Bundan o'n yillar muqaddam Bolgariyadagi Plovdiv universitetida faxriy doktor sifatida ma'ruza o'qigan o'zbekistonlik olim, biologiya fanlari doktori, professor Alisher To'raev o'sha erda ko'rgani “pavlovniya” nomli g'aroyib daraxtga qiziqib qoldi. Bolgarlarning pavlovniya daraxtidan olinadigan pilet yoqilg'isidan muqobil energiya manbai sifatida foydalanishi olimning ko'proq diqqatini tortdi. Aksariyat davlatlarda gaz muammosi mavjud bo'lgan o'sha kezlari professor To'raev pavlovniya daraxtini yurtimizga olib kelib, birinchilardan bo'lib mahalliy sharoitda o'stirishni yo'lga qo'ydi.
Dunyoda eng tez o'suvchi pavlovniya daraxti haqida eshitgan inson borki, o'simlikning noyob xususiyatlari, qanday sharoitda bo'y cho'zishiga qiziqishi ortmay qolmaydi. Bugungi kunda ko'pchilik uchun yangilik bo'lgan pavlovniyadan yurtimizda dekorativ daraxt sifatida ko'chalar, dam olish maskanlari, xiyobonlar landshaft dizaynida avvaldan foydalaniladi. Ammo jahonda qimmatbaxo yog'och olish maqsadida ekiladigan pavlovniya daraxti nafaqat dekorativ ko'rinishi, balki qimmatli xususiyatlari bilan boshqa o'simliklardan ajralib turadi.
Tanasi chinor, bo'yi terakka qiyoslanadigan bu daraxtning har bir qismi biror sohada foyda keltiradi. U gullaganda asalarilar oilasi uchun yaxshigina asal manbai bo'lib, xushbo'y hidi bilan 1 oy dillarni xushnud etadi. Gulidan kosmetika sanoatida keng foydalanilib, iforidan atir olinadi. Aprel-may oylariga to'g'ri keladigan gullash mavsumida 1 ta asalari oilasi 10-15 kilogramm asal yig'adi. Pavlovniya plantatsiyasiga asalari oilalari qo'yilsa bormi, 1 gektardan 5-6 yilda ming kilogrammgacha yuqori sifatli asal olish mumkin. Daraxt oralariga rezavor mevalar ekilganda esa ularning gullari ham asalari oilasi uchun yaxshigina ozuqa manbai bo'ladi. YAna bir jihati, pavlovniya gullari boshqa daraxtlarniki singari allergiya qo'zg'atish xususiyatiga ega emas. Gullash mavsumida o'zidan po'panak chiqarib, atrofni bulg'amaydi.
Pavlovniya barglari juda katta bo'lib, odatda 70 santimetrgacha boradi. Yaproq yozganida jaziramadan soya-salqin beradi. Sovuq tushganida esa barcha daraxtlar singari bargini erga tashlaydi. Ishning ko'zini biladigan chorvador barglarni darhol yig'ib olib, quritadida, chorva mollarga to'yimli ozuqa sifatida beradi. Daraxt bargi hamda shox-shabbalaridan to'plangan chiqindidan ko'p miqdorda bioyoqilg'i ham olish mumkin. Pavlovniya o'sib-ulg'ayganda esa sip-silliq tanasidan mustahkam va sifatli yog'och olinadi.
Suv o'tmaydigan, yuqori haroratga chidamli
Imperator daraxti, malika daraxti, Kiri nomlari bilan mashhur pavlovniyaning asl vatani Janubiy va janubi-sharqiy Osiyo davlatlari ekani aytiladi. Ayniqsa, Xitoy va Yaponiyada pavlovniya daraxtini ko'paytirib, undan yog'och mahsulotlari olish ommalashgan. Jahonda pavlovniyaning 12 ta yovvoyi turi bo'lsa, shundan 11 tasi Xitoy davlatida o'sar ekan. YAponlarning esa qoshig'idan tortib stoligacha, qayig'idan tortib uyigacha bari pavlovniya daraxti yog'ochidan tayyorlanadi.
— Bu o'simlik haqiqatan ko'plab noyob xususiyatlarga ega bo'lib, uning yog'ochi engil va zichligi bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi, — dedi Alisher To'raev. — Daraxtning suvga qarshiligi bor, shu bois, suvga solsangiz bo'kib qolmaydi, tez xo'l bo'lib, chirib ketmaydi. Undan asosan qayiq, musiqa asboblari, snoubord va mebel mahsulotlari yasalishi sababi ham shundan. Yana bir afzalligi, pavlovniya yog'ochi juda mustahkam bo'lgani sababli, yuqori haroratga chidamli. Boshqa daraxtlar 250-300 gradusda yonsa, u 450 gradus issiqlikkacha bardosh bera oladi. SHu bois, hozirgi kunda jahonda pavlovniya yog'ochidan tayyorlanadigan pilet va briket yoqilg'ilariga talab ortib bormoqda. U bir qarashda, ko'mirga o'xshaydi, narxi ham deyarli bir xil. Ammo pavlovniyadan tayyorlangan yoqilg'i ko'mirdan farqli tarzda 100 foizgacha yonadi va o'zidan kul qoldirmaydi. Yonganida zaxarli karbonad angidrid gazi ham chiqarmaydi. Shu jihatdan, pavlovniya daraxti qishloq xo'jaligini biomassa, bioo'g'it, ozuqa, mebel` sanoatini yog'och va pardozlash materiallari bilan ta'minlaydigan xomashyo manbai bo'lish bilan birga, atrof-muhit musaffoligini saqlash, shahar-u qishloqlarimiz chiroyiga chiroy qo'shishda qo'l keladi.
Olim pavlovniyani yurtimiz sharoitida ko'paytirish maqsadida sinov tariqasida Toshkent, Farg'ona, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi tajriba maydonlarida o'stirdi. Keyinroq uning har xil turlarini boshqa hududlarga ham ekib ko'rdi. Natija kutilgandan ham yuqori bo'ldi va professor To'raev “O'zbekistonning barcha hududlarida pavlovniya navlarini o'stirish mumkin”, degan xulosaga keldi. Olim o'z tajribasidan kelib chiqib, yog'och olish uchun pavlovniyaning ko'proq “Shang Tong” nomli gibrid navini ekishni tavsiya etadi. U juda tez o'suvchi, nihoyatda mustahkam nav sanaladi. Bu turning istalgan joyga to'kilib, ko'payib ketadigan urug'lari ham bo'lmaydi. O'zini qayta tiklash xususiyatiga ega bu daraxt kesilgan sari qayta o'sib chiqaveradi. Odatda bu holat 8 marotabagacha davom etadi.
Suv bilan “yashaydigan” o'simlik
Pavlovniya daraxti juda tez o'suvchi o'simlik bo'lgani bois, yerga ekilgan nihol bir yilda 5 metrgacha bo'y cho'zadi. Ilk yildayoq mingta daraxtdan ming tonnagacha biomassa olish mumkin. Daraxt yaxshi parvarish qilinsa, ikkinchi yildan gullay boshlaydi va bo'yi 12 metrgacha boradi. To'rtinchi yildan boshlab pavlovniya daraxtini kesib, undan yog'och olish mumkin. Ammo qimmatbaho, mustahkam yog'och olishni maqsad qilgan tadbirkor daraxtning 7 yilda to'liq etilishini kutadi. Bu vaqtda daraxtning diametri 70 santimetr, bo'yi 15-20 metrgacha borishi mumkin. Ya'ni, pavlovniyaning to'liq etilishi uchun odatda 7 yil kerak bo'ladi, ammo u zaminda qancha ko'p tursa, qiymati shuncha ortib boraveradi.
Uning yana bir o'ziga xosligi, tanasida tamin kimyoviy elementining borligidir. Bu uning tanasiga chumoli va turli hasharotlar zarar yetkazishidan himoyalaydi. Biroq parvarishdagi e'tiborsizlik sabab pavlovniyaga ham yonidagi boshqa turdagi daraxtlardan kasallik, zararkunandalar o'tishi mumkin. Bir qarashda, pavlovniyani o'stirishda murakkab agrotexnologik tadbirlar talab etilmasada, parvarishda e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan jihatlar yo'q emas. Bu borada o'z maslahatlarini ayamaydigan professor Alisher To'raev 600 ga yaqin dehqon va fermerlar uchun pavlovniya daraxtini o'stirish bo'yicha o'quv-seminarlar tashkil etib, zarur qo'llanmalar ishlab chiqqan.
— Pavlovniya daraxtining maqsadga qarab, ekilish usullari ko'p, — dedi olim tajribasi bilan o'rtoqlashar ekan. — Yog'och olish uchun ekkanda, pavlovniya nihollarini kamida 4 metrga 4 metr masofada joylashtirgan ma'qul. U juda tez o'sgani bois, oralarini zich ekish yaramaydi. Aks holda, daraxt shoxlab ketgan vaqtida bir-biriga halaqit bera boshlaydi. Oradagi ochiq yerdan unumli foydalanish uchun nihol bir yilda 4 metrga o'sib olganidan keyin tagiga istalgan o'simlik, makkajo'xori yoki soya ekish mumkin. Ko'pchilik menga “pavlovniyani hovli yoki tomorqamda o'stirsam bo'ladimi?”, degan savol bilan murojaat qiladi. Men buni tavsiya etmagan bo'lardim. Sababi pavlovniyaning ildizi tasodifan gorizontal yo'nalishda kengaya boshlasa, asfalt, betonlarni ko'tarib yuborishi mumkin. Shu bois, bu daraxt navlarini keng dala, katta maydonlar, plantatsyailarga 1 gektar erga 625 dona miqdorida ekish maqsadga muvofiq. Asosiysi, pavlovniyaning yaxshi o'sishi uchun suvli joy bo'lishi, tuprog'i doim nam bo'lib turishi kerak. Suv bo'lmasa, pavlovniya o'lmaydi, lekin yaxshi rivojlana olmaydi ham. O'simlikni doimiy suv bilan ta'minlashning eng yaxshi yo'li — tomchilatib sug'orish texnologiyasini qo'llash hisoblanadi. Oddiy sug'orishda ariqning boshi va oxiridagi o'simlik ko'p suv ichib, o'rtadagisi icholmaydi. Tomchilatib sug'orishda esa bunday muammolar bo'lmaydi. Shuningdek, pavlovniyani ham har qanday tirik organizmlar kabi muntazam ravishda makro va mikroelementlar bilan oziqlantirib turish zarur.
Hozirgi kunda pavlovniya daraxti O'zbekistonning barcha viloyatlarida ekib, o'stirilmoqda. Farg'ona, Samarqand, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari pavlovniyani ko'paytirish uchun eng optimal hududlar hisoblansa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiyning issiq iqlim sharoiti o'simlikni o'stirishda biroz qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Professor To'raev ushbu viloyatlarda yozda har 2-3 kunda pavlovniya daraxti barglariga suvli yomg'ir sepib turishni tavsiya etadi.
Markaziy Osiyoda yagona laboratoriya
Ayni paytda yog'och mahsulotlarining 90 foizini xorijdan import qilayotgan O'zbekistonda yog'och olish maqsadida pavlovniya daraxtini ko'paytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 27 avgustdagi “Respublikada tez o'suvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida mamlakatimiz tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlar hamda o'rmon fondining suv tanqis yoki tuprog'i sho'r bo'lgan erlarida pavlovniya plantatsiyalarini tashkil etish ko'zda tutilgan.
Daraxtni ko'paytirish uchun avvalo, nihollar zarur. Professor Alisher To'raev bundan 7 yil oldin ko'paytirish qiyin bo'lgan o'simlik turlari, xususan, pavlovniya nihol va ko'chatini in-vitro usulida tayyorlaydigan Markaziy Osiyoda yagona laboratoriya tashkil qildi. “De Nova Agro” laboratoriyasida bugungi kunda pavlovniyadan tashqari, uzumning 35 xil navi, reza mevalar hamda intensiv bog'lar uchun barcha turdagi meva ko'chatlari in-vitro usulida tayyorlanmoqda.
— Jahon tajribasida o'simliklarni ko'paytirishning bir qancha usullari mavjud bo'lib, zamonaviy in-vitro texnologiyasi eng samarali hisoblanadi, — dedi laboratoriya rahbari Alisher To'raev. — Odatda, o'simliklar, xususan, pavlovniyani urug'dan, novdadan ko'paytirish kutilgan natija bermaydi. Masalan, pavlovniyaning Tamintoza degan yovvoyi turini urug'idan ko'paytirish mumkin, lekin urug'dan chiqqan o'simlikning irsiyati bir xil bo'lmagani bois, hajmi va shakli ham turlicha bo'ladi. Natijada undan kam yog'och olinadi. Novdadan chiqqan pavlovniya ham sinovdan o'tkazib ko'rilganida, daraxt bir tekis o'smaganiga guvoh bo'lganmiz. Shu bois, pavloniyani ko'paytirishda in-vitro usuli dunyoda eng ilg'or, qulay usul hisoblanadi. Jarayonda o'simlik kurtagi olinib, maxsus usul yordamida virus, zamburug'lardan tozalanadida, sun'iy ozuqa moddaga o'tkaziladi. So'ng o'sha kurtakdan birinchi nihol olinib, undan yana boshqa o'simliklar chiqariladi.
Laboratoriyada pavlovniya daraxti xaridorlarga ularning talabiga qarab nihol yoki ko'chat shaklida etkaziladi. Ularning asosiy qismi Qozog'iston, Qirg'iziston, Indoneziya, Ukraina, Rossiya kabi xorij davlatlarga eksport qilinadi. Bir yillik eksport hajmi 2 million donadan ko'proqni tashkil etadi. Laboratoriyada 30 kishining bandligi ta'minlangan.
Bir so'z bilan aytganda, dunyo bozorida qarag'ay yog'ochidan ikki marta qimmat turadigan pavlovniyaga ayniqsa, mebelsozlik, qurilish sohalarida kun sayin talab ortib bormoqda. Ushbu o'simlikni yurtimizda ko'paytirish, barcha hududlarda pavlovniya maydonlari, plantatsiyalarini yaratish kelgusida yog'och importiga bo'lgan talabni kamaytirib, arzon va sifatli muqobil energiya manbaini yaratishga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri