Yangi Oʻzbekiston gʻoyasining asosiy maqsadlaridan biri kelajak poydevori boʻlgan yoshlarni nafaqat huquqiy, siyosiy va iqtisodiy, balki maʼnaviy-madaniy, ijtimoiy va axloqiy yetuk, mustaqil fikrlovchi barkamol avlod etib voyaga yetkazishdir. Jahonda kechayotgan shiddatli geosiyosiy kurashlar, dunyoni qaytadan boʻlib olish, yoshlar qalbi va ongini zabt etishga qaratilgan kurashlar, ziddiyatlar shuni taqozo etadi.
Koʻzlangan maqsadga, albatta, milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni saqlab qolish, qadriyatlarga sodiq qolgan holda zamonaviylikka erishish, boy tarixiy merosimizni chuqur oʻrganish, qisqacha qilib aytganda, milliy maʼnaviyatimizni yuksaltirish orqaligina erishishimiz mumkin. Zero, faqatgina maʼnaviyatli shaxsni, xalqni, millatni yengib boʻlmaydi.
Oʻtgan asrning boshlarida yashab ijod qilgan jadidlik namoyandalari buni teran anglagan holda jamiyatni maʼnaviy-maʼrifiy rivojlantirish, xalqni, ayniqsa, yoshlarni ilm-maʼrifatga yetaklashni oʻzining yuksak maqsadi qilib belgilagan. Ular yoshlar tarbiyasida diniy va dunyoviy bilimlarni bir-biridan ajratmay, milliy oʻzlikni saqlagan holda zamonaviylikka erishishga harakat qilgan. Jadidlik harakati milliy uygʻonish, milliy ozodlik harakati edi.
Jadid bobolarimiz oʻz atrofida butun xalqni jipslashtirishga harakat qildi. Buning uchun dastlab yangi usul maktablariga asos solib, diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlarni oʻqitishni yoʻlga qoʻydi. Isteʼdodli yoshlarni xorijda oʻqitish, ularni qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot, moliya, tibbiyot va boshqa zamonaviy sohalar boʻyicha yetuk mutaxassislar etib tayyorlashni maqsad qildi. Oʻquv qoʻllanmalar, darsliklar yaratdi. Milliy teatr va milliy matbuotga asos soldi. Ular oʻz davrida millatga va jamiyatga katta naf keltirdi. Shu nuqtayi nazardan, jadidlar merosiga katta eʼtibor qaratilyapti, ularning ilmiy merosini tadqiq qilish kun tartibidagi muhim vazifaga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbarining «Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori taraqqiyparvar ajdodlarimiz hayoti, ilmiy merosini oʻrganishda yangi bosqichni boshlab berdi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Zero, Mahmudxoʻja Behbudiy xalqni ilm-maʼrifatli boʻlishga chorlab, jamiyatning dunyoga ochiq koʻz bilan qarashi, zamonaviy xoʻjalik yuritishda bilim, fan bilan qurollanib, faollik koʻrsatishni talab qilgan. Alloma “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”, degan haqqoniy fikrlari bilan xalqni uygʻotishga harakat qilgan. Taraqqiyotga eltadigan, birdan-bir ishga yaroqli tarbiya usuli sifatida Ismoil Gaspiralining “usuli jadid”ini tinmay targʻib qiladi. Hayotning turli sohalariga taalluqli, zamon ruhidagi bilimlarni yuksak tarbiyaviy talabchanlik bilan boshqalarga qaraganda qiziqarliroq, oddiyroq tarzda xalq tilida yoyishga harakat qildi.
Behbudiyning yoshlarimizga oʻrnak boʻladigan jihati koʻp. Eng avvalo, 25 yoshida xorijga chiqqan. Ilgʻor davlatlarning taʼlimga oid eng yaxshi tajribasini oʻz vatanida joriy etishga intilgan. Shaxsiy mablagʻi hisobidan koʻplab maktablar ochgan. Millatni mudom maʼrifatga, ezgulikka undagan. Dindor boʻlishiga qaramay, yoshlarni dunyoviy bilimlarni olishga chorlagan.
Uning taʼlim-tarbiya, dramaturgiya, tarjimashunoslik yoki jurnalistlik faoliyati toʻgʻrisida gapiramiz, shu orqali erk va ozodlikni targʻib etganiga eʼtibor qaratamiz. Vaholanki, Behbudiy oʻz davrining diniy ulamosi, yaʼni muftiy, maʼrifatparvar adibi edi.
1875-yili Samarqandda tugʻilgan, Yassaviy avlodidan boʻlgan Behbudiy 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, muftiy darajasiga koʻtariladi. Behbudiy haj safarida boʻlgan chogʻida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Sayohati davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlogʻida Ajziy, Rajabaminda Abdulqodir Shakuriy bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi. Behbudiy Qozon va Ufaga borib, u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yoʻlga qoʻyadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi.
“Risolai asbobi savod” (“Savod chiqarish kitobi”), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (“Aholi geografiyasiga kirish”), “Muntahabi jugʻrofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar xati”), “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kabi kitoblar chop ettiradi. Shuning uchun ham maktablar islohoti va mamlakat taraqqiyoti masalasi uning chiqishlarida uygʻun olib boriladi. «Boshqa millatlarga qaralsa, koʻrilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham oʻqilur. Chunki «dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol boʻlur».
Jadid maktablari mohiyatini Behbudiy qisqa va loʻnda qilib bunday talqin etadi: “… Zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlar va fununi zamoniyani darbar (oʻzida saqlagan, tashuvchi) qilgan odamlarni talab qilur”. Binobarin ana shunday odamlarni oʻqitib, tarbiyalab yetishtirish jadid maktablarining maqsadi boʻlgan. Lekin “johilona taassublik”ka berilgan, qadimchilar hisoblangan kishilar bu maqsad mohiyatini tushunmas, jiddiy qarshiliklar qilar edi. Ularga qarshi Behbudiy bir ogʻiz soʻz bilan “Kelar zamon uchun hozirlanayluk, oʻtgan zamon uchun emas”, deya javob beradi.
Behbudiyning Turkiya, Misr, Qrim, Kavkaz, Qozon, Rossiya, Yunoniston, Bolgariya, Avstriya, Germaniya, Ukraina, Saudiya Arabistoni, Suriya va boshqa qator yurtlarda boʻlib, taʼlim haqida maʼlumotlar olgani maktablar islohoti borasidagi qarashlarini takomillashtirdi. Taʼlimda ilgʻor mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy va harbiy sohalarda ham peshqadamligiga havas bilan qaradi. Turkiston ham ana shunday davlatlar qatorida boʻlishini orzu qildi.
1914-yilda “Oyina” jurnalida bosilgan “Muhtaram yoshlarga murojaat”ida nadomat bilan bunday fikrlarni yozadi: “Yer yuzidagi barcha millatlar oʻz bolalarini(ng) ibtidoiy tarbiyasigʻa va maktablarning har jihatdan intizomi va akmoliga ahamiyat berub bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal yetushdurarlar. Aning uchundurki, oʻzga millatlar diniy va milliy hissiyotga molik boʻlub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar”. Uning fikricha, bu hissiyotni maktablar tarbiyalashi kerak. Jadidlar ustozi maktablarni “taraqqiyning boshlangʻichi, madaniyat va saodatning darvozasi” deb biladi.
U kelajak davrni “tamaddun asri” deb ataydi. Bunday davrda zamonaviy ilmlarsiz, quruq, chirik tafakkur bilan yashab boʻlmaydi. Shuning uchun u jadid maktablarida koʻproq zamonaviy, dunyoviy fanlarni oʻzlashtirishga diqqat qaratadi. Dunyoviy fanlarni esa jahonning taraqqiy qilgan xalqlari ilm-fani orqali oʻrganish koʻzda tutiladi.
“Oyina” jurnalining birinchi sonidayoq “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqib, oʻzbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shart, deydi. Ulugʻ maʼrifatparvar yoshlarni zamon bilan hamnafas boʻlish, zamonaviy ilmlarni oʻrganishga shu qadar koʻp tashviq qiladiki, hatto bugun ham bu fikrlar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Behbudiyning zamonaviy ilmlarga daʼvati hamon dolzarb boʻlgani kabi ularni egallashda monelik qiladigan illatlardan ham xalos boʻlmadik, balki ular ortmoqda. Mutafakkirning qarashlari bugungi kunimizga ham mos deb oʻylayman. Yoshlarimizning ilm, zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellektni oʻrganishi, oʻzlashtirishiga katta eʼtibor qaratilayotgan bir paytda ularning muayyan qismi bozorda, koʻcha-koʻyda olibsotarlik qilish, mavsumiy ishlarda ishlashni afzal koʻrmoqda. Oʻsha davrdagidek, toʻy va aza dabdabasiga berilish, soxta obroʻ va hasham ishtiyoqi, vaqtni zoye qilish, pora berish, ilm ahliga nopisandlik bilan qarash illati bugun ham oramizdan koʻtarilmagan.
Maʼrifatparvar bobomiz koʻp biladiganlar dunyoni koʻproq anglashini, yutuqlar ortida ilm turganini tushunishini ham yaxshi anglaydi. Dunyodagi katta yutuqlarning hammasi shundan. Buning haqiqati shundaki, bugun ayrim davlatlar xomashyo sotishdan million yoki milliard dollar foyda koʻrayotgan boʻlsa, axborot texnologiyalari yoki sunʼiy intellekt ortidan rivojlangan davlatlar trillionlab daromad topmoqda. Kichik moddiy muvaffaqiyatlar avomnigina emas, haqiqiy ilm ahli boʻlmaganlarni ham chalgʻitadi. Taraqqiyot, chin yutuqlar uchun haqiqiy ilm ahlini tarbiyalab yetishtirmoq lozim. Behbudiy avom ilm ahliga ergashsagina haqiqiy taraqqiyga, yutuqqa erishiladi, degan xulosaga keladi va deydi: “Boshqa millat ulamosiga tobe ekan, bizning ulamo bilʼaks avomgʻa tobedur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma-oʻttuz sana soʻngra yana yomonroq boʻlur, musulmonlik ilm va odob ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur”.
Jadidlar peshvosi “Padarkush” nomli birinchi oʻzbek dramasini yozish va sahnalashtirish orqali milliy teatrning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. “Padarkush” oʻqimagan, johil va nodon bolaning oʻz otasini oʻldirgani haqida edi. Behbudiy bu asar janrini “milliy fojia” deb atagan. Asar Samarqandda 1914-yil 25-yanvarda sahnaga qoʻyildi. Drama xalqqa kuchli taʼsir koʻrsatadi.
Abdulla Qodiriy “Baxtsiz kuyov” dramasini shuning taʼsirida yozgani maʼlum. “Padarkush” ham janr, ham mazmuniga koʻra, yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan asar boʻldi. Drama Toshkentda 1914-yil 27-fevralda Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi. Behbudiy teatrni tushunmay, uni din yoʻli bilan man qilishga urinuvchi kimsalarga “Padarkush”ni misol qilib: «Muhtaram hamshaharlarimizdan rijo etarmizki, kelib koʻrgonlari gunah boʻlgon joyini koʻrsatsalar», deydi.
Behbudiy matbuot ravnaqiga ham katta hissa qoʻshdi. “Samarqand” gazetasini chiqaradi. Gazeta oʻzbek va tojik tillarida, haftada 2-marta chop etildi. Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalari soni 300 taga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda. Ilk maqolalaridayoq kommunistik mafkurani keskin rad etgan, “xayoliy”, “bu toifaga qoʻshulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik” deb yozgan edi (“Xayrul umuri avsatuho” — “Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir”, “Xurshid” gazetasi, 1906, 6-son).
1917-yilning oxiri – 1918-yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi — Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal boʻlayotgan bir paytda oʻlka xalqlarini birlikka chaqiradi. Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizgʻin qoʻshildi. Uning fikrlari umumlashtirib xulosa qilinadigan boʻlsa, Turkiston xalqining har bir aʼzosini oʻqimishli, milliy qadriyatlar jonkuyar, oʻzligini anglagan, jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlaridan bahramand, ular istifodasiga qodir, milliy taraqqiyotga monelik qiluvchi illatlardan xalos boʻlgan va ularga qarshi kurashuvchi shaxslardan iborat bir jamiyat, yaʼni yuksak madaniyatli va maʼnaviyatli jamiyat orzu qilingan.
“Oh! Biz qanday keyin qolganmiz. Xalqi olam usuli jadid va ilmi zamoniy ila osmonlarga uchar, biz hanuz bir-birimizni takfir (kofirga chiqarish) va talʼin (laʼnatlash) ila vaqt oʻtkarurmiz”, deydi u. Koʻzlangandek jamiyat aʼzolari boʻlishi, jahonda munosib oʻrin egallashi uchun millatdoshlarining ikki emas, toʻrt til bilishi lozimligi kun tartibiga jiddiy masala qilib qoʻyiladi. Chiqishlaridan birida maʼlum bir shaharda yahudiylar oʻliklarini oqshom eltib koʻmishlarini eslatib, bunga ularning kunduzi odamlarni ishdan qoldirmaslik maqsadi sabab ekanini taʼkidlaydi. Bizda boʻlsa, toʻy, maʼrakalar uchun haftalar, baʼzan oylar uvol ketishidan ozorlanadi. Shuningdek, yoshlarni vaqtning qadriga yetishga, uni imkon qadar ilm-fan oʻrganishga sarflashga daʼvat etadi.
Mahmudxoʻja ayollarning ilmli boʻlishiga befarq emasdi. Turkiston jadidlarining asosiy maqsadi ayollarning ham dunyoviy bilimlarni egallashiga yoʻl ochib berish edi. “Til masalasi” maqolasida “Taraqqiy etgan millatlarni onalari oʻqitar ekan, biz avval onamizni oʻqutub, anga til oʻrgatmogʻimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandir”, deya bejiz yozmagan. Yaʼni farzandlarimizning ilmli boʻlishi ayolga, onaga bogʻliqligini isbotlab bergan.
Behbudiy din himoyachisi sifatida ham yoshlarga dunyoviy ilmlarni puxta oʻrganish diniy eʼtiqodni kuchaytirishi toʻgʻrisida misollar keltirib, oʻgit beradi: “Zotan, islomiyat shunday bir dini matin va qobili taraqqiydurki, naqadar ilmi zamoniy koʻp oʻqusa, insonni yana dini islomga aqidasi shuncha mustahkam boʻlur”.
Afsuski, millatimizning ilgʻor ziyolilari erta soʻndirildi. Birgina 1937-1938-yillarda 7000 ga yaqin, umuman olganda, 1937-1953-yillarda Oʻzbekistonda 100 ming odam qatagʻonga uchragan, ularning 13 mingi oʻldirilgan. Oʻsha davrdagi siyosiy qatagʻon asosan, intellektual elita — ziyolilar, olimlar va ijodkorlarga qaratilgan edi. Xalqning madaniy, ilmiy va siyosiy hayotida yetakchi ahamiyatga ega boʻlgani sababli ular potensial tahdid sifatida koʻrilgan.
Hozir milliy madaniyatimizni tiklash va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Biroq qatagʻon davrida yoʻqotilgan asarlar, ilmiy maktablar va anʼanalarni tiklash oson emas. Shunga qaramay, bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish anʼanaga aylandi.
Prezidentimiz qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida Behbudiy tavalludining 150-yilligiga bagʻishlangan ilmiy-maʼrifiy anjumanlar, davra suhbatlari boʻlib oʻtayotgan ekan, bularning bari millat oydinlarining ibratli faoliyatini oʻrganish va targʻib etishda yangi imkoniyatlarni ochib berishi aniq. Xususan, uning “Tanlangan asarlar” toʻplami, hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop kitoblari nashrga tayyorlanib, chop etilishi, Mahmudxoʻja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirilishi hamda bugunga qadar yaratilgan “Mahmudxoʻja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishi oʻtkazilishi, 2025-yil oktyabrida “Mahmudxoʻja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini oʻrganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, noyabrda esa tantanali adabiy-maʼrifiy xotira kechasi tashkil etilishi kabi chora-tadbirlar allomaning hayoti, ijodiy merosi va erishgan yutuqlari Oʻzbekiston tarixida qanday muhim oʻrin tutishini xalqimizga anglatishda katta ahamiyatga ega.
Eʼtibor bersak, qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan qanchadan-qancha asarlar, filmlar yaratilayotir. Boy va qadimiy tariximizga yangi nigoh bilan qarash, ochilmagan sahifalarini oʻrganish, buzib talqin qilingan joylarni xolisona ilmiy tadqiq etishga kirishilgani quvonarli. Bugun jadidlik harakati tarixini oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir pallada olimlarimiz koʻproq jadidlarning qatagʻon qilinishi masalasiga ahamiyat bermoqda.
Ammo qatagʻongacha boʻlgan davrda jadidlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jarayonda tutgan oʻrni keng tadqiq qilinmayapti, nazarimizda. Xalqimiz ularni faqat qatagʻon qurboniga aylangan jabrdiydalar sifatida taniyapti. Jadid bobolarimiz har birining ibratli hayot yoʻli, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, ilmiy va maʼnaviy merosi bor. Bularni yanada chuqur oʻrganishimiz kerak. Yoshlar orasida ularning hayot yoʻlini koʻproq targʻib qilishimiz lozim. Zero, jadidlarning falsafiy qarashlaridagi diniylik va dunyoviylik uygʻunligi jamiyatimiz taraqqiyotida yoʻlchi yulduz boʻlishi aniq. Shu bilan birga, tarixning ochilmagan qirralarini tadqiq qilish orqali yoshlarimizga mustaqillikning bebaho neʼmat ekanini anglatish, istiqlolni koʻz qorachigʻidek asrash muqaddasligini tushuntirishga xizmat qilgan boʻlamiz.
Ismoil SAIFNAZAROV,
falsafa fanlari doktori, professor