Chor Bakr durdonasi — maʼnaviyatimizning toʻrt ustuni

    Bilasizmi? 29 Iyun 2023 1736

    Buxoro shahridan 6 kilometr uzoqlikda — janubi-gʻarbiy qismida, Talipoch darvozasi orqali Jondor tumaniga olib boradigan yoʻl yoqasida 16,7 gektar maydonni egallagan yirik tarixiy obida bor.

    Xalq orasida Chor Bakr nomi bilan mashhur boʻlgan ushbu majmua ziyoratgohga aylangan. Joy nomi ham Chor Bakr boʻlib, Buxoroning qadimiy qishloqlaridan biri sanaladi va oʻz davrida Sumitan deb atalgan. “Gʻiyos-ul lugʻot” asarida unga “jundan mato toʻquvchilar maskani” deya sharh beriladi.

    Bir necha asrlar osha saqlanayotgan bunday madaniy yodgorliklar, tarixiy obidalar doim sayyohlarni oʻziga chorlab kelgan. Yurtimizning eng obidalarga boy hududlaridan biri Buxoro viloyatidan yil oʻn ikki oy turistlarning qadami uzilmaydi. Oxirgi yillarda turizm sohasiga eʼtibor kuchayib ana shunday obidalarimizga sayyohlarni koʻproq jalb etish, yurtdoshlarimiz va xorijliklarni koʻhna tarix sirlari bilan tanishtirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

    Chunki diyorimiz ulkan turistik salohiyatga ega davlatlar qatorida turadi. Bizda turizmning madaniy turidan tortib, hozir ommalashayotgan ekologik, etnografik, ekstremal, arxeologik va boshqa har qanday yoʻnalishdagi sayohatlarni tashkil etish imkoniyatlari bor. Tahlillarga koʻra, joriy yilda 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, soha eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish mumkin. Shu vazifalarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning 26-aprel kuni “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori imzolandi.

    Toʻrt Bakr kimlar edi?

    Chor Bakr majmuasini tomosha qila turib, beixtiyor bundan bir necha asr oldingi davrga tushib qolgandek boʻlamiz. Uning bunyod etilish tarixi, ilmiy asoslariga qiziqamiz. Maʼlum boʻlishicha, Chor Bakrdagi binolar XVI—XIX asrlarga mansub. Obidada 26 ta hovli, darvozaxona, peshtoqlar, madrasa, masjid-xonaqoh, hammom, dam olish hujralari, hovuz, darsxona, mustahabxonalar yaxlit bir ansamblni tashkil qiladi. Ayniqsa, bu yerdagi xonaqoh, madrasa va masjid meʼmorchilik ansamblining noyob namunalari boʻlib, ularni bunyod etgan meʼmorlar ismi nomaʼlum. Ammo tarixchi Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, “Xon hazratlarining arkoni davlati va ayonlari, xususan, oʻsha vaqtda oliy muhrdorlik mansabida boʻlgan Amir Xalifa mazkur imoratlarni bitirishda tamoman ehtimom (gʻayrat, himmat) koʻrsatdi”.

    Majmuaga qoʻshimcha binolar sifatida xazira va dahmalar qurilgan. Bu oʻrinda “xazira” — “xazon boʻlganlar”, “xobidagon” esa “abadiy uyquga ketganlar” maʼnolarini anglatadi. Obidada 10 dan ortiq xazira boʻlib, ularning har birida koʻplab qabrlar mavjud. Masalan, Saʼdullo xoʻja xazirasi ichida 110 ta qabr bor.

    Obidaning nomi ham oʻsha davrlarga borib taqaladi. Majmuaning eng qadimiy qismi X asrda shakllangan boʻlib, uning nomlanishi shu yerda dafn etilgan islom olamining koʻzga koʻringan vakillari, hadisshunos va fikh ilmining bilimdonlari boʻlmish chor Bakr, yaʼni toʻrtta Bakr tarixi bilan bogʻliq.

    Tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatadiki, chor Bakr, yaʼni toʻrtta Abu Bakrlar xususida yakdil fikr mavjud emas. Biroq, X asrda yashab, mazkur majmuada dafn qilingan va Buxoro xoni Abdullaxon II (XVI asr) davrida chor Bakr majmuasining qurilishiga sabab boʻlgan dastlabki ikki Abu Bakr borasida shak-shubha yoʻq. Bular Abu Bakr Saʼd Yamaniy hamda uning oʻgʻli Abu Bakr Ahmad ibn Saʼdlardir.

    Manbalarda keltirilishicha, “Abu Bakr” aslida ism emas, balki nisba (unvon, laqab, kuniya)dir. Uning arab tilidan tarjimasi “Bakr otasi” yoki “Bakr avlodi” maʼnolarini beradi. Abu Bakr Siddiqdan keyin Paygʻambarning boshqa avlodlari, jumladan, Imom Husaynning oʻgʻli xoʻja Abu Bakr Saʼd ham “Abu Bakr” nisbasini qabul qilgan.

    X asrda “Abu Bakr” unvoni bilan mashhur boʻlgan imomlar orasida bir nechtasining nomlari tarixiy manbalarda koʻp tilga olinadi. Ulardan biri Abu Bakr Saʼd Yamaniydir. U Joʻyi Moʻliyon va Sumitan qishlogʻida qator inshootlar, xususan, bogʻ-rogʻ yaratib sarhovuz, sardoba, tegirmon, hammom, bozorcha qurdirgan. Xoja Saʼd vafot etgach, vasiyatiga koʻra, uning jasadi Sumitandagi qadimiy qabristonga koʻmilgan. Keyinchalik bu joy, yaʼni Chor Bakr majmuasi joʻyborlik paygʻambar avlodlarining mangu oromgohiga aylangan.

    Abu Bakr Ahmad ibn Saʼd esa koʻplab shayx va avliyolarga ustozlik qilgan. Ayrim tarixchi olimlar Xoja Saʼd bilan Abu Bakr Ahmad ibn Saʼdni bitta odam deb yozishadi. Ammo imom Husayn shajaranomasida ular ota-oʻgʻil boʻlganliklari koʻrsatilgan.

    “Tarixi Mullazoda” (XV asr) asarida Abu Bakr Muhammad ibn Fazl bin Jaʼfar al-Buxoriy haqida ham soʻz boradi. Tarixchi va geograf olim Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning keltirishicha, Abu Bakr Fazl yirik faqih, muhaddis va mujtahid boʻlib, ayniqsa, uning “Musnadi Fazl” hadislar kitobi dong taratgan. Abu Bakr Homid ham yirik muhaddislardan. Unga zamondoshlari tomonidan “Shayxul-olam” unvoni berilgan. Ul zotning xoki Mozori Sharif darvozasidagi qabristonga qoʻyilgan.

    Ayrim manbalarda yana bir Bakr sifatida Abu Bakr Tarxon ham tilga olinadi. U IX asrning ikkinchi yarmida tugʻilgan boʻlib, Buxoroi Sharifning yirik shayx va imomlaridan biri boʻlib yetishgan. “Tarixi Mullazoda” asarida yozilishicha, Abu Bakr Tarxon “Jome val musnad” kitobining muallifi, 945-yili Buxoroda vafot etgan va shahar atrofidagi qabristonda dafn etilgan.

    Abu Bakr Saʼdning keyingi avlodlari hisoblanmish Joʻybor shayxlari ham ushbu xonadon nomining yanada mashhur boʻlishiga xizmat qilishgan. XV—XVI asrlarda Joʻybor shayxlari Naqshbandiya tariqatini yangicha sharoitlarda rivojlantirdi. Ular shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida tarix sahnasiga chiqib, keyingi bir yarim asr davomida Buxoro xonligining ijtimoiy-siyosiy hayotiga faol aralasha boshlashdi.

    “Joʻybor” soʻzi “koʻp ariq oqadigan joy”, “katta ariq” maʼnolarida qoʻllanilib, biz tarixi bilan qiziqayotgan bakrlarning Joʻybor xojalari nomini olishi XV asr boshlarida Xoja Muhammad Yahyoning (Xoja Muhammad Islomning bobosi) Joʻyborga koʻchib kelishi bilan bogʻliq. Joʻybor xojalari islomni targʻib qilish uchun Makkadan Nishopurga, u yerdan Buxoroga kelgan imomlar avlodlaridir.

    Ayniqsa, Xoja Islom Joʻyboriy (1493 – 1583) oʻz ajdodlarining Sumiton qishlogʻidagi mol-mulklarini tasarrufiga olgach, shayboniylar davlatida ham iqtisodiy, ham diniy jihatdan katta taʼsirga ega shaxs darajasiga yetadi. Aslida, madrasa, masjid va xonaqohdan iborat Chor Bakr meʼmorlik majmuini barpo etish gʻoyasi Xoja Muhammad Islom koʻnglida bor edi. Uni amalga oshirish esa Abdullaxon II ga (XVI asr) nasib etdi. Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asarida Abdullaxon II tomonidan 1558–1559-yillarda qurilish ishlari boshlab yuborilgani maʼlum qilinadi. Mazkur asardan biz majmuaning 1570-yilda qurib bitkazilganini bilib olamiz.

    Obida bilan birga tarix ham qayta tiklandi

    Maqolani yozishda tarixiy manbalar va chop etilgan adabiyotlardan foydalanibgina qolmay, Chor Bakr mavzesida tugʻilib-oʻsib, hayotini shu muazzam majmuani asrab-avaylashga, uning tarixini kelajak nasllarga yetkazishga, tozaligini taʼminlashga sarflayotgan insonlar bilan ham uchrashdik. Ulardan oʻz ota-bobolari koʻrgan va aytib bergan voqealarni yozib oldik. Maʼlumot berganlardan biri — Roziya Yunusova (1958-yilda Chor Bakrda tugʻilgan)ning ajdodlari shu mavzeda yashab oʻtgan. Bobosi qori Yunusxoʻja, otasi Ismoilxoʻja tarixiy obidani qoʻriqlashga, ularning ayollari esa uni supurib-sidirishga umrlarini sarflagan fidoyi, iymonli insonlar boʻlishgan.

    Roziya opaning aytishlaricha, 1930—1940-yillarda Chor Bakr majmuasi binolaridan turli xil kimyoviy oʻgʻitlar, paxta, 1960-yillarda kartoshka saqlanadigan joy, 1970-yillarda Buxoro poyabzal fabrikasining ombori sifatida foydalanilgan. Oʻsha yillarda “Nashtar” televizion hajviy jurnalining hujjatli filmidan soʻng, Chor Bakr majmuasi “omborxona”dan ozod etilgan.

    Madrasaning yuqori qavatlariga ekskursiya davomida guvoh boʻldikki, u tashqi tomondan nazar solganda 3 qavatga oʻxshab koʻrinsa-da, aslida, 5 qavatli boʻlib, 30 ta hujradan iborat ekan. Xonaqohda amri maʼruf tinglangan, hujralarda esa majmua xizmatchilari istiqomat qilishgan va ziyoratchilar dam olishgan. Toʻrtta Bakrdan ikkitasi — Abu Bakr Tarxon va Abu Bakr Hamid Buxoro shahri ichida joylashgan Dahmai Shahidonda dafn qilingan.

    Chor Bakr majmuasi asrlar davomida ziyoratgoh sifatida eʼzozlanib kelingan. Biroq, shoʻrolar hokimiyati yillarida uning koʻpgina obidalari yemirila boshlandi. Ming yillar davomida ushbu majmua taʼminoti uchun ajratilgan vaqf mulklari Shoʻro davlati hisobiga oʻtkazilgach, uni taʼmirlashga mablagʻ ajratilmagan. Buxoro viloyat davlat arxivi fondlarida saqlanayotgan “Buxkomstaris” hujjatlarida Chor Bakr majmuasi oʻtgan asrning 30-yillari oʻrtalaridayoq taʼmirtalab boʻlib qolgani haqida hisobotlar mavjud.

    Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, maʼnaviyatimiz sarchashmalaridan boʻlmish islom diniga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi. Sobiq shoʻro hukumati davrida aziz-avliyolarning unutilayozgan nomlari qayta tiklandi, ular qoldirgan ulkan maʼnaviy meros elimizga qaytarildi, muqaddas qadamjolar va masjid-madrasalar taʼmirlanib, yangilari qurildi.

    1997-yili Buxoro shahrining 2500-yillik toʻyi nishonlandi. 1999-yil aprelda Buxoroyi Sharif jamgʻarmasi huzurida Chor Bakr meʼmoriy majmuini taʼmirlash direksiyasi tashkil etildi. Ushbu taʼmirlash ishlariga 11 487 ta korxona, tashkilot, jamoa xoʻjaliklari, shirkat, tuman hokimliklari jalb qilingan. Taʼmirlash ishlari koʻlami 6 gektar maydonni qamrab olgan. 1930-yildan boshlab Chor Bakr majmuasi hududida noqonuniy ravishda qurilgan 35 xonadon buzilib, ularning oʻrniga bogʻ-rogʻlar barpo etildi, qadimiy hovuz va toshquduq qayta tiklandi. Xullas, XX asrda qarovsiz qolgan bu joy 2000-yil avgustida toʻliq taʼmirdan chiqarildi.

    Bugun ana shunday obidalarga eʼtibor yanada ortmoqda. Nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar ham tariximiz, madaniy yodgorliklarimizga katta qiziqish bildiryapti. Ushbu maskanlarga sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham har qachongidan faollashgan. Asosiysi, tariximizni boricha asrab, uni yanada goʻzal va zamonaviy vositalar yordamida namoyon etish bugungi kunimiz, Yangi Oʻzbekiston ruhiga mos harakatlardan biriga aylandi.

    Zero, Chor Bakr kabi qalbi iymon nuri bilan toʻlgan, irodasi ixlos va eʼtiqod yogʻdusi ila mustahkamlangan tabarruk zotlar vafotlaridan keyin ham maʼnan va ruhan tirik boʻlib qolaveradi, ularning ezgu ishlari el-yurtga hamisha ibratdir.

    Azalshoh HAMROYEV,

    Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari

    xotirasi muzeyi direktori, dotsent.

    Mavluda RAHMONOVA,

    Turon Zarmed universiteti katta oʻqituvchisi.