Bar-Ilan universiteti va Galilei tibbiyot markazi olimlari organizmda D vitamini yetishmasligi COVID-19ning ogʻir kechishi va oʻlim xavfini sezilarli darajada oshirishini maʼlum qildi.

Tadqiqot mualliflari D vitamini vaksina oʻrnini bosa olmasligini, ammo koronavirusning eng yomon oqibatlaridan saqlanishga yordam berishini aniqladi.

“Biz D vitamini tanqis yoki umuman yoʻq boʻlgan ogʻir bemorlar holatida sezilarli farqni koʻrdik”, dedi tadqiqot mualliflaridan biri, Galilei tibbiyot markazi doktori Amiyel Dror.

Uning qoʻshimcha qilishicha, tadqiqot maʼlumotlari «omikron»ga qadar toʻplangan boʻlsada, ular ushbu shtamm uchun ham tegishli. D vitamini umumiy immunitetni oshirishga yordam beradi, bu esa nafas olish tizimi orqali tanaga hujum qiladigan virusli patogenlarga qarshi himoyani kuchaytiradi. Tadqiqotning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, D vitamini tanqisligi bilan kasalxonaga yotqizilgan bemorlarning 26 foizi koronavirusdan vafot etgan. Shu bilan birga, organizmida yetarli miqdorda D vitamini mavjud bemorlarning oʻlim ulushi uch foizni tashkil etdi.

Soʻnggi natijalar D vitamini tanqisligi COVID-19 bilan ogʻrigan bemorlarda kasallikning ogʻir kechishi xavfini 14 baravar oshirishini koʻrsatdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 386 million nafardan ortiq odam kasal boʻlib, raqamlar doimiy ravishda eng yuqori koʻrsatkichlarni yangilab turibdi. 5,7 milliondan ortiq bemorni qutqarib boʻlmadi.

Emlash esa kasallikdan saqlanishning eng ishonchli himoya usuli boʻlib qolmoqda.