Dunyo matlabining tafakkuri oʻzgarmoqda

    Dunyo oʻz tamaddunining yangi bosqichiga oʻtmoqda. Hayot shiddati hech birimizni tinch qoʻyayotgani yoʻq. Bugungi zamon ruhi fikran teranlik, maʼnaviy yuksaklik va eʼtiqodda sobitlikni talab qilayotgani ham bor gap.

    Aslida, bu uch muhim matlab kishilik jamiyatiga hamisha oydinlik bagʻishlab kelgan. Ammo taraqqiyot shiddati va tabiatning oʻzgarayotgan ruhi oldimizga yangi-yangi vazifalar qoʻymoqda. Shunday sharoitda inson oʻzini isloh qilishi kerak boʻladi. Yaʼni har birimizning oldimizda bitta savol turadi: davr shiddatiga munosib boʻlish uchun nima qilishimiz zarur?

    Daryolar oqqan joyiga yana oqqani qaytib keladi

    Hayot har bir avlod oldiga mukammal vazifalar, turfa qismatlar bitigini qoʻyadi. Biz bugun oʻrta boʻgʻin avlodmiz. Eʼzozimizda — ustoz avlod, izzatimizda — azmu shijoatli yosh doʻstlarimiz bor. Shu maʼnoda, uch avlod oldida oʻzaro uygʻunlikda rivojlanish, hamjihatlikda yurt taraqqiyoti yoʻlida xizmat qilish — taqdirimi.

    Gap oʻzani Vatan ravnaqi uchun safarbarlik burchi tomon burilmoqda. Demak, bugun birdamlik va uygʻoq ruh haqida soʻz yuritmoq fursatidir. Zero, hech zamonda biror-bir xalq oʻzaro ayro, boʻgʻinlarga boʻlinib rivojlana olmagan. Mudroqlik kayfiyatidagi xalq doim magʻlub boʻlgan,

    Avlodlar oldidagi mukammal vazifalarga keladigan boʻlsak, keyingi yillarda yangi Oʻzbekiston siyosatining maʼnaviy qiyofasi shakllangani haqida aytish joizdir. Ana shu siyosiy-maʼnaviy qiyofa mamlakatni keng maydonga olib chiqadigan, dunyo hamjamiyati nigohini yurtimizga qaratadigan tafakkur hodisasidir.

    Bizning vazifamiz esa yangi Oʻzbekiston imijini barqaror shakllantirish, butun dunyoga “Yangi Oʻzbekiston ruhi” bilan kirib borish, maʼnaviy kuch-qudratimizni insoniy fazilatlar kamoli uchun yoʻnaltirishdir. Bunga barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz toʻlaqonli haqli va asoslimiz. Boisi, biz tarixi buyuk, milliy davlatchilik asoslari mustahkam zamin egasimiz. Tomirlarimizda yaratuvchanlik, zakolik qudrati joʻsh urib turibdi. Tabiatda shunday qonuniyat bor, bu — qayta qudratlanish hodisasi. Daryolar oqqan joyiga yana oqqani qaytib keladi, degan gap zamirida ham shu hodisa hikmati mujassam.

    Keling, shu oʻrinda, bugungi tahlikali zamonda Sharq dunyosi tamaddun maydoniga qaytayotgani haqida fikrlashamiz.

    Bu oddiy evrilish emas. Gap shundaki, tiriklik dunyosining oʻz ustunlari va taraqqiyotning samoviy ildizlangan asoslari boʻladi. Bular sirasiga xalqlar qadriyatlari, oilaviy tutumlar, insoniy munosabatlar, turmushning muqaddas shartlari ham kiradi. Ularning har biri oʻzaro bogʻliqlikda tiriklik oʻchogʻini choʻgʻlantirib turadi.

    Qachonki ana shu asoslarga putur yetsa, hazrati inson maʼnaviyatiga oro beruvchi urf-odatlar, anʼanalar poymol boʻlsa, oʻsha joyda muvozanat buziladi, inqiroz koʻz ochadi.

    Bu oʻrinda yana bir mulohaza bor. Yaʼnikim, millat va mamlakat inqirozi faqat axloqsizlik va tarqoqlik oqibatidan hosil boʻlur. Bu haqda Abdurauf Fitrat “Sharq siyosati”da shunday yozadi: “Sharq madaniyat oʻchogʻi, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi... Sharq bilim, hunar yoʻlinda Ovrupa jahongirlaridek oʻrtoq qoni ichmak va orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi... Biz, sharqlilar, dahi tinchlik va rohat soʻnginda buzulib qoldik, yoʻldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchagʻa berildik, oqchagʻa sotilduk”.

    Bu tarix sabogʻi — Sharq inqirozi asosi. Biz bu xatoning jabri bilan uzoq yillar mahkum yashadik. Ming shukrki, bugun mustaqil yurtimizda olib borilayotgan yangicha siyosiy diplomatiya bilan katta imkoniyatlar eshigini qoqib turibmiz.

    Xalqimizda “xush yoqibdi”, degan purmaʼno ibora bor. Sharqning bugungi idroki bu maʼnoni oʻzida jamlay oladi. Bizning yutuqlarimizdan eng muhimi — qadriyat va anʼanalarni asrab qolganimizdir. Bu qanday qadriyat yoki anʼana edi? Avvalo, ota-ona va farzand oʻrtasida mehr-muhabbat rishtasi, oilaviy munosabatlarda tabiat qonunlarini buzmaslik, neʼmatlarning qadriga yetish, insoniyatga hurmat bilan qarash, mahalla-koʻy, kayvonilar bilan bamaslahat ish tutish, pok yashash. Sharqdagi qayta tiklanayotgan qudrat asoslaridan biri ham shu aslida.

    Renessans hodisasi qaytishining yana bir qator muhim asoslari borki, ular haqida navbati bilan soʻz yuritamiz.

    “Oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istasak...

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida hayotiy chorlovni aytgan edi: “Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?

    Mana, bugun maʼnaviy-maʼrifiy sohada masala qanday oʻtkir va koʻndalang boʻlib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”.

    Bu oson oʻtkazib yuboriladigan, beeʼtibor qoldiriladigan gaplar emas. Ayniqsa, “Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?” savoliga nihoyatda jiddiy qarashimiz kerak. Negaki, mamlakat va millat taqdirini bugungi yoshlar belgilab beradi.

    Mamlakat taraqqiyotini yoshlar bilan bogʻlashimiz zamirida juda katta falsafiy maʼnolar bor.

    Birinchidan, bizning millatda yoshlik quvvati soʻnmaydi.

    Ota-bobolarimiz “oʻzimiz qarisak ham, qalbimiz yosh”, “qarilik bizni yengolmaydi”, “hali bilagimda kuch koʻp” kabi joʻshqin hazil ruhidagi gaplarni bejiz aytmaydi. Bu gaplar zamirida milliy quvvat bor.

    Qadim-qadimda ota-bobolarimiz tabiat bilan birga koʻchib yashagan. Bu yashash tarzida hayotga buyuk muhabbat, umidvorlik va yaratuvchanlik maqsadlariga katta intilishlar hissi mujassam boʻlgan.

    Mana shu fikrimizga bitta misol keltiramiz. Otalarimiz farzandi tugʻilsa, unga atab, albatta nihol ekkan. Bu nihol azim daraxtlarga aylangan. Daraxt hayot, tiriklik, moʻl-koʻllik ramzidir. Yoki yana bir misol: oilada erkaklar, asosan, yigitlar uzoq safarga otlansa, ularga butun nonni tishlatib qolishgan. Bir tishlam uzilgan non ular uyga qaytguncha ozoda joyda osigʻliq turgan — toki yigit nasibasi tugʻilgan makonidan uzilmasin.

    Bu misollar xalqimizning tabiatdan quvvatlanish va hayot zanjirlariga bogʻlanish, yaʼni nasliy barkamollik bilan aloqador hodisa ekanini unutmasligimiz kerak. Darvoqe, shunga oʻxshash fikrlarni kuni kecha Zominda — II Xalqaro maqom sanʼati anjumanining tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan AYSESKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham alohida eʼtirof etdiki, bu haqda sal keyinroq toʻxtalamiz.

    Xullas, elimizning yoshlik quvvati asosi tomirlarimizda oqayotgan nasliy qadriyatlar va ota-bobolarimizning zakolik merosidir.

    Ikkinchidan, yoshlik faslida axborot bor.

    Bu, avvalo, tuygʻular axboroti. Inson qalbida tuygʻularni uygʻotish va kamolga yetkazish nihoyatda murakkab va qutlugʻ jarayon. Shu bois, oilada qobil farzand tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki qobillik ezgu tuygʻular bilan shakllanadi.

    Yana bir axborot — mansublik va daxldorlik hissi. Inson oʻzi tugʻilgan va yashayotgan elga mehrli boʻlishi kerakligi haqida koʻp gapiramiz. Ammo bu qanday sodir etiladi? Albatta, mehr va eʼtibor koʻrsatish orqali. Shu maʼnoda, bugun mamlakatimizda yoshlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan shart-sharoitlar, oʻz navbatida, yigit-qizlarimizni Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan mahkam bogʻlamoqda.

    Navbatdagi axborot — kelajakka yorugʻ ishoralar hosilasi. Maqolamiz avvalida oʻzgarayotgan dunyo mohiyati haqida gap boshlagan edik. Bu haqda juda chuqur oʻylashimiz kerak boʻladi.

    Oʻzimizni dunyoga qanday tanitamiz, degan savol bugun har birimizning oʻy-fikrimizni chulgʻab turadigan zamon keldi. Bundan maqsad ezgudir: tahlikaga toʻlib borayotgan bir davrda tinchlik tobora qadrli neʼmatga aylanib bormoqda. Shunday sharoitda bugungi kunimiz, yaqin va uzoq kelajagimiz haqida qaygʻurish ham barchamizning insoniy burchimizdir.

    Kelajakka yorugʻ ishoralar hosilasi esa, eng avvalo, dunyo yoshlarini birlashtirish, ular oʻrtasida hamjihatlik va oʻzaro bogʻliqlikda taraqqiy etish yoʻlini targʻib qilish bilan paydo boʻladigan vaziyatdir. Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga doir davlat siyosatiga doim sergak nigoh bilan qarashi, nufuzli minbarlarda har safar dunyo yoshlarini birlashtirish tashabbusi bilan chiqishini bugun xalqaro hamjamiyat ham qizgʻin qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Mana shu asoslardan ham koʻrinadiki, har qanday mamlakat taraqqiyoti yoshlarning keng fikrli boʻlib ulgʻayishi, vatanparvarlik ruhi va islohotlarga daxldorlik hissi bilan kamol topishiga bevosita bogʻliqdir.

    Qutlugʻ zaminimizda yangi tafakkur tarixi qad rostlayotir

    Kuni kecha fusunkor Zomin zaminida II Xalqaro maqom sanʼati anjumani ochilish marosimida ishtirok etdik.

    Bu anjumanning tarovati, maqsadmohiyati, maʼnaviy qimmatligi oʻzi bir mavzu. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur festival bu yil oʻzgacha shukuhli boʻlib oʻtmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Buyuk ipak yoʻli durdonasi — jannatmakon mamlakatimizning gavhari, serviqor togʻlar, yam-yashil oʻrmonlar, xalqparvar va olijanob insonlar yurti boʻlmish betakror Zomin bugun katta sanʼat bayramiga mezbonlik qilmoqda.

    Festivalning ochilish marosimiyu uning muddaolari haqida jurnalistlarimiz koʻp va xoʻb gapirmoqda. Biz esa bu sanʼat bayramida eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat haqida aytmoqchimiz.

    Anjumanda AYSESKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik nutq soʻzladi. U oʻzbek xalqining dahosi haqida gapirar ekan, jumladan, Oʻzbekiston bayrogʻining ilhombaxsh ranglari falsafasi va uning milliy davlatchiligimiz tarixiga tayanuvchi ramzlariga alohida toʻxtalib oʻtdi. Shu tariqa bayrogʻimizga oʻz havasini yashirmadi.

    Ochigʻi, men shu paytgacha biror xorijlikdan Oʻzbekiston bayrogʻining chiroyi va uning falsafiy maʼnosi haqida eshitmagan edim.

    Salim Muhammad al-Malik oʻz nutqida millatimiz buyukligi haqida ham juda adolatli va ilmiy asosli fikrlarni bildirdi. Oʻzbek xalqi oʻzligini mustahkam saqlab kelayotgani, tomirimizda hayotiy qudratga ega ajdodlarimiz qoni oqayotgani haqida aytdi. Millatimizning qudrati haqida gapirib, bizning ajdodlarimiz dunyo tamadduniga xizmat qilgan eng muhim ilmlarni, kashfiyotlarni tuhfa etganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladi.

    Shuningdek, bugungi Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev rahbarligida dunyoga ilhom baxsh etuvchi va namuna boʻluvchi yurt sifatida oʻzini koʻrsatayotganini eʼtirof etdi. Bu qutlugʻ zaminda yangi tafakkur tarixi qad rostlayotganidan soʻzladi mehmon.

    Biz bu eʼtiroflarni bejiz keltirmayapmiz. Yangi Oʻzbekiston falsafasida ishoralar, mujdalar koʻp. Ulardan biri kechagi maqom festivalida namoyon boʻldi, deyish mumkin.

    Avvalgi maqolalarimizdan birida maqomni ham, baxshi aytimlarini ham qalbi pok va niyati ezgu insonlar eshitishi haqida aytgan edik. Chunki xalqimiz azal-azaldan samimiylik, tabiiylikni sevib yashagan. Jaydarilik, toʻgʻrisoʻzlik bizga ota meros. Bu tugʻma mohiyat hosilasi sifatida xalq ogʻzaki ijodi — dostonlar, kuy-qoʻshiqlar, maqom sanʼati yaralgan. Shu-shu maqomu dostonlar bizning vujudimizga aylangan, degandik.

    Kuni kecha Zominda Xalqaro maqom anjumani ochilishida bu fikrimizning isbotini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Bu yerda 80 dan ortiq mamlakatdan kelgan qariyb 400 nafar mehmonning qalbi milliy maqomimiz sehridan sel boʻldi.

    Prezidentimiz oʻz nutqida buyuk Alisher Navoiy bobomizning mana bu soʻzlarini keltirdi: “Koʻngil quvvati — xush navozdin, ruh quti — xush ovozdin”. Darhaqiqat, biz bu anjumanda navo va soʻz qudratidan koʻngil hamda ruh quvvatlanishi hodisasiga guvoh boʻldik.

    Mavridi bilan aytadigan boʻlsak, biz bugun dunyoga ana shunday ilhom baxsh etayotgan aziz yurtda yashayotganimizdan haqli ravishda faxrlanishimiz kerak.

    Endi yana bir gapni aytmasak boʻlmas. Bugun yoshlar davrasida juda koʻp zamonaviy terminlarni ishlatishga majburmiz. Shulardan biri — nou-xau (inglizchada — know how, yaʼni “qandayligini bilaman”).

    Buni eslaganimiz boisi shundaki, yangi Oʻzbekiston yoshlari har tomonlama yetuk avlod boʻlib shakllanmoqda. Buning isbotini birgina Prezident maktablari bitiruvchilari dunyoning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilinayotganida ham koʻrishimiz mumkin. Shu bilan birga yana aytmoqchi boʻlganimiz, bizning farzandlarimiz nafaqat ilmiy nou-xaularni chuqur bilishi, balki zamon talabiga koʻra, maʼnaviy yuksalishda ham “qandayligini bilaman”, degan avlod boʻlishini juda-juda istardik.

    Chunki bugun dunyo matlabi oʻzgarmoqda. Uning tafakkuri bizdan haqiqiy vatanparvarlikni, dunyoga yorugʻ yuz, adolatli fikr va oʻz soʻzimiz bilan boqishni talab qilmoqda.

    Salim DONIYOROV