Qayd etilishicha. “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida joriy yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan edi.
Unga asosan, hozir yurtimizning deyarli barcha viloyatlarida shunday amaliyot oʻtkazilmoqda. Xususan, Fargʻonada akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari va mahalliy shifokorlar hamkorligida buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Unda rishtonlik 24 yoshli bemor M.A.ga 48 yoshli onasi M.A.ning bir buyragi koʻchirib oʻtkazildi.
Poytaxtdan kelgan malakali jarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Fazliddin Faxriddinov boshchiligida bajarilgan mazkur amaliyot qariyb 3 soat davom etdi.
— Bemor bir necha yildan buyon yuqori qon bosimi, ishtaha pasayishi, peshob yoʻlidagi xastaliklardan jiddiy aziyat chekib kelgan, — deydi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Odiljon Umarov. — Oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida unga surunkali glomerulonefrit va ikkilamchi buyrak yetishmovchiligi tashxisi qoʻyilgan. Ayni vaqtga kelib, tashxis terminal bosqichga oʻtgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti tavsiya etilgan. Shu bois donorlik uchun bemorning barcha oila aʼzolari tahlil natijalari olinib, onasi M.A.ning koʻrsatkichlari donorlik uchun mos keldi. Bir yillik tayyorgarlikdan soʻng ushbu amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi.
Xuddi shanday amaliyot kuni kecha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida ham oʻtkazildi. Kosonlik 45 yoshli bemor ayol X.H. 13 yildan buyon surunkali glomerulonefrit kasalligidan aziyat chekib keladi. Sakkiz oydan buyon gemodializ muolajalarini olib kelayotgan bemorga turmush oʻrtogʻi bir buyragini berdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xirurgiya boʻlimi boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev rahbarligidagi guruh va mahalliy mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi. Qashqadaryo viloyatida ilk buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti joriy yilning mart oyida bajarilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, yurtimizda 2018-yildan boshlab buyrak transplantatsiyasi amaliyotlari yoʻlga qoʻyildi. Ilgari juda qimmat narxda faqat xorijda oʻtkazib kelingan bunday operatsiyalar endilikda viloyat markazlarida oʻtkaziladigan amaliyotlar qatoridan joy olmoqda.