CHorvachilikni qo'llab quvvatlashda kompleks yondashuv: barqaror daromad va unumdorlik kafolati

    Subsidiyalash chorvachilik xo'jaliklari tomonidan etishtirilayotgan mahsulot tannarxi oshib ketmasligi, demakki ularning bozor sharoitida raqobatga dosh berishini ta'minlaydi.

    Qishloq xo'jaligi, ayniqsa chorvachilik tarmog'ining jadal rivojlanishiga tizimli va uzoq muddatli yondashuvga asoslangan davlat ko'magisiz erishib bo'lmaydi. Aynan davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishga qaratilgan kompleks choralar agrar sohada tovar ishlab chiqaruvchiga rentabellikning zarur darajasini ta'minlash imkonini beradi. Bu ayniqsa qorako'lchilik uchun muhim. CHunki nisbatan kamxarj va shu bilan birga katta daromad keltiradigan bu tarmoqning salohiyati to'liq ro'yobga chiqishi uchun tadbirkorlarga moliyaviy resurslardan tortib, tashkiliy ishlargacha davlat tomonidan ko'mak berilishi soha rivojida muhim omil bo'ladi.

    Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “CHorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bu borada soha uchun shu paytgacha misli ko'rilmagan imkoniyatlar eshigini ochdi.

    Unga ko'ra,2021 yil 1 martdan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasining kompensatsiya va kafilligidan foydalangan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yo'nalishidagi krediti bo'yicha to'lovlarni o'z vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga, ularning kredit bo'yicha qarzdorligi to'liq qoplanmaguncha, yangi kreditlar bo'yicha jamg'armaning kafilligidan yana foydalanishga ruxsat beriladi. Qorako'lchilik tarmog'i uchun bu juda muhim. CHunki klaster rahbarlari bo'lgan tadbirkorlarga mayda shoxli mollarga doimiy ravishda em etkazib berish, veterinariya tadbirlarni o'tkazish, shuningdek, jun va go'shtni qayta ishlash korxonalarining uzluksiz ishini ta'minlashga aylanma mablag'lar doimiy ravishda kerak bo'ladi. Qolaversa, yangi loyihalarni yo'lga qo'yish borasida paydo bo'layotgan imkoniyatlarni ham qo'ldan boy berish yaramaydi.

    Bundan tashqari, yangi qarorga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 martdagi “CHorvachilik tarmog'ini yanada rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori 2-bandiga muvofiq berilgan imtiyozlar chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha xo'jalik sub'ektlariga va omixta em ishlab chiqaruvchi korxonalarga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilandi. endilikda ular ozuqabop ekinlar etishtiruvchilar qatori ajratiladigan lalmi va yaylov er uchastkalarida tomchilatib va yomg'irlatib sug'orish texnologiyasini joriy qilish uchun davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanadi. Ularga mazkur er uchastkalarida sug'orish tik quduqlarini burg'ulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so'mdan subsidiya beriladi. Bunda subsidiya xarajatlari O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi.

    Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan ozuqabop ekinlar etishtiruvchilarga tomchilatib va yomg'irlatib sug'orish tizimlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valyuta turidan qat'i nazar, bir gektarga ekvivalenti 20 million so'mdan oshmaydigan qismi bo'yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi. Bu esa tadbirkorlar olgan kreditlarini oyma-oy muammosiz qoplab borishiga imkon beradi. Demak, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha xo'jalik sub'ektlari va omixta em ishlab chiqaruvchi korxonalar o'z hududlarida ozuqabop ekinlar etishtirib, ozuqa bazasini doimiy ravishda mustahkamlab boradi. Bu esa ayniqsa qorako'lchilikda samaradorlikni ta'minlaydi.

    2021 yil 1 yanvardan boshlab 2024 yil 1 yanvarga qadar naslchilik sub'ektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo'yicha foyda solig'i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag'lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig'i, er solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo'llaniladi. Qorako'lchilikni rivojlantirish uchun qarorning bu bandi muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki so'nggi yillarda qator viloyatlarda tashkil etilgan qorako'l zotli qo'ylarning sur rangi, qora va ko'k rangi bo'yicha yuqori elita sinfli nasldor qorako'l qo'ylar etishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stantsiyalari faoliyati selektsiya maqsadida nasldor hayvonlarni urchitish, naslli mahsulot (material) etishtirish va undan foydalanishda alohida o'rin tutmoqda. Ularning, shuningdek, naslchilik xo'jaliklari maqomiga ega sub'ektlarning ushbu imtiyozlardan kelgusi uch yil mobaynida foydalanishi natijasida bo'shagan va o'z yonlariga qolgan mablag'lardan foydalangan holda asosiy faoliyatni kengaytirishlariga xizmat qiladi. Buning natijasida qorako'lchilikda naslchilik bazasining mustahkamlanishi esa qorako'lchilik klasterlarning rentabelligini oshirishni va tarmoqning tezkor rivojlanishini ta'minlaydi.

    SHuningdek, qarorda qo'shilgan qiymat solig'ini to'lash bo'yicha ham imtiyozlar belgilandi. Hujjatning 3-bandiga ko'ra o'rnatiladigan tartibga muvofiq, 2021 yil 1 iyuldan boshlab qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi bo'lgan chorvachilik xo'jaliklariga – o'z xo'jaliklarida etishtirilib, go'sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 so'm hamda sutining har bir litri uchun 200 so'm miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi. Ushbu bandda nazarda tutilgan subsidiyalar qo'shilgan qiymat solig'idan qarzdorligi mavjud bo'lmagan, shuningdek, kontragentlarni tanlashda lozim darajada ehtiyotkor bo'lgan korxonalarga ularning subsidiyalar olish to'g'risidagi arizalariga asosan keyingi oyning 25- sanasigacha ajratiladi. Bu juda muhim, chunki bu o'rinda subsidiyalash chorvachilik xo'jaliklari tomonidan etishtirilayotgan mahsulot tannarxi oshib ketmasligi, demakki ularning bozor sharoitida raqobatga dosh berishini ta'minlaydi. Bu chora ham chorvadorlar, ayniqsa qorako'lchilik bilan shug'ullanuvchi sub'ektlar uchun shu paytgacha misli ko'rilmagan ko'mak bo'ldi.

    Davlatimiz rahbarining ushbu qarori ham so'nggi yillarda shakllantirilayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar tizimiga xos kompleks yondashuv bilan ajralib turadi. CHunki unda chorvachilikning barcha tarmoqlari muvaffaqiyatli ishlashi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsad qilingan. SHu jihatdan chorvachilik, jumladan, qorako'lchilikning davlat tomonidan qo'llab- quvvatlanishi nafaqat tarmoqda jamlangan ishlab chiqarish, moliyaviy, ijtimoiy salohiyatning to'liq ro'yobga chiqarilishi, balki, avvalo, kambag'allikni qisqartirish, mamlakatimizning oziq-ovqat xafsizligini oshirish va qishloq xo'jaligini rivojlantirishning barcha strategik maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

    Bahrom SHARIPOV,

    O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi raisi