Qayd etish lozimki, mamlakatimiz shiddatli taraqqiyotining zamonaviy bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli kechishini taʼminlash uchun davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, yuqori samara bilan faoliyat yurituvchi tizimini shakllantirish talab qilinadi.
Shu bilan birga, mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini davr talablaridan kelib chiqqan holda tubdan modernizatsiya qilish hamda mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini yana-da takomillashtirish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Birinchidan, shu yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60taga koʻpaytirib, ularning sonini 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu yilda tumanlar byudjetiga qoʻshimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita aholi fikr mulohazalari va mahalladagi muammolarini hal etish boʻyicha ishlarni amalga oshirish maqsadlariga 70 mlrd. soʻm yoʻnaltiriladi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan amaliy harakatlar islohotlarni toʻliq amalga oshirilishining taʼminlashi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini oʻz vaqtida aniqlashi va samarali hal etishga qodir boʻlgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratishga imkon beradi.
Aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi uning sifati va korrupsiyaning keskin qisqarishiga zamin yaratadi.
Ikkinchidan, davlat boshqaruvi idoralari va hokimliklarning tuzilmasi tubdan takomillashtirilishi, xodimlar sonini oʻrtacha 15 foizga qisqartirilishi hamda boshqaruv idoralari har bir boʻgʻinidagi rahbar va xodimlarning vakolat chegarasi aniq belgilab berilishi alohida taʼkidlandi. Bu oʻz navbatida, bir birini takrorlovchi va hozirgi kunda dolzarb boʻlmagan davlat funksiyalarini qisqartirilishiga olib keladi.
Uchinchidan, tuman, shahar va mahalla boshqaruvida samaradorlikni oshirish maqsadida xodimlar soni va maoshi hududning oʻziga xosligi hamda ish hajmidan kelib chiqib belgilash mexanizmi joriy etilishi koʻzda tutilgan. Shubhasiz, ushbu tashabbus mahalliy boshqaruv organlari va mahalla idoralari ishchilariga munosib va adolatli mehnat haqi toʻlashda oʻz aksini topadi.
Toʻrtinchidan, har bir qishloq yoki mahalla oʻz yoʻnalishi va “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib rivojlantirilishi aytib oʻtildi. Buning uchun shu yil 3 trillion soʻmlik mablagʻga ega boʻladigan hududlar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzish koʻzda tutilgan. Jamgʻarma mablagʻlari mahalliy kengashlar takliflariga asosan infratuzilma loyihalarini qoʻshma moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Bu oʻz navbatida joylardagi infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholini turmush darajasini yaxshilashga mustahkam zamin yaratadi.
Beshinchidan, shu yil boshidan har bir vazirlik oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirishi va tashkil etishi belgilandi. Ushbuni inobatga olgan holda vazirlar va ularning oʻrinbosarlari faoliyatiga joylarda amalda qanday oʻzgarish boʻlganiga qarab baho beriladi.Endilikda mutasaddi rahbarlardan aholi muammolarini joyiga chiqqan holda oʻrganish va ularni hal etish talab etiladi.
Har bir tuman va shahar hokimi oʻz hududida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi boʻyicha har chorakda mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berib borishi taʼkidlab oʻtildi. Bu masala barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezonga aylanishi, aholining turmush tarzini yaxshilashga yoʻnaltirilgan.
Shu bilan bir qatorda, shu yildan boshlab Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va boʻlimlarining asosiy vazifalaridan biri qabul qilingan hujjatlarni masʼullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qoʻllashga koʻmaklashish va nazorat qilishdan iborat boʻlishi belgilandi.
Yuqorida keltirib oʻtilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, Qonunchilik palatasi va Senatga, Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda 2021-yil 1-apreliga qadar boʻlgan muddatda, mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilganligi, ushbu yoʻnalishda yillar davomida yigʻilib qolgan ziddiyatli muammolarni qonuniy yoʻl bilan bartaraf etishga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Murojaatnomada mahalla idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha ham alohida fikr va mulohazalar bildirildi. Mahalla raisi va uning oʻrinbosarlari vakolatlari kengaytirilib, ularga aholi muammolarini bevosita hal qilish imkoni yaratilishi kerak ekanligi belgilab oʻtildi.
Shuningdek, Murojaatnomada mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini oshirish, xodimlarning moddiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha dastur ishlab chiqish toʻgʻrisida alohida topshiriq berilganligi davlat rahbarining ushbu asrlar davomida shakllanib kelgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish mexanizmining zahiradagi bor imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga berayotgan alohida eʼtiborini anglatadi.
Qolaversa mahallaning malakali va tashabbuskor kadrlarini davlat idoralarining rahbarlik lavozimlariga, shuningdek hokim lavozimiga tavsiya etish tizimi joriy etilishi xalq orasidan munosib kadrlarni tanlab olish imkoniyatini beradi.
Murojaatnomada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, soʻzsiz, innovatsion rivojlanishning zamonaviy tendensiyalari va jahon standartlarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish jarayoniga yangi kuch bagʻishlaydi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimizda Murojaatnomada belgilangan islohotlarning amalga oshirilishi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan yuksak maqsadni koʻzlagan gʻoyani hayotga toʻliq tatbiq etilishga albatta xizmat qiladi.
Zokir ABDULLAYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
boʻlim boshligʻi