarflardi. Loʻnda qilib aytganda, tadbirkorning ishbilarmonligi, uquvi yashab qolish yoʻlini axtarishga sarf etilardi.
Tabiiyki, soliqlardan qochish va tashkilotini bankrotlikka tayyorlab borish uchun mablagʻ naqd pul shaklida aylantirilardi. Bu oʻz-oʻzidan bozorga taʼsir etardi. Doʻkonlarda plastik karta orqali savdo qilish deyarli imkonsiz edi. Tadbirkor boy boʻlsa, xalq farovon yashashi haqidagi hikmatning asl mohiyati shu yerda aniq koʻrinadi. Axir xalqimiz “Senda boʻlsa — elga oʻtar, elda boʻlsa — senga” degan maqolni shunchaki aytmagan.
Yaqin oʻtgan kunlardagi bu manzarani bejiz eslamadik. Prezidentimizning iftorlik marosimidagi nutqida oʻtgan yilning oʻzida koʻmakka muhtoj insonlarga 16 trillion soʻmlik moddiy yordam va nafaqalar berilgani, kam taʼminlangan oilalarga mansub 51 ming bola bogʻchaga joylashtirilgani, ularning 176 ming aʼzosiga tibbiy koʻmak koʻrsatilgani, 182 ming nafari esa ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingani taʼkidlandi.
Bularning zamirida mamlakatimizda oʻtgan yillarda toʻyingan tadbirkorlik muhitining oʻrni boʻlakcha. Gap shundaki, bugun tadbirkorlarga yaratib berilgan sharoitlar, kerakli imtiyozlar natijasida yangi Oʻzbekistonda mutlaqo yangicha ishbilarmonlik muhiti yaratildi.
Bugungi tadbirkor kechagi tadbirkor emas
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19-mart kuni kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Ushbu uchrashuv kichik va oʻrta biznes vakillari uchun yangi davrni boshlab berdi. Ana shu uchrashuv chogʻida koʻplab tadbirkorlarimiz davlat rahbariga tashabbus va takliflarini aytdi. Oʻz oʻrnida ularning joʻyali takliflari qoʻllab-quvvatlandi. Masʼullarga zarur koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Tub islohotlar sabab yangi Oʻzbekiston tadbirkorlari sohada yetakchi boʻlish, jahon bozoridan mustahkam oʻrin olish haqida oʻylaydigan ishbilarmonlarga aylandi. Ularning dunyoqarashi, ish tutumi ham tubdan oʻzgardi. Chunki ularda ertangi kunga boʻlgan mustahkam ishonch bor. Bu ishonch anʼanaga aylangan uchrashuv, davlat rahbari va tadbirkor oʻrtasidagi ochiq muloqotlar doirasida tobora mustahkamlanib bormoqda. Bunday muloqotlar sohadagi muammolarni aniqlash, masalalarga yechim berishda muhim faktor boʻlib xizmat qilyapti.
Axir asl holatni oʻsha sohaning egalari yaxshi biladi. Ular kamchiliklarni ham, yutuqlarni ham keltirib chiqarayotgan omillarni tahlil eta oladi. Shunga qarab, qanday reja qilish kerakligini ham biladi. Shu bois, Prezidentimiz tadbirkorlarni shaxsan oʻzi tinglayapti. Masalalar yechimi uchun zamin yaratib bermoqda. Buning natijasi ham quvonarli, albatta. Xususan, joriy yildan kichik biznesga 300 million soʻmgacha kredit berila boshlandi. Endi oxirgi bir yilda yiriklashib, kichik yoki oʻrta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuning 150 million soʻmi garovsiz beriladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlar ham 50 million soʻmgacha garovsiz kredit olishi mumkin boʻladi.
Biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlar ommalashmoqda. Besh yilda ular ishtirokida 145 million dollarlik 53 ta startap loyiha amalga oshirilgan.
Buni kengaytirish maqsadida davlat banklari tomonidan yana 3 ta venchur kompaniya ochilib, 50 million dollar fond shakllantirildi. Xorijdan ham yana 50 million dollar jalb qilinadi. Bu biznesni boshlayotgan tadbirkorlar uchun qoʻshimcha imkoniyat degani. Muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yoʻnalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymat olib kiradi.
