Doshqozonda pishay deb qolgan sumalakning bolalikdan tanish xushboʻy hidini tuygan Fazliddin Shamsiyev beixtiyor umrining begʻubor damlariga qaytgandek boʻldi. U Sietldagi Oʻzbek mahallasi raisi, Sietl — Toshkent birodarlik shaharlari uyushmasi prezidenti, “Doʻstlik” ordeni sohibi. Beixtiyor koʻhna Toshkentning fayzli koʻchalari, tomsuvoq uylar tomidagi lolaqizgʻaldoqlar, toʻlqinlanib oqqan anhor, boychechagu yalpizlarni koʻzga surgan momolarning nurli chehrasi koʻz oʻngida jonlandi.
— Fazliddin ogʻa! Sening qanday ajoyib xalqing, oʻlmas va rang-barang udumlaring bor-a?! Oshning guruchini solaveraylikmi? Juda xayolga tolibsan, birinchi muhabbating yodingga tushdimi, deyman...
Qoʻqon doʻppini boshiga qoʻndirib olgan “Sietl — Toshkent” birodar shaharlari uyushmasining sobiq prezidenti Den Peterson shu gaplarni sof oʻzbekcha aytar ekan, oʻyga tolgan Fazliddin akaning yelkasiga chapani oshnalardek urib qoʻydi. Bu samimiyatdan atrofdagilar ham yayrab ketdi.
Ezgu niyatlardan pishgan sumalak toti yoxud Navroʻz amerikaliklarning ham sevimli ayyomiga aylandi
— Bundan besh yil muqaddam ham ana shunday katta doshqozonda sumalak qaynagan, osh damlangan edi, — deya gap boshlaydi Fazliddin aka. — Oʻshanda Toshkent shahar hokimiyati delegatsiyasi ushbu ikki shahar oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatilganining 45 yilligi hamda Navroʻz bayramini nishonlashga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun AQSHga tashrif buyurgandi. Tantanalarda 400 dan ortiq kishi, xususan, Sietl maʼmuriyati, “Toshkent — Sietl” birodar shaharlar assotsiatsiyasi, Vashington universiteti, oʻzbek diasporasi hamda mahalliy aholi vakillari ishtirok etgan.
2018-yilda nishonlangan oʻsha Navroʻz bayrami shukuhini amerikalik vatandoshlarimiz chindan ham sogʻinch bilan tilga oladi. Bayram tadbirlari doirasida oʻzbek sanʼatkorlari tomonidan madaniy dasturlar, milliy liboslar koʻrgazmasi hamda Oʻzbekiston bilan bogʻliq foto materiallar namoyishi boʻlib oʻtgan edi. Ayniqsa, delegatsiya vakillarining Sietl shahrida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan boʻlgan uchrashuvlari juda qizgʻin oʻtgan. Jumladan, yirik kompaniyalar mutaxassislari bilan birgalikda yurtimizdagi kompyuter dasturchilar uchun malaka oshirish kurslari va seminarlar imkoniyatlari ham muhokama qilingan edi. Respublika Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi tomonidan sentyabr oyida xorijlik vatandoshlarimizga 1000 dan ortiq oʻquv va badiiy adabiyot taqdim etildi.
Yuragim kaftida bir siqim tuproq
Nihoyat, shohona bezatilgan Navroʻz bayrami dasturxoni atrofiga mehmonlar kela boshladi. Amerikalik vatandoshimiz Zikriyo Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning Vashington universiteti professori Ilza Sirtautasga bagʻishlab yozgan sheʼrini yodga oldi. Soʻngra koʻzida yosh bilan shoirning ona yurt tuprogʻini ulugʻlab tarannum etgan yana bir sheʼrini oʻqiy boshladi:
Keksa qaragʻayning ildizin ochib,
Tortdilar qoʻsh arqon solib belidan.
Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,
Sira qoʻzgʻalmasdi ungan yeridan…
Nihoyat, gurs etib yerga quladi,
Butab, soʻng koʻtarib ketdilar, biroq —
U oʻz panjasida olib joʻnadi
Yashagan yeridan bir siqim tuproq.
Uzoq yillardan buyon ona yurtdan olisda umrguzaronlik qilib kelayotgan vatandoshlarimiz oʻzbek xalqining mehru oqibatga chorlaguvchi anʼana va qadriyatlari haqida suhbatga kirishib ketdi.
— Ona Vatan tuygʻusidan, doʻstlar diydoridan, uzoq oʻlkada qulogʻingga chalinib turgan ona tiling ohangidan ortiq zavq bormi? — deya gap boshladi Olloyor ota. — Orqangda togʻday boʻlib xalqing turganiga ne yetsin. Xalqiga suyangan odam hech qachon yiqilmaydi. Qayerga bormaylik, ona yurt sogʻinchi, mehrini yuragimiz kaftida olib yurdik.
Ilk tamal toshi qanday qoʻyilgan?
“Sietl — Toshkent” birodar shaharlar uyushmasi ne-ne fidoyi insonlar izlanishlari va mehnati evaziga paydo boʻlgan. Keling, shu oʻrinda tarixga nazar solaylik...
— 1956-yil 11-sentyabr kuni Oq uyda “Birodarlashgan shaharlar aloqalarini shakllantirish toʻgʻrisida” deb nomlangan konferensiya oʻtkazilgan, — deydi Birodar shaharlar uyushmasi 50 yilligi oldidan tayyorlanayotgan kitob mualliflaridan biri Den Peterson. — Unda AQSH Prezidenti Duayt Eyzenxauer nutq soʻzlab, “Bizni ikki buyuk maqsad, ishonch birlashtirib turadi. Birinchisi, erkinligimizning asosiy tayanchisi sifatida mustahkam mahalliy boshqaruv tizimlarimizga boʻlgan ishonchimizdir. Ikkinchisi, dunyo tinchligining fundamentini barpo etishda xalqlar va birodarlik shaharlar aloqalarining rivojidagi faoliyatga boʻlgan ishonchimizdir!” degan edi.
1971-yil sentyabr oyida Sietl meri taklif qilingan Toshkent, Irkutsk va Sochi shaharlari rahbarlari bilan uchrashadi. Tijorat tashkiloti saʼy-harakatlari, biznes imkoniyatlari fuqarolarni qanday qilib birlashtirish mumkinligining isboti edi bu. Alaska Airlines oʻsha paytda AQSH va Sovet Ittifoqi oʻrtasida tijorat xizmatini ochgan birinchi aviakompaniya edi. Uning oʻsha paytdagi bosh direktori Charlz Villis 1973-yil mart oyida “Siettle times” gazetasida yozgan maqolasida sayyohlik reyslarida “Ezgu niyat va xalqaro tushunish missiyasi” muhimligini taʼkidlaydi.
Oʻzbek tilida oʻtkazilgan kengash tarixi
Vaqtlar oʻtgani sayin ikki davlat oʻrtasidagi savdo-sotiq aloqalari ham rivojlandi. “Boing” aviakompaniyasining xalqaro loyihalar boʻyicha vitse-prezidenti Kennet Looplou doʻstlikni rivojlantirish, biznes yuritishdan ikki tomon ham manfaatdor boʻlishini taʼkidladi.
Mazkur birodar shaharlar oʻrtasidagi tarixiy ahamiyatga ega dastlabki qadamlar boshlandi. Bu tarixiy voqealar 1972-yil 16-dekabrda “Pravda Vostoka” gazetasi va TASS tomonidan keng yoritilgan.
“Vashington shtati poytaxti Sietl va Oʻzbekiston poytaxti Toshkent birodar shaharlarga aylandi”, dedi shahar meri V. Ulman TASS muxbiriga. Bular Sovet va Amerika shaharlari orasida doʻstona aloqalar oʻrnatgan birinchi shaharlardir. Sietl meri Oʻzbekistonga yoʻllagan maktubiga javoban Toshkent shahar kengashidan doʻstona maktub olganini, unda bunday aloqalarning oʻrnatilishi xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va hurmatning yangi davri sari qadam boʻlishiga ishonch bildirilganini taʼkidlab oʻtdi.
1972-yilda Vashington universiteti professori Ilza Cirtautas Toshkentda ilmiy tadqiqot olib borayotgan edi. Oʻzbekiston Doʻstlik jamiyati uni navbatdagi yigʻilishda ishtirok etishga taklif qiladi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi boʻlmagan oʻsha zamonlarda bu doʻstlik tashkiloti Respublikamiz uchun juda muhim ahamiyatga ega edi. Professor I.Sirtautas mazkur anjuman haqida shunday yozgan edi: “Uchrashuvda Doʻstlik jamiyati vitse-prezidenti bilan birga bir qancha oʻrta yoshli oʻzbek janoblari ham ishtirok etdi. Muhokama toʻliq oʻzbek tilida boʻldi. Vitse-prezident: “Sietl va Toshkentni birodar shaharlar sifatida birlashtirib boʻlmaydimi?” deb oʻzbekcha murojaat qilganida hayratda qoldim. Chunki oʻsha davrda barcha yigʻilishlar va muhokamalar rus tilida olib borilar edi”.
Oktyabr oyining boshlarida professor AQSHga qaytib kelganida shahar merining Toshkent Sietl bilan birodar shahar boʻlishga rozi ekani haqida xabarni eshitadi. Oʻsha kuniyoq u shahar meri bilan uchrashdi. Professor Toshkentdagi ilmiy tadqiqotlari, ajoyib odamlar va Doʻstlik jamiyatining qiziqishlari haqida gapirib beradi. Chunki doʻstlik taklifining Oʻzbekiston tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi juda muhim hodisa edi.
Janob V.Ulman 1973-yil yanvar oyida birodar shahar aloqalarini shakllantiruvchi hujjatlarni imzoladi. U “Sietl — Toshkent” qoʻshma qoʻmitasini tashkil etib, birinchi aʼzolikka professor I.Sirtautasni qabul qildi, qoʻmita raisi etib esa tadbirkor Xyu Smitni tayinladi. Yillar davomida qoʻmita nomi bir necha bor oʻzgargan. Nihoyat, “Sietl — Toshkent” birodar shaharlar uyushmasi deb atala boshladi.
Raqslar qanotida yuksalgan samimiyat shuʼlasi
1974-yil Sietl shahri markazida “Toshkent bogʻi” tashkil etilgan. Ushbu bogʻda Oʻzbekistonning bir boʻlagi, bir parchasi gavdalandi, desak adashmagan boʻlamiz. Ayni munosabat va eʼtiborga javoban 1988-yil Toshkent shahrida ham “Sietl bogʻi” qad rostladi. Sietl dunyoning 21 shahri bilan birodarlik aloqalariga ega. Uning soʻlim mahallasida joylashgan “Toshkent bogʻi”ga ham vatandoshlarimiz qalbi toʻla sogʻinch va muhabbat bilan keladi.
— 2019-yilda Emika xonim Nakamure taklifiga binoan Sietlga kelgan edim, — deydi taniqli raqqosa, sanʼatshunos Nurxon Zullinova. — U hatto Xorazm, Buxoro, Fargʻona raqs yoʻnalishlari boʻyicha ham dars bera oladi. “Yevroosiyo” virtual akademiyasi Emika xonim rahbarligida rang-barang raqslar guldastasini sahnalashtirib, namoyish qilayotgani tahsinga sazovor. Yaponiyalik, kanadalik raqqosalar ijro etgan oʻzbek raqslarini bir koʻrsangiz edi...
Darhaqiqat, ikki el oʻrtasidagi rishtalarni sanʼat va madaniyat almashinuvi orqali bogʻlash zavqli va samaralidir. Ayniqsa, butun Qoʻshma Shtatlar boʻylab oʻzbek sanʼatini targʻib qilayotgan sanʼatkorlar — Lorel Viktoriya Grey va Emiko Nakamura xizmatlari alohida tahsinga loyiq.
— Lorel Viktoriya Grey sanʼati Oʻzbekiston bilan madaniy aloqalarimizda muhim oʻrin tutadi, — deydi “Sietl — Toshkent” birodar shaharlar uyushmasi vitse-prezidenti Shohida Ismoilova. — Bu hamkorlik uzoq tarixga ega. Grey xonim Oʻzbekistonga ilk bor 1973-yili kelganda oʻzbek raqslariga shaydo boʻlgan va ularni astoydil oʻrganishga ahd qilgandi. U 1979-yil Vashington universitetida oʻqiyotganda Qizlarxon Doʻstmuhammedova va Oʻzbekistonning “Bahor” ansambli aʼzolari bilan tanishadi. Ularning Sietldagi konserti Lorelni hayratga soldi va u oʻzbek raqs madaniyatiga maftun boʻlib qoldi.
Qizlarxon Doʻstmuhammedova Grey xonimdagi shijoat va mehrni koʻrib, uni shogirdlikka jon deb qabul qildi. Ustoz-shogirdning bu samimiy munosabatlari, albatta, Sietl — Toshkent madaniy aloqalari tufayli yanada rivojlandi.
“Yevroosiyo” akademiyasi ansambli badiiy rahbari Emiko Nakamura ham mahoratli raqqosa. Qirq yildirki, Sietlda Markaziy Osiyo xalqlari raqslarini, xususan, oʻzbek madaniyatini targʻib qilib keladi. Yaponiyada tugʻilib oʻsgan va keyinchalik AQSHga koʻchib kelgan Emiko uch yoshidan raqsga tusha boshlagan. Onasi yapon klassikasi va xalq raqslari oʻqituvchisi, otasi esa qoʻshiqchi va yoshlar teatrining aktyori edi.
Vashington universiteti professori Ilza Sirtautas Emikoga koʻp imkoniyatlar yaratib berdi, jumladan, Toshkentdagi “Bahor” davlat raqs ansamblida tahsil olish, Toshkent davlat universitetida til oʻrganish kurslarida qatnashish va taniqli oʻzbek raqqosalari bilan raqsga tushishga yordam berdi.
— Dastlabki mashgʻulotlardanoq Emiko Oʻzbekiston televideniyesida chiqish qilgandi. Bu oʻsha paytda oʻziga xos madaniy sensatsiyaga aylandi, — deydi “Sietl —Toshkent” birodar shaharlar assotsiatsiyasi hamraisi Shoshana Billik. — Nakamure xonimni oddiy dehqonlardan tortib taksi haydovchilargacha tanib qolgandi. Televizorda, radioda va gazetalarda raqqosaning mahorati va Oʻzbekistonga boʻlgan muhabbati haqida toʻlib-toshib gapirishgan. Hatto Emiko Nakamure Navoiy nomidagi opera va balet teatrida, “Xalqlar doʻstligi” konsert saroyida va Toshkentdagi nufuzli bayram tadbirlarida ham ishtirok etib, el olqishiga sazovor boʻldi.
2020-yilda Emiko Nakamure Markaziy Osiyo raqslariga, oʻzbek madaniyatiga boʻlgan ehtiromi, koʻplab talabalarni tayyorlashda koʻrsatgan xizmati va yuksak mahorati uchun “Gordon Ekvall” xotira mukofoti bilan taqdirlangan.
Turkiy tillar uchun jon kuydirgan ikki professor
400 dan ortiq nashr muallifi, professor Nikolas Poppe Vashington universitetining turkiy va oltoy tillari boʻyicha taniqli olimi. 1968-yilda Vashington universiteti bilan Markaziy Osiyodagi, Toshkentdagi universitetlar oʻrtasida akademik kitob almashinuvi boʻyicha rasmiy shartnoma tuzgan. Bu boradagi dastlabki muloqotlar “Sietl — Toshkent” birodar shaharlar uyushmasi asoschisi va Vashington universitetining professori Ilza Sirtautas kabi olimalarga keng yoʻl ochib berdi.
1989-yilda professor I.Sirtautas Vashington universitetida “Markaziy Osiyo tillari va madaniyati” yozgi dasturini yaratdi. Ushbu dastur doirasida koʻplab oʻzbek shoir va yozuvchilarini mahalliy talabalarga dars berish uchun taklif qildi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ushbu dastur haqida shunday eslaydi: “Amerikalik oʻquvchilarning oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqishi meni hayratda qoldirdi. Chunki Sovet davrida Oʻzbekistonda yashagan ruslar ham oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqmas, bunga muhtoj emasliklarini aytardi. Amerikalik talabalarga tilimiz va madaniyatimiz boyligini oʻrganishlari uchun koʻmaklashish menga juda maʼqul boʻlgan”.
Tinchlik mashʼalasi umumiy maqsadimiz va tilagimizdir!
— Bu safar samolyotdan tushganimda bugungi Toshkentni umuman taniy olmadim, — deydi Fazliddin Shamsiyev. — Amerikada yashasak-da, hamisha yurtimizda kechayotgan barcha oʻzgarishlarni kuzatib turamiz. Oʻzbekiston poytaxti 2016-yildan katta islohotlar maydoniga aylandi. Bu oʻzgarishlar shamoli jahon hamjamiyati tomonidan ham alohida eʼtirof etilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik va qurilish-shaharsozlikni rivojlantirish boʻyicha ochiq eshiklar siyosati tatbiq qilinmoqda. Yirik inshootlar qurilishi bilan birga “Sehrli shahar”, “Ashxobod”, “Doʻstlik” bogʻlari barpo etildi. Katta imkoniyatlarga ega yangi mehmonxona tarmoqlarini rivojlantirish va qurish xorijiy sayyohlar oqimining oshishiga olib keldi.
Navroʻz tantanasiga tashrif buyurgan suhbatdoshlarimizdan biri — “Sietl — Toshkent” birodarlik shaharlar uyushmasi aʼzosi Sharlotta Chays esa soʻnggi yillarda poytaxtda koʻplab zamonaviy turar joylar qad koʻtargani, yangi magistral yoʻllar va metro bekatlari bunyod etilganini alohida aytib oʻtdi. Shuningdek, vatandoshlarimiz tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining xorijga koʻp migratsiyasi, chet el tajribasining integratsiyalashuvi va oʻrganilishi bank xizmatlari va davlat xizmatlarining turli yoʻnalishlari rivojiga koʻmaklashgani ham taʼkidlab oʻtildi. Endilikda ular Amerika va Yevropaning ilgʻor davlatlaridagi xizmat turlaridan aslo qolishmayotgani, taniqli xorijiy banklar filiallari koʻpayib borayotgani ham suhbat asnosida aytib oʻtildi.
Xoʻsh, bugungi Sietl-chi? U ayni paytda qaysi jihatlari bilan dunyo hamjamiyati eʼtiborini tortmoqda?
— Sietl oʻz kompaniyalari orqali dunyoga texnologik dasturiy taʼminot, deyarli barcha dunyo aviakompaniyalariga samolyot va hamma joyda tibbiy innovatsiyalarni eksport qiladi, — deydi Den Peterson. — Ayni paytda Sietl porti yuk tashish hajmi boʻyicha Qoʻshma Shtatlardagi kuchli oltilikdan joy olgan. Shahar aholisi hamisha global darajada fikrlash, ishlash va yaxshi natijaga erishish uchun intilib keladi. Bu saʼy-harakatlaru tashabbuslarning barchasi, avvalo, doʻstlik va tinchlik deb atalgan neʼmatni qadrlashga qaratilgan.
“Lazgi” taronasi yangrar ekan, Navroʻzga tashrif buyurgan barcha mehmonlar millati va tilidan qatʼi nazar, sahnaga shoshildi. Bu samimiy davra ahlini kuzatgan inson borki, yuraklar toʻlqinidagi samimiyatni, tilaklarni birlashtirgan ezgulik mayogʻini his qilmasligi mumkin emas!
Qutlugʻ 50 yillik rishtalar tantanasi muborak boʻlsin, aziz vatandoshlar!
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri