Shu yilning 15-mart kuni soat 21:10 atrofida “Qarshi – Samarqand” yoʻnalishida harakatlanib kelgan Cobalt avtomashinasi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan “Mingchinor” muntazam YPX maskanida toʻxtatildi.

Avtomobil salon va yukxonasi koʻzdan kechirilganda kelib chiqishi nomaʼlum hayvonga tegishli boʻlgan, hech qanday hujjatlarsiz 900 kg goʻsht mahsuloti borligi aniqlandi, deya xabar berdi Qashqadaryo viloyati IIBB axborot xizmati.

Aniqlangan goʻsht viloyat “Oziq - ovqat mahsulotlari xavfsizligi” laboratoriyasi xodimlari tomonidan tekshiruvdan oʻtkazilganda, isteʼmolga yaroqsizligi maʼlum boʻldi.

Laboratoriya xulosasiga koʻra sifatsiz goʻsht mahsuloti tegishli tartibda yoʻq qilindi.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan MJtKning 109-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, tegishli jazo qoʻllanildi.