баннер
1 Apr 2025
11:49

    Iqtisodiy samarador ishlanmalar soha rivojiga xizmat qiladi

    Jahondagi iqtisodiy va texnologik oʻzgarishlar metallurgiya sohasida ham oʻz aksini topmoqda. Yangi texnologiyalar paydo boʻlishi, ekologik standartlar kuchayishi, global raqobat muhiti kengayishi, yangi materiallar talab qilinishi – bularning barchasi metallurgiyani modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

    Ilmiy tadqiqotlar metallurgiya sohasidagi muammolarni hal qilish, yangi texnologiyalarni yaratishga qaratilgan boʻlib, sohaga innovatsion yondashuvni talab etmoqda.

    Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali ilmiy izlanuvchilarining tadqiqotlari yuqori qattiqlik, chidamlilik, yengillik va boshqa xususiyatlarga ega yangi materiallar yaratish, ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish, energiya tejovchi, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish va boshqa yoʻnalishlarda ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirishga qaratilgan. Bu borada yirik korxonalar — “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlari korxonalaridagi sanoat muammolari oʻrganilib, ilmiy-tadqiqot ishlariga yoʻnaltirilmoqda. Ana shunday ilmiy tadqiqotlardan biri poʻlat eritish jarayonida hosil boʻladigan shlaklardan marganes ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqishga qaratilgan.

    Metallurgiya shlaklari tarkibida temir, marganes, kremniy, kalsiy va boshqa foydali elementlar mavjud boʻlib, ulardan ishlab chiqarishda qayta foydalanish mumkin. Bu shlaklardagi metallarni metallurgik jarayonga qaytarish hisobiga tabiiy xomashyoni sotib olish xarajatini tejash, shuningdek, chiqindilar hajmini kamaytirish mumkin. Bu esa atrof-muhitga tushadigan bosimni pasaytirish va sanoat chiqindilari poligonlarining xizmat muddatini uzaytirishga yordam beradi. Poʻlat eritish jarayonida hosil boʻladigan shlaklardan marganes ajratib olish iqtisodiy foyda keltirishini inobatga olib, shlaklar tarkibida marganes metallini ajratib olish boʻyicha tajriba ishlari bajarilmoqda.

    Hozirgi davr talabiga javob beradigan, yaʼni asosan ekologik talablarni inobatga olib marganesni ajratib olishda gidrometallurgik usullardan foydalanildi. Natijada kam miqdordagi sarf-xarajat orqali 85 foiz yuqori tozalikka ega marganes tarkibli mahsulot ajratib olindi. Bu mahsulot poʻlat eritish jarayonida kislorodsizlantiruvchi qoʻshimcha sifatida qoʻllanadigan ferromarganes olish uchun ishlatiladi. Ferromarganes ishlab chiqarishda marganes mahsulotining asosiy qismi chetdan olib kelinishi va shlakni qayta ishlash natijasida qolgan qoldiqlar qurilish mahsuloti sifatida ishlatilishini inobatga olsak, bajarilayotgan ish katta iqtisodiy foyda keltiradi.

    Shuningdek, filialning yosh ilmiy tadqiqotchilari tomonidan murakkab tarkibli polimetall konlardan qimmatbaho komponentlarni kompleks ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. Hozir murakkab tarkibli polimetall rudalarni boyitish ancha qiyinlashib bormoqda va metallarning ajralish darajasi yildan-yilga past koʻrsatkichni koʻrsatmoqda. Buning asosiy sabablari sifatida ruda tarkibida qimmatbaho komponentlarning strukturaviy namoyon boʻlishi qiyin turdaligi va ruda zaxiralaridagi qimmatbaho komponentlar miqdori kamligi, mayin xol-xolligi, zarrachalarning teng taqsimlanmagani va yuqori dispersligi tasdiqlandi. Shu sababli murakkab tarkibli polimetall rudalarni boyitishga alohida yondashuv asosida texnologiya ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bugun dunyoda murakkab tarkibli polimetall kon rudalarini boyitish va gidrometallurgik qayta ishlash texnologiyasini takomillashtirish, yangi samarali texnologiyalarni ishlab chiqish orqali murakkab tarkibli polimetall rudalar tarkibidan barcha qimmatbaho komponentlarni kompleks ajratib olish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilmoqda. Bunday ilmiy tadqiqotlar yurtimizdagi zaxiralardan unumli foydalanish, dunyo boʻyicha qimmatbaho metallarga ehtiyojdan kelib chiqib, mamlakatimizda qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmini oshirish, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanib, ruda tarkibidagi metallarning katta qismini ajratib olish, olingan xomaki boyitma tarkibidagi qimmatbaho komponentlar miqdorini oshirish va yana boshqa bir qancha imkoniyatlarni beradi.

    Filialimiz olimlari tomonidan yuqorida keltirilgan ruda maydoni moddiy tarkibi, strukturaviy namoyon boʻlishi, mineralogik tarkibi va joylashuv shakllaridan kelib chiqib, har xil boyitish usullarida, turli xil dastgohlarda tadqiqot ishlari bajarilmoqda.

    Qimmatbaho komponentlarning yuqori ajralish koʻrsatkichiga erishish uchun hozirgi zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalaniladi. Natijada sarf-xarajat kamayib, yuqori samaradorlikka erishiladi. Olingan boyitma tarkibidagi komponentlar va ularning ajralish darajasidan kelib chiqsak, bajarilayotgan tadqiqot ishi mamlakat uchun yuqori iqtisodiy manfaatli ekani oydinlashadi.

    Xuddi shunday ilmiy tadqiqotlardan yana biri texnologik eritmalardan kobalt ajratib olishning ion almashinish uslubini ishlab chiqish masalasidir. Sulfat va nitrat kislotasi tutgan kobaltning sunʼiy eritmalaridan sanoatda ishlatiladigan turli tabiatli ionitlar yordamida turgʻun holatda kobaltni yutish va yuvib olish sharoiti oʻrganiladi. Kobaltni sunʼiy eritmalardan tanlagan ionit asosida ajratib olishning termodinamik parametrlari aniqlanadi. Laboratoriya sharoitida kobaltning texnologik eritmasini olishni modellashtirish imkonini beruvchi qurilma yigʻiladi va sinov ishlari uchun turli eritma namunalari olinadi. Dinamik holatda ion almashinish uslubida kobaltni yutish va yuvib chiqarish rejimini oʻrganish imkonini beruvchi maket yasaladi. Unda texnogen eritmadan kobaltning 96-98 foizini ajratib olish sharoiti aniqlanadi.

    Hozir “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ huzuridagi Chirchiq nodir metallar va qattiq qotishmalar zavodida kobaltni ajratib olishda qoʻllanadigan choʻktirish usulidan 20-25 foiz samarador, texnologik qulay va ekologik xavfsiz usul ishlab chiqiladi. Chetdan mamlakatimizga import qilinayotgan noyob metall – kobaltga ehtiyojning 70-75 foizini qoplash imkonini beruvchi texnologiyaga asos boʻladi. Agar 1 kilogramm kobaltning London birjasidagi narxi 21,55 dollar (280 ming soʻm) ekani hisobga olinsa, ishlanmaning amaliyotga kiritilishi katta iqtisodiy samara berishi ravshanlashadi.

    Ushbu ishlanmani “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasida tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun infratuzilma mavjud. Keyinchalik sanoat miqyosida qoʻllashga korxona mutaxassislari tomonidan ham katta qiziqish bildirilgan.

    Umuman olganda, tadqiqot ishi sanoat texnologiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarish muammolarini hal etishning ijobiy yechimini topishga qaratilgan boʻlishi kerak. Ilmiy tadqiqotchilar, olimlar tomonidan har bir tadqiqot ishi mana shunday maqsadlar asosida olib borilmoqda.


    Alisher SAMADOV,

    texnika fanlari doktori, professor


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech