Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish: islohotlarning yangi bosqichi

    Suhbat 3 Iyun 2021 5464

    Davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish, xususiylashtirish, shuningdek iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish tarkibiy tuzilmalarni qayta tashkil etishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.

    Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi qanday amalga oshirilayotganligi haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon ORTIQOV soʻzlab berdi.

    – Mamlakat iqtisodiyotida davlat ulushining yuqoriligi nimalarga olib kelishi mumkin?

    – Avvalo, iqtisodiyotda davlat ishtirokining yuqoriligi sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Xususiylashtirish jarayonini ochiq-oshkora amalga oshirmasak, mahalliy va xorijiy investorlarning ishonchini qozona olmaymiz. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari amalga oshirilmasa, ularning jozibadorligini oshirib boʻlmaydi.

    Hozirgi paytda deyarli har bir davlat organi va mahalliy hokimiyat organlari korxonalarning muassislari hisoblanishini misol tariqasida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Bugungi kunda davlat ishtirokidagi korxonalar soni ikki yarim mingdan ortiqni (2 541) tashkil etadi, ularning yarmi (1 210) unitar korxona shaklida tuzilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻpchiligi faoliyati samarali boʻlmayapti, bu esa davlat yaxshi menejer boʻla olmasligining yana bir tasdigʻidir.

    Respublika iqtisodiyotida davlatning ishtiroki ilgarigidek yuqoriligicha qolmoqda va 55%ni tashkil etadi. Masalan, Janubiy Koreyada ushbu koʻrsatkich 22%ni, Germaniyada – 18%ni, AQSHda – 11%ni va Yaponiyada – 5%ni tashkil etadi.

    Shu munosabat bilan “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi” ishlab chiqilgan va Hukumat tomonidan joriy yilning 29-martida tasdiqlangan.

    – Strategiya doirasida qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda?

    Birinchidan, xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokini cheklash nazarda tutilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarni saqlab qolishga asos mavjud boʻlmagan taqdirda, ularni tugatish, qayta tashkil etish yoki sotish jarayoni “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

    Ikkinchidan, yangi tahrirdagi “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlarni ishlab chiqish orqali davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilishning normativ-huquqiy bazasi takomillashtiriladi. “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun 1991-yilda qabul qilingan hamda zamonaviy talablar va real holatlarni hisobga olgan holda qaytadan puxta ishlab chiqilishi taqozo etiladi.

    Hozirda ushbu loyihalar xalqaro moliya institutlarini (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, OTB) va xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda ishlab chiqilgan. Joriy yil yakuniga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ushbu loyihalarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

    Uchinchidan, davlat tomonidan lozim darajadagi asoslar boʻlmaganda yangi davlat korxonalari tashkil etilmaydi. Bunda faoliyat yuritayotgan barcha unitar korxonalar bosqichma-bosqich qayta tashkil etiladi yoki tugatiladi. Shuni taʼkidlamoqchimanki, yaqin kunlarda 600 ta davlat korxonasini bosqichma-bosqich qayta tashkil etish va tugatish qismida Strategiya amalga oshirilishining dastlabki natijalarini koʻramiz.

    Toʻrtinchidan, eksklyuziv imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish amaliyotini hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiya va boshqa loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat kafolatlarini taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi.

    Beshinchidan, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etiladi hamda davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat ishtirokining maxsus huquqi (“Oltin aksiya”) bekor qilinadi.

    Oltinchidan, boshqaruv organlari faoliyati va davlat ishtirokidagi korxonalar nazorati korporativ boshqaruv amaliyotiga muvofiq tashkil etiladi.

    – Korporativ boshqaruv prinsiplari qanday joriy etiladi?

    – Keyingi yildan boshlab Kuzatuv kengashlariga nomzodlarni tanlov asosida saylash amaliyotga joriy etiladi. Bundan tashqari, Kuzatuv kengashi mustaqil aʼzolarining ulushi 2025-yilga kelib 30%gacha boʻlgan miqdorga yetkaziladi.

    Shuningdek ijro etuvchi organ uch yilgacha vakolat muddati bilan tanlov asosida shakllantiriladi. Bunda Kuzatuv kengashi va ijro etuvchi organ aʼzolarining faoliyatini baholash korporativ boshqaruv koʻrsatkichlari hamda samaradorlik boʻyicha asosiy koʻrsatkichlar bilan bogʻliq boʻladi.

    – Strategiyani amalga oshirishdan qanday natijalar kutilmoqda?

    – 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich davlat korxonalari sonining 75%i qisqartiriladi. Moliya vazirligi bilan birgalikda 20 ta davlat korxonasining (“Oʻzmetkombinat” AJ, “AKMK” AJ, “Oʻzmilliybank” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Xalq banki” AK, “Oʻzagrosugʻurta” AJ, “NKMK” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ va boshqalar) aksiyalari birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif etish orqali sotish uchun joylashtirilishi taʼminlanadi.

    Bundan tashqari, davlat korxonalarining boshqaruv organlariga 100 nafar xorijiy menejerlar jalb etiladi.

    – Nimalarga erishildi va yaqin kunlarda davlat aktivlari qanday tartibda sotiladi?

    – 2020-yil oktyabrda qabul qilingan Prezidentning “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan ilk marta transformatsiya qilinadigan davlat korxonalari roʻyxati belgilandi. Shuningdek davlat obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish amaliyoti bekor qilindi, xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat korxonalari va koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati tasdiqlandi.

    Prezidentning joriy yil 11-fevraldagi Farmoni bilan xususiylashtirishning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish boshlandi. Xususan, ushbu jarayonga professional tashkilotlar jalb etila boshlandi, boshlangʻich narx sifatida davlat aktivlarini baholash qiymatini majburiy tartibda belgilash talabi bekor qilindi. Bunda baholash qiymati sotish uchun moʻljal qilib olinadi.

    Joriy yilning birinchi yarmi oxiriga kelib 550 tadan ortiq davlat aktivlari, shu jumladan “Poytakht” biznes markazi, “Ichan qalʼa” mehmonxonasi, Toshkent shahridagi maʼmuriy binosi kabi yirik mulkiy komplekslarning sotilishi rejalashtirilmoqda.

    “Coca-Cola Ichimligi” kompaniyasida davlat ulushini sotishning yakuniy bosqichi haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, yil oxiriga qadar “Oʻzagroeksportbank” va “Poytaxt bank”, “Fargʻona NPZ”, “Kvars”, “Trest-12” korxonalari, “Kafolat” sugʻurta kompaniyasi, vino-aroq va yogʻ-moy korxonalaridagi davlat ulushini ham sotish rejalashtirilmoqda.

    Davlat aktivlarining bozor qiymatini aniqlash uchun xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan baholovchi kompaniyalar (KPMG, Deloitte, PriceWaterhouseCoopers, Grant Thornton) jalb etilgan, ular baholash jarayonini amalga oshiradilar. Shuningdek xususiylashtirishdan oldin tayyorlash jarayoni xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan konsalting kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

    Lola Abduazimova.