Oʻzbekistonda bu illatga qarshi kurash barcha jabhalarda olib borilmoqda – qonunlar qabul qilinishi bilan bir qatorda raqamli texnologiyalar ham joriy etilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilgan islohotlar haqida Yurtboshimiz soʻzlar ekan, Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentligining tashkil etilganligini alohida qayd etdi. Eng sezilarli oʻzgarishlardan biri – Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat siyosiy doiralarda balki umummilliy muhokamaga olib chiqilganligi boʻldi. Bu muammoni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishda Ommaviy axborot vositalari asosiy rol oʻynadi. Ammo erishilgan yutuqlarga qaramay, muammo hali ham dolzarbligini yoʻqotmay yangi shakllarda namoyon boʻlmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga koʻra, byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish, firibgarlik va xizmat vakolatlaridan suiisteʼmol qilish kabi yangi korrupsiya shakllari paydo boʻlib boryapti.
Korrupsiyani bartaraf etish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali pora olish holatlarining kamayishi boʻldi. Bugungi kunda 400 dan ortiq xizmatlar onlayn tarzda taqdim etiladi, bu esa inson omilini va shu bilan birga noqonuniy taʼsir imkoniyatini bartaraf etadi.
Jumladan, davlat xaridlari, banklar, maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim tizimlari raqamlashtirildi, tadbirkorlar va aholiga xizmat koʻrsatishda ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiyadan voz kechildi. Buning natijasida tadbirkorlikda yangi 200 ming nafar tadbirkorlar bozorga kirdi va chet el ishtirokidagi korxonalar soni 5 baravarga oshib, deyarli 23 mingga yaqinlashdi. Bu esa erkin, raqobatbardosh bozorning tashkil etilishida toʻgʻri yoʻnalishda ketilayotganidan darak beradi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurash – faqat davlat organlarining vazifasi emas, balki har bir fuqaroning masʼuliyatli vazifasi – burchi hamdir. Halol mehnat va professionalizm muvaffaqiyatning asosiy mezonlari boʻlgan muhitni yaratish bizning umumiy maqsadimiz hisoblanadi. Bunga erishish uchun har bir inson halollik, oshkoralik va masʼuliyat tamoyillariga rioya qilishi talab etiladi.
Huquq normalari, ushbu normalarning huquqiy munosabatlari, huquqni qoʻllash, huquqni amalga oshirish shakllarini aniq bir tartibda ishlovchi mexanizmga oʻxshatish mumkin. Ushbu mexanizm — tirik organizmga oʻxshaydi, xuddi tirik yer, tirik oʻrmon, tirik inson kabi. Korrupsiya esa ushbu organizm uchun xavfli kasallik misoli. “Korrupsiya” soʻzining etimologik maʼnosi “buzilish” degani.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Davlat yoki jamiyatning korrupsiya bilan zararlanish darajasi qanday? Baʼzi mamlakatlarda faqat ayrim davlat va huquq tizimlari zararlangan, lekin yanada jiddiyroq va ogʻirroq ssenariyda — davlat va huquq organlarining jinoyatchilik bilan zararlanishidir.
Davlatimiz rahbari ham Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishidagi nutqida ushbu “xavfli kasallik”ka qarshi kurashish har birimizning burchimiz va vijdon ishimiz ekanini taʼkidlagandi:
– Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak!
Yurtimizda soʻnggi yillarda bu yoʻlda juda koʻp chora-tadbirlar amalga oshirildi. Oʻz navbatida ushbu kasallikni “davolash”ning turli uslublari mavjud va bu usullar faqatgina “dorilar” bilan emas, balki “jarrohlik yoʻli” bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Bunga misol qilib, Singapurda amaldorlar va sudyalar korrupsiyaviy jinoyat sodir etganlari uchun oʻlim jazosi bilan jazolanadi. Biroq, faqatgina “qamchi” usulining oʻzi har doim ham samara bermasligi maʼlum. Har bir mamlakat muammoni hal qilish uchun oʻziga xos yondashuv – tizimni tanlaydi. Oʻzbekistonda ham ushbu masalalarni hal etishda tizimli strategiyasi ishlab chiqildi. Bu haqida batafsil korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida ham muhokamalar boʻlib oʻtdi. Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi va parlament, hukumat aʼzolari hamda jamoatchilik vakillari bilan muloqot boʻldi. Eng ahamiyatlisi korrupsiyaga qarshi kurash muhokamasi uchun bunday tartibdagi yigʻilish ilk marotaba tashkil etilganligi edi hamda birgina shu yigʻilishda Prezidentimiz korrupsiya va unga qarshi kurashga yoʻnaltirilgan 55 ta aniq maqsad tashabbusini ilgari surdi.
Ulardan 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqilishiga kelishildi hamda ular ijrosi natijasida korrupsiyaga qarshi kurashda Parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyatlarining ahamiyati va roli oshirilishi, huquqiy asoslarning kuchaytirilishi koʻzda tutilgan. Bu islohotlar natijasida aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksaltirilib, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik hissi shakllanishi maqsad qilingan.
Xalq manfaatini koʻzlagan holda korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik, idoralar rahbarlarining masʼuliyat va javobgarligini yanada oshiruvchi tizim ishlab chiqilishi Davlat rahbari tomonidan alohida taʼkidlandi. Ushbu tamoyilga koʻra, davlat xizmatlari darajasi aholi tomonidan baholanadi hamda eng past koʻrsatkich qayd etgan rahbarlarga tegishli choralar koʻriladi. Bundan tashqari xalqaro investitsiyalar jalb qilinishida, auksionlarda, davlat xaridlari tizimida korrupsiyaning oldini oluvchi mexanizmlar joriy etilishi mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha islohotlardan koʻzlangan yana bir maqsad korrupsiyadan holi davlatlar reytingida yurtimiz mavqeyini yaxshilash hamda 2027-yilda UNCAC konferensiyasiga mezbonlik nomzodini maʼqullanishi hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat organlarining, balki butun jamiyatning hamjihatlikdagi harakatini talab etadi. Muhimi, har bir fuqaro oʻz burchi sifatida halollik, adolat va masʼuliyat prinsiplariga sodiq qolsa, albatta koʻzlangan maqsadga erishamiz.
Rasul RAHMONOV,
Iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor
Hamkorlik materiali