Millatlar oʻrtasidagi totuvlik, jamiyatimizdagi hamjihatlik, mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhiti bugun qoʻlga kiritilayotgan barcha yutuqlarimizda ham asosiy omil boʻlyapti desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston koʻpmillatli yurt. Bu zaminda qadim zamonlardan turli millat va elat vakillari oʻzaro doʻstlik va birodarlik muhitida yashab kelgan. Shu jumladan, Toshkent viloyatida ham qozoq, tojik, rus, qirgʻiz, uygʻur, koreys, turkman, ozarbayjon va boshqa millat vakillari koʻpchilikni tashkil etadi.
Soʻnggi yillarda turli millatlar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va hamjihatlikni taʼminlash, yurtdoshlarimiz ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirildiki, buni Nurafshon shahrida milliy madaniyat markazlarining Toshkent viloyati boʻlimlari uchun “NNT va Doʻstlik uyi” bunyod etilgani misolida ham koʻrish mumkin.
“NNT va Doʻstlik uyi”ning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻofurov, yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyati hokimligi masʼullari, hudud faollari, nuroniylar ishtirok etdi.
“NNT va Doʻstlik uyi”da rus, qozoq, qirgʻiz, uygʻur, tojik, koreys, turkman va ozarbayjon milliy madaniyat markazlarining viloyat boʻlimlari, Oʻzbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi viloyat boʻlinmasi, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat birlashmasi kabi oʻnga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritadi.
Binoda 50 oʻrinli majlislar va anjumanlar zali, kompyuter xonasi, har bir millatning til, milliy raqsini oʻrgatuvchi toʻgaraklar xonasi, shuningdek, shaxmat va rassomlik toʻgaraklari hamda ayollarni hunarmandlikka oʻrgatish markazi oʻquv xonalari, 16 ta ish yuritish xonasi mavjud. Shu bilan birga, alohida media markaz faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan. Binoni rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun viloyat mahalliy byudjetidan 3,498 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Tadbirda Toshkent viloyati Nogironlar jamiyatiga xizmat avtomobili ham topshirildi. Mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, turli millat vakillari bilan suhbatlashdi.
Bu yerda boshlangan millatlararo doʻstlik tadbiri adabiyot, maʼnaviyat bayramiga ulanib ketdi. Chunki, shu kuni shaharda yana bir muhim voqea – Yozuvchilar uyushmasi va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat boʻlimlari hamda zamonaviy kutubxonani oʻz bagʻriga olgan muhtasham bino tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ikki qavatli zamonaviy binoda barcha zarur sharoitlar mujassam. Hovli qismi koʻkalamzorlashtirilib, tashkilot xodimlari uchun maxsus chorbogʻ ham tashkil etilgan. Kutubxona binosi esa viloyat hokimining tashabbusi bilan ushbu binoga tutashtirilib barpo etildi. Buning uchun 959 million soʻm mablagʻ ajratildi. Kutubxona minglab badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlandi.
Ochilish marosimida mehmonlar mazkur maʼrifat dargohlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.