Buyuklik xalqning qalbiga yoʻl topa bilishdadir. Millatimiz qalbidan joy olgan buyuk ajdodlarimiz nomini asrlar, ming yilliklar shitobi oʻchira olmadi. Oʻchira olmaydi ham. Haqiqiy shoir yuragi xalq yuragi bilan hamohang uradi. Quyosh nuri soʻnmaganidek buyuk shoirlardan meros qolgan durdona asarlar, misralar ham ming yillar oʻtsa-da, zavol topmaydi. Avlodlar qalbida nur taratishdan toʻxtamaydi.
Bunday buyuk isteʼdod egalari boy ijodiy merosining qadr-qimmati adabiyotimizning yuksak namunalaridan joy olgani bilangina cheklanib qolmaydi. Aytish mumkinki, ularning mangulikka daxldor asarlari xalqimiz maʼnaviyatini, tafakkurini boyitishga juda katta taʼsir koʻrsatgan va koʻrsatmoqda.
Erkin Vohidov shaxsi va ijodi nafaqat yurtimizda, boshqa respublikalarda ham mashhur boʻlgan, kitoblari qator tillarga tarjima qilingan, adabiy, ilmiy davralarda katta eʼtirof qozongan edi...
1970 yili aspiranturada oʻqib yurgan kezlarim Navroʻz bayrami bahonasida turli sohalar boʻyicha Leningradda ilm qilib yurgan oʻzbekistonlik aspirantlar biz yashab turgan yotoqxonaga toʻplandi. Yotoqxonamizning keng-moʻl oshxonasida bayram dasturxoni yozilib, atrofidan yuz chogʻli odam oʻrin oldi. Soʻzga chiqkanlar koʻp boʻldi. Yodimda qolgani oʻshanda men va oʻsha izdihomdagi vatandoshlarimizning aksariyati birinchi marta “Oʻzbegim” sheʼrini tinglagan edik. Nazarimda, aynan shu kuni davr mafkurasining qalbimizdan ona Vatan tuygʻusi, buyuk ajdodlarimiz yodi, dinu diyonat, urf-odatlarimiz, tariximizni oʻchirishga urinishlari barbod boʻlishidagi boshlangʻich qadam qoʻyilgandi. Oʻshanda ilk bor Erkin Vohidov nomi qalbim toʻriga kirib bordi. “Oʻzbegim” sheʼrini hali yosh aktyor, hozir sanʼatimiz dargʻasi maqomiga erishgan Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev zoʻr mahorat bilan oʻqib bergandi...
Fan nomzodi boʻlganimdan soʻng koʻp oʻtmay, doktorlik dissertatsiyasini boshlash harakatiga tushdim. Barcha rasmiyatchiliklarni tugatgach, ilmiy ishimni amalga oshirish uchun belgilangan laboratoriyaga bordim. Kirdim-u, dilni gʻash qiluvchi holat ustidan chiqib qoldim. Men bilan qadrdonlashib qolgan yosh olim Yuriy Rudning doktorlik dissertatsiyasi himoyasi barbod boʻlibdi... Buni eshitgach, ishga jon-jahdim bilan kirishib ketdim. Yuriy ham men bilan yupanib, biroz boʻlsa-da, tashvishini esdan chiqargandek boʻlib yurdi. Bir yilcha vaqt oʻtgach, dissertatsiyasini yoqlash uchun qaytadan institut direktori, akademik Jores Alferovning ruxsatini olishga harakat qila boshladi. Lekin bir necha oy mobaynida biror marotaba Jores Alferov bilan ikki ogʻiz gaplashishga ham muyassar boʻla olmadi.
Rudning Alferov bilan uchrashishga yuragi dov bermayotgan boʻlsa kerak, degan xulosaga kelib, oʻzimning dissertatsiyam xususida jiddiy bosh qotira boshladim. Ilmiy ishni mehnat, aqlu farosat bilan qilarman, dissertatsiyani ham yozarman, lekin Ruddek mashhur olim yaqinlasha olmayotgan Jores Alferov, Vladimir Tuchkevich, Yuriy Gulyayev kabi akademiklar bilan qanday uchrasha olaman, ularga ilmiy ishimning mohiyatini qanday yetkazaman, eng asosiysi, dissertatsiyamni yoqlash uchun ularning ruxsatini qanday olaman, degan savol va xavotir menga hech tinchlik bermay qoʻydi.
Toshkentga qisqa muddatli taʼtilga kelgan kezlarim kitob doʻkonlaridan birida Erkin Vohidovning Moskvadagi nashriyotlardan biri tomonidan 1986-yilda juda bejirim qilib chop etilgan rus tilidagi sheʼriy toʻplamiga koʻzim tushib qoldi. Hech bir ikkilanmay, ushbu kitobdan yettitasini sotib oldim-da, toʻgʻri Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga bordim. U paytlarda akademik Poʻlat Habibullayev akademiya prezidenti edi.
Poʻlat akaning yordamchisi Liliya Mansurovna degan dilbar, xushmuomala ayol meni yaxshi tanir edi. Shu bois, hech bir qiyinchiliksiz akademiya rahbarining qabuliga kirib bordim. Poʻlat aka meni “Xoʻsh, nima gap?” deya kutib oldi. Men ilmiy ishim bilan bogʻliq vaziyatni qisqa, loʻnda qilib tushuntirgach, qoʻlimdagi sheʼriy toʻplamlardan uch-toʻrttasini unga uzatdim. “Shu kitoblarga Alferov, Tuchkevich va Gulyayev uchun dasxat yozib bersangiz”, deya iltimos qildim. Poʻlat aka menga yalt etib bir qaradi-da, kitoblarni olib, indamasdan ikki akademik nomiga yaxshi tilaklar yozib, dastxat qoʻyib berdi. Nimanidir oʻyladi, shekilli: “Gulyayevga keyin yozib berarman”, deb qoʻydi...
Toʻplamlar Alferov va Tuchkevichning qoʻliga tekkach, toʻsiqlarni yengib oʻtishim osonlashdi. Har ikki akademikni ilmiy ishimning mazmuni bilan tanishtirishimga imkoniyat paydo boʻldi. Hatto Rudga tegishli ilmiy ishning ijobiy tomonlarini koʻrsatganimdan soʻng sherigim ham tez orada doktorlik dissertatsiyasini yoqlab oldi. Men ishlagan laboratoriyaga ishonch ortdi, obroʻsi koʻtarildi. Dissertatsiyam himoyasidan soʻng yana bir necha olimning fan doktori boʻlishi uchun keng yoʻl ochildi. Ulardan biri — professor Gennadiy Medvedkin keyinchalik AQSH fuqarosi boʻlgach, meni okeanortida oʻtkazilgan ilmiy konferensiyaga taklif etdi.
Xizmat vazifam taqozosiga koʻra hukumat telefoni biriktirilgan kezlari Erkin Vohidov bilan tez-tez u-bu masalalarni maslahatlashib olardik. Hatto, birgalikda hasharlarda ishtirok etar, koʻchatlar ekardik. Atoqli shoir biz oʻtkazgan tadbirlarda bir necha bor ishtirok etib, purmaʼno maʼruzalar qilgan. Shunday uchrashuvlarimizdan birida Erkin Vohidov bilan bir piyola choy ustida suhbatlashar ekanmiz, yuqorida bayon qilingan voqealarni u kishiga aytib berdim. “Doktorlik dissertatsiyamning yarmi sizniki, Erkin aka”, deganimda buyuk shoirimizning nurli chehrasida mayin tabassum zohir boʻldi. Shu-shu adibning oʻsha paytdagi mayin jilmaygan holati xotiramda muhrlanib qoldi...
Mansurxon TOIROV,
professor