Oʻtgan haftada yer yuzi boʻyicha 2,7 milliondan ortiq kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ulardan 13 ming nafarga yaqini kasallik oqibatida hayotdan koʻz yumdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tahliliga koʻra, 9-15-yanvar sanalarida xastalanish koʻrsatkichlari undan avvalgi haftaga nisbatan 9 foizga kamaydi, oʻlim holatlari esa aksincha qariyb 1 foizga oshdi.
Tashxislar sonining sezilarli pasayish dinamikasi asosan Afrika (-40 foiz), Yevropa (-35 foiz) va Janubi-Sharqiy Osiyo (-17 foiz) mamlakatlarida kuzatildi. Oʻlim koʻrsatkichlari esa Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasida 43 foiz, Janubiy va Shimoliy Amerikada 10 foiz hamda Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasi mamlakatlarida 9 foizga oʻsdi.
Oʻtgan haftada eng koʻp bemorlar aniqlangan mamlakatlar:
Yaponiya — 1 million,
AQSH — 416 ming ,
Janubiy Koreya — 286 ming,
Avstraliya — 191 ming,
Xitoy — 190 ming.
Eng koʻp oʻlim holatlari qayd etilgan davlatlar:
AQSH — 3922,
Yaponiya — 2849,
Xitoy — 802,
Avstraliya — 742,
Fransiya — 520.
Eslatib oʻtamiz, mutaxassislar dunyoda koronavirusdan oʻlim koʻrsatkichlari hamon yuqoriligi bois barcha aholi qatlamiga toʻliq bosqichda va buster dozada emlanishni tavsiya etmoqda.