Yaqin-yaqingacha bunday raqam va imkoniyatlar haqida xayol qilish ham mushkul edi. Oʻzgarishlar sabab yangi Oʻzbekiston ishbilarmonlari xalqaro miqyosda oʻz oʻrni va bozoriga ega boʻlib bormoqda. Birgina misol, Prezident bilan muloqotda “Tass Vision” kompaniyasi rahbari Shahzod Umrzoqov oʻz faoliyati haqida soʻzlab, keyingi yillardagi oʻzgarishlar dinamikasini koʻrsatib berdi.
— Maktab, litseyda oʻqib yurgan paytlarim dadam ishlaydigan avtobazada chiptachi boʻlganman. Hozirgi kunda esa sunʼiy intellektga asoslangan kompaniya rahbariman, — deydi yosh tadbirkor Shahzod Umrzoqov. — Besh yil ichida biz 7 ta mamlakatda xizmat koʻrsatish darajasiga erishdik. Eʼtiborli jihati, qamrovimiz faqatgina MDH mamlakatlari emas, balki Mongoliya, Turkiya, BAAda ham faoliyat yuritamiz.
Yosh tadbirkorning taʼkidlashicha, u asos solgan kompaniya sunʼiy intellekt asosida chakana savdoni oshirishga yordam berar ekan. Kompaniya shu kungacha 130 ta yirik chakana savdo kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. 1700 dan ortiq doʻkonlarga maxsus dastur oʻrnatib bergan. Ushbu dastur xaridorlarning qiziqishi, savdo jarayonini kamera yordamida oʻrganib, marketingni tahlil qilib beradi.
Kompaniya dasturi orqali 2022-yilda milliy venchur fonddan 150 ming dollar investitsiya olgan. Kechagina chiptachi boʻlib yurgan yigitning kompaniyasini 2024-yilda xalqaro venchur fondlar 7 million dollarga baholagan. Bu “Tass Vision” 2 yil ichida milliy venchur fond bahosini 7 barobar oshirgan degani. Endi yosh tadbirkor ish koʻlamini yanada kengaytirish, eksport hajmini oshirish borasida izlanish olib bormoqda. Islohotlarning samarasi mana shunday aniq raqamlar orqali boʻy koʻrsata boshlagani quvonarli. Bunday hayotiy misollar yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlik sohasidagi keskin oʻsish va oʻzgarishning bir qancha muhim jihatlarini oʻrtaga chiqaradi.
Birinchidan, tadbirkorlarda islohotlarga, ertangi kunga kuchli ishonch paydo boʻldi. Endi ular qanday yashab qolish haqida emas, dunyo bozoridan oʻrin olish, xorijiy hamkorlarni koʻpaytirish choralari haqida oʻylamoqda.
Ikkinchidan, tadbirkorlik qilish uchun katta miqdordagi kreditlar olish osonlashdi. Ayni paytda bunday mablagʻlarni oʻzlashtirib, faoliyatini kengaytirishdan choʻchimaydigan ishbilarmonlar safi keskin oshdi.
Uchinchidan, eng muhim faktor — tadbirkorlarning dunyoqarashi oʻzgardi. Ular endi mahsulotni bir joydan olib, boshqa yerda sotadigan tujjor emas. Balki mahsulot ishlab chiqarib, xomashyoni mahalliylashtirish haqida izlanish olib, borayotgan tom maʼnodagi ishbilarmonlardir.
Oʻzgarishlar hayotiyligi
Darhaqiqat, bugun tadbirkorlarning dunyoqarashi butunlay oʻzgargan. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi, bunga qanday erishdik?
Yangi Oʻzbekiston qisqa vaqtda oddiy va murakkab yoʻlni bosib oʻtdi. Oddiyligi shundaki, tadbirkorlar uchun hamma biladigan toʻsiqlarni yoʻqotish kerak edi. Buning uchun roʻyxatdan oʻtishni oson va shaffof qilish, soliq tizimini isloh etish, bojxona, xorijiy korxonalar bilan valyuta almashishni soddalashtirish, kredit olish va faoliyatni moliyalashtirish kabi yoʻnalishlarda tub islohotlarga zarurat bor edi. Murakkabligi mazkur islohotlarni amalda bajarish, masʼullar va tadbirkorlar dunyoqarashini oʻzgartira olish, ularni yangilanishga ishontirish edi.
Inson dunyoqarashini oʻzgartirib, jamiyatda ishonch uygʻotishday mashaqqatli yumush yoʻq. Shu bois, Amir Temur bobomiz “Saltanat toʻnini kiygach, tanimdan halovat ketdi”, degan edi. Yangi Oʻzbekiston qisqa vaqtda mana shunday mashaqqatli yoʻlni mardona bosib oʻtdi. Natija esa quvonarli!
Jamiyatda tadbirkorlar tinch, erkin va farovon hayotimiz garovidir, degan qatʼiy qarash shakllandi. Ayni paytda tadbirkor — elga madadkor degan ulkan masʼuliyatni zimmasiga olgan shaxslarga imkoniyatlar, qoʻllab-quvvatlashning qonuniy asoslari yaratildi.
Muhimi, har bir oʻzgarish hayotiyligi bilan insonlar qalbida ishonch uygʻotdi. Dastlab valyuta almashtirish osonlashdi. Ochiq bozor tamoyillaridan kelib chiqib, banklar xorij valyutasining oʻzbek soʻmiga nisbatan qiymatini mustaqil belgilaydigan boʻldi. Bular tadbirkorlarga ilk imkoniyatlar edi. Shundan soʻng bojxona, soliq, xorij mablagʻlarini xususiy sektorga jalb etish, xususiylashtirish kabi yoʻnalishlarda tub oʻzgarishlar qilindi.
Oddiy misol, koʻpgina doʻkonlar, ayniqsa, qishloq joylarda noqonuniy faoliyat yuritardi. Bundan oʻsha hududdagi masʼullar xabardor edi. Mahalla, tuman hokimligi tadbirkorlar roʻyxatiga oʻsha noqonuniy doʻkonlarni ham kiritardi. Turli bayramlar, tadbirlarda ular oʻziga xos “soliq”qa tortilib, homiylikka jalb etilardi. Shaharlardagi ayrim kichik ishlab chiqarish sexlari ham shu “qoida” asosida faoliyat koʻrsatardi. Oʻzgarishlar sabab ushbu tadbirkorlar qonuniy faoliyat yuritishga oʻtdi.
Jurnalist sifatida yaxshi bilaman, islohotlarning dastlabki yillarida “yashirin iqtisodiyot”ning mamlakat va xalq manfaatlariga zarari haqida juda koʻp targʻibot ishlari olib borildi. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida ham ustoz jurnalistlar, iqtidorli yoshlar va iqtisod sohasining yetakchi mutaxassislari koʻplab chiqishlar qildi. Bugun oʻzbek matbuotida bu mavzuga ehtiyoj deyarli yoʻq.
Matbuot — jamiyat koʻzgusi. Bugun matbuotimizda dunyo iqtisodiyotidagi dolzarb masalalar asosiy mavzu boʻlib turibdi. Bular “yashil iqtisodiyot”ga jadal oʻtish, sunʼiy intellektni sohada tatbiq etish va undan samarali foydalanish kabi jihatlardir. “Yashil iqtisodiyot” nafaqat tabiatga koʻmak, balki texnik taraqqiyotning belgisi ham hisoblanadi. Chunki zamonaviy texnologiyalarsiz toʻlaligicha “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish imkonsiz. Sunʼiy intellekt esa taraqqiyotning eng yuksak choʻqqilaridan biri. Demak, bugun yangi Oʻzbekiston tadbirkorlari tafakkuri, orzu intilishlari xalqaro miqyosdagi koʻlamga chiqqan!
Bunga qanday erishdik?
Birinchidan, asossiz tekshirishlarga barham berildi.
Ikkinchidan, “yashirin iqtisodiyot” aniqlanganda jazolash emas, imkon berish yoʻli tutildi. Tadbirkorlarga davlat roʻyxatidan oʻtib, soliq toʻlab ishlasa, imtiyozlarga ega boʻlishi, faoliyati Prezident himoyasida ekani, xususiy mulk daxlsizligi borasidagi oʻzgarishlar tushuntirildi. Ikkita ish oʻrni yaratgan tadbirkor qonun va Prezident himoyasida ekani bot-bot takrorlandi. Bu holga koʻnikishga qiynalgan ayrim masʼullar bilan jiddiy ishlandi. Umuman, mamlakatda zamonaviy tadbirkorlik tafakkurini shakllantirish borasida nima zarur boʻlsa bajarildi.
Bularning barchasi tadbirkorlarning dunyoqarashi oʻzgarishga xizmat qildi. Olis qishloqlarda ham eksport bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar paydo boʻldi. Masalan, bozorlarimizda yaqin-yaqingacha qishning oxirlari yoki erta bahorda kartoshka, piyoz kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga uzundan uzoq navbatlar kutilardi. Tahlillar muammo shu turdagi mahsulotning kam yetishtirilganida emas, balki ularni saqlash bilan bogʻliq ekanida koʻrinardi.
Oʻzbekiston zaminida yetishtirilgan hoʻl mevalar vitaminlarga boy, shifobaxsh, deya haqli ravishda maqtanardik. Ammo supermarketlar tarmogʻida, asosan, xorijdan import boʻlgan hoʻl mevalar sotilardi. Vaholanki, yoz va kuz faslida pishib yetilgan hosilning katta qismini saqlash tizimi yoʻqligi tufayli ular yerga toʻkilib, isrof boʻlardi.
Keyingi yillardagi islohotlar sabab qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ularni saqlash tizimi ham rivojlandi. Bir necha kun oldin Navroʻz bayramini nishonladik. Ammo hozir ham kechagina uzilganday saqlangan uzumlar, anor va olma kabi hoʻl mevalar bozorlarimizni obod qilib turibdi.
Sitrus mevalarni sotib olish uncha-muncha oila uchun orzu edi. Soha rivoji sabab bunday mevalar oʻzimizda yetishtirilib, saqlanib, choʻntakbop narxda sotilyapti.
Ushbu yoʻnalishdagi oʻzgarishlar dinamikasini birgina Bulungʻur tumani misolida ham koʻrish mumkin. Tumanda yiliga oʻrtacha 260 ming tonna kartoshka yetishtirilgani holda, hududda 5-6 yil oldin uni saqlash yoki qayta ishlash holati achinarli edi. Tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgani hisobiga keyingi 4-5 yilda tumanda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash imkoniyati 27 ming tonna sigʻimga yetkazildi. 7-8 yil avval agrar tarmoqda yetishtirilgan mahsulotlarning
10-12 foizi qayta ishlangan boʻlsa, qisqa fursatda ushbu koʻrsatkich 30 foizdan oshirildi. Yaqin istiqbolda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan koʻplab loyihalar hisobiga qayta ishlash va saqlash quvvatlarini rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqish maqsad qilingani esa tadbirkorlik faoliyati rivojining joylardagi shashtu shiddatidan dalolat beradi, albatta.
Ishbilarmonlikni qoʻllab-quvvatlash — strategik yoʻlimiz
Oʻzgarishlar hayotimizda qanday yangiliklarga sabab boʻldi, degan savolga asosli javob bor. Masalan, toʻrt yil avval 23 foiz yoki 7,5 million aholimizning daromadi kambagʻallik chegarasiga ham yetmas edi. Oʻtgan davrda 3,5 milliondan ziyod fuqaro uchun daromad olish imkoniyati yaratilib, kambagʻallik 11 foizga tushirildi. Endi bu koʻrsatkichni 2028-yilgacha 7 foizga tushirish reja qilingan. Zero, aholi bandligini taʼminlashda tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesning oʻrni beqiyos. Oʻz oʻrnida bunday oʻzgarishlar yalpi ichki mahsulot hajmining ham keskin oshishiga sabab boʻldi.
Dastlab mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qoʻygan edik. 2024-yilning oʻzida yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 110 milliard dollarga yetdi. Biz 2030-yilga borib, iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Ochigʻi, boshida bu marraga koʻpchilik ishonmadi. Chunki mamlakatimizda imkoniyatlar cheklangan edi. Avvalo, yuqorida taʼkidlanganidek, tadbirkorlarni sunʼiy toʻsiqlar qiynardi. Ikkinchidan, qoʻshni mamlakatlar bilan aloqalarimiz koʻngildagiday emasdi. Bu oʻz-oʻzidan logistika, turizm kabi sohalarning oqsashiga sabab boʻlayotgandi. Mamlakatning ichki siyosatidagi ijobiy oʻzgarishlar dastlabki kunlardanoq tashqi siyosatda ham oʻz aksini koʻrsata boshladi. Bugun eng koʻp sayyohlar qoʻshni davlatlarimizdan kelyapti. Quvonarli jihati, bugun tibbiy turizm ommalashib bormoqda. Biz mazkur yoʻnalishda mamlakatimizni Markaziy Osiyo xabiga aylantiramiz, degan edik. Hozir qoʻshni davlatlardan tashrif buyurayotgan mehmonlarning bir qismi davolanish uchun kelyapti.
Umuman, yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosati sabab “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora hayotimizga kirib keldi. Bu, albatta, iqtisodiyotimizda ham oʻz aksini koʻrsatmoqda. Qolaversa, boshqa xorij davlatlari ham yuksak ishonch bildirib, hamkorlikka tayyor ekanini taʼkidlamoqda. Xususan, Prezidentimizning Fransiyaga tashrifi nihoyatda samarali kechdi. Tashrif chogʻida davlatimiz rahbari ishbilarmon doiralarning yetakchi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uning asosiy natijasi sifatida Oʻzbekiston — Fransiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga koʻtarish haqida tarixiy qaror qabul qilingani boʻldi.
Yana bir tarixiy voqelik Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangani boʻldi. Zero, ushbu orden Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti sifatida 1802-yildan buyon xalqaro darajada yuksak nufuz va obroʻ-eʼtiborga ega shaxslargagina berib kelinmoqda.
Quvonarli tomoni, Fransiya kompaniyalari bilan 2027-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilingan. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro boʻlgan aniq yoʻnalish va loyihalar kiritilgan. Dasturni amalga oshirish doirasida Fransiyaning yetakchi bank va moliya tashkilotlarini faol jalb qilgan holda biznes tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali vositalari keng joriy etilishi koʻzda tutilgan.
Demoqchimizki, rivojlangan mamlakatlar yangi Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Bizga ishonch bildirib, sarmoya kirityapti. Unutmaslik kerak, har qanday hamkorlikdan, avvalo, moliyaviy foyda koʻzlangan boʻladi. Yoʻnaltirgan mablagʻni foydasi bilan qaytarib olish, buning uchun uzoq yillik ishonchli kafolat bor-yoʻqligi hisobga olinadi. Shu bois, ular biror mamlakatga investitsiya kiritishdan oldin yetti emas, yetmish marta oʻlchab bir kesadi. Shu maʼnoda, oʻtgan davrda nafaqat tadbirkorlarimiz, balki xorijlik hamkorlar ishonchini ham qozona olishday katta yutuqni qoʻlga kiritdik. Muvaffaqiyatlar esa xalq farovonligi, yurt obodligi yoʻlida xizmat qilmoqda.
Shu oʻrinda yana bir muhim raqamga eʼtibor qaratish kerak. Soʻnggi besh yilda kichik va oʻrta biznesdagi tadbirkorlar soni 2 karra koʻpaydi. Bular endi avvalgiday soliqdan qochish, nomini oʻzgartirish oqibatida paydo boʻlgan soxta raqamlar emas!
Buni aholi bandligini taʼminlash borasidagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Yaʼni ushbu tadbirkorlar 10 million 500 ming odam — jami band aholining 74 foizini tashkil qilgan. Bu shuncha oila barqaror daromadga ega boʻldi degani. Iqtisodiyot hajmining yarmidan koʻpi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga toʻgʻri kelyapti. Vaholanki, yaqin-yaqingacha koʻpgina kichik va oʻrta tadbirkorlar konvert usulida maosh tarqatardi. Buning oqibatida noqonuniy ishlayotgan kishini istalgan vaqtda boʻshatib yuborish mumkin edi. Bu oʻsha fuqarolar daromadining barqarorligini shubha ostiga qoʻyar, ayrim yurtdoshlarimiz arzimas pulga ham koʻp ishlashga majbur edi. Chunki bunday sharoitda haq-huquqini talab qilish imkonsiz boʻladi. Bu oʻz-oʻzidan norozilik kayfiyatini uygʻotar, xalqimiz iborasi bilan aytganda, barakani qochirardi. Xalqni rozi qilish, inson qadrini ulugʻlash, deya boshlangan islohotlar zamirida ana shunday katta hayotiy haqiqatlar bor.
