Agar bu soʻz sheʼr ilhomiday koʻngildan chiqmas ekan, onani aldagan boʻlamiz. Ona qoshida yolgʻonchi boʻlish esa xiyonat bilan barobardir. “Maʼrifat karvoni”mizning navbatdagi nurli manzili ona yurtimizning faxru iftixori Samarqand muzofoti boʻldi.

Xizr nazar qilgan yurt

Arab sayyohi ibn Batutta, “Magʻribdan Mashriqqacha boʻlgan butun sarzaminni kezsangiz-da, Samarqanddan goʻzalroq oʻlkani topolmaysizlar”, deganida haqiqatan ham ochiq osmon ostidagi bu goʻzal va betakror diyorning taʼrifini xoʻb keltirgandir aslida.

Dunyo koʻzini Samarqandda ochgan yoxud dunyoning koʻzini Samarqand ochgan, deyilgan qadimdan qolgan bir bamaʼni hikmat bor.

Manbalarda keltirilishicha, XIV-XV asrlarda Samarqand Turonning ulugʻ daholari uchun ijodiy laboratoriya vazifasini oʻtagan, Samarqandda insoniyat madaniyati tarixidagi eng nodir hodisa Renessans – Uygʻonish jarayoni boshlangan va rivojlangan. Samarqandda tugʻilgan “Temuriylar Renessansi” quyosh kabi porlab, Sharq va Gʻarb mamlakatlariga tarqalib ketgan. Samarqand shahri betakror sharqona qiyofasi, boy tarixi, noyob obidalari bilan sayyoramizning turli oʻlkalarida afsonaviy shahar sifatida mashhur boʻldi, Rim bilan bir qatorda turadigan “abadiy shahar” degan nom bilan Sharq gavhariga – butun jahon ahlining albatta kelib koʻrishi shart boʻlgan 50 ta shaharning biriga aylandi.

Magʻribu Mashriqning yorqin karvoni – Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan, salkam uch ming yillik tarixga ega Afrosiyob yodgorliklari, Registonu Shohizinda, Sherdoru Tillakori singari nodir tarixiy obidalar, tamaddunlar, madaniyatlar markazi hisoblanadi. Xitoydan Yevropaga qadar yoʻl olgan qadim karvonlar nafaqat savdo-sotiq, balki kitobu bitiklarni, sanʼat asarlarini, shu bilan birga maʼrifatu madaniyatlar uygʻunlashuvini ham tashiganlar.

Bu muzaffar yurt hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriyning, “Moturudiya” kalom maktabi asoschisi Imom al-Moturidiyning, Silsilai oliyga mansub Hazrat Xoʻja Ahror Valiyning, Paygʻambar Muhammad alayhissalomning amakivachchalari avliyo Qusam ibn Abbos hazratlarining, Hazrat Hoji Muinning, Yevroosiyoning yigirma yetti davlatida adlu insof, adolat tamoyilini oʻrnata olgan Hazrat Sohibqiron Temur Koʻragonning, qirq yil hukmfarmolik qilgan, 1018 yulduzning harakat jadvalini benazir Samarqand nomi bilan bogʻlagan Muhammad Taragʻay Ulugʻbekning ona Vatani sanaladi.

Har bir yurtning atoqli farzandlari oʻz elining koʻztumorlari boʻladi, deb bekorga aytishmaydi.

Ustozi avval kitob

Samarqandga safarimiz “Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt” shiori ostida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti bilan boshlandi. Mazkur kitob mustaqillik yillarida yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qilgan 103 nafar zamondoshimizning ibratli hayot yoʻllari haqida hikoya qiladi. Ular orasida yangi ixtirolari, sermazmun ijodlari, oʻlmas sanʼatlari-yu tengsiz faoliyatlari bilan elu ulusning tuganmas mehrini qozongan toʻqqiz nafar samarqandlik yurtdoshimiz ham bor.

Kitobni varaqlar ekansiz, Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad, Xalq shoirlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, taniqli olimlar Suyima Gʻaniyeva, Ozod Sharafiddinov, Xalq artisti Zikir Muhammadjonov, mashhur paxtakor Lola Murotovalar haqidagi satrlar yaqin oʻtmishda mazmunli faoliyatlari bilan elga ibrat boʻlgan insonlarni koʻz oldingizda namoyon qiladi.

