Buxoro turistik chorrahaga aylanmoqda

    Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari, shuningdek, Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida bergan koʻrsatmalari asosida azim Buxoroda ham iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda koʻzlangan natijalarga erishilyapti. Ayniqsa, hududda turizm sohasi izchil rivojlanmoqda.

    Joriy yil 29-mart kuni Prezidentimiz raisligida turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2022-yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2021-yilga nisbatan 3 barobar oshgani alohida taʼkidlab oʻtildi. Buxoro viloyatida ham bu borada keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

    Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentyabrdagi “2022-2026-yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan, 2026-yilga qadar Buxoro viloyatida turizm sohasini ­rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari alohida belgilab qoʻyilgan.

    Xususan, turistlarga yanada qulay sharoitlar yaratish va xizmatlar eksportini koʻpaytirish maqsadida mehmonxonalar, muzeylar, kafe-restoran, savdo shoxobchalari va boshqa obyektlarda 67 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi, 35 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomati oʻrnatildi. Xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buxoro shahrida oʻn yildan ortiq vaqt davomida ishlamay turgan 3 ta yirik “Buxoro-palas”, sobiq “Zarafshon” va sobiq “Varaxsha” mehmonxonalari investorlarga berildi. Ayni paytda ushbu mehmonxonalar oʻz faoliyatini boshladi.

    Hozirgi kunda sobiq “Buxoro Palas” mehmonxonasi “Wide Tent System” MCHJ tomonidan toʻliq rekonstruksiya qilinib, dunyoning top-10 talik roʻyxatiga kiruvchi mashhur brend “Wyndham” bilan shartnoma imzolandi. Bundan tashqari, Yetti pir ziyoratgohlariga tutash hududlarda 7 ta mehmonxona qurish uchun ikki gektarga yaqin yer uchastkalari ajratildi va hozirda qurilish-obodonlashtirish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.

    Ekoturizm, gastronomik turizm, agroturizm, qishloq turizmi, madaniy turizm kabi yangi turistik marshrutlar va xizmatlar turi oʻzlashtirildi.

    Buxoro shahrining Arabon koʻchasida joylashgan XVI asrga oid qadimiy obyekt negizida “Usta-shogird” miniatyura markazi tashkil etildi.

    Xorijlik va mahalliy sayyohlarni oʻziga ohanrabodek tortayotgan koʻhna va boqiy Buxoro yildan-yilga yangi qiyofa kasb etmoqda. Koʻp qavatli binolar, turli ijtimoiy soha obyektlarining qurilishi shahar koʻrkiga koʻrk bagʻishlamoqda. Albatta, aholiga qulaylik yaratish maqsadida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarining ish boshlashi, oʻz navbatida, tadbirkorlik rivoji uchun ham keng yoʻl ochayotir.

    Viloyatga xorijiy va mahalliy say­yohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida 2026-yilga qadar jami mehmonxonalar sonini 679 taga yetkazish, tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy turistlar sonini 5,1 million nafarga yetkazish hamda 60 ta yangi turistik yoʻnalish tashkil etish koʻzda tutilgan. Turizm salohiyati yuqori boʻlgan shahar va tumanlarda esa “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi”, “Turizm koʻchasi” tashkil etish borasidagi ishlar ham jadallashtirilmoqda. Sayyohlar sonini oshirish maqsadida 30 ga yaqin aviaqatnov, 24 ta xorijiy yoʻnalishni tashkil etish rejalashtirilgan.

    Albatta, bugun Buxoro shahrida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz mazkur ishlar natijasini oʻz hayotida yaqqol his qilmoqda. Boʻlayotgan oʻzgarishlar barchani birdek yaratuvchanlikka, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq qilishga chorlamoqda. Buxoro viloyatidagi 829 ta moddiy-madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan. Ular tarkibida 287 ta arxeologiya yodgorligi, 31 ta madrasa, 105 ta masjid, 14 ta maqbara, 133 ta arxitektura ansambli, 15 ta karvonsaroy, 4 ta tim va toq, 18 ta diqqatga sazovor joylar, 122 ta qadimiy uy-joy, 83 ta arxitektura yodgorligi, 17 ta monumental yodgorlik qayd etilgan.

    Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorlikda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ICESKO) roʻyxatiga Buxorodagi 7 ta obyekt: Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Bakr, Bahouddin Naqshband majmualari, Magʻoki Attor masjidi, Poyi Kalon ansambli, Qadimgi Poykent shahri qoldiqlari va Toshsaroy madrasasi kiritildi.

    Xitoyning Fujou shahrida oʻtkazilgan YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasining 44-sessiyasida Jahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun taklif qilingan obyektlar boʻyicha yangilangan roʻyxatga Buxoro viloyatidan 7 ta madaniy meros obyekti: Poykent, Varaxsha, Vardonze, Chor Bakr va Bahouddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, Chashmai Ayyub xazirasi kiritildi.

    Mahalliy byudjet hisobidan oʻtgan yili Buxoro shahrida uchta, Gʻijduvon tumanida uchta, Vobkent tumanida bitta, Buxoro tumanida bitta, Qorovulbozorda bitta, viloyat boʻyicha jami 9 ta madaniy meros obyektini taʼmirlash ishlari boshlab yuborilgan edi.

    Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan Chor Minor, Rahmonqul madrasalari, Samarqand darvozasi, Zindon, Kulita karvonsaroyi va boshqa shu hududlardagi madaniy meros obyektlarini yomgʻir suvlari taʼsiridan asrash zarurligini inobatga olib, mazkur koʻchalarning yoʻlaklarini taʼmirlab, yomgʻir suvlarini madaniy meros obyektlaridan uzoqlashtirish choralari koʻrildi.

    Bir qator xalqaro festival va anjumanlarning Buxoro shahrida oʻtkazilishi ham viloyatga sayyohlar oqimini oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro shahrida oʻtkazilayotgan “Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik” hamda “Kashtadoʻzlik sanʼati” xalqaro festivallari ham muhim istiqbolli tadbirlar hisoblanadi. Oʻtgan yili oʻtkazilgan ushbu tadbirlarda 58 davlatdan 220 dan ziyod xorijiy mehmon, 38 davlatdan 130 dan ortiq chet ellik usta-hunarmand hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan 300 dan ziyod zardoʻz, kashtadoʻz, zargar va hunarmand qatnashdi.

    Eʼtiborli tomoni, xorijiy sayyohlar tomonidan ularning deklaratsiyalariga asoslanib aytadigan boʻlsak, 15,6 kilo­gramm kumush va 4,8 kilogramm miqdorda oltindan yasalgan taqinchoqlar xarid qilingan. Bu oʻrtacha 284,5 ming AQSH dollari yoki 3,2 milliard soʻmni tashkil etadi.

    Oʻtgan yilning may oyida Buxoroda “Zardoʻzlik, zargarlik va milliy kashtachilik sanʼati” festivalining tashkil etilgani, “Buxoro — dunyo hunarmandlari poytaxti” deb eʼlon qilingani tahsinga sazovor.

    Sirasini aytganda, mamlakatimizda “inson — jamiyat — davlat” tamoyili ustuvorlik kasb etayotgan bugungi kunda koʻhna va hamisha navqiron Buxoroda ham ushbu tamoyil asosidagi bunyodkorlik ishlari keng quloch yoymoqda.

    Nasimjon ALIMOV,

    iqtisod fanlari nomzodi, dotsent