Yangi Oʻzbekistonda vaziyat tubdan oʻzgardi. Davlatimiz rahbari kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuv chogʻida: “Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash — bu bizning strategik yoʻlimiz! Tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli boʻladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi”, dedi.
Ana shu uchrashuv chogʻida mazkur strategik yoʻl ortga qaytmas tus olgani oʻz isbotini topdi. Kichik va oʻrta biznes yoʻnalishidagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi. Xususan, 2025-yilda uning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga koʻtarib, 70 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish vazifasi qoʻyildi. Iqtisodchilar yaxshi biladi, bu juda katta sakrash degani. Bunday katta marrani oʻz-oʻzidan zabt etib boʻlmaydi. Shu bois, yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standartga koʻmaklashib, kichik biznes eksporti oʻtgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqiladi.
Shu oʻrinda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasining ushbu uchrashuvdan soʻng aytgan fikrini keltirsak:
— Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 36 davlatda faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ulardan faqat 4 tasi har yili 1 milliard yevrodan koʻproq miqdorda moliyalashtirish oladi, — deydi Andi Aranitasi. — Maqsadimiz Oʻzbekistonni aynan ana shu davlatlar qatoriga kiritish hamda xususiy sektorning asosini tashkil etuvchi kichik va oʻrta biznes rivojini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor eʼtibor qaratish.
Koʻrinib turibdiki, xorijlik hamkorlarimiz bizni qoʻllab-quvvatlashga doim shay. Bu ham boʻlsa, yuqorida taʼkidlanganidek, yangi Oʻzbekistondagi islohotlarga bildirilayotgan yuksak ishonch namunasi.
Shuningdek, ichimlik suv, kanalizatsiya, yoʻl, qurilish, kommunal xoʻjalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish nazarda tutilmoqda. Bu kabi islohotlar esa 1,5 million doimiy ish oʻrnini tashkil etish, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish imkonini beradi. Qolaversa, kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni ham maqsad qilganmiz. Umuman, juda katta marra koʻzlanmoqda. Bunga erishish uchun xorijiy ekspertlar bilan birga dastur ishlab chiqilgan. Mazkur dasturga 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar yoʻnaltiriladi. Bu xalqimizga juda katta miqdorda sarmoya, millionlab ish oʻrinlari, daromad va natijada farovon turmush kafolati degani.
Maqola avvalida plastik kartamizdagi pulni naqd qilish, valyuta bozoridagi erkinlik haqida aytgan edik. Bugun oʻsha holatlarni olis oʻtmishdagi afsona kabi eslaymiz. Ayrimlar endi yangi va yanada ulkan oʻzgarishlar haqida ayting, deyishi mumkin. Bu tabiiy. Chunki togʻ choʻqqisini moʻljal olib yoʻlga chiqqan kishi ilk qadam tashlagan manzilini doim ham yodga olavermaydi.
Qolaversa, yirik qadamlari sabab boshdagi kichik odimlari koʻziga arzimasday koʻrinadi. Ammo ildizdan uzilmaslik, oyoqni yerda mahkam tutib turish uchun ham oʻsha ilk qadamni eslash zarur. Zero, dastlabki qadamlarning shahdi, shijoati va zavqi bugungi va kelgusidagi yutuqlar asosini tashkil etadi.
Albatta, yaqin kelajakda bugun belgilab olingan vazifalar natijasini quvonch bilan eʼtirof etishimizga ishonamiz. Zero, katta yoʻl avvalida doim tan halovatidan kechilgan, shunga munosib tarzda davom etish ishtiyoqi har dam olgʻa, yangi marralar sari chorlayveradi.
Salim DONIYOROV