Dehqon va tomorqa xoʼjaliklarida sabzi yetishtirishda eʼtibor qaratish lozim boʼlgan jihatlar

    Sabzining shifobaxsh xususiyatlari qadimdan maʼlum. Muntazam isteʼmol qilish bilan olimlar koʼp odamlar yurak-qon tomir va ovqat hazm qilish salomatligini yaxshilaganligini kuzatishdi. Sabzi tarkibida K1 vitamini suyak mineral zichligini oshiradi va qon tamirlaridagi qon quyilishining oldini oladi. Bu shuni anglatadiki, sabzi osteoporozning oldini oladi va koʼrishni yaxshilash uchun foydalidir.

    Biz quyida sabzi yetishtirish uchun zarur boʼlgan maʼlumotlarni tavsiya qilamiz.

    Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar – "Ertapishar mushak – 195", "Nurli – 70", "Oʼrtapishar Mirzoi sariq – 304", "Mirzoi qizil – 228", "Nant – 4", "Shantane – 2461", "Ziynatli", "Farovon".

    Urugʼ tanlash. Ekiladigan urugʼ toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun (sinmagan), vazndor boʼlishi zarur. Urugʼlar boshqa oʼsimliklar urugʼlari va aralashmalaridan tozalanadi.

    Yer tayyorlash. Tomorqa oʼtmishdosh ekin qoldiqlari va begona oʼtlardan sifatli qilib tozalanadi. Tuproq 20 – 25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sugʼorish egatlari olinadi.

    Ekish muddati va chizmasi. Mamlakatimizning janubiy viloyatlarida bahorgi sabzi urugʼi 15 – 28 fevralda, yozgisi 1 – 15 avgust, toʼqsonbosti 15 – 30 dekabrda sepiladi. Markaziy mintaqada joylashgan va vodiy viloyatlarida bahorgi sabzi 1 – 15 martda, yozgisi 10 iyundan 10 iyulgacha, toʼqsonbosti muddatda 10 noyabrь – 10 dekabrь orasida, shimoliy mintaqalarda bahorgisi 15 – 30 mart, yozgisi 10 –20 iyunь, toʼqsonbosti muddatda 1 – 30 noyabrda 1,5–2 sm chuqurlikka 52x8, 62x8 sm sxemada ekiladi.

    Urugʼ sarfi 10 sotixga 500–600 g. Sepilgandan soʼng urugʼlar xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.

    Maʼlumot oʼrnida: Sabzi, osh lavlagi, ukrop, kashnich kabi unib chiqishi qiyin boʼlgan ertaki sabzavot urugʼlari ekilgan joʼyaklar usti chirigan quruq goʼng bilan 1,5-2 sm qalinlikda mulchalansa, tuproqni qatqoloqdan saqlaydi, nihollarning unib chiqishi ancha tezlashadi.

    Parvarishlash. Sabzini parvarishlash jarayonidagi eng muhim masalalardan biri – urugʼni yerdan tekis undirib olishdir. Sabzi nihollari tuproq doim nam boʼlganda 5 – 7 kunda koʼrinadi va 10 kunda batamom unib chiqadi. Sabzi unib chiqishi bilan darhol begona oʼtlarni oʼtash va yaganalashga kirishish kerak. Sabzi 2 marta oʼtaladi. Dastlabki oʼtash sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3 – 4 barg chiqarganda oʼtkaziladi.

    Sugʼorish. Sabzining ildizi yaxshi rivojlanadi, tuproqqa chuqur taraladi, barg shapalogʼi unchalik katta emasligidan suvni koʼp bugʼlantirmaydi, ammo tuproqning biroz chuqur qatlamidan nam tortib olish qobiliyatiga ega. Yurtimiz sharoitida sabzi urugʼi koʼklamda, kuzda va yozda sepiladi. Аyrim, yaʼni koʼklam qurgʼoqchil kelgan yillardagina urugʼning unib chiqishini tezlashtirish maqsadida urugʼ suvi beriladi. Dastlabki paytlarda ekin har bir yarim-ikki haftada, mayning ikkinchi yarmidan eʼtiboran, yaʼni ildizmevalar jadal surʼatda kattalashayotganda esa har 7 – 8 kunda sugʼoriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda ertagi sabzi oʼsuv davrida 8, sizot suvi yuza dalalarda esa 5 – 6 marta sugʼoriladi. Sabzi mana shu tartibda sugʼorib borilsa, sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda mavsumda 11 – 12, sizot suvi yuza hududlarda 6 – 8 marta suv ichadi.

    Oʼgʼitlash. 10 sotix maydonga sof holda 15 kg azot, 8 kg fosfor, 4,5 kg kaliy solish kerak. Oʼtloqi, oʼtloqi botqoq yerlarda yetishtirilganda sof holda 12 kg azot, 7 kg fosfor, 4 kg kaliy berish kerak. Oʼgʼitlarni berish muddatlari: fosfor oʼgʼitini yillik miqdorining 75 foizi bilan kaliyning hammasi shudgorlashda, fosforning qolgan qismini boronalab, egat olishda berish tavsiya etiladi. Аzotli oʼgʼitlarning vegetatsiya mobaynida ikkiga boʼlib beriladi.

    Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Koʼp yillik begona oʼtlarga qarshi kuzda 10 sotixga Galomeks 104 g/l em.k. preparati solinadi. Bir yillik oʼtlarga qarshi ekishdan oldin 50 foizli Gezagard preparatini 200 – 300 grammmdan, begona oʼtlar urugʼi yerdan ungunga qadar yoki 1 – 2 chinbarg chiqargan vaqtda, 33 foizli Stomp 100 – 200 ml yoki 12,5 foizli Fyuzilad Super preparatining 100 – 200 grammini 60 – 80 litr suvda aralashtirib purkash tavsiya qilinadi. Kimyoviy preparatlar mutaxassislar nazoratida qoʼllaniladi.

    Hosilni yigʼishtirish. Sabzi ildizmevasining diametri 1,5–2 sm boʼlganda kovlab olinadi. Takroriy ekilgan sabzi hosili qattiq sovuq tushmasdan yigʼishtirib olinadi, aks holda mevalar mazasini yoʼqotadi va uzoq saqlanmaydi.

    Zafar MIRZААHMEDOV,

    Oʼzbekiston fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi