Soʻnggi yillarda yurtimizda kechayotgan keng qamrovli izchil islohotlar, ochiqlik va shaffoflik siyosati natijasida xalqimizning huquqiy va siyosiy ongi oʻsdi. Shu jarayonda davlat xizmatiga boʻlgan talab ham tobora ortib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, taraqqiyotning asosiy lokomotivi boʻlgan davlat xizmatchilaridan katta masʼuliyat talab etadi.
Bugungi odamlar kechagi odamlar emas, xalqimiz jamiyatda roʻy berayotgan har qanday masalaga oʻzini daxldor sezadi, islohotlarning amaldagi natijasiga baho beradi. Tabiiyki, bu jarayonda, avvalo, davlat xizmatchilari faoliyati muhim oʻrin tutadi. Zero, uning faoliyati koʻplab sohalardagi islohotlarni xalqimiz ongi shuuriga yetkazishda koʻzgudir.
Shu vaqtgacha davlat xizmatchisining ishdan tashqari vaqtdagi xulq-atvorini tartibga soluvchi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinish va kiyinish uslubiga oid talablar, odob-axloqi qoidalarini nazorat qilish va davlat xizmatchilarini himoyalash kabi umumiy odob-axloq qoidalari belgilanmagan edi.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 14-oktyabrdagi qarori bilan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqi namunaviy qoidalari tasdiqlangani yuqorida sanab oʻtilgan barcha munosabatlarni hal etishga huquqiy yechim boʻldi.
Mazkur qoidalar davlat fuqarolik xizmatchilari kasbiy madaniyatini, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda ham odob-axloqini, tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalarini belgilab berdi.
Odob-axloq qoidalarida uchta asosiy maqsad koʻzda tutilgan. Birinchisi – davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish orqali xalqimizni rozi qilish, ikkinchisi – jamoatchilik ongida davlat xizmatiga boʻlgan hurmat va ishonchni mustahkamlash, uchinchisi – davlat xizmatchilari axloqqa zid xatti-harakatlar sodir etishining oldini olish.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yildagi qarori bilan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalaridan farqli oʻlaroq, yangi namunaviy odob-axloq qoidalarida qator yoʻnalishlardagi odob-axloq mezonlari belgilandi. Kasbiy madaniyat, xizmatdan tashqari, xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinish va kiyinish uslubiga, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga doir odob-axloq qoidalari shular jumlasidandir.
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga doir odob-axloq qoidalariga alohida toʻxtalish lozim. Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli barcha sohalarga ochiqlik siyosati kirib bordi. Bu davlat organlari va OAV vakillari oʻrtasidagi muloqot jarayonlarida oʻz aksini topmoqda.
Shunga koʻra, odob-axloq qoidalarida jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi normalar belgilangan. Davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga koʻmaklashishi kerakligi kabi fundamental qoidalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilari bilan ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlikning chegaralari ham ochiq koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, ushbu namunaviy odob-axloq qoidalarida yangi mexanizmlar oʻrin oldi. Bular davlat xizmatchisining manfaatlarini himoyalash, odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlarga javobgarlik belgilash kabi mexanizmlardir.
Bungacha davlat xizmatchilarining xizmat vazifasini bajarish bilan bogʻliq yuzaga keladigan tahdid, haqorat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilishning huquqiy asoslari mavjud emas edi.
Mazkur obod-axloq qoidalari tasdiqlanishi bilan davlat xizmatchilarining xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq tahdid, haqorat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoyalanishning huquqiy yechimi boʻldi. Endi davlat xizmatchilarini qonunga xilof xatti-harakatlardan himoya qilish davlat organi rahbarining majburiyati sifatida belgilandi.
Yangi tartib boʻyicha odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qiluvchi masʼul subyektlar aniq koʻrsatib berildi. Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya etilishini tashkilotning inson resurslarini boshqarish boʻlinmalari yoki odob-axloq komissiyalari, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi nazorat qilib boradi.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishda tashkilotning odob-axloq komissiyasi muhim rol oʻynaydi. Yangi tartib boʻyicha har bir tashkilotda davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid xatti-harakatlarining oldini olish va bu qoidalariga rioya etish bilan bogʻliq nizolarni koʻrib chiqish uchun komissiya tuziladi.
Komissiya umumiy besh nafardan kam boʻlmagan holda tajribali, mehnat jamoasida obroʻ-eʼtiborga sazovor davlat xizmatchilaridan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq qoidalarini buzish holatlari boʻyicha xizmat tekshiruvlari tashkilot rahbari koʻrsatmasiga muvofiq komissiya tomonidan oʻtkazilishi xolislikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilishda maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Ushbu norma “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunda ham mustahkamlab qoʻyilgan. Davlat xizmatchilari odob-axloq qoidalariga rioya etmasa, ularga nisbatan javobgarlik muqarrarligi belgilandi. Yaʼni odob-axloq qoidalariga rioya etmagani uchun davlat xizmatchisiga nisbatan uch xil javobgarlik belgilandi.
Birinchisi axloqiy taʼsir choralari boʻlib, unga ogohlantirish, uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish hamda davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish kiritilgan.
Ikkinchisi intizomiy taʼsir choralari boʻlib, amaldagi mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan choralar koʻrish nazarda tutilgan.
Uchinchisi, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
Fikrimizga xulosa qilishdan avval bir purmaʼno hikmatni keltirib oʻtishni joiz topdik: Axloq shunday oynaki, unda insonning tashqi qiyofasigina emas, balki ichki dunyosi ham koʻzga tashlanib turadi.
Demak, inson nafaqat tashqi koʻrinishi, balki xulqi ham goʻzal, maʼnaviy jihatdan har tomonlama yetuk boʻlsagina oʻziga, oilasiga va butun jamiyatga koʻproq naf keltiradi. Ayniqsa, davlat xizmatchisi xizmat faoliyati davomida ham, ishdan tashqari vaqtda ham xulq-atvori, tashqi koʻrinishi hamda soʻzlashuv odobi bilan oʻzgalarga oʻrnak va shaxsiy namuna boʻlishi ayni muddao. Shundagina xalqimizni rozi qiladigan xalqchil davlat xizmatini shakllantirishga, bu borada oldimizga qoʻyilgan barcha ezgu maqsadlarimizni roʻyobga chiqarishga erishamiz.
Shohroʻz AZIMOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
bosh inspektori