Mamlakatimizda milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy ma’naviy merosi va an’analarini asrab-avaylash hamda jahon miqyosida keng targ‘ib etish, talaba yoshlarga o‘zbek va jahon mumtoz san’ati durdonalari va zamonaviy yutuqlarini o‘rgatish, ularning ijodiy qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, yurtdoshlarimizning madaniy saviyasini oshirish, farzandlarimizni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda musiqani o‘rni beqiyos.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, madaniyat va san’at orqali o‘zaro ishonch va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga ko‘maklashish O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazining asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Xususan, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi tashkil etilganining 85 yilligi munosabati bilan shu yil 15 dekabr kuni mazkur musiqa dargohining katta zalida SHHT Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida “Do‘stlik taronalari” nomli konsert bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni markaz direktori Qobiljon Sobirov ochib berar ekan, "Musiqa odamlarning qalbiga tarjimasiz, hech qanday vositasiz kirib boradi, qalblarni qalblar bilan, xalqlarni xalqlar bilan bog‘laydi, tinchlik va ma’naviyatni o‘zida aks ettiradi, insonparvarlikni ulug‘laydi. Biz SHHT mamlakatlari xalqlarining boy ma’naviy merosi va an’analarini asrab-avaylash, ularni jahon miqyosida ommalashtirishga katta e’tibor beramiz”, — deb ta’kidlab o‘tdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar kuylari asosida tuzilgan “Do‘stlik taronalari” nomli konsert dasturi ushbu mamlakatlar xalqlarining an’anaviy va zamonaviy musiqa asarlari, do‘stlik, tinchlik va farovonlikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar tashkil topdi.
Jumladan, “Tangri yaratgan juftlik” hind kinofilmidan musiqa, “Yomg‘irdan keyingi bog‘” xitoy kuyi, “Aday” qozoq musiqasi, “Mash Botoy” qirg‘iz xalq kuyi, “Tumhe Dillagi” pokiston kuyi, “Korobeyniki” rus xalq kuyi, “Nazm va bazm” tojik musiqasi, “Bayram uvertyurasi" o‘zbek xalq kuyi, “Doira raqsi” eron musiqasi, hamda mug‘uliston, belorus, afg‘oniston xalqlarining ijodiy asarlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shubhasiz, mazkur kuy-qo‘shiqlar tinglovchilar qalbida iliq tuyg‘ularni uyg‘otib, SHHTga a’zo davlatlar xalqlarining musiqa san’ati va madaniyatini yanada yaxshiroq bilish va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining
Xalq diplomatiyasi markazi
Matbuot xizmati