Buxoroga joriy yilning 9 oyi davomida 141 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurgan

    Turizm 5 Oktabr 2020 2187

    Bu haqida viloyatda turizmni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda galdagi vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori Suxrobjon Bobokalonovning taʼkidlashicha mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli joriy qilingan qatʼiy karantin choralari iqtisodiyot jumladan, uning muhim tarmogʻi hisoblangan turizmga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Xalqaro avia, temir yoʻl va avto qatnovlarning cheklanishi yurtimizga kelish istagida boʻlgan sayyohlar oqimining toʻxtab qolishiga sabab boʻldi.

    Biroq pandemiya sharoitida ham turizm va unga yondosh sohalarni qayta tiklash, shuningdek, pandemiyadan zarar koʻrgan sohadagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan turizmga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Buning natijasida Buxoro viloyatida turizm boʻyicha oʻsish surʼatlari kuzatilgan.

    Viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 141 ming 499 nafarga yetdi. Bunda, xorijiy turistlar soni 10 ming 989 nafarni tashkil etadi.

    Oʻtgan davr mobaynida viloyat boʻyicha jami 29 ta joylashtirish vositalari (shundan 10 ta zamonaviy mehmonxona, 5 ta hostel, 14 ta oilaviy mehmon uylari) foydalanishga topshirildi. 31 ta transport vositalari keltirildi. 3 ta zamonaviy restoran barpo etildi.6 ta turistik kompaniyalar hamda 1 ta turizm axborot markazi tashkil etildi. 4 ta yoʻl koʻrsatgichlari oʻrnatildi.
    Bugungi kunda jami 8 ming 580 ta oʻringa ega 366 ta joylashtirish vositalari mavjud boʻlib, shundan 151 ta mehmonxonada 5 ming 945 ta oʻrin, 178 ta oilaviy mehmon uylarida esa 1 ming 745 ta oʻrin, 35 ta hostellarda 880 ta oʻrin faoliyat koʻrsatayotir.

    Sayyohlarga yana-da qulay sharoitlar yaratish va xizmatlar eksportini koʻpaytirish maqsadida valyuta ayirboshlash shoxobchalari 74 taga yetkazildi. (2019-yil yakuni bilan 68 ta boʻlgan), 5 ta qoʻshimcha avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomatlari oʻrnatilib, ularning soni 40 taga yetdi.

    Oʻtgan davr mobaynida sayyohlar tashrif buyuradigan madaniy meros obyektlari soni 123 tadan 131 taga yetkazildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-maydagi PF-6002-son bilan “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan mamlakatimizda 2020-yilning 1-iyunidan boshlab Buxoro viloyati “yashil” hudud sifatida belgilanganligi va ichki turizmni qayta yoʻlga qoʻyish bilan birgalikda yondosh tashkilotlarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilanganligini inobatga olib, bugungi kunda viloyatda faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq turoperatorlar tomonidan 1, 2 va 3 kunlik turistik dastur (turpaket)lar tayyorlanib, mahalliy sayohatchilarga yetkazish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi.
    Joriy yilning 15-avgustidan bugungi kunga qadar keng koʻlamli targʻibot ishlari yoʻlga qoʻyilishi natijasida, hozirga qadar 29 ming 50 nafar viloyat aholisini voha boʻylab, 4 ming 800 nafar aholining viloyatlararo sayohatlari tashkil etildi. Respublika hududlaridan viloyatga 8 ming 335 nafar fuqarolarning ichki turizm sayohatlari tashkil etildi.
    Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida Romitan tumanining Boʻrontepa qadimiy yodgorligi hududida “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion turizm klasteri tashkil etildi. Ushbu turizm markazida 30 ga yaqin turistik xizmatlar koʻrsatiladi.

    Shuningdek, plyaj turizmini rivojlantirish yoʻlida Qiziltepa tumani Toʻdakoʻl suv ombori negizida “Bukhara Brilliant Silk” kompaniyasi tomonidan 15 ga yer maydonida “Silk Road Ressort & Spa” choʻmilish havzasi tashkil etildi.

    Hozirda ushbu hududda boshqa turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Viloyat boʻyicha umumiy qiymati 664.3 milliard soʻm boʻlgan 60 ta (51 ta mehmonxona, 9 ta motel) joylashtirish vositalarida qurilish ishlari davom etmoqda. Mazkur mehmonxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida 1103 ta yangi ish oʻrni hamda 2780 ta xona, 5320 ta yangi oʻrin yaratilishi nazarda tutilgan. Joriy yil yakuniga qadar 11 ta joylashtirish vositasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.Viloyat boʻyicha jami 4 ta hunarmandchilik markazlari barpo etilmoqda.

    Buxoro shahridagi Magʻoki Koʻrpa obyektida “Bukhara Nice Carpet” MCHJ tomonidan gilam toʻqish markazi, xususiy tadbirkor Sabina Burxanova tomonidan Xoʻja Nurobod koʻchasida zargarlik markazi, I.Moʻminov koʻchasi, “Zarkon” MCHJ tomonidan zardoʻzlik markazi, Buxoro tumanida Akmal Muhitdinov YATT tomonidan hunarmandchilik va savdo markazi qurilmoqda.
    Toʻdakoʻl hududida turistik zonani tashkil etish va rivojlantirish borasida hamda Olot tumanidagi Tuz konida tibbiyot yoʻnalishida turizm klasterini tashkil etish imkoniyatlari atroflicha oʻrganildi. Har bir obyekt boʻyicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi tayyorlandi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga taqdim etildi.

    Matbuot anjumanida departamentning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning 4-choragida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha xam atroflicha toʻxtalib oʻtildi.