Taqdimot ishtirokchisi Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva shunday deydi: “Mustaqillik yillarida, hozirgi adolatli, shiddatli islohotlar jarayoniga vijdonan hissa qoʻshayotgan har bir zamondoshimiz qahramondir. Davlatimiz rahbari tomonidan milliy maqomga, oʻzbek mumtoz sanʼatiga berilgan katta eʼtibor yangi ijod namunalarini yaratishimizga ragʻbat beradi. Zotan milliy musiqa, baxshichilik, hunarmandchilik, kashtachilik, zardoʻzlik, milliy raqs sanʼatimizni xalqaro sahnalarga olib chiqish, jahon aro eʼtirofga sazovor qilishning oʻzi katta voqeadir. Biz oʻz benazir sanʼatimizni kelajak avlodlarga bekamu koʻst yetkazishimiz kerak”.

Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Normurodovning qizlari Dilfuzaxon Normurodovaning qalb soʻzlarini tinglab turib shunday fikrlar xayolimga keldi: “Qahramonlik kamtarlik, samimiylik va begʻuborlikdan boshlansa kerak. Hasan aka nafaqat yurtimizning obroʻli oqsoqoli, balki nihoyatda bilimdon inson edilar. Viloyatimiz aholisi besh millionga yaqinlashyapti, Samarqand shahri aholisi bir milliondan oshadi. Hasan Normurodovning har kuni mana shu insonlarning dardi, tashvishi, orzulariga hamohang tarzda, hammaga birdek yelka tutish bilan oʻtdi. Qaysi mahallaga suv kerak, gaz kerak, toʻy hashamu, hashar bor, ajrim bor, yaxshi-yomon kun bor, xammasida Hasan akaning begʻaraz ishtiroki, munosabati bor edi. Xalqning dardi oqsoqolning hayot mazmuni edi. Oqsoqolni yodga olarkanman, mazkur kitobdagi el suygan insonlarning faoliyati bilan tanisharkanman, beixtiyor Mirzo Ulugʻbekning, “U shu qadar buyuk ediki, uning oldida buyuklikning oʻzi taʼzim qilardi”, degan soʻzlari koʻz oldimdan oʻtadi.

“Zarafshon tongi” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, senator Farmon Toshevni “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoniga sazovor boʻlgani bilan tabriklar ekanmiz, ustozning, “Oddiy ijodkor mehnatiga berilgan munosib baho – inson qadrining chinakam ulugʻlanishi ekan-da”, degan samimiy soʻzlariga biz ham qoʻshildik.

Oʻzbekiston Qahramoni Avaz Ergashevning nabirasi, Qoʻshrabot tumani 9-umumiy taʼlim maktabi targʻibotchisi Doʻstmurod Abdullayevning dil izhorlarida esa inson qadrinining eʼzozlanishidan mamnunlikni, bobosining fidoyi mehnatiga samarqandliklarning hurmatu eʼzozini koʻrdik.

Buyuk mutafakkirimiz Xoja Ahror Valiy hazratlari aytgan, “Ulugʻlangan odam ulugʻdir, ulugʻlagan odam undan ham ulugʻdir”, degan soʻzning hikmati shu boʻlsa kerak.

Murgʻak yuraklarga ingan hikmat yogʻdulari

Samarqand shahridagi 36-maktabgacha taʼlim muassasasida oʻtkazilgan “Zukko bolajon” fotoalbomi taqdimoti maktabgacha taʼlim islohotlarining yana bir yorqin koʻrinishi boʻldi. Maʼlumki, keyingi besh yilda mamlakatimizda bogʻchalar soni 5 mingtadan 28 mingtaga koʻpaydi, maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olish koeffitsiyenti 708 mingtadan 1 million 800 mingga, yaʼni 27 foizdan 67 foizga yetkazildi. Harakatlar strategiyasining islohotlari nodavlat sektor – oilaviy bogʻchalar, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bogʻchalar, mobil bogʻchalarni tashkil etishga yoʻl ochdi.

Safardosh hamrohimiz, pedagogika fanlari doktori, professor Zuhra Ismoilovaning fikricha, bolani 3-4 yoshidanoq kitob oʻqishga oʻrgatish kerak ekan. Dunyoda 95 foiz odamlar daqiqasiga 210 soʻz yoki 2 daqiqada bir yarim sahifa kitob oʻqishadi va bu koʻnikma bolaning barcha manbalarni 5 yoshgacha qabul qilishlari, bu yoshdagi bolalar uchun qulay va oson oʻzlashtiriladigan manbalarni yetkazishga bogʻliqdir.

Maktabgacha taʼlim vaziri maslahatchisi Kamola Risqulova maktabgacha taʼlimning muqobil mobil turlari haqida faxrlanib shunday deydi: “Olis hududlarda yashovchi bolajonlar uchun 49 ta “Isuzi” avtobuslari bilan mahallalarda bolajonlarga ikki soatlik mashgʻulotlar oʻtkazishni yoʻlga qoʻydik, masalan, oʻtgan yili 44 ta mahallada 1536 nafar bolajon bilan mashgʻulotlar oʻtkazdik. Markaziy Osiyoda yagona 150 oʻringa ega “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega koʻptarmoqli maktabgacha taʼlim tashkilotimiz Qoraqalpogʻistonda ish boshladi, keyingisi Qarshi shahrida faoliyat koʻrsatadi”.

Kamolaxonning soʻzlariga quloq tutib, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikdagi loyihalar asosida 14 ta bogʻchani jihozlash ishlari loyihalari, amaldagi natijalar yaqin vaqtlarda samara berishi barkamol avlod kamolotiga nechogʻliq ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonch bildirdik.

Darhaqiqat, inson qadri tamoyiliga asoslangan tezkor yangilanishlar onalarning bebaho suyanchiqlari – farzandlarning murgʻak yuraklariga tafakkur, hikmat olib kirmoqda.

Tafakkur chiroqlari

Kitob oʻqimagan odam fikrlashdan toʻxtaydi, fikrlamagan inson hayotdan orqada qoladi. Kitobxonlik va mutolaa tanlovlarida samarqandlik iqtidorli yoshlarning bilimlarini baholarkanmiz, “Yosh kitobxon” respublika tanlovi gʻoliblari, Prezident sovgʻasi “Spark” avtomashinasi sovrindorlari – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mohiniso Shomurodova, Mahliyo Oʻroqovalarning, “Kitobxon oila” respublika tanlovi sovrindorlari, narpaylik Suhrob Omonqulov, Dilruh Neʼmatovalarning klassik va zamonaviy adabiyot vakillari asarlariga bergan aniq, sermazmun eʼtiroflarining guvohi boʻlgan edik.

Samarqand shahar “Doʻstlik” mahallasi kutubxonasining ochilish marosimida rus, polyak, ozar, turk, tojik milliy madaniy markazi rahbarlari, turli konfessiya, turli millat va din vakillarining yurtimizdagi kitobxonlik va mutolaa siyosatiga faxr bilan baho berishganida, qalbimiz faxr-iftixor tuygʻulariga toʻldi. Ayniqsa, koreys milliy madaniy markazi rahbari Nikolay Petrovich Kim tomonidan oʻzbek tilida oʻqilgan sheʼr kitobxonlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Payariqlik shoira Yaxshigul Xidirovaning Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingani esa soʻzga, adabiyotga boʻlgan mehrning eʼtirofiga aylandi.

Elda aziz hunarmandlar

Bu goʻshada Samarqand kulolchilik maktabining asoschisi usta Umar Joʻraqulovni tanimagan odam yoʻq. Mehroj Bobomurodov esa mana shu maktabning toʻrtinchi avlodi, Oʻzbekiston xalq ustasi Xolmuhammad Ismatullayevning farzandi, mutaxassisligi iqtisodchi boʻlsa-da, ota kasbini ulugʻlab “Maroqand” kulolchilik ustaxonasiga rahbarlik qiladi. Ellikka yaqin shogirdlarning ustozi. Sakkiz yoshidan boshlab, otasining ustaxonasida lagan, koʻza, obdasta, kosa, piyola, guldon, choynak buyumlarining yaratilishini sinchkovlik bilan kuzatib borgan. Ustaning Choʻponota tepaligidan oʻng tomonga qarab oqadigan Zarafshon daryosining suvi bilan elakdan oʻtkazilgan mashhur Konigil tuprogʻini ixlos bilan aralashtirib, pishitib, maʼlum bir vaqt damlatib qoʻyib, maxsus dastgohlarda shakl berib, oftobda quritib, 850-900 darajadagi haroratda pishirib olish, naqsh solishdek uzoq va mashaqqatli jarayonni talab qiladigan mehnatini kuzatib turgan bolakaylarni koʻrib, “Sabru qanoat – hunarmandlar mehnatining samarasidir”, degan xalq hikmati yodingizga tushadi. Kulol nafaqat shaklni, balki mazmunni ham hisobga olishi kerak ekani, suratlar va naqshlar yasalgan buyumning nafaqat bezagi, balki maʼnoli koʻrki boʻlmogʻiga amin boʻldik. Koʻhna Afrosiyob manzaralari, anor, kiyik, daraxtlar, afsonaviy hayvonlar, kiyiklar, humo qushlari, otlar, sherlar tasviri tushirilgan koʻzalar, Registonu Sherdor manzaralari sanʼatning ajib koʻrinishi boʻlib koʻzingizni quvontiradi.

Tanishuv asnosida Mehroj ustaning dil izhorlariga quloq berdik: “Ustozlarim Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi aʼzolari Xudoyberdi Haqberdiyev, Sharif Azimov va otamdan oʻrganganlarim kasbimni mukammal oʻzlashtirishimga yordam berdi. Rossiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan xalqaro hunarmandlar festivallarining gʻolibi boʻldim. Bugungi kunda oʻgʻlim Temur va Muhammadamin ham shogirdlarim qatorida yangi mahsulotlarimga eskizlar, naqshlar izlab topishadi, izlanishadi. Biz Samarqand arxeologiya ilmiy tekshirish instituti bilan hamkorlikda Afrosiyob tepaliklarida topilgan bolalar oʻyinchoqlari, uy-roʻzgʻor buyumlari, temuriylar davriga doir topilmalarni qayta ishlash bilan ham shugʻullanamiz. Yana bir savobli ishimiz – Samarqand shahridagi maktabgacha taʼlim muassasalari bolalariga kulolchilik boʻyicha mahorat darslari olib boramiz. Ayniqsa, autizm – eshitishida nuqsoni bor bolalarning oʻttiz nafariga koʻchma seminar mashgʻulotlarini tashkil etganmiz. Samarqand tumanidagi 53-maktab oʻquvchilari Maftuna Yahyoyeva, Ilhom Bobomurodov singari ziyrak bolalarning yasagan buyumlari kishiga alohida surur baxsh etadi.

Dongʻi ketgan Konigil tuprogʻi, Zarafshon obi rahmati va zavqli mehnati bilan haqiqiy sanʼat asarlari yaratayotgan ustaning, shogirdlarining usta-shogird anʼanalariga razm solib, inson tafakkuri va gʻayrati moʻjizalar yaratayotganini hayrat bilan kuzatdik. Ota-bobolarimiz, “Oʻn barmogʻi hunar insonlar”, deb shunday insonlarni aytgan boʻlsalar kerak.

Kattaqoʻrgʻondagi fayzli mahallalar tafti

Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Valijon” mahallasida yashovchi1-guruh nogironlari Sevara Azimova, Ziyodullo Mingboyev va ularning aziz farzandlari Azizbek, “Alisher Navoiy” mahallasida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironi Yoqutoy Xudoyberdiyevalarning sidqidildan aytgan soʻzlarida Vatanga, elga, inson qadrini ulugʻlashga yoʻnaltirilgan islohotlarga nisbatan mehr-muhabbat, ishonch va va shukronalik tuygʻularini his etish mumkin.

Diydor va koʻngil suhbatlarimiz tuman markazidan 150 kilometr uzoqlikda, Nurota togʻlari tizmalari yonboshida joylashgan Moybuloq, Tarnov, Yonbosh, Andoqsoy, Sebuston mahallalarida davom etdi. 92 yoshli Xoldorbobo Qarshiyevning togʻliklarga xos sodda suhbatlaridan koʻngil yayraydi:

– Mahallamizga, hovlimizga shu paytgacha faqat oynai jahonda koʻrayotgan sanʼatkorlarimiz kelib qoʻshiq aytishganidan chunonam xursand boʻldim-yey, chunki shuncha yashab biz tomonlarda bunday konsertlarni koʻrmaganman. Biz lalmi yerlarimizda uzumning soyaki, kunaki, oshuzum, husayni, kelinbarmoq, qorakishmish navlarini ekamiz, ayniqsa, qish chillasida suv quyiladigan qorakishmish iyun oyida hosilga kirganda kampirim bilan rosa quvonamiz, avgustda yigʻib oladigan soyaki, kunaki uzumlarimiz roʻzgʻorga quvvat boʻladi, qishga saqlaydigan oq maska (qishki uzum), oqdumcha navlari yangi yil dasturxonimizga koʻrk beradi. Bolalarim bilan ozroq noʻxat ham ekkanmiz. Xullas, umrimizning bezagi – halol mehnat. Mana shu mehnatga katta ragʻbat, kayfiyatimizga kayfiyat qoʻshadi-da bugungi konsertlar. Bunday eʼtibor uchun Prezidentimizga ming rahmat!!!

Moybuloq qishlogʻida Ulugʻxon momo Yoʻldosheva 97 yoshda, toʻqqiz farzandi oliy maʼlumotli, yetmish olti nabirasi el xizmatida, oʻttiz olti abirasi kamolga yetmoqda. Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyori Farrux Botirov – momoning nabirasi. Buvi va nabira birgalikda Fozil Yoʻldosh dostonlaridan termalarni navbatma-navbat aytishi, tuman madaniyat boʻlimi xodimi Nusratillo Shodiyevning doirani qoyilmaqom chertib kuylashiga qarab turib sururlanadi odam.

Tumandagi 13-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Mushtariybonu Ibragimovaning sheʼriy mashqlari, 43-maktabning 4-sinf oʻquvchisi, oʻn yoshli Jasurbek Safarov ijrosidagi maqom, katta ashulalar oʻzbek adabiyoti va sanʼatiga yangi isteʼdodlar, gulgʻunchalar kirib kelayotganidan darak beradi.

Yulduzni koʻray deb keldim bagʻringga...

Karvonimiz safida Xalq artistlari Avaz Rajabov, Zamira Suyunova, Xizmat koʻrsatgan artistlar Gulbahor Erqulova, Dilfuza Rahimovalar, taniqli xonandalar, yorqin isteʼdod egalari Salohiddin Azizboyev, Ozoda Yorova kabi el suygan sanʼatkorlarning xonishlari har bir tumanda oʻtayotgan gala-konsertlarda xalqning olqishu duolariga sazovor boʻldi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Samarqandning aziz farzandi, shoira Xosiyat Bobomurodovaning Samarqandga mehri oʻzgacha:

Yulduzni koʻray deb qalbimni qazdim,

Vaqtlar ketaverdi qolaverding sen.

Xosiyat, bagʻringda bir hikmat sezdim,

Buyukdir sendagi har zarra, har gard,

Ikki dunyoda ham bitta Samarqand!

Ha, bu yurt firdavsmonand mana shunday muhtasham taʼriflarga loyiqdir! Bu qutlugʻ maskanga tashrif buyurgan inson borki, yulduzni koʻray deb bagʻringga keldim, Samarqand, deb aytgisi keladi. Ziyoratgohlaru Ulugʻbek observatoriyasidagi koʻhna bir sehrdan, ilohiy jozibadan hayratga tushadi. Inson yuragining qon tomirlari tugʻilib oʻsgan yurtining havolariga, suvlariga, nurlariga tutashligini, ona xalqning duolari bilan koʻkarayotgan samarqandliklarning koʻzlaridagi samimiylik, tillaridagi shukronalar biz ijodkorlarga ilhom berdi. Soʻz ham, ovoz ham, soz ham, iqtidoru talant ham ijodkorga Yaratganning xalq xizmati, yaxshi niyatlariga vobasta boʻlish uchun bergan omonati, qarzidir.

Inson nomi, shaʼni, qadri ulugʻlanishiga qaratilgan adolatli va keng koʻlamli islohotlar esa har bir ijodkorning yuragi orqali oʻtadi. Yurakdan chiqqan soʻz yurakka yetib boradi, aziz farzandlarni yurtga muhabbat, shukronalik va ezgulikka kamarbasta qilib tarbiyalash esa har bir ziyolining umr mazmuni boʻlmogʻi kerak.

Maʼnaviyat karvonimizning Samarqandga qilgan shukuhli safariga xolis taʼrifimiz shunday.

Boshqacha boʻlishi mumkin ham emas.

Sayyora TOʻYCHIYEVA,

Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira