Buxoroning qadimiy qozixonalari qayta tiklanmoqda

    “Dor-ul quzzot” o'z davrining eng ishonchli va mustahkam qo'rg'oni bo'lgan.

    Tarix sir-sinoatlarga to'la. Uni o'rganganing sari sayqallashib, bugungi kunga yo'l ochgan o'tmish manzaralari oydinlashib boraveradi. Diyorimiz olis davlatchilik tarixi, buyuk allomalar, qadimiy shaharlaru, tarixiy obidalarga boy. Ularda hali o'rganilmagan jihatlar, kashf etilmagan yangiliklar, topilmagan ma'lumotlar qancha. Birgina Buxoroning o'zi Sharq xalqlari madaniy merosining eng katta boyliklaridan biridir. Qadimdan ilm-fan o'chog'i bo'lib kelgan bu maskanda hozir ham o'rganilmagan tilsimlar bisyor.

    Ularni tadqiq etish orqali o'tmish, bugun va kelajakni o'zaro bog'lash soha olimlari zimmasida ekani ham sir emas. Shu maqsadda muntazam olib boriladigan turli tadqiqotlar, xalqaro loyihalar ko'lami oxirgi yillarda yanada ortib borayotgani quvonarli. Yangi izlanishlarni davom ettirish, tariximizni chuqurroq o'rganish uchun ajratilayotgan davlat grantlari, qo'shimcha mablag'lar esa ilm-fan sohasi rivojiga katta turtki bermoqda.

    Ana shunday grantlardan birini Buxoro davlat universiteti va “Buyuk ipak yo'li” Buxoro viloyat madaniy-ma'rifiy markazi olimlari qo'lga kiritgan edi. O'tgan bir yil davomida “Buxoro amirligi qozixona mahkamasi tarixi” deb nomlangan ilmiy loyiha doirasida qator izlanishlar olib bordik. Arxeologik va ilmiy tadqiqotlar XIX asrga oid “Qozixona” madaniy meros yodgorligida o'tkazildi. Bu joy Buxoro amirligida fuqarolarning huquqiy munosabatlarini hal etishda asosiy bo'g'inlardan biri hisoblangan va hozirgacha saqlanib qolgan bo'lib, milliy davlatchiligimiz tarixining o'rganilmagan sahifalaridan biri hisoblanadi.

    Tarixiy manbalardan ko'rinadiki, Buxoroda azaldan ilm-fan taraqqiy etishi barobarida, jamiyatda adolatni ta'minlashga o'zining munosib hissasini qo'shgan atoqli qozilar ham etishib chiqqan. Bu qadim shaharda qozikalonlik qilib dong taratgan, ilmu ma'rifati va adolati bilan namuna ko'rsatgan etti nafar qozi o'tgani ham ma'lum.

    Hududda qonunchilik mahkamalarining vujudga kelishi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Dastlab zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” jamiyatning huquqiy qarashlarini o'zida ifodalagan bo'lsa, keyinchalik, davlatchilik asoslari tobora tarixiy tajribalar asosida takomillashib borgan. Ayniqsa, islom dinining kirib kelishi va shariat qoidalari asosida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotning tartibga solib borilishi Buxoroda ham qozilik mahkamalarining vujudga kelishiga poydevor qo'ydi. Natijada ular jamiyatda adolatni qaror toptirishning huquqiy kafolatiga aylandi. O'tgan o'n ikki asr davomida qozilar faoliyat yuritadigan maskan — “qozixona”lar esa “dor-ul quzzot”, ya'ni adolat dargohi sifatida aholining huquqiy munosabatlarini ta'minlaydigan ishonchli va mustahkam qo'rg'on bo'lib keldi.

    Odatda, qozilar o'z faoliyatini olib borish uchun qulay deb bilgan joylarni ixtiyoriy ravishda tanlaganlar. Aksariyat hollarda ular masjid, madrasa yoki o'z uylarida ish olib borgan. Keyinchalik alohida binolar qurilib, maxsus qozixonalar va mahkamalar tashkil etilgan. Buxoro amirligida qozixonalar faoliyati Amir Shohmurod (hukmronlik davri: 1785-1800-yy.) davrida kengayib bordi. Shohmurod mamlakatda adolatni qaror toptirish maqsadida shaxsiy namuna ko'rsatib, Minorai kalon yaqinidagi hovlisida fuqarolarning arz-dodlarini eshitish va ularni hal etish tizimini joriy etgan. Natijada amirlik poytaxti Buxoroda qozixonalar va qozilar tasarrufida bo'lgan hovuz, hammom, bog', madrasa va masjidlar soni XX asr boshlariga qadar muttasil kengaya bordi.

    Huquqiy xizmatlarning dastlabki ko'rinishlari

    Biz tadqiqot davomida hozirda hayot bo'lgan buxorolik nuroniylar xotiralari, ilmiy adabiyotlarda keltirilgan ma'lumotlar, arxiv hujjatlari hamda 2022-2023-yillarda olib borilgan arxeologik izlanishlar natijalarini o'rgandik. Bugungi kunda qisman saqlanib qolingan Buxoro amirligining markaziy qozixonasi qiyofasini tiklash maqsadida uning dastlabki manzarasi qanday bo'lgani, mahkama jarayonlari qanday amalga oshirilgani hamda qozixonaning tarkibiy qismlari qanday xonalardan iborat bo'lgani kabi savollarga javob izlashga harakat qildik.

    O'rganishlarimiz natijalarida ko'rinadiki, o'sha davrlarda qozikalon yashagan uy va sud boshqarmasi binosi qozixona, deb yuritilgan. Sud ishlari uchun mo'ljallangan maxsus binolar Buxoro shahri hududida mavjud bo'lmay, ayni paytda qozikalon uyi ushbu vazifani bajargan. Qozilarning uylari loyiha va qurilishi jihatdan u erda qozixona joylashishi yoki joylashmasligiga bog'liq bo'lmay, an'anaviy Buxoro aholisi xonadonlaridan biror jihati bilan ajralib turmagan. Biroq fuqarolarni qabul qilish va ularga huquqiy xizmatlar ko'rsatish hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etish uchun tadbirlar o'tkazish kabi talablarga javob bera olgan.

    Tarixiy manbalarning dalillik berishicha, Buxoro shahrida bir necha qozixonalar faoliyat yuritib, markaziy qozixona Ark qo'rg'onidan tashqarida — Minorai kalonning janubi-g'arbi, Shahriston va Gavkushon mavzelari o'rtasidagi Sharifjon guzarining jarlik yoqasidagi qismida joylashgan. Bu mavze XVI asrda Mirzoquli guzari, deb nomlanib, juda kichik va aholisi ham oz bo'lgan. U erda dastlab, faqatgina qozikalon hovlisi, ya'ni qozixona bo'lgan. Guzarda aholining ko'pchiligi qozixonada turli lavozimlarda, xususan, mirzalik va mulozimlik vazifalarida ishlagan. Boshqa qismi esa hunarmandchilik va savdo bilan shug'ullangan.

    Qozixonaning uchta darvozasi bo'lib, uning markaziy darvozasi fuqarolarni qabul qilish uchun mo'ljallangan. Qozikalon uyining darvozasi ortida ikkita sufa bo'lgan, katta sufada jibachi, mirzoboshi, qorovulbegi unvoniga ega “qirq a'lam” deb nomlangan 40 ga yaqin ulamo o'tirgan. O'ng tomondagi kichikroq boshqa sufa esa “darbon” (darvozabon) uchun mo'ljallangan. Uning vazifasi eshik oldida navbatchilik qilib, murojaatchilarni qozikalon oldiga olib borishdan iborat edi. Qozixonaning markaziy darvozasi hech qachon yopilmagan. Agar uni yopishganda ham, bu uzoq muddatga cho'zilmagan. Bundan asosiy maqsad amirning qarorlarini va turli rasmiy shoshilinch xatlarini kechiktirmasdan qabul qilish bo'lgan.

    Uch hovlidan iborat maskan

    XIX asrga oid Buxoro qozixonasi uchta hovliga bo'lingan va ularning har biri alohida vazifani bajarishga mo'ljallangan. Birinchi hovli qabulxona, mahzarxona (hujjatxona), aminaxona (amin xonasi), mutavallixona (ish boshqaruvchilar xonasi), muftixona, mahramxona (yordamchilar xonasi) va qozilik hujjatlari rasmiylashtiriladigan boshqa xonalardan iborat. Bu hovlida hozir faqat qozikalon o'tiradigan old ayvonli mehmonxona, mirzoyi daftarxonasi hamda muftixonalar saqlangan.

    Barcha mahkama jarayonlari aynan shu hovlida olib borilgan. Darboshi tomonidan olib kelingan fuqaroni dastlab ikki nafar mahram — qozikalonning yaqin yordamchilari qabul qilib, dastlabki ishni ko'rish jarayoni amalga oshirilgan. Muftixonada mufti-a'lam raisligida 15 mulladan iborat “devoni mufti” kengashi maslahatlashgan holatda shariat qoidalariga rioya etib “fatvo”, “sijjil” (ikki shaxs o'rtasidagi bahs-munozara bo'ycha qozi tomonidan chiqarilgan hukm) va “rivoyat”lar tuzishgan, so'ngra fuqaro qozikalon huzuriga olib borilgan. Qozi odatda o'z kotibi — “mirzo-i kalon” bilan birgalikda kichik deraza orqali fuqarolarni “bo'yro-i shariat” (shariat gilamchasi) ustiga taklif etib, “murofaa” (da'vo, qoziga shikoyat bilan murojaat qilish, sud) jarayonini amalga oshirgan. SHaxsiy masalalar bo'yicha murojaat etuvchilar esa old dahliz orqali kiritilgan. Xuddi shu hovlida shimolga qaragan besh eshikli, baland ustunli qozikalonning yozgi qabulxonasi ham joylashgan. Qozixonada aksariyat hollarda fuqarolik ishlari va kichik nizoli vaziyatlar ko'rib chiqilgan. Agar ish juda keskinlashib ketsa, unda Ark qo'rg'onida Qo'shbegi huzurida Shayx-ul islom, raisikalon va qozikalondan iborat kengashda muhokama qilingan.

    Qozixona darvozasidan o'ng yo'lakdagi xonalardan birida 5-6 nafar mirzolar faoliyat yuritadigan mirzoxona (devonxona) joylashgan. Qozixona kotibi, ya'ni mirzoda maxsus “daftar” bo'lib, unda qozixonadan chiqqan hujjatlar qaydi yuritilgan. Buxoro qozixonasida qozikalonning turli tabaqalardan tarkib topgan 40 nafardan 60 nafargacha mulozimlari mahkama ishlarida faoliyat olib borishgan. Shuningdek, Buxoro qozixonasida merosiy mulkni taqsimlash bo'yicha 12 ta mutaxassis – “tariqachi” ham faoliyat yuritgan.

    Ikkinchi hovlidan asosan turli xizmatlar ko'rsatadigan xona (farroshxona, oshxona, mirzoxona, tahoratxona)lar o'rin olgan. Mazkur hovlida “mirzoyi ijora” (ijara ishlari bo'yicha kotib) ham bor edi. U ijaraga berilgan vaqf mulklari hisobini yuritgan hamda vasiqa hujjatlarini tuzgan. Ijara hujjatlarini rasmiylashtirish aynan mirzoi ijora orqali amalga oshirilgan. Uchinchi hovli esa qozikalon oilasi uchun mo'ljallangan, biroq hovlining bu qismi saqlanmagan.

    Qozixonada hujjatlarning haqiqiyligi “tamg'a”, “muhr”, “nishon”lar bilan qonuniylashtirilgan. Rasmiy ishlarda qo'llanilgan muhr-tamg'alarning ko'rinishi bir necha xil — dumaloq, bodom yoki uch, to'rt, olti, sakkizburchak shakliga ega bo'lganini kuzatish mumkin. Mazkur muhrlar orasida dumaloq shakldagilardan hujjat yuritish amaliyotida ko'proq foydalanilgan.

    Ma'lumotlarga ko'ra, qozixonada Sadriddin, Badriddin va Burhoniddinlar sulolasi Buxoro amirligi qozikalonlari sifatida faoliyat ko'rsatgan. Keyinchalik hovli ularning avlodlari, xususan, Qozi Kiromiddin tasarrufiga o'tadi. Mazkur qozilar avlodiga buxoroliklarning hurmat va ehtiromi baland bo'lib, ular istiqomat qiladigan xonadon (qozixona) aholi o'rtasida “Ibn Bayzo” (yoki “xonadoni Bayzo”, ya'ni ravshan, shaffof, nurli xonadon) nomi bilan ta'riflangan.

    Saqlanib qolingan yagona qozixona

    1920-yil 28-avgustdan 2-sentyabrgacha davom etgan qizil armiyaning hujumi oqibatida Buxoroning aksariyat binolari yong'in ostida qoladi. Buxoroliklar orasida “kichik qiyomat” deb nomlangan mazkur bosqinda qozixona ham qisman zarar ko'radi. Buxoro shahrini bosib olgan qizil askarlar hukmdor qarorgohi Arkdagi amir xazinasini, Buxoro qozikaloni, qo'shbegisi va boshqa saroy amaldorlarining butun boyliklarini talon-toroj qilganlar.

    “Buxoro axbori” gazetasida yozilishicha, Mulla Burhoniddin qozikalon va boshqa amirlikda yuqori mansablarda ishlagan qozi, mulla va sudurlar Buxoro favqulodda tekshiruv komissiyasi qarori bilan 1920-yil 6-sentyabrda otishga hukm qilingan. O'sha voqealarning bevosita shohidi bo'lgan Muhammad Ali Baljuvoniy o'z asarida Buxoroda ulamolarga nisbatan jazo siyosatini quyidagicha ko'rsatadi: “Miyonsaroy o'rtasidagi jilovxona darvozasi hujralaridan birida yashiringan qozikalon (Mir Burhoniddin), raisikalon va qozikalonning o'g'li Shahobuddinxon Miyonsaroyda asirga olindi. Ular orasida qozikalonning mirzosi va dabiri (darbor) Mirzo Umar miroxo'r ham bor edi. Ularni zudlik bilan Buxoroga yubordilar. Bu va boshqa ko'plab mahbuslar Sho'ro qonunlari bo'yicha gunohkor deb topildi va sud qozilarining hukmi bilan qatl etildilar”.

    BXSR hukumati shakllantirilgach, dastlabki ishlar adliya nazoratini o'rnatishdan boshlanadi. Xususan, 1920-yil 2-oktyabrdan boshlab BXSRning Adliya nozirligi tomonidan shahar va tumanlarda qozixonalar tashkil etilib, ularning har birida qozilar tayinlanadi. Buxoro hukumati o'zining aholiga birinchi murojaatnomasida eski qozixonalar faoliyati tugatilgani va uning o'rnida xalq sudlari (xalq qozixonalari) tashkil etilgani, tan jazolarini qo'llash man etilgani, shuningdek, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi hamda jinsidan qat'iy nazar barchaning qonun oldida tengligini e'lon qiladi.

    1921-yil 18 – 23-sentyabrda Butunbuxoro xalq vakillarining II qurultoyida 79-moddadan iborat BXSR Konstitutsiyasi qabul qilinadi. BXSR Markaziy Ijroiya Qo'mitasining qaroriga ko'ra, adliya nozirligi tarkibida 1922-yil noyabrda prokuratura bo'limi faoliyati yo'lga qo'yiladi. Shunday qilib, ko'hna Buxoroda asrlar davomida amirlik tizimida mavjud bo'lgan qozilik mahkamasi faoliyatidan birdaniga voz kechilmay, 1924-yilga qadar saqlab qolindi. 1928-yil bahorida esa qozixonalar milliy huquq mahkamasi sifatida butunlay tugatildi.

    Buxoro amirligining qozixona mahkamasi o'z faoliyatini tugatgach, hovli Buxoro Xalq Sho'rolar Jumhuriyati tasarrufiga olinadi. Ushbu binoda 1922-yilda Fayzulla Xo'jayevning ko'rsatmasi bilan xorijdan uskunalar keltirilib, pul ishlab chiqarish fabrikasi tashkil qilinadi. Rasman O'zbekistonda qozi unvoni bilan faoliyat yuritgan so'nggi shaxs esa taniqli din va jamoat arbobi, muftiy Ziyovuddinxon ibn eshon Boboxon (1908—1982) bo'ladi.

    Xulosa qilib aytganda, XIX asrga oid qozixona madaniy meros yodgorligi o'z davrida fuqarolar muammolarini bartaraf etishga qaratilgan adliya xizmatlarini ko'rsatuvchi adolat dargohi bo'lgan. Ming afsuslar bo'lsinki, sovet davrida bu yodgorlikka e'tibor berilmasligi oqibatida, keng maydonni egallagan va bir necha tarmoqlardan iborat bo'lgan qozixona ayanchli ahvolga kelib qoldi.

    Bugun ana shu merosni o'rganish, tadqiq etish harakatlari faollashgani quvonarli. Yagona saqlanib qolingan “qozixona”ni qayta tiklash, unga yangi “hayot” bag'ishlash va “Huquq tarixi muzeyi”ni tashkil etish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Zero, aholi o'rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo'yicha huquqiy-ma'rifiy tadbirlarni xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarini o'rgatish bilan uyg'un holda olib borish ham ibratli, ham samarali ishdir.

    Shu maqsadda tadqiqot doirasida Buxoro viloyat prokuraturasining tashabbusi bilan Buxoro amirligi qozixona mahkamasi tarixi nomli kitob chop etildi. Ushbu kitobda Buxoro amirligining ma'muriy-boshqaruv tizimi hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shuningdek, amirlikda shariat ahkomlari asosida amalga oshirilgan islohotlar, qozilar tayyorlash amaliyoti va kasbiy mezonlarning ishlab chiqilishi, Buxoro amirligi qozixonasi va uning faoliyati, amirlikda jazo va ijro amaliyoti, mang'itlar davrida Buxoroda o'zining adolatparvarligi va beqiyos bilimi bilan nom qozongan ma'rifatparvar qozilar va ularning ilmiy merosi haqida ma'lumotlar berildi.

    Albatta, biz ushbu kichik tadqiqotimiz orqali Buxoro amirligi qozixona mahkamasi va unda kechgan jarayonlarni to'la-to'kis yoritdik, degan fikrdan yiroqmiz. Biroq qozilik mahkamasi tarixi nihoyatda boy ekanligi va aniqlangan ma'lumotlar keyingi tadqiqotlarga qaysidir ma'noda yo'l ochishga imkon berishiga ishonamiz.

    Ismat NAIMOV

    Buxoro davlat universiteti dotsenti,

    “Buyuk ipak yo'li” markazi rahbari

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 18.10.22-y, 216-sonida chop etilgan).