Davlat dasturining joriy yil toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha bajarilishi koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 18 Noyabr 2022 572

    Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisida 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil 9 oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Hukumatning hisoboti eshitildi.

    Xususan, dasturning 607 ta yaxlit va kichik bandlarda nazarda tutilgan topshiriqlardan 233 ta (33 foiz) band va kichik bandlar toʻliq bajarilgan boʻlib, hisobot davrida 219 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

    Hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichi 105,8 foizni tashkil etgan.

    Davlat byudjetining jami xarajatlari 162,4 trln soʻmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 83,3 trln soʻmni tashkil qilgan. Amalga oshirilgan jami xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24,7 foizga oshgan.

    Hisobot davrida 1,9 mln nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi taʼminlangan.

    Xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 69,3 mingdan ziyod yangi savdo va servis obyektlari ishga tushirilgan boʻlib, ularda 1 mingdan ziyod aholining bandligi taʼminlangan.

    “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish maqsadida umumiy qiymati 700 mln dollardan ortiq boʻlgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida quvvati 1 154 MVtga teng 5 ta elektr stansiyalari ishga tushirilgan.

    Yoʻl-transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida 5,8 trln mablagʻlar hisobiga jami 15 ming 95 km avtomobil yoʻllari hamda 104 ta koʻprik taʼmirlangan.

    Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 2 762 ta obyekt uchun 23,8 trln soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, hisobot davrida 466 ta maktab, 163 ta maktabgacha taʼlim, 63 ta tibbiyot, 11 ta sport obyekti foydalanishga topshirilgan.

    Birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimida 19,5 ming kunduzgi shifo oʻrinlari tashkil qilinishi va ularning ish faoliyati 20:00 gacha uzaytirilishi natijasida poliklinikalarga murojaatlar soni 191 mlnni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlnga ortgan.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 182,6 ming nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 135,4 ming nafari ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlangan.

    Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklarga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Jumladan, Dasturning 286-bandida qayd qilingan vazifa, yaʼni tajriba tariqasida “Yangi Angren IES”da Mis eritish zavodlarining ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish boʻyicha avtomatik stansiyalarni oʻrnatish ishlari amalga oshirilmagan.

    Dastur ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Muhokamalardan soʻng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oliy Majlis Senati Axborot xizmati