Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-noyabrdagi “2020-2022-yillarda Namangan viloyati Chortoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hudud rivojida muhim ahamiyatga ega boʻlyapti.
— Hukumat qarorini tuman uchun tarixiy hujjat desa boʻladi. Chunki buning ortidan Chortoqdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari rivojlantiriladi, yoʻl-transport infratuzilmasi, elektr, gaz, ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi, irrigatsiya va melioratsiya obyektlari, koʻp qavatli uylar taʼmirlanadi, qator bogʻcha, umumtaʼlim, kasb-hunar va musiqa maktablari rekonstruksiya qilinadi. Eng asosiysi, 5 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi, — deydi tuman hokimi Anvarjon Otaxoʻjayev. — Qaror aholi daromadini oshirish, ularni ish oʻrinlari bilan taʼminlash uchun paxta, gʻalla ekin maydonlarini va ishlab chiqarish hajmlarini toʻliq qisqartirish, mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, sanoat salohiyatini yana-da koʻtarish, qishloq xoʻjaligi, servis va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga qaratilgani bilan ham juda muhimdir.
Davlatimiz rahbari 2020-yil
26-27-iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida Kosonsoy, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarini meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab bergan edi. Joriy yilning 11-yanvar kuni esa Prezidentimizning “Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatda yer maydonlaridan olinadigan daromadni uch karra koʻpaytirish, hududlarda gʻalla va paxtadan qisqaradigan yer maydonlarida tashkil etiladigan intensiv bogʻlar, tokzorlar hisobiga omilkorlikni keskin oshirish belgilangan.
Misol uchun, Chortoq tumanida ilgari 15-20 sentnerdan hosil bergan 2100 gektar gʻalla maydoni qisqartirilib, oʻrniga 400 gektar intensiv bogʻ, 150 gektar tokzor, 1550 gektar meva-sabzavotchilik yoʻnalishi boʻyicha loyihalar amalga oshiriladi. Qolaversa, shu kunlarda davlatimiz rahbari tashrifi chogʻida tanishgan Oyqiron adirliklaridagi
1000 ta issiqxonani 10 mingtaga yetkazish ishlari tezkorlik bilan davom etmoqda.
— Dalalarda ish boshlanmasdan oldin, yaʼni fevral oyida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 45 nafar yoshga 15 sotixdan yer berildi va bu tashabbus bugun ham davom ettirilmoqda. Tumandagi “Mansur Aʼzam Akram” fermer xoʻjaligining 15 gektar yer maydoni ishsiz yoshlarga ajratib berildi va ularga maxsus sertifikat topshirildi. Yoshlar bu yerda dukkakli ekinlar parvarishlab, oilalari daromadini taʼminlaydi. Soha mutaxassislari yosh dehqonlar ishini kuzatib, amaliy yordam va maslahatlarini berib bormoqda, — deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Rasulbek Ummatov.
Chortoq tumanida aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, issiqxonalar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada oʻz tomorqasidan unumli foydalanayotgan xonadonlar soni ortib boryapti. Masalan, “Keskanyor” MFYdagi 598 oilada 2649 nafar aholi istiqomat qiladi. Yigʻinda 68 ta oilaga subsidiya asosida 1 sotixli issiqxona qurib berildi. 34 ta xonadon egalari esa oʻz tashabbuslari bilan issiqxonalar qurdi.
— “Keskanyor” mahalla fuqarolar yigʻinining Nurchi, Chamanzor, Shodlik koʻchalarida 220 ta xonadon boʻlib, 120 tasida ichimlik suv tarmogʻi yoʻq edi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan 500 metr quvur yotqizilib, aholi toza ichimlik suv bilan taʼminlandi, — deydi “Namangan suv taʼminoti” MCHJ Chortoq boʻlimi rahbari Jakbarali Davlatov.
“Mahallabay” ishlash tizimi doirasida “Bodomzor” MFYda aholini tadbirkorlikka jalb etish, loyihalar tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha katta ishlar amalga oshirilyapti. Tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan mahalliy tadbirkor Muhayyo Mirhaydarovaga hokimiyat va mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan amaliy yordam koʻrsatilib, boʻsh turgan eski bino ijara asosida foydalanishga berildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bugun shiddat bilan rivojlanib, taraqqiyotga yuz tutayotgan mamlakatimizning jahon maydonidagi obroʻ-eʼtibori va nufuzi quyi tizim — mahallalardagi islohotlarga ham koʻp jihatdan bogʻliq. Aksariyat qishloqlarda mahalla idorasi binosi yoʻq edi. Navroʻz bayrami arafasida Chortoq tumanida bir yoʻla toʻrtta — “Ora-ariq”, “Bogʻiston”, “Bagʻrikenglik” va “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻinlarining barcha zarur sharoit va qulayliklarga ega yangi binolari foydalanishga topshirildi. Mazkur mahallalar majmualarida aholi va yoshlarga xizmat qiladigan qoʻshimcha loyihalar ham yoʻlga qoʻyiladi. Joriy yilda Chortoq tumanida jami 22 ta mahalla oʻzining koʻrkam binosiga ega boʻladi.
Yana bir gap. Yopiq suzish havzasi hozirgacha Namangan shahri, Pop, Chust, Namangan va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, endilikda chortoqlik yosh sportchilarga ham bunday imkoniyat yaratildi. “Doʻstlik” MFY hududida 60 sotix maydonda 6,2 milliard soʻm miqdoridagi respublika byudjeti mablagʻlari hisobiga qurib bitkazilgan inshoot Chortoq tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi ixtiyoriga oʻtkazildi.
Chortoqning olis hududlarida ham markazdagidek hayot qaynayotir. Tumanning “Damariq” MFYda tadbirkor Ayubxon Dadamirzayev tomonidan “Durdona tekstil” MCHJ tikuv korxonasi tashkil etilib, mahalladagi 15 nafar ishsiz ayolning bandligi taʼminlandi. Bu yerda bolalar kiyimlari ishlab chiqariladi.
“Bogʻiston” MFY tuman markazidan 35 kilometr uzoqda joylashgan. Yaqinda bu hududda ikki qavatli boʻsh turgan sobiq shirkat xoʻjaligi binosi zamonaviy taʼmirlanib, kompleks mahalla idorasiga aylantirildi. Binoning ikkinchi qavati tadbirkor Dildora Izzatullayeva ixtiyoriga berildi. U trikotaj mahsulotlari tikishga ixtisoslashgan “Bogʻiston tekstil” MCHJ qoshida xususiy korxona ochdi va shu kunlarda faoliyatini yana kengaytirish harakatida. Hozir korxonada 40 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ular ilgari tuman va viloyat markaziga qatnab ishlar edi.
MFY raisi Adashali Xolboyevning aytishicha, hududda tikuvchilikka moʻljallangan korxona mavjud emasdi. Chevar opa-singillar tuman yoki viloyat markaziga borib ishlardi.
— Bir necha yildan buyon shuncha masofadan shaharga ishga qatnardim. Ertalab ketib, kechqurun kelardim. Toʻgʻrisi, bolalarim deyarli qarovsiz qolardi. Endi uyimiz yaqinidagi yangi tikuvchilik korxonasiga ishga joylashdim. Mashaqqatlarim, tashvishlarim kamaydi, yoʻlga sarflaydigan vaqtim va pulim tejalyapti, — deydi tikuvchi Nigora Haydarova.
— Ikkita yosh bolam borligi uchun uzoq joyda ishlash imkonsiz edi. Chevarchilik qoʻlimdan keladi. Mahallamiz hududida kichik tikuvchilik korxonasi ochilgani men uchun ayni muddao boʻldi. Tanaffus yoki tushlik paytida uyimizga chiqib, farzandlarimdan xabar olishimga sharoit yaratib berishganidan xursandman. Qarang, ham mehnat bilan bandman, ham oilamiz daromadiga hissa qoʻshyapman. Ishbay haq toʻlashyapti, qancha koʻp ish bajarsak, shuncha koʻp oylik olamiz, — deydi chevar Muattar Mamatova.
Chortoq tumanidagi mavjud “Beshkapa” va “Tinchlik” kichik sanoat zonalarida qurilish ishlari avjida. Yetti gektar maydonda barpo etilayotgan “Beshkapa” kichik sanoat zonasida elektroщit, metall mahsulotlarini qayta ishlash, elektrodvigatellar, tish protezlari va xomashyolari, bolalar poyabzallari, santexnika, mebel va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan umumiy qiymati 86 milliard 300 million soʻmlik 37 ta loyiha amalga oshirilyapti. Ular toʻliq ishlay boshlagach 1,2 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati tugʻiladi. “Tinchlik” kichik sanoat zonasining umumiy yer maydoni 1,4 gektar boʻlib, bu yerda tikuvchilik, mebel, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yoʻnalishdagi 21 milliard soʻmlik 28 ta loyiha joylashtiriladi. Ayni paytda 14,3 milliard soʻmlik 16 ta loyiha tashabbuskorlari tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda. Tumanda yana “Oʻrikzor” va “Bogʻiston” kichik sanoat zonalarini tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Ulardagi 68 ta loyiha yuzasidan tashabbuskorlar shakllantirilmoqda.
Chortoqda 2021-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 147 milliard 466 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Bu yilga ajratilayotgan mablagʻlar oʻtgan yilga nisbatan toʻrt barobar koʻp. Birgina “Beshtol” va “Bogʻiston” MFYga 23 milliard 700 million soʻm sarflanishi belgilandi. 29 ta mahalladagi 38,4 kilometrlik ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun 2020-yilga nisbatan 10 barobar ortiq mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Hozirgacha “Beshtol” mahalla fuqarolar yigʻinida 2 kilometr, “Bogʻiston” mahalla fuqarolar yigʻinida 3 kilometr yoʻlga shagʻal yotqizildi va 600 metr yoʻl asfaltlandi. Uzun koʻcha va Guldirov mahallalarida bu jarayonlar davom etmoqda. Shuningdek, gaz va suv tarmoqlari tortish, yangi inshootlar qurish va eskilarini rekonstruksiya qilish ishlari ham avjida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, Chortoq tumanining Doʻstlik mahallasida namunaviy loyiha asosida 240 xonadonli 12 ta 5 qavatli uy-joylar qurilishiga kuni kecha start berildi.
Joriy yilda tumanning Doʻstlik, Koroskon va Oyqiron mahallalarida 380 xonadonga moʻljallangan 5, 7, 9 qavatli 17 ta uy bunyod etiladi.
Ha, bugun Chortoq tumanining qay manziliga bormang, yaratuvchanlik, bunyodkorlik ustidan chiqasiz, katta-kichik rahbarlar xalq dardi bilan qiziqib, ularning tashvishlari bilan yashayotganiga guvoh boʻlasiz